July 31

SOʻNGGI YOʻL

Soʻggi yoʻl🌙
Epizod 1

By: Akaya ( @akaya_hoshi )

Raqamsiz avtobus 🚌✨

Siz hozir bu hikoyaga ishonmasligingiz mumkin. Balki meni g‘alati yoki haddan tashqari xayolparast qiz deb o‘ylarsiz. Ammo men ko‘rgan narsalar tush ham, oddiy tasodif ham emas.

Xullas, avtobusim kelgunicha sizga hammasini aytib beraman.

Hammasi bundan ikki yil avval, kuzning sovuq oqshomida boshlangan.

O‘sha paytlarda hayotim juda oddiy o‘tardi. Ertalab universitetga borar, tushdan keyin kutubxonada o‘tirar, kechqurun esa uyga qaytardim. Kelajak haqida minglab rejalarim bor, ammo ulardan birortasi amalga oshishiga ishonchim yetmasdi.

Men falsafani yaxshi ko‘rardim. Ba’zan eski kitoblarni varaqlab, inson taqdiri haqida o‘ylardim.

Inson o‘z yo‘lini tanlaydimi yoki taqdir uni oldindan belgilab qo‘ygan yo‘l tomon yetaklaydimi?

O‘sha kecha bu savolga javob topaman, deb hech qachon o‘ylamaganman.

Soat 20:16.

Universitetdan chiqib, uyga boradigan bekat tomon yurdim. Ko‘chalar nam, osmonni esa quyuq bulutlar qoplagan. Yomg‘ir hali boshlanmagan, ammo havoda uning hidi sezilardi.

Bekatda mendan boshqa hech kim yo‘q edi. Telefonimni chiqarib, avtobuslar jadvaliga qaradim.

27-avtobus — 8 daqiqadan so‘ng.

Yaxshi, kutaman.

Oradan bir necha soniya o‘tdi. Uzoqdan avtobusning chiroqlari ko‘rindi.

Ammo nimadir g‘alati edi.

Old tomonida raqam yo‘q.

Men bir necha qadam oldinga yurdim. Balki ekran buzilgandir, degan fikr xayolimdan o‘tdi. Avtobus sekin bekat yoniga kelib to‘xtadi.

Eshiklar ochildi. Ichkaridan sovuq havo urildi.

Haydovchi boshini egib o‘tirar, yuzini ko‘rish qiyin. Avtobus ichida esa atigi ikki yo‘lovchi bor.

Birinchisi — qora palto kiygan erkak. Ikkinchisi — deraza yonida o‘tirgan qiz. Qizning yuzini uzun sochlari to‘sib turardi.

Men eshik oldida bir necha soniya turdim. Negadir ichkariga kirgim kelmadi.

Ammo osmondan birinchi yomg‘ir tomchisi tushdi. Keyin yana biri.

Men avtobusga chiqdim. Orqamdagi eshiklar og‘ir ovoz bilan yopildi.

Shu lahzada ichimdan g‘alati sovuqlik o‘tdi.

Kartamni terminalga yaqinlashtirdim. Ekran qorong‘i.

Yana urinib ko‘rdim.

Hech narsa.

Haydovchi oynadan ko‘z uzmagan holda qo‘lini ko‘tardi.

— Kerak emas.

Men bo‘sh o‘rindiqqa o‘tirdim. Avtobus harakatga tushdi.

Dastlab hammasi odatdagidek ko‘rinar, ko‘cha chiroqlari oynadan birma-bir o‘tardi. Quloqchinimni taqib, telefonimni ochdim.

Soat 20:24.

Oradan bir necha daqiqa o‘tdi. Keyin o‘n daqiqa.

Ammo tanish ko‘chalar ko‘rinmasdi.

Derazaga qaradim.

Shahar ortda qolgan.

Yo‘lning ikki tomonida baland daraxtlar, atrofda esa hech qanday uy yoki chiroq yo‘q.

Telefonimdagi xaritani ochdim.

Tarmoq mavjud emas.

Qayta urinib ko‘rdim.

Natija o‘sha.

Oldingi o‘rindiqdagi qora paltoli erkak sekin menga yuzlandi. Uning nigohi sovuq, yuzida esa juda mayin tabassum bor.

— Keyingi bekatda tushma.

Men unga tikilib qoldim.

— Nega?

Erkak javob berishga shoshilmadi. U deraza tomon yuzlandi.

— Chunki keyingi bekat seni kutyapti.

Bu gapni tushunmadim.

— Bekat qanday qilib meni kutadi?

Uning tabassumi yo‘qoldi.

— Bekat emas.

Avtobus birdan qattiq silkindi.

Chiroqlar o‘chdi.

Atrofni zulmat qopladi.

Telefonim ham o‘chib qoldi.

Bir necha soniya hech qanday ovoz yo‘q edi.

Keyin qulog‘im yonida kimningdir nafasi sezildi.

Men joyimdan qimirlay olmadim.

Qorong‘ilik ichidan mayin ovoz eshitildi:

— Nihoyat qaytding...

Ko‘zlarimni katta ochdim. Ammo hech narsani ko‘ra olmadim.

Men bu ovozni ilgari hech qachon eshitmaganman.

Shunga qaramay...

Nimadir ichimdan uning so‘zlari yolg‘on emasligini takrorlardi.

Avtobus sekin to‘xtadi.

Eshiklar ochildi.

Tashqarida hech qanday bekat yo‘q.

Faqat qorong‘i o‘rmon.

Va yo‘l chetida bitta eski belgi:

“QAYTISH YO‘LI YO‘Q.”

🌙🚌✨

1-epizod ending.