May 12, 2025

CHANGDA QOLGAN GUL

Taehyungning ko'zlari chetlaridan qizargan va og'irlik bn nafas olgancha yerga tiz cho'kdi. Bu holat qizning jismiga ilon zahrini jo'natgandek devorga mahkam suyanib yopishishni boshladi. Jiye boshida uni shunchaki qo'rqitmoqchi deb o'yladi biroq Tae uning oyog'ini siqib ushlagandan so'ng jiddiy qabul qilgancha qichqirib yubordi.

Jiye: TEGA KO'RMA MENGA!!

Taehyungning lablaridagi tabassum qotib qolgan va u qizning ikkinchi oyog'idan ham zo'rlik bn tutdi. Bilaklaridagi kuchini ishga solib o'ziga qattiq tortganida Jiye bir pasda sirg'alib uning tanasiga kirib ketdi. Nima bo'lganini anglab yetdi-yu ovozi boricha baqirib tipirlashni boshladi.

Jiye: Bas qil! To'xta!

Taehyung: Nima uchun bas qilishim kerak? To'xtashim uchun birgina arzirli sabab aytginchi?

Jiye: Taehyung , jinnilik qilma! Hayotimni barbod qilib hech narsaga erisha olmaysan

Taehyung: Balki ko'p narsaga erisharman. Ehtimol dadangni burnini yerga ishqalashim uchun , uning sirli sandiqlarini ochishim uchun menga oltin kalitcha bo'larsan!

Jiyening asablari tarang tortilib oyog'i va belidan mahkam ushlab turgan yigitning bo'ynidan changalladi. Bunga Taehyungni munosabati har galgidek beparvolik bo'lib qizni kiyimlarini tortishni boshladi. Qichqirib o'zini qutqarmoqchi bo'lgan Jiyening tirnoqlari uning bo'yniga yarim oy shaklidagi izlarni qoldirdi.

Jiye: BAS QIL DEYAPMAN!!!

Taehyung: Qo'lingdan kelsa to'xtat meni...

Uning yo'g'on ovozda yangragan so'nggi so'zlari qizning etini shu darajada jimirlatdiki oxiri qarshilik qilishga ham yakun yasadi. Taehyungni tim qora ko'zlaridagi olovli ehtiros go'yoki aylanayotgan yer sharini o'z o'qida qotirib qo'ygandek bo'ldi.

Xuddi gipnos qilingan inson singari uning nigohiga singib ketgan Jiye Taehyung uni ustidagi libosidan mahrum qilmoqchi bo'lganini-da unutdi. Shu onda tashqaridan yugurib kirgan qo'riqchi yigitlardan biri bor ovozda baqirib ularni barcha narsadan chalg'itdi.

-nimalar bo'lyapti bu yerda?

Tae jahl va havsala bn qizning kiyimlarini to'g'irlab shoshmasdan o'rnidan turdi va Yonghoning yollanma odami yoniga yaqinlashib bordi. Yigitning uyilgan qoshlari tabiiyki Taehyungning g'azabiga yoqilg'i quygandek bo'ldi.

Taehyung: Sizlarga sal avval bu xonaga kirish tugul yaqin kelishingiz ham mumkinmas demaganmidim?

-sen kimsanki bizga buyruq berasan!? Nega qizga xiralik qilyapsan? Janob buni bilsa tagingga suv quyishidan xabaring bormi? U bu qizni tola sochiga ham ziyon yetmasin degan...

Kutilmaganda Taehyung yigitning bo'g'zidan olib yaqinidagi devorga tanasini yopishtirib qo'ydi. Nafasi siqilgan yigit ko'zlarini kattalashtirgancha uning bilagidan tutib o'zini qutqarishga urinardi. Biroq qancha chiranmasin Taehyungning qo'li uni qattiqroq bo'g'ib yerdan oyog'i uzilgunga qadar havoga ko'tardi.

