January 4, 2022

Сборник всех произведений для ИК по узбекскому языку в электронном виде.

ABDULHAMID CHO‘LPON. QOR QO‘YNIDA LOLA (HIKOYA)

I

Bir, ikki, uch, to‘rt... besh; besh... olti! Yetti, sakkiz, to‘qqiz, o‘n....
Kichkina, qizil ipdan bezalgan to‘p (kaptov) aljib qochib ketib, yerto‘la og‘ilning devoriga yondoshib o‘skan yosh qantak o‘rikka borib tegdi-da, sakrab hovuzg‘a «sho‘p» etib tushib ham ketdi...
Qizlar barchasi birdan:
— Voy, o‘laqolay, hovuzg‘a tushib ketdi!—deb qich-qirishib yubordilar. To‘pni tutish uchun quvalab borayotg‘on Sharofatxon ham hovuz yonida qotib qoldi...
To‘p suvga sho‘ng‘ib ketib hovuzning o‘rtasidan chiqdi va qizlarning havasli, o‘ynoqi ko‘zlari oldida gerdayib, sekingina suza boshladi.
Barcha qizlar suv yuzida erkalanib suzib yurgan to‘pga biroz qarashib turdilar-da, bu orada bir-birlariga boqishib yumshoqqina kulishib ham oldilar.
Toji qassobning kichik qizi Turg‘unbush yugurib bo-rib og‘ilning tomig‘a chiqdi-da, bir chekkaga bosib qo‘yilg‘on tut o‘tinidan bitta uzun butoqni sindirib olib, hovuz bo‘yiga keldi va haligi butoq bilan suvni o‘z tomonig‘a torta boshladi; qizlar uning tegrasiga duv yig‘ilib, to‘pning suvdan chiqishini kuta boshladilar.
Suv yasama oqish bilan qizlar tomong‘a oqa boshlag‘ondan so‘ng, yarim belidan suvga ko‘milgan to‘p dam botib, dam chiqib sekingina qirg‘oqqa keldi. Qizlar qiychuv bilan ushlab ham oldilar.
Suv bilan shalabbo bo‘lg‘on to‘pni Sharofatxon oldi-da, «Hu, qochmay o‘lgin, tutulding-ku!» deb yerga urdi. Uning bu ishiga Abdulla jallobning qizi To‘tixonning achchig‘i keldi, darrov borib yerdan to‘pni oldi va:
— Hoy, bunda nima yoziq? Buning joni bo‘lmasa... o‘zingiz tushirib, bu boyaqishni tag‘in qarg‘aysizmi?— deb to‘pni suvda chayqab olg‘ondan so‘ng, labini tishlab, bor kuchi bilan siqmoqqa boshladi.
—Sharofatxon qizlarga qarab:
— Baribir, qancha siqib quritmoqchi bo‘lsak-da, ho‘l to‘p chiqmaydur, endi boshqa kimning to‘pi bor?
— Voy, o‘la qolay, hech qaysinglarniki yo‘qmi? Saltanat, seniki bor edi-yu?
— Meniki bor edi-yu, tunov kun Gulnor o‘lgur, yo‘qotib kelibdir...
— Bo‘lmasa, o‘yin tugabdir-da?
— Yo‘q, boshqa o‘yin qilamiz!
— Hu, o‘laqolsun, to‘p o‘yinidan ham yaxshisi bormi?
— Hay, Sharofatxon, siz o‘zingiz kira qolingiz, o‘rus to‘pingizni olib chiqasiz!
— O‘rusto‘pim yorilib edi-ku...
— Voy, essizgina, qachon?
— Qachonlari-yu...
Shu vaqtda bog‘ning kichkina eshikchasidan. hovruqqancha yugurib bir kichkina qiz kela boshladi.
Turg‘unbush birdan:
— Ha, ana mening singlim chiqib qoldi, uyga to‘pga yuboraman!—dedi. Barcha qizlar:
— Ha, ha, Fazilatni yuboramiz!—dedilar.
Kichkina qiz— Fazilat yugurib kelib opasining bo‘ynig‘a osildi.
— Bir chekkaga chiqing, opa, sizga qiziq gapim bor.
Barcha qizlar birdan:
— Qizig‘i o‘lsin, qizig‘i, aytaber barchamizg‘a!
— Yo‘q, opamning o‘ziga aytaman.
— Bo‘lmasa, opang bizga aytib beradir...
Egachi-singil hovuz bo‘yig‘a ketdilar... Eshmat qorovulning mamadana, qiziq gaplarni bilaturg‘on qizi Tillaxon turib:
— Qiziq gapi nima bo‘lar edi, aytmasa ham bilaman.
— Aytchi, bilsang?
— Nima bo‘lar edi, Turg‘unbushga kuyov kelgandir!— Barchalari kulishdilar. Turg‘unbush qaytib keldi-da:
— O‘la qolsun, Tilla, menga kuyov emas, Sharofatxonga sovchi kelibdir!—dedi. Qizlar bir-birlariga qarashib oldilar. Sharofatxon qip-qizil qizarib, turg‘on yerida qotib qolg‘on edi.

