KARANTIN DAVRIDA MAKTABLARNI ONLINE REJIMDA EMAS, STANDART (odatdagi) TARTIBDA O’QITISH METODIKASIGA NIMA DEYSIZ?
Hammamizga ma’lumki yurtimizda “Korona” virus pandemiyasi kirib kelishi sababli aholini sog’lig’ini xavfsizligini ta’minlash masalasida Respublika maxsus komissiyasi tuzilib, ushbu komissiya tomonidan qarorlar qabul qilinib kelinmoqda. Joriy yilning 24-mart sanasidan to bugungi kunga qadar bir necha bor “Karantin” chora tadbirlari yuzasidan qarorlar qabul qilinib, aholini va fuqarolarni o’z uylarida o’tirishlarini va ko’chaga hamda jamoat joylariga bormasliklari yuzasidan zarur chora-tadbirlar qo’llanilib kelinmoqda. Bog’cha, maktab, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, Oliy ta’lim muassasalari hamda yurtimizdagi boshqa ta’lim dargohlari xalqaro tajribalar va jahon hamjamiyatining talablari asosida online rejimga vaqtincha to’liq o’tkazildi. Online tartibda darslar bir muncha sifatli bo’lishiga qaramasdan, bungungi kun yoshlari hamda maktab o’quvchilarining savodxonlik darajasini sifat jihatidan oshirishga xizmat qila oldi deya olmaymiz. Mazkur holat yuzasidan, olib borilgan izlanishlar hamda o’z fuqarolik pozitsiyasidan kelib chiqilgan holda bir qator takliflarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz.
Ma’lumki maktablarda 6-7-sinlardan boshlab, o’qitiladigan fanlar predmeti quyi sinfdagilarga nisbatan ko’payishi kuzatiladi. Masalan, 7-sinf o’quvchilari uchun quyidagi fanlarni haftada nechchi marotaba o’tilishi bilan ko’rsatib o’tishimiz mumkin:
1. Matematika (Algebra, Geometriya) haftada 3 kun
2. Ona tili, haftada 3 marotaba;
3. Adabiyot, haftada 2 marotaba;
4. Rus tili, haftada 2 marotaba;
5. Ingliz tili, haftada 3 marotaba;
6. Fizika, haftada 2 marotaba;
7. Texnologiya, haftada 2 marotaba;
8. Geografiya, haftada 2 marotaba;
9. Tasviriy san’at (7-sinflar uchun Chizmachilik) haftada 1 marotaba;
10. Jismoniy tarbiya, haftada 2 marotaba;
11. Tarix, haftada 3 marotaba;
12. Informatika, ikki haftada bir marotaba;
13. Biologiya, haftada 2 marotaba;
14. Milliy istiqlol g’oya, haftada
15. Musiqa (6-sinflar uchun) haftada 1 marotaba;
16. Kimyo, haftada 2 marotaba;
17. Tarbiyaviy soat, haftada 1 marotaba;
Ko’rinib, turibdiki, juda ko’plab, fan predmetlaridan darslar haftada ikki va undan ortiq marotaba o’quvchilarga o’tilishi belgilab qo’yilgan. Mazkur, fanlarning dolzarbligi, muhimligi va hozirgi karantin davrining ahamiyati hamda boshqa omillarni hisobga olgan holda quyidagicha g’oyani ilgari surmoqchimiz. Hozirgi “Korona” virus pandemiyasi hamda Dunyo va O’zbekistondagi og’ir ijtimoiy, iqtisodiy va ilmiy vaziyatni hisobga olgan holda, ushbu virusning bolalarga, ya’ni maktab o’quvchilariga yuqish xavfi ehtimoli jihatidan qanchalik foizga ega ekanligini aniqlash muhim hisoblanadi. www.gazeta.uz saytidagi ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston bosh sanitar vrachi Bahrom Almatovning jurnalistlar tomonidan kornavirusga oid bergan savollariga javob bera turib, ularning “Koronavirus yosh bolalarga deyarli yuqmasligi to‘g‘rimi?”,-degan savoliga quyidagicha javob bergan:
“Ha, o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida ushbu kasallik 0,9 foizni tashkil etmoqda. Ularda kasallik yengil o‘tadi. Chunki bolalarda regeneratsiya jarayoni kuchli bo‘lgani, immuniteti kattalarga nisbatan kuchli bo‘lgani uchun ushbu kasallik yengil o‘tadi, tez tuzaladi va kamroq kasal bo‘ladi. Kasallik asosan oltmish yoshdan o‘tgan odamlarda og‘ir kechmoqda. Butun dunyo bo‘yicha shunday holat kuzatilgan. Shu bois xastalikka chalinishga moyilligi yuqori bo‘lgan aholi qatlami, ya’ni keksalar, otaxon-onaxonlar bugungi kundagi vaziyatdan kelib chiqib ko‘chalarga chiqishi tavsiya etilmaydi”,-deya ma’lumot bergan. Shuningdek, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining rasmiy xabarlarida, yosh bolalarga “Covid-19” virusining yuqish ehtimoli juda pastligi haqida bayonot bergan. Demak, o’z-o’zidan maktab yoshidagi 1-4-sinf o’quvchi yoshlarini ta’lim olish jarayonini Karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda davom ettirish mumkin degan xulosaga kelish mumkin. Ammo, bu vaziyatda ham, xotirjamlikka berilmaslik ayni kun mavzusi bo’lib qolaveradi. Shuningdek, 1-4-sinflar hamda 5-11-sinf o’quvchilarining maktabda pandemiya vaqtida ta’lim olishini strukturasini ishlab chiqish bo’yicha ba’zi takliflarni ham keltirib o’tish joizdir.
Birinchidan, Respublikadagi barcha umumiy o’rta ta’lim maktablarida karantin qoidalariga qat’iy amal qilish chora tadbirini ishlab chiqish lozim. Bunda, maktabga kiradigan har bitta o’qituvchi, o’quvchi, pedagog xodimlar, qorovul va boshqa maktab xodimlarining kirib chiqishi to’liq nazoratga olinishi kerak. Har bir kirib chiquvchi maktabga aloqasi bor shaxslarning yonida maxsus tibbiy niqoblarning bo’lishi, tibbiy qo’lqoplar bilan har bir maktabga aloqador shaxslarning ta’minlanishi, tegishli himoya vositasi bo’lgan antiseptik vositalar hamda haroratni o’lchovchi maxsus uskunalar maktablarning kirish darvozasi oldida, kirish eshigi oldida, maktab sinfxonalarining kirishida, kutubxonalar eshigi oldida, hamda boshqa xonalarning kirish eshigi oldida qo’yilishi va uyerga mas’ul bo’lgan xodimlar tomonidan har bir kirib chiquvchi o’quvchi, oq’ituvchi, pedagog xodimlar hamda boshqa aloqador shaxslarning kirishi va chiqib ketishi oldidan dizinfeksiya qilinishi va harorati o’lchanishi to’liq o’rnatilishi kerak. Mazkur dizinfeksiya ishlarini to’liq bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash uchun maktab eshigi va kerakli joylarga maxsus nazorat kameralari o’rnatilishi taklifini ilgari surish mumkin.
Ikkinchidan, har bir maktabga boradigan o’qituvchi, o’quvchilar, pedagog xodimlar, hamda boshqa aloqador shaxslarning kirib chiqishlarini ro’yxatga olish, harorati 37 daraja va undan yuqori turuvchi bemorlar maktab binosi hududiga kiritilmasligi hamda tegishli tashkilot va muassasalarga darhol xabar berilishi, shuningdek, maktablar sinfxonalarini dars mashg’ulotlari davomida har ikki soatda tegishli dori vositalar bilan dizinfeksiya ishlarini olib borishni yo’lga qo’yish, maktab binosi hududida oziq-ovqat va boshqa turdagi yegulik mahsulotlarining sotilishini vaqtinchalik qat’iyan taqiqlanishi, maktab dars mashg’ulotlari davomida maktab o’quvchilari va o’qituvchilarining turli xil majlislar, yig’inlar hamda ommaviy tadbirlar o’tkazilishini vaqtinchalik qat’iyan taqiqlanishi yuzasidan tegishli chora tadbir ishlab chiqilishi kerak.