Jiye hamon yerda titragancha o'tirar sal avvalgi qo'rquv va hozirgi Taehyungni vajohati qo'shilib uni xatto qimirlashiga yo'l qo'ymasdi. Tae irrilab yigitni qizarib ketguncha havoda tutib turishi tashqaridan go'yo ko'zi qonga to'lgan jinoyatchini eslatardi. Yana biroz shu holat davom etganda Yonghoning odami Asfala Sofilinga ravona bo'lardi. G'azabini bu safar ham bazo'r jilovlagan Taehyung uni kuch bn yerga uloqtirdi. O'pkasi havoga to'lgan yigit shunchalar qattiq yo'talib hansirardiki ko'zlaridan yosh tomchilab ketardi. Bir chetda uni havotirli yuz ifodasi bn kuzatib o'tirgan qiz o'ziga bir juft o'tkir ko'zlar qadalib turganini his qilib ularga to'qnashdi. Taehyungni nigohida allaqanday shavqatsizlikni yaqqol ko'rgach sapchib tushib devorga qayta suyandi. Unga bir necha daqiqa kiprik qoqmay qarab turgan Tae " hali davom etadi " degandek boshini bilinar-bilinmas silkib qo'ydi-da yerda hanuz nafas olish bn kurashayotgan yigitning yoqasidan olib sudragancha xonani tark etdi. Eshik shovqin bn yopilgan zahoti unga qulflangan tovush ulanib Jiye yana ichkarida bir o'zi qoldi.

*

Yarim kechasi soat 3 da Minwoo kasalxonaga telbadek bostirib kirdi. Taehyung qatnaydigan sport zalini borib ostun-ustun qilgani ham biror foyda keltirmadi lekin otasi haqida va hozir qayerda ekanini bilishga erishdi. U fursatni boy bermasdan to'g'ri janob Kim yotgan klinikaga keldi va keliboq navbatchi hamshiraga ro'baro keldi. Hamshira tunda bemorlarni bezovta qilib bo'lmasligini , tongda kelishini maslahat bergani ham kor qilmadi. Uning yonida turgan bemorlar ro'yxatiga yopishgan Minwoo yaqinda bilgan ism-sharifini izlay boshladi. Navbatchi hamshira e'tiroz bn uning qo'liga tirmashdi biroq u qidirgan odamini topmaguncha qog'ozni qaytarmadi. Soniyalar o'tib ko'zi tanish ismga tushdi-yu qizga qarata qog'ozlarni uloqtirdi. Xona raqamini unutib qo'ymaslik uchun qayta-qayta takrorlab Taehyungning otasi yotgan palata tomon yo'naldi. Hamshira bosh shifokor va qo'riqchilar chaqirish uchun ko'zdan g'oyib bo'larkan Minwoo aqlini ishlatmay turib o'sha xonaga yetib keldi. Ichkariga kirishi bn chiroqni yoqib janob Kimni shirin uyqudan uyg'otib yubordi. U kuchli yorug'likdan ko'zlarini zo'rg'a ochib kelgan odamga tikildi.

-senmisan o'sha yaramasni otasi! KIM TAEHYUNGNI OTASI SENMISAN??

Minwoo uning yotgan joyiga yaqin kelib ikki yoqasidan tutgancha siltay boshladi. Janob Kim hozir shok holatida nima bo'layotganini aniq anglay olmasdi. Lekin o'g'lining ismi unga birdan yetib bordi.

-kimsiz? Nimalar qilyapsiz?

-qizim qayerda?

-qizingiz?

-badbaxt o'g'ling qizimni olib qochgan! Qayerda u? Hoziroq qaysi kavakka berkinganini ayt yo'qsa ikkingizni ham holingizga maymun yig'laydi! Jiyeni qayerga berkitdingiz? JAVOB BER!!!

Jiyeni ismi ham janob Kim uchun notanish emas. O'g'li unga qo'riqchilik qilayotganini , ishi shundan iboratligini bilgani uchun birdan talvasaga tushib qoldi. Tezda palatada paydo bo'lgan bosh shifokor , hamshira va qo'riqchilar Minwooni undan uzoqlashtirishdi. Qo'riqchilarning qo'lida siltanayotgan va olib chiqib ketilayotgan Minwoo ovozi boricha qichqirib kasalxonani boshiga ko'tardi.

-O'G'LING MENDAN SOG' QUTULA OLMAYDI! UNI YAKSON QILMAGUNIMCHA TINCHIMAYMAN! QIZIMGA QO'L CHO'ZGANI UCHUN HALI BIRMA-BIR JAVOB BERADI

Biroz o'tib hamma joy suv quygandek tinchib qoldi. Janob Kim esa yomon tushdan uyg'ongan odam singari karaxt bo'lib o'tirardi. Bosh shifokor uning yoniga kelib yelkasidan ohista tutdi.

-ahvolingiz yaxshimi janob?

U ovoz kelgan tomonga robotdek sekin-asta qaradi-yu doktorning qo'lidan ushladi.

-doktor , o'g'limga qo'ng'iroq qilib bera olasizmi?

-ha , ha albatta. Lekin siz yaxshimisiz? Hammasi joyida to'g'rimi?

-Taehyung bn gaplashishim kerak. Men...

Ortiq o'zini tutib tura olmagan janob Kim darhol hushini yo'qotib yostig'iga quladi. Bosh shifokorning aqli shoshib yonidagi hamshiraga vahima bn buyurdi.

-tez yordam bo'limini tayyorlang! SHOSHILING... BEMORGA NIMADIR BO'LDII!!!

*

Tonggi soat 6:00

Osmon yorqinlashib salqin tong o'zini ko'rsata boshlayotgan palla. Xaroba atrofidagi yigitlar yerga o'tirgancha devorlarga suyanib qunishgan holda uxlashardi. Ichkarida esa Taehyung qo'llarini ko'ksiga bog'lab stulga o'zini suyagancha o'tirardi. Kechasi bn mijja qoqmagan bo'lsa-da ko'ziga bir bora ham uyqu kelmas tuni bo'yi Jiye haqida o'ylab chiqqandi. Qiz bn orasidagi parda kundan kunga qalinlashib , qorayib borar bunga asosiy sabab o'zi ekanini juda yaxshi tushunardi. Unga qilayotgan muomilasidan ba'zan e'tirozlanib , ba'zida Minwoo tufayli hech qanday ikkilanish sezmasdi. Bundan tashqari vaziyatni chuqurlashishiga Jiyeni o'zi ham aybdorligini o'yladi chunki oxirgi paytlarda u bn yaxshi munosabatda bo'lmagandi. Hadeb shu haqida hayol surishni bas qilib zerikib ketganidan sekin telefonini yoqdi. Xatto u ham yangilangan. Tavakkal qilishni xohlamagani uchun raqamini faqatgina Yongho va dadasining shifokoriga bergandi. Telefon birdaniga unga o'tkazib yuborilgan qo'ng'iroqlar va qoldirilgan ovozli xabarlarni ko'rsatdi. Ularni ochgan Tae sabr bn tovushni biroz ko'tarib eshitishni boshladi. Birinchi ovozli xabarda Yongho ahmoqlardek bidirlay ketgandi.

-hey olifta! Seni menga muammo orttirishing uchun olib o'tiribmanmi? Nima uchun odamlarimga quturgan hayvondek tashlanyapsan? Hoziroq menga qo'ng'iroq qil... Xudoni balosi! Yo'qsa seni o'zim topaman

Taehyung uning asabiylashgan ovozidan o'sha paytdagi yuzini tasavvur qilib kulib yubordi. Ozgina Yonghoni mazaxlab olgach keyingi xabarga o'tdi.

-janob Kim Taehyung! Men kasalxonadan sizga murojaat qilyapman. Hoziroq menga aloqaga chiqing! Dadangizni ahvoli og'ir. Favqulodda yurak hurujini boshdan kechirdi. Operatsiyani oldindan boshlashga majbur bo'ldik. Har qanday vaziyatga tayyor bo'lishingiz va kasalxonaga kelishingiz shart. Iltimos tezroq men bn bog'laning

Xonadagi harorat go'yo birdan tushib ketdi. Telefon hali ham kaftida biroq Taehyung uni ushlab turganini sezmasdi. Nafasi qisilib yuragi notekis urib ketdi. Oyoqlari zaiflashib keskinlik ichra pichirladi.

Taehyung: Yo'q...

Dadasi bn so'nggi uchrashuv uning hayolida avtomatik tarzda aylana boshladi. Otaning lablaridagi zaif tabassum va qo'llarining titroqlari orasida o'g'lidan olgan va'da... " Men albatta yoningizda bo'laman ". Havoni bazo'r surib chiqargan Taehyungni tanasi burishib ketayotgandek bo'ldi. Telefonini qattiq siqdi-yu barcha-barchasini unutib ortga tashlagancha tashqariga otilib chiqib ketdi.

*

To'dasidagilar bn karta o'ynab vaqt o'tkazayotgan Yongho ulardan bir-bir yangiliklarni eshitardi. Minwooning ishlari , rejalari , uslublari haqida uning kompaniyasidan sotib olgan ayg'oqchi oqizmay-tomizmay aytib berardi. Unda xatto Jeonni ba'zi noqonuniy ishlari to'g'risida ashyoviy dallillar borligi Yonghoni hayron qoldirdi.

-ofarin... meni qiziqtira olding? Xo'sh qancha so'raysan bular uchun?

Ayg'oqchining yuzida tabassum yugurib undan bir nechta qimmatbaho narsalar va pul birligini so'radi. Yongho o'ylanib o'tirmasdan bariga rozi bo'ldi chunki Minwooni kirdikorlari qachonlardir unga asqotishi mumkin edi.

-kelishdik , ertagayoq istaganlaringni olasan

-unda ertagayoq barchasi poyingizda bo'ladi janob Min

-endi esa asosiylari haqida gapir. Tender ... vahokazolar

-tender ertaga bo'lib o'tadi va Minwoo yutishi uchun birorta ta'sir ko'rmayapman. Chunki bu galgisiga yaxshi tayyorlanmadi. To'g'rirog'i o'g'li ketganidan so'ng bir o'zi bular uchun kurashgisi yo'q

-demak meni g'alabam uchun imkon bor

-albatta. Minwoo anchadan buyon ishdan e'tiborini uzgan. Kamiga 2 haftadan beri birjaga pul tikmayapti. Agar 5 kun ichida u uchun biror harakatni boshlamasa fonddagilar uni surib chiqarishadi

-bunchalik oson qulashini hayolimga ham keltirmagandim. Yashirmayman... bu menga yoqyapti. Uni tez orada qirollik taxtidan ag'darilishini sabrsizlik bn kutaman

*

Mashinani arang haydab kelgan Taehyung atrofda esayotgan qattiq shamolni ham sezmadi. Shifoxona eshigi yonida to'xtab oyoqlarini yerga qattiq tiradi. Ichkariga kirish uchun butun jasoratini to'plab oldinga qadam tashlaganida avtomatik eshiklar ochildi. Yuziga sovuq havo va anteseptik aralashgan kasalxona hidi urildi. Yuragi gursillab urar , nafas olishi og'irlashgan , kaftlari muzlab borardi. Koridordagi bemorlar-u hamshiralarning har biri bosimdek edi. U qayerga ketayotganini bilmay olazarak bo'lib yurib borayotganda bosh shifokor bn to'qnashib ketdi.

-janob... keldingizmi?

Doktorning ko'zlari negadir bejo va bezovta. Yuzlari esa salqigan , charchoq alomatlari yaqqol bilinib sezilib turardi.

Taehyung: Keldim... nima bo'ldi? Operatsiya yaxshi o'tdimi? Menga ancha oldin ovozli xabarni qoldirgan ekansiz. Ba'zi sabablarga ko'ra kech ko'rib qoldim. Dadamni ahvoli qanday? Hozir uxlayaptimi?

-men bn yuring...

Taehyung hech nimani tushunmay jimgina shifokorga ergashdi. Yuragi allaqanday g'ash tortib borar doktor uni jonlantirish xonasiga yetaklab borayotgandek edi go'yo. Yo'laklardagi yorug' , sterillangan chiroqlar ketma-ket so'nib soyaga botdi. Og'ir va bosimli sukunat ila doktor uni koridor so'nggidagi xonaga boshlab keldi.

Taehyung: Uni nima uchun buncha uzoqdagi xonaga ko'chirdingiz?

Doktor tugmani bosishi bn metal eshik g'iyqillab ochildi-gu ichkaridan muzlagan havo tashqariga sizib chiqdi. U Taehyungga kichik haltachani uzatib yerga qaradi.

-dadangizni buyumlari... biz barcha chorani ko'rdik. Afsuski bevaqt bo'lgan yurak huruji bizga qarshi ishladi. Bardam bo'ling Taehyung , uni saqlab qola olmadik

Taehyung sekin " yo'q " deya bosh silkitdi. Nigohlarida hayot izlari susayib , oyoqlari titray boshladi. Boshini ochiq eshik tomon burarkan ulkan muzlatgich xonasida terilgan jasadlarni ko'rdi. Ularning yuzi oq mato bn yopilgan jonlari uzilgani tufayli qimir etmay yotishardi. Taening nafas yo'li to'silib ixragancha devorga tayanib qoldi. Doktor unga yordam qo'lini cho'zganida bir ishora bn uni to'xtatib qo'ydi.

-balki bizni ham aybimiz bordir. Buning uchun albatta uzr so'raymiz. Shifoxonaga o'tkazgan 50% mablag'ingiz qaytarib beriladi

Taehyung: Ikkisini ham... ikkisini ham yo'qotdim. Onamni ham , otamni ham vaqtida qutqarib qola olmadim

-Xudo sabr bersin

Yigitning ko'zlarida yosh to'plandi lekin to'kilmadi. Ular xuddi og'riq ichida muzlab qolgandek edi. Ko'ksi sanchib kelayotgan Taehyung ikkinchi marta o'ta alamli yo'qotishni boshidan kechirdi. Otasini saqlab qolish uchun qilgan harakatlari shunchaki zoye ketgani-yu vaqtdan yutqazgani uni tom ma'noda kemirib tashladi. Uning hayoti axir shu orqali bog'langandi. Yashashdan yagona maqsadi dadasini oyoqqa turg'azib yana oldingidek sog'lom bo'lishini ta'minlash edi. U uchun qo'lidan kelgan hamma narsani sinab ko'rdi. Xattoki noqonuniy janglargacha ishtirok etib kimlarningdir iznida o'yinchoq bo'lishga ham chidadi. Shifokor bn birga ichkariga kirgan Tae o'lik tana yoniga kelib matoning bir uchidan tutib uni ochdi. Keyin qo'llarini qattiq musht qilgancha dadasining oppoq va muzdek jasadi yoniga tiz cho'kdi-yu og'riqli ko'z yoshlarini ozodlikka chiqardi.

Taehyung: Sizga munosib bo'la olmagan o'g'lingizni kechiring... Sizni saqlab qolishga ham yaramagan noshud farzandingizni avf eting , dada... Ahmoq bo'lgan ekanman... Sizni ko'p havotirga qo'yardim , kechalari bn meni kiprik qoqmay kutganingizda parvo qilmadim. Dada siz meni deb kasal bo'ldingiz. Men sizni bevaqt o'ldirdim... Kechiring meni...

Barcha ayblarga o'ralashib qolgan yigit otasining tanasini quchoqlagancha yosh boladek yig'lay boshladi. Qismat uni og'ir sinov bn yuzlashtirganidan alamlanib dardlarini boricha to'kdi. Ko'zlarini yumgancha bir muddat dadasini so'nggi marta bag'riga bosib ho'ng-ho'ng yig'ladi.

*

1 kundan so'ng...

Dafn marosimi o'tganiga ham roppa-rossa 1 kun to'libdi. Taehyung shifokor chaqirig'i bn kasalxonaga borarkan qo'lida dadasiga tegishli uzuk g'ijimlangandi. O'sha kundan beri uni qo'lidan qo'ymagan yigit Janob Kimni his qilib turish uchun uni o'zida qoldirdi. Otasi tirik kirib , jonsiz chiqqan o'sha kasalxonaga borishni istamadi biroq bosh shifokorning qat'iy iltimosiga yo'q deya olmadi. U yerga borishi bn odatdagidan sovuq ifoda bn doktorni xonasiga kirdi.

Taehyung: Xayrli kun , tinchlikmi?

-xush kelibsiz. O'zingizga kelib qoldingiz degan umiddaman

Taehyung: Halicha yo'q. Ko'nika olmayapman

-bu tabiiy. Yarangiz yangi... bitishi uchun ozgina vaqt kerak

Taehyung: Bu yara oson bitadi deb o'ylamayman. Bitgan taqdirda ham o'zidan bir umrlik chandiq qoldiradi

-hammasi yaxshi bo'ladi. Sizni jiddiy masala yuzasidan chaqirgandim.

Doktor Taehyungga qarab nafasini ichiga tortdi. U tashqi tomondan hotirjam ko'rinayotgan bo'lsa-da ichkaridan ikkilanishini yashirardi. Yigitning ko'zlariga yana bir bor qarab bu haqida ortiq yashirmaslik kerakligini tushunib sekin gap ochdi.

-o'sha kuni... ya'ni dadangiz yuragi huruj qilgan kunda... bir mudhish vaziyat sodir bo'lgandi

Birdan qoshlarini chimirgan Taehyung stulidan biroz engashib shifokorni butun vujudi quloq bo'lib tingladi. Boshida shunchaki oddiy gap deb o'ylagan yigit endi bunga to'laqonli sho'ng'ib ketdi.

-bir odam kelib Janob Kimning xonasiga qarshiliklariga qaramay bostirib kirib uni yoqasidan olgan. Biz darhol yetib kelib uni ajratdik. Notanish odam dadangizga yopishib " o'g'ling qizimni o'g'irladi " deb rosa qichqirgandi. Uni qo'riqchilar olib ketishgach Janob Kim mendan sizga qo'ng'iroq qilishimni so'radi. Men qilmoqchi edim... biroq ulgurmadim. Shu mash'um voqea tufayli biz uni erta yo'qotdik. Bo'lmasa hammasi nazorat ostida edi

Yigitning yuragi shunaqangi tez urdiki bu xatto doktorgacha yetib bordi. U his-tuyg'ularini ko'rsatmasdan o'tirgan joyida dong qotgandi. Uning ruhida bir xil savollar , qarama-qarshiliklar va shubhalar aylandi. Chalkash so'zlarni bir-biriga uladi-yu kalava uchini ushlagandek darhol doktorga qaradi.

Taehyung: U shifoxona kameralariga tushganmi?

-ha albatta. Xohlasangiz ko'rsataman

Taehyung: Nimaga qarab turibsiz? BO'LING

Kompyuter orqali kamera yozuvlarini ochgan shifokor uni Taega ko'rsatishi bn yigit ikkinchi marta muzlagandek qotib qoldi. Minwooning kasalxonaga bostirib kelib hamshirani ham yo'lda qoldirgan videosini ko'rgach jismi g'azab o'tiga tushdi. U ko'zlarini ochib-yumgancha stuli chetlarini siqqanida bo'g'imlari oqarib ketdi. Birinchi hayoliga kelgan tasodifiy inson Jiye bo'ldi.

*

Sovuq katalakda bir necha kundan beri o'tirgan qizning deyarli sillasi qurib bo'lgandi. Yigitlar unga keltirgan yeguliklariga qo'l ham tekkizmay har zamonda buni Taehyung olib kirishi kerak ediku deb o'ylab qoladi. Keyin esa uni hayoliga keltirishga botingani uchun o'zini koyib qo'yardi. Uni sabr kosasi to'lib toshdi. Nima sababdan bu yerda ekaniga tuzuk va'j keltira olmay jinni bo'lay dedi.

Balki qutulish uchun yana boshqacha yo'llarni izlab ko'rar? Ozgina xiyla ishlatish ham zarar qilmas... Jiye jim holda shu xarobada chirishdan ko'ra tavakkal qilib ko'rishni afzal ko'rdi. Turgan holda o'yladi... o'yladi... oxir-oqibat ozroq tahlikali ammo sinab ko'rsa bo'ladigan rejani tuzdi. Bugungi quyosh ham ishini yakunlab G'arb tomonga og'ib borar , endi o'rnini qorong'ulikka bo'shatmoqchi edi. Chuqur nafas olgancha o'ziga dalda bergan qiz vahima bn qichqirgdi-yu eshikni ura boshladi.

Jiye: Kim bor?! YORDAM BERING!!! HOZIR MENI CHAQIB OLADI!! ILTIMOS ESHIKNI OCHING

Tashqarida turgan qorovul yigitlar qizning chaqiruvini eshitib bir kishini shu yerda qoldirishdi-da hayrat ila ichkariga kira boshladi. Jiye ovozini yana-da ko'tarib daxshatli tus oldirgancha baqirdi.

Jiye: YORDAM BERSANGIZCHI... KIMDIR BORMI?!

-nega baqiryapsan?

Jiye: Bu yerda ilon bor ekan. Meni chaqib oladi iltimos oching eshikni...

Yongho qizga biror narsa bo'lsa yigitlarga boshi bn javob berishini tayinlagan. Shuning uchun ular hech ikkilanmasdan qulfni burab eshikni ochishdi. Jiye qaltirab yig'lagancha burchakka ishora qilganida qiziqish bn kirib borishdi.

Jiye: Juda katta... Qora ilon ekan. Iltimos o'ldiringlar uni...

-hech narsa yo'qku. Qayerda ko'rding?

Qiz vaziyatni qo'lga olgan zahoti chaqqonlik bn xonadan chiqdi-yu eshikni tezda yopib qulfladi. Ichkaridan yog'och eshik gursillagani eshitilarkan u vaqtni yo'qotmay xonadan himoya vositasi izlay boshladi. Qo'lida ixcham o'lchamdagi yog'ochni tayoq sifatida olganida tashqarida qolgan yigit shovqinni eshitib kirib keldi. Jiye o'zini tutgancha unga tashlanmoqchi bo'lgan yigitni bir zarbasi bn yerga qulatdi. U kuchli og'riq bn hushini yo'qotgach qiz uchun hammasi ayni muddao bo'lib tayoqni bir joyga uloqtirgancha chiqish tomon yugurdi.

@shiny_fanfic