II

Sharofatxonning otasi Samandar aka ilgaridan ot chiqarg‘on bir savdogar edi. Shuncha og‘irchilik yillar-da, qiymat, kasod vaqtlarida ishini taraqlatib kelib, oxiri o‘zg‘on yili erta bahorda sing‘on. Bor-yo‘g‘ini qarzig‘a sotib berganidan so‘ng, juda so‘fi bo‘lib eshonlarnikida chuvalashib qolg‘on edi.
Erta bilan saharlab eshonnikiga ketar, zikr bo‘lsa-bo‘lmasa eshonning ishini qilib, kechqurun shomlatib uyiga kelar edi. Uyga kelgandan so‘ng ham bir qoshiq quyuq-suyug‘i bo‘lsa totinib, malla joynamozning ustiga chiqib o‘lturib, qahrabo tasbehni necha davr aylan-tirib «vazifa»larini o‘qur, so‘ngra to yarim kecha-sahargacha ho‘ngur-ho‘ngur yig‘lar edi...
Bir kun eshonnikida katta va qizg‘in bir zikr bo‘ldi. Zikrga boshqa shaharlardan ham o‘tli-nafas bilan o‘qiyturg‘on hofizlar keldilar. Xonaqohning ichi zich to‘ldi. Erta bilan bamdoddan so‘ng boshlang‘on «zikr» xuftong‘a yaqin zo‘rg‘a tugadi. Bir necha kishi o‘zidan ketib u yer-bu yerda yumalanib qoldilar yong‘on so‘filardan bir-ikkitasi «jazava»ning ortig‘lig‘idan borib o‘zlarini hovuzg‘a tashladilar. Qisqasi, bu kun qiyomat bo‘ldi.
Ertasi kuni erta bilan xonaqohning mehrobi oldi-da hazrat eshon o‘lturganlar, ikki yonlarida uchtadan olti hofiz, bir o‘n besh chamasi muridlar...
Eshon qutlug‘ boshlarini quyi solib «sukut»ga ketkanlar.
Tashqarida to‘polon, shovqin, biri qo‘y yetaklagan» biri non ko‘targan, biri kiyim sarpo...
Samandar aka xonaqohdan chiqdi, haligi nazrlarning barchasini ko‘rdi, ko‘zdan o‘tkazdi.
— Ha balli, barakalla, Sulton Orifning jamollarini ko‘ring!— deb javrab, hazrat eshonning quchog‘-quchog‘ duolarini xonaqohdan chiqarib berib turg‘on so‘fi kulib, o‘ynab Samandar akaga qaradi-da:
— Ha, boy aka, nazrdan darak bormi?—dedi, Samandar aka darvozadan chiqar ekan:
— Bo‘lib qolar, so‘fi!— dedi.
Samandar aka uyga kelguncha ko‘nglidagi tuyg‘ular bilan tortishib keldi. O‘zining piri va ustoziga tuzukkina, kattagina, iloji bo‘lsa boshqa muridlar bera olmag‘on bir narsa bermakchi edi. Biroq, uyda arzigudek bir narsa yo‘q. Arziyturg‘on narsalari bo‘lsa, barchasi qarzg‘a ketkan... Ko‘p o‘yladi, biroq hech bir narsaga ko‘ngli qaror topmadi.
— Agar ilgarigi vaqtim bo‘lsa, ola qashqani tutar edim...
Ko‘ngli og‘ridi, bir zamong‘i boyliqlari, davlatlari esiga tushdi: ola qashqasi, to‘ruq yo‘rg‘asi, bo‘yi tevadek Maskov zovud oti... uch fayto‘n, yer-suvi...