Uchinchidan, dars mashg’ulotlarini o’tkazish bo’yicha, o’quvchilarning sinfxonada partalarga o’tirishida yolg’izlatib o’tirishi hamda bir partada bir o’quvchi o’tirishi, misol tariqasida 30 talik o’quvchi o’qiydigan sinf o’quvchilarini 15 tadan bo’lgan holda ikkita sinfxonada dars o’tilishi, 2 metrlik oraliq masofa saqlanishi, o’quvchilarga karantin qoidalariga qat’iy amal qilish bo’yicha o’qituvchi tomonidan har bir dars boshlanishidan oldin kamida 5 daqiqa va ko’pi bilan 10 daqiqa ma’ruza qilinishi, o’quvchilarning sog’lig’idan o’qituvchilar dars boshlanishidan oldin to’liq xabardor bo’lishi, sinfxonada kamera nazorati ostida barcha shaxslar niqob hamda qo’lqop vositalarini taqib o’tirishi, dars mashg’uloti davomida o’qituvchi va o’quvchining bir biriga yaqinlik orasi 2 metrdan oshmasligi, darslarni va topshiriqlarni tekshirish masalasida har bir o’qituvchi karantin qoidalariga amal qilgan holda o’ziga qulay metodni tanlashi yoki Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bir nechta metodlarni ishlab chiqilishi va ularni tadbiq etishda o’qituvchilarga zaruriy ko’nikmalarni o’rgatilishi, maktab binosining sinfxonalari karantin qoidalariga amal qilingaligi bois barcha maktab o’quvchilariga yetmasligini inobatga olib dars mashg’ulotlarini ikkita smenada olib borilishi hamda bir sinf uchun bir kunlik dars mashg’uloti ko’pi bilan 3 soatdan oshmasligi, haftada 2 va undan ortiq o’tiladigan dars mashg’ulotlarini maktabda o’tiladigan qismini kamaytirilishi va mavzularni tushuntirish, topshiriqlar berish hamda uyga vazifalarni tekshirish uchun bir soat darsni maktabda, qolgan dars mashg’ulotlarini o’quvchilar hamda o’qituvchilar bilan online tartibda uyda shug’ullanish hamda ularning o’zlari ustida ishlash malakasini singdirishni o’rgatish chora tadbirlarini ishlab chiqish zarur. Masalan, algebra darsini haftada 3 kun o’tilishi nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda, Dushanba kunidagi dars mashg’ulotini maktabda o’tilishi hamda mavzuni o’qituvchi tomonidan sifatli o’tilishi, uyga vazifalar berilishi, hamda o’tgan safar bergan vazifalarni yuqorida aytilgan metodda tekshirib olish chorasini o’tkazish kerak. Chorshanba va Shanba kunidagi Algebra darslari esa mustaqil uyda online tarzda o’tilishi, o’qituvchi bergan vazifalar va topshiriqlar bo’yicha o’quvchi o’z ota-onasi, akasi, opasi va uydagi boshqa shaxslar bilan mazkur topshiriqlarni ularning nazorati ostida bajarishi hamda ushbu shaxslar tomonidan o’qituvchiga hisobot berilishi kerak. Qaysi o’quvchining uydagi shaxslar tomonidan hisobot berilmasa, ushbu o’quvchiga baho qo’yilmasligi va unga darsda ishtirok etmaganlik belgisi qo’yilishi kerak.
To’rtinchidan, haftaning ma’lum bir kunida o’quvchilar hamda o’qituvchilar uchun “Covid-19” virusidan zararlanish oqibatida insonlarning sog’lig’ining yomonlashganligi, ularda kuzatilgan o’lim holatlari, jahonda mazkur holat yuzasidan bo’layotgan voqea-hodisalarning tavsilotlari bo’yicha ishlangan videoroliklarni qo’yib berilishi hamda ularga ushbu holatning qanchalik xavfli ekanligini tushuntirish ishlarini olib borish zarur.
Beshinchidan, maktab hududiga maktabga taalluqli bo’lmagan shaxslarni kirishini qat’iyan taqiqlash chorasini ko’rilishi, maktablarda kunduzgi va tungi navbatchilik tartiblarini o’rnatilishi, kun oxirida tegishli tuman sanitariya va epidimologiya markazlari va tashkilotlari tomonidan maxsus har bir maktab uchun biriktirilgan ishchi xodimlarning ushbu tegishli maktabning sanitariya qoidalariga amal qilinganligini tekshirishi, har bir darsxonaning farroshlar tomonidan dars mashg’ulotlari tugaganidan keyin dizinfeksiya ishlari olib borilganligini tekshirishi, haroratni o’lchovchi termometrlarning sozligini tekshirishi, keyingi kun dars mashg’ulotlari uchun barcha sinfxonalarning tayyorligini va zaruriy antiseptic asbob-uskunlarning sozligi holatini tekshirishi, nosoz asboblarni almashtirishi, hamda sinfxonalarni dizinfeksiyalash bilan bog’liq va talablar yuzasidan kelib chiqqan muammoli holatlar yuzasidan tezda tegishli Ichki ishlar organi bo’limlariga va sanitariya tashkilotlariga xabar berishi va holatni zudlik bilan bartaraf etishini ta’minlash chorasini ko’rish kerak.
Mazkur takliflar yuzasidan turli xil fikr mulohazalar, ijobiy va salbiy qarashlar kelib chiqishi aniq. Ushbu holatlarni oldindan ehtimoliy shart sifatida oldini olish va yuqoridagi berilgan taklifdagi ijobiy va salbiy jihatlarga ham to’xtalishni joiz deb bildik. Dastavval, ijobiy jihatlariga to’xtalamiz:
1. Online dars mashg’ulotlariga qaraganda maktabdagi standart dars mashg’ulotlari o’quvchilarda savodxonlik sifat darajasining nisbatan yuqori bo’lish ehtimoli kuzatilishi mumkin. Chunki, O’zbekistonda e’lon qilingan karantin davridan to bugungi kunga qadar online dars mashg’ulotlarida ilm olgan o’quvchilarning savodxonlik sifat darajasi ancha pastlashib susayganligini kuzatish mumkin.
2. Tumanlarda qo’shimcha ish o’rinlari yaratiladi. Masalan, maktab qorovulligi, antiseptik va dizinfeksiyalash uchun maxsus xodimlarning jalb etilishi, shuningdek tumanlardagi sanitariya markazlari va tashkilotlariga qo’shimcha ishchi xodimlarning jalb etilishi kabi ish o’rinlarining kengayishi va ish bilan band bo’ladigan aholining qatlami ko’payishi kuzatiladi. Respublikada 10.000 ta maktab binosi bo’lsa, ularning har biriga yuqoridagi xodimlarning ishga qabul qilinishi natijasida kamida 50.000 ta ish o’rni yaratiladi.
3. Jahon hamjamiyati oldida, ushbu eksperimentni o’tkazish orqali, namunaviy davlat sifatida o’rnak va andaza oluvchi maqomga ega bo’lib, xalqaro maydondagi ta’lim jarayonidagi reytingda ancha yuqori pog’onalarga ko’tarilish ehtimoli paydo bo’ladi.
Tanganing ikki tomoni bo’lganidek, ushbu holatning ehtimoliy salbiy taraflari ham bo’lishi mumkin.
1. “Covid-19” ni maktablardagi ehtiyotsizlik oqibatida o’quvchilar yoki o’qituvchilar, maktab pedagog va boshqa xodimlarining yuqtirish xavfi bo’ladi.
2. Ishchi o’rinlarning ko’payishi va boshqa maktab xarajatlarining ortishi natijasida davlat budjetiga sezilarli darajda ta’sir qilish ehtimoli bo’lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, ta’lim uchun tikilgan har qanday investitsiya, eng foydali va eng kerakli investitsiya hisoblanadi. Zero, hozir maktab yoshlarini savodxonligiga befarq qarasak, o’z kelajagimizni ehtimoliy barbod qilishdek noxush holatga sharoit va zamin yaratgan bo’lamiz. Maktab bu – har qanday mansabdor shaxsning va olimning eng asosiy ilm o’chog’idir. O’quvchi ushbu “qozon”dan boshqasida “qaynasa” katta ehtimol bilan, “qaynamay” xom bo’lib, keraksiz kadr bo’lish ehtimoli paydo bo’ladi. O’z kelajagimizga befarq bo’lmaylik do’stlar…
Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Dodoyev Sherozbek