January 3, 2021

Imom Zahabiy va uning «Kaboir» nomli asari haqida

Islom olamining mo‘’tabar olimlari qatorida, shubhasiz, Muhammad ibn Ahmad ibn
Usmon Abu Abdulloh Zahabiy Shofe’iy hazratlarining ham munosib o‘rni bor.
Imom Zahabiy hijriy 673 yili Suriyaning Damashq shahrida tavallud topganlar.
«Zahabiy» taxallusi u kishiga otalarining kasbiga nisbatan berilgan bo‘lib, «zargarning
o‘g‘li» degan ma’noni anglatadi.
Hadis ilmi bilan 18 yoshdan shug‘ullanishni boshladilar, Ba’labakka, Hims, Hama,
Aleppo, Tripoli, Nabulus, Ramla, Qohira, Iskandariya, Quddus, Hijoz kabi jami o‘ttizta
shaharda bo‘ldilar. Ilm tahsili uchun juda ko‘p olimlarning xizmatida turdilar. Ibn Zahiriy,
Abarquhiy, Shayxul-Islom Ibn Daqiq Iyd (Imom Zahabiy u kishining oldiga ilm
o‘rgangani kelganida, imtihon qilib: «Abu Muhammad Hiloliy kim?» deb so‘ragan, Imom
Zahabiy: «Sufyon ibn Uyayna», deb to‘g‘ri javob bergach, Ibn Daqiq Iyd u zotni
shogirdlikka qabul qilgan), davrining yetuk hadisshunos olimi Sharafiddin Dimyatiy,
Jaloliddin Abu Ma’li Ansoriy kabi olimlardan hadis va fiqh ilmini o‘rgandilar. So‘ng
Damashq shahriga qaytib, hadis ilmidan dars berdilar, islom olamida nomlarini mashhur
etgan kitoblarini yozdilar.
73 yoshda ko‘z nuridan ayrildilar va ikki yildan so‘ng foniy dunyoni tark etdilar. Uchta
farzandi bor edi: qizining ismi Amat Aziz va o‘g‘illari Abdulloh bilan Abu Hurayra
Abdurahmon. Abdurahmon keyinchalik hadis ilmi peshvosiga aylanib, Ibn Nasriddin
Damashqiy va Ibn Hajar Asqaloniy kabi olimlarga dars berdi, otasidan eshitgan ko‘plab
hadislarni rivoyat qildi.
Imom Zahabiy 75 yil umr ko‘rdilar, islom olamida hadis ilmining sultoni, qomusiy
ilmlarga ega tarixchi, shajarashunos va shayxul islom sifatida nom qozondilar.
Imom Zahabiyning mashhur asarlari:
1. Tarixul Islom. Katta bibliografik qomus.
2. Al-Ibar bi axbar man abar. Olimlar haqida keng bibliografik tarix.
3. Duvalul Islom. Siyosiy shaxslar va voqealar haqida.
4. Siyaru a’lamin-nubala.
5. Tazkiratul huffaz. Hadis olimlari tazkirasi. Abu Bakr Siddiqdan boshlab to o‘zlari
yashagan davrigacha o‘tgan hadis roviylari va olimlari hayotiga bag‘ishlangan asar.
Keyinchalik Imom Suyutiy bu kitobni o‘z zamondoshlari bilan boyitib, «Tabaqatul huffaz»
asarini yozganlar.
6. Tabaqatul qurro. Qur’on olimlarining hayotiga bag‘ishlangan kitob.
7. Zikru man yu’tamid qavluhu fil jarhi vat-ta’dil. Ishonchliligi jurh va ta’dil yo‘lida
tekshirilgan hadis roviylariga bag‘ishlangan kitob.

8. Muxtasaru Sunan al-Bayhaqiy.
9. At-tajrid fi asmais-sahaba. Sahobalar haqida lug‘at.
10. Muxtasaru al-Mustadrak lil Hakim. Hakimning «Mustadrak» asariga qisqa sharh.
11. Muxtasaru tarixi Naysabur lil Hakim.
12. Nabaud-Dajjal. Dajjol haqidagi hadis va rivoyatlar monografiyasi.
Imom Zahabiyning qirqqa yaqin asarlari bo‘lib, ularning ichida eng ko‘p tarqalgani,
shubhasiz, «Kaboir» kitobidir. Qur’on va hadisda tilga olingan, had-jazo belgilangan,
Alloh va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam la’natlagan gunoh ishlar ushbu kitobda
batafsil yoritilgan.
Inson yomonlikka tushib qolmasligi uchun uni yaxshilab tanib olishi kerak. Ushbu kitob
bizga bu borada katta yordam beradi. To‘g‘ri, oldin ham katta gunohlar haqida ba’zi
risolalar chop etilgan. Lekin ular Imom Zahabiyning «Kaboir» asaridan parchalar edi.
Alloh taolo bandalari katta gunohlardan saqlansa, mayda-kichik gunohlarni kechishi
aytgan. O‘qiyotgan besh vaqt namozimiz, tutayotgan ro‘zamiz, juma namozlarimiz ham,
gunohi kabiralardan saqlanar ekanmiz, kichik gunohlarimizni yuvib turadi. Shuning
uchun kabiralardan saqlanmog‘imiz, mabodo, beixtiyor ulardan birortasini sodir etib
qo‘ysak, tavba va pushaymonlik o‘ti ila uni kuydirmog‘imiz lozim. Gunohlardan chekinish
va ulardan poklanish yo‘lida ushbu kitob o‘quvchilarimizga zarur qo‘llanma bo‘lishiga
umidimiz bor. Uni o‘qib, uqib, nafsida naf topganlar avvalo Imom Zahabiy hazratlarining
haqlariga, qolaversa, ushbu asarni o‘zbek tiliga o‘girib, chop etilishiga hissa qo‘shgan
mutasaddilarning haqlariga duoi xayrlar qilgaylar.
Olamlar Parvardigori Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Barchamizga U zotning
huzuriga gunohlarsiz, pokdomon holda yuzlanishimizni nasib aylasin.