Uncha-munchani berishni o‘ziga ep bilmadi. Boshqa nazrlarni bosib ketgundek bir narsa berishga o‘ylar edi.
Birdan Yo‘ldosh boyvachcha esiga tushib ketdi.
— Yo‘ldosh boyvachcha o‘n botmon guruch, bitta yaxshi uloqchi ot, bosh-oyoq kiyim berdi...
Shunday xayollar bilan havlisiga yetib, ichkari uyga kirmakchi bo‘lg‘on edi, xotini to‘xtatdi:
— Ichkarida xotinlar bor, siz tashqari uyga kirib turing, qo‘noqlarga osh-suv qilg‘on edim, men sizga osh olib chiqay!
Samandar aka kichkina tovoqdag‘i oshni yolg‘iz ultirib yemakka tutindi. Oshni yarimlatg‘on ham edi, oldiga xotini chiqib qarshisiga o‘ltirdi:
— Yaxshi ham kelib qoldingiz, otasi, qizingizga sovchilar kelib, men nima deyishni bilmay turib edim!
— Kim ekan ular, qaerdan ekan?
— Anovi Aziza otin bilan Rustam akaning xotini... o‘zingizning eshoningiznikidan sovchi bo‘lib kelishibdirlar... Endi eshonning o‘zlari ham «qarib quyilmag‘on, achib suyilmag‘on»lar, deya ikkita xotinlari ustiga tag‘in bu...
Bu so‘zni eshitishi bilanoq Samandar akaning ko‘zlari chaqchayib ketdi:
— To‘g‘rimi, eshonnikidanmi, to‘g‘rimi? Eshon nega o‘zimga mazmun qilmadilar ekan?
— Endi katta odam, men sovchilarga hali qizim yosh, endi 17 ga chiqdi, dedim. Shunday deb javob bera qolaymi?
Bu vaqt kimdir, tashqaridan bir xotin tovushi eshitildi:—Qumribush, qo‘noqlar turishdilar!—Qumribush o‘rnidan turdi, eriga bir nima degandek qaradi.
Samandarboy bir yosh qizini, bir eshonni, boyagi nazr-niyoz masalasini, eng so‘ng kimsan hazrat eshonning kuyovliklarini o‘ylab turdi-da:
— «Bitta qizimiz bo‘lsa, hazrat eshonimizg‘a tutdik, sadag‘alari ketsun!» degil!— dedi.
Qumribush kutilmagan bu gapdan oqardi, ko‘kardi, suvratdek qotib devorga suyalib qoldi...
III

Sharofatxon Samandar akaning bitta-yu bitta qizi edi. Bu qiz shu tegraning ko‘rklilikda, chevarlikda, sho‘xlik va o‘ynoqilikda bitta-yu bittasi edi. Mahalla-ko‘yning o‘spurunlaridan ikkita-uchtasi bir yerga yig‘il-salar, topg‘on-tutg‘onlari shul Sharofatxon masalasi bo‘lur. «Bu qiz qaysi xudo yarlaqag‘onniki bo‘lur ekan? Kimning uyini obod qilar ekan?» deb bosh og‘ritarlar edi.
Sharofatxonning eshonga berilish xabari chiqqondan so‘ng, butun mahalla-ko‘y yana bir necha kun shuning dovrig‘ini qilishdilar.
Ko‘chada qator-qator aravalar chopishib, bir-birlaridan o‘zishadirlar.
O‘n-o‘n besh aravaga to‘lg‘on xotinlarning tartibsiz «yor-yor»lari dunyoni buzib, ko‘kni ko‘tarib borar edi.
Sandiq, ko‘rpa, gilam, tugun va boshqa narsalar yuklagan va yuklar ustiga yana bitta-ikkita kampir o‘tqizgan aravakashlar ilgarigilardek bir-birlari bilan basma-baslashib chopishar edilar.
Shu guldir-sholdir, shovqin-suron, qiy-chuv bilan ketayotqon ko‘ch eng so‘ng eshonning eshigiga yaqinlashdi. Ko‘chaning o‘rtasig‘a gurullatib yoqilg‘on, alangasi osmong‘a chiqqon o‘tning tegrasiga to‘plang‘on bir to‘p erkaklar tovushlarining boricha «yor-yor»ni cho‘zg‘on; ularning berigi biqinida boshiga paranji yoping‘on, chopon tashlag‘on, ro‘mol tutg‘on xotinlar, kelinlar, qizchalar... o‘z oldilarig‘a katta to‘p bo‘lib, ular ham «yor-yor»ni qo‘yib yuborg‘on edilar.
Taxta-taxta ko‘puruk taxting bo‘lsin, yor-yor, Payg‘ambarning qizidek baxting bo‘lsin, yor-yor! Uzun-uzun arg‘amchi halunchakka yor-yor, Chakan ko‘nglak yarashar kelinchakka yor-yor.

O‘tning tegrasiga to‘plang‘on er-xotin barchasi birdan: «Kelin keldi, kelin keldi!» deb yuborishdilar. Bir necha yigit quchoq-quchoq g‘o‘zapoya olib chiqib, o‘tning o‘rtasig‘a tashladilar, o‘t yana kuchaydi, yana alanga berdi.
Har kim pitirlab qimirlab qoldi. Bolalar qiz kelayotg‘on tomong‘a qarab chopishib ketdilar.
Shovqin, to‘polon orasida aravalar yetdilar. Xalq orasida:
— Ana kelin, ana qiz tushgan arava!—degan gaplar boshlandi.
Aravakash kelinli aravani «namoyishkorona» bir suratda o‘tning o‘rtasidan otni qamchilag‘oncha olib o‘tib, eshikka yaqin bir yerda to‘xtadi.
— Kuyov pochcha, kuyov pochcha! Taqsirim qanilar? Qoch, qoch,— degan tovushlar ko‘tarildi.
Bir vaqt oppoq soqolli, qari, bo‘shashg‘on bir chol (kuyov to‘ra) ustiga zarbob to‘n kiyib, katta o‘rama bel-boq bog‘lag‘oni holda birmuncha oqsoqol muridlari o‘rtasida sekingina sudralib aravaga yaqinlashdi. Yana xalq o‘rtasida:
— Ko‘taring-a, kuyov pochcha, ko‘taring-a!
— O‘zingizni tetik tuting, taqsir!
— Ha, taqsir, ko‘taring!
Chol titrak qo‘llarini aravaga uzatib, qizni ko‘tardi va bir-ikki odum bosg‘ondan so‘ng yerga qo‘ydi.
Yana xalq chuvirlashib ketdi:
— Barakalla, taqsir, barakalla!
— Bo‘sh kelmadilar taqsirim!
— Hali bellari baquvvat ekan taqsirimning!
Bu shovqin, qiy-chuv, to‘polon yarim kechaga borib to‘xtadi. Haligi tomosha o‘rni bo‘lg‘on ko‘chada kishilar arib, qop-qorong‘i, jimjit bir go‘ristonga aylandi.

IV

Bu vaqt eshonning eshigidan ikki yosh yigit chiqdilar.
— Ho‘x-ho‘, ko‘cha juda qorong‘i-ku!
— Shuni aytgil-a, osmonda dorig‘a ham bitta yulduz topilmaydur!
— Yuraber. Bu kecha xuddi eshonbobongning ko‘nglidek bo‘libdir.
— To‘g‘ri-ya, men qizg‘a achinaman, boyaqish kelib-kelib kimniki bo‘ldi-ya!..
— Nimasini aytasan, otasining uyi kuysun, odam emas ekan!
— Soqolini oppoq tutadek hilib, nevarasidek bir qizni aravadan olishini qara, kishi chidamas ekan. Shuni bir narsaga o‘xshatg‘um keldi-yu, o‘xshata olmadim-da!
Shu choq bir burchakda ko‘cha poylab yotg‘on Mamat qorovul yig‘lag‘onday qilib hushtagini chalib oldi-da:
— Nimasini aytasiz, yigitlar, dunyo o‘zi shunday teskari dunyo ekan... Lolaning ustiga qor yog‘di!..— dedi.
Yigitlar javob bermadilar va qorong‘iliq quchog‘ig‘a kirib yo‘q bo‘ldilar...
Seni ko‘p ko‘rmasun
(Farg‘ona hayotidan)
— Hah, tangrimga shukr, oh, uxlab ketdi! — dedi va eski to‘shaklar orasida to‘lib-toshib uxlab yotqan bolasig‘a ona muhabbati bilan uzoq-uzoq tikilib qarag‘andan keyin:
— Jindak mizg‘ib olay,— dedi va boshini sekingina bolishqa qo‘ydi.
Bu kattagina bir qishloqda o‘tib yotqan bir ro‘zg‘or, u bolasini uxlatg‘an Xadichaxon degan yosh bir juvon. Uxlab yotqan bola bo‘lsa, uning kichik o‘g‘li Ishoqjon edi.
Ishoqjonning otasi Roziqjon o‘sha qishloqlik bir dehqon yigit bo‘lib, to‘rt-besh tanob yeriga o‘zi ishlab, besh-olti yildan beri shu ro‘zg‘orini aylantirib kelar edi.
Ro‘zg‘or katta emas: bir xotuni, bir onasi, ikki o‘g‘li va bir o‘zidan iborat kichkinagina bir yig‘in edi.
Inqilobdan bir-ikki yil burun yangi uylangan vaqtlarida ro‘zg‘ori yaxshi, tinch, bir xilgina o‘tib turgan edi. Inqilob bo‘lib, mana, ichki urushlar boshlanib, yurt urush maydonig‘a aylangandan keyin talag‘a chiqib dehqonchilik qilish qiyinlashib, ro‘zg‘orni keldiratib olib borish ham juda og‘ir bo‘lib qoldi. Shunday bo‘lsa hamki, yosh, g‘ayratlik, lekin yoshlig‘idan beri tinchlikni sevib katta bo‘lg‘an Roziqjon kuch va quvvatini, g‘ayrat va harakatini birga o‘n oshirib, bir qarich tuproq ustida ishladi. So‘ng chog‘larg‘acha ro‘zg‘orini tebratib keldi.
Ro‘zg‘orning ichki hojatlari uchun ikkita sog‘im sigir, bitta qo‘shchi ot orttirdi. Shunday qilib, bu turmush o‘tgan yili shu chog‘larg‘acha bir xilda davom etib keldi.

Bultur shu vaqtlarda Roziqjon u... xuftong‘acha taladan qaytmasdan, kechikib qoldi. Xadichaxon zamonning tinchsiz vaqtparida erining kech qolishidan qo‘rqsa ham, «bugun o‘roqni bo‘lsa, narigi jo‘gari tomong‘a suv bog‘lamoqchi edi», deb shu bilan o‘zini yupatdi.
Yarim kecha — sahar bo‘ldi. Roziqdan xabar bo‘lmadi. Xadichaxon bilan qari kampir og‘ir bir iztirob ostig‘a tushgan edilar.
Eshikni qoqdilar.
Eshik ochmoq uchun chiqib ketgan kampir: "Voy bolam"lab yig‘lab kirdi. Ko‘ngli buzulg‘on Xadichaxon irg‘ib tashqariga chiqishi bilan uch erkakning qo‘llari ustida qora qong‘a bo‘yalib yotqan Roziqni ko‘rdi!
Bir nafas to‘xtadi, na yig‘i keldi, na boshqa, bosh qotdi. Keyin o‘likni bo‘yraning ustiga qo‘yib ketayotkan kishilardan:
— Voy, bu nima gap? — deb so‘radi.
Qishloq kishilari shoshilmasdan, hovliqmasdan, vazminlik bilan:
— Kelin, bu taladan kelayotib yo‘lda beklar otib ketibdur,— deb javob berdilar...
Shunga bir yil bo‘lib o‘tdi.
Roziqjon esdan chiqayozib qoldi. Xadichaxon bolasi Ishoqni uxlatib bo‘lib, o‘zi bolishqa boshini qo‘yg‘an vaqtida Roziqjon xayolig‘a tushdi. Undan keyin uxlay olmay, uzoq-uzoq o‘ylanib yotdi.
Kun chiqqan, tig‘lari panjara orqali cho‘zilib uy ichiga kirganlar edi. Uxlay olmadi, bolasiga yana bir tikilib olg‘ach, boshig‘a kalta kamzulini yopib, to‘ppa-to‘g‘ri ko‘chaga chiqdi. Besh qadam yurib, chap qo‘ldag‘i tor ko‘cha bilan talag‘a chiqdi. Talada ishlab yotqan dehqonlarga qarab, Roziqjonni tugalgina esiga solmoqchi edi.
Bu yil bir muncha yerga paxta ekilgan, ana shu Turdiali o‘z yerida paxta chopib turadur. Tutning tagiga o‘t yoqib, kichkina chovgunchani qaynatib qo‘yg‘an: to‘nini tutqa ilgan...
Oh, agar shu Roziqjon bo‘lsa edi, choydish qo‘yib choy damlab, zog‘ora non bilan olib chiqar edi... Ko‘ngli to‘ldi, ko‘ziga xohlar-xohlamas bir tomchi yosh keldi. Ko‘z yoshlarini kir-mog‘or yengi bilan sekingina artib, yana uyga qaytdi. Ko‘cha tarafdagi eshikni ochib, ichkariga kirishi bilan kampir yo‘liqib:
— Sobirjonni ikki xurmacha qatiq berib, shaharga yubordim: «Darrov sotib, bir qadoq-yarim qadoq go‘sht olib kel!» — dedim, bolam bechora ketdi,—- dedi.
Kelinning aqli talada, bir vaqtlar talani yashnatqan Roziqjonda edi. Anglar-anglamas bir ahd bilan, bo‘shangg‘ina, eshitilar-eshitilmas qilib:
— Yaxshi qilibsiz,— dedi.
Shu bilan indamasdan uyga kirib ketdi.

Peshin bo‘ldi, kech kirdi. Sobirjondan darak bo‘lmadi. Kampir bilan kelin talvasag‘a tushdilar. Darhol qo‘ni-qo‘shnig‘a xabar berib, qo‘shnining katta o‘g‘li Xolmatni otqa mindirib shaharga yubordilar. Xolmat u kecha qaytmadi.
U kechani kampir bilan kelin bir do‘zax azobida o‘tkazdilar, choy ham ichmadilar, ovqat ham yemadilar.
Ertasi erta bilan Sobirjonning o‘ligini ko‘tarib Xolmat keldi. Yig‘i-sig‘i orasida so‘rag‘anlarg‘a Xolmat yigit sira pinagini buzmasdan:
— Shaharda otish bo‘lg‘an ekan... O‘q tekkandur, yo armanlar otib ketgandur,— deb javob berdi...
Xadichaxon 23 ga qadam bosqan. Lokin hech kim uni 23 da demaydur; bilmagan kishilar uni qari juvon, 35 larga kirgan bir xotun deydurlar. Uning aqli, hushi ham joyida emas, qishloq bolalari: «Xadi jinni» deb ot qo‘yg‘anlar. Muning ahvolini yaxshi bilgan kishilarning hamma vaqt unga rahmlari keladur, «bechora juvon» deydurlar.
Bechora juvonning kichik o‘g‘li Ishoqjon ham kasal. Munday zamonda tabib, doru darmon ham topilmaydur.
Bechora xotun bezgak changalida qaltirab yotqan bolasini zaharlik ko‘z-yoshlari to‘kub turib, qurub-qotib kyotgan bag‘riga bosadur-da:
— Bitta-yu bittam, yolg‘uz qo‘zichog‘im, xudoyim senigina ko‘p ko‘rmasin!..— deydur. Va tiqilgan, bo‘g‘ulgan nafasi bilan uzulub-uzulub yig‘laydur...

1923 yil.

ABDULLA QAHHOR. BEMOR (HIKOYA)

(O‘tmishdan)

Osmon yiroq, yer qattiq (maqol).

Sotiboldining xotini og‘rib qoldi. Sotiboldi kasalni o‘qitdi - bo‘lmadi, tabibga ko‘rsatdi. Tabib qon oldi, betobning ko‘zi tinib, boshi aylanadigan bo‘lib qoldi, baxshi o‘qidi. Allaqanday bir xotin kelib, tolning xipchini bilan savaladi, tovuq so‘yib qonladi. Bularning hammasi, albatta, pul bilan bo‘ladi. Bunday vaqtlarda yo‘g‘on cho‘ziladi, ingichka uziladi.
Shaharda bitta doktorxona bor. Bu doktorxona to‘g‘risida Sotiboldining bilgani shu: salqin, tinch parkda, daraxtlar ichiga ko‘milgan baland va oq imorat: shisha qabzali kulrang eshigida qo‘ng‘iroq tugmasi bor. Chigit po‘choq va kunjara bilan savdo qiladigan xo‘jayin Abdug‘aniboy omborida qulab ketgan qoplar ostida qolib uladigan bo‘lganida bu doktorxonaga bormay Sim*ga ketgan edi.

Doktorxona deganda Sotiboldining ko‘zi oldiga izvosh va oq podshoning surati solingan 25 so‘mlik pul kelar edi.
Bemor og‘irlashdi. Sotiboldi xo‘jayinining oldiga arzga bordi, ammo bu borishdan muddaosi nima ekanini aniq bilmas edi. Abdug‘aniboy uning so‘zini eshitib ko‘p afsuslandi, qo‘lidan kelsa hozir uning xotinini oyoqqa bostirib berishga tayyor ekanini bildirdi, keyin so‘radi:
- Devonai Baxovaddinga hech narsa ko‘tardingmi? o‘avsula’zamga-chi?
Sotiboldi ketdi. Bemorning oldidan jilmaslik va shu bilan birga tirikchilik uchun xonaki bir kasb kilishga majbur bo‘ldi - har xil savatchalar to‘kishni o‘rgandi. U ertadan kechgacha oftobshuvoqda gavronlar ichiga ko‘milib savat to‘qiydi. To‘rt yashar qizchasi qo‘liga ro‘molcha olib, onasining yuzini karaxt, nimjon, xirra pashshalardan quriydi, ba’zan, qo‘lida ro‘molcha, mukka tushib uxlab qoladi. Hammayoq jim. Faqat pashsha g‘ing‘ilaydi. Bemor inkillaydi, har zamon yaqin - yiroqdan gadoy tovushi eshitiladi: «Xey do‘st, shaydullo ba nomi Ollo, sadaqa raddi balo, ba qavli rasuli xudo...»
Bir kechasi bemor juda azob tortdi. U har ingraganda Sotiboldi chakkasiga birov solingan kishiday talvasaga tushar edi. Qo‘shnisi - bir kampirni chaqirdi. Kampir bemorning to‘zigan sochlarini tuzatdi, u yoq bu yog‘ini siladi, so‘ngra ... o‘tirib yig‘ladi.
- Begunoh go‘dakning saxarda qilgan duosi ijobat bo‘ladi, uyg‘oting qizingizni ! - dedi.
Bola anchagacha uyqu g‘ashligi bilan yig‘ladi. Keyin otasining g‘azabidan, onasining ahvolidan qo‘rkib, kampir o‘rgatgancha duo qildi:
- Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin...
Bemor kundan kunga battar, oxiri usal buldi. «Ko‘ngilga armon bo‘lmasin» deb «Chilyosin» xam qildirishga to‘g‘ri keldi. Sotiboldi to‘kigan savatlarini ulgurji oladigan baqqoldan 20 tanga qarz ko‘tardi. «Chilyosin»dan bemor tetik chiqqanday bo‘ldi, shu kechasi hatto ko‘zini ochib, qizchasini yoniga tortdi va pichirladi:
- Xudo qizimning saxarlari qilgan duosini dargohiga qabul qildi. Dadasi, endi tuzukman, qizimni saxarlari uyg‘otmang.

Yana ko‘zini yumdi, shu yumgancha qaytib ochmadi - saxarga borib uzildi. Sotiboldi qizchasini o‘lik yonidan olib, boshqa yoqqa yotqizayotganda qizcha uyg‘ondi va ko‘zini ochmasdan odatdagicha duo qildi:
- Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin....

Sim* hozirgi Farg‘ona shahri

ABDULLA QAHHOR. ANOR (HIKOYA)

Uylar to‘la non, och-nahorim bolam, Ariqlar to‘la suv, tashnai zorim bolam.

O’tmishdan

Turobjon eshikdan hovliqib kirar ekan, qalami yaktagining yengi zulfinga ilinib tirsakkacha yirtildi. Uning shashti qaytdi. Jo‘xori tuyayotgan xotini uning qo‘lidagi tugunchani ko‘rib, kelisopni kelining ustiga qo‘ya chopdi. Keli lapanglab ag‘anadi, chala tuyilgan jo‘xori yerga to‘kildi. Turobjon tugunchani orqasiga bekitib, tegishdi:
— Akajon, degin!
— Akajon! Jo-on aka!..
— Nima berasan?
— Umrimning yarmini beraman!..
Turobjon tugunchani berdi. Xotini shu yerning o‘zida, eshik oldida o‘tirib tugunchani ochdi-da, birdan bo‘shashib ketdi va sekin boshini ko‘tarib eriga qaradi. O’z qilmishiga gerdayib turgan Turobjon uning ko‘zini jiqqa yosh ko‘rib:
— Nima ekanini bildingmi?—dedi.— Asalarining uyasi! Turgan-bitgani asal! Mana, mana, siqsang asal oqadi. Bunisi oq mum, harom emas — shimsa ham bo‘ladi, chaynasa ham bo‘ladi.
Xotin yengini tishlab bir nuqtaga qaraganicha qoldi.
— Yo, qudratingdan, ishonmaydi-ya!—dedi Turobjon
keltirgan matoini titkilab. — Mana, chaynab ko‘r! Ko‘rgin, bo‘lmasa innaykeyin degin...
Turobjon qizardi. U bir zamon betob o‘rtog‘ini yo‘qlab eltgan tarvuzini, bemaza chiqqan bo‘lsa kerak, sigirning oxurida ko‘rib shunday xijolat bo‘lgan edi.
Hovli yuzida aylanib yurgan oqsoq mushuk to‘kilgan jo‘xorini iskab ko‘rdi, ma’qul bo‘lmadi shekilli, Turobjonga qarab shikoyagomuz «myau» dedi.
— Tur, jo‘xoringga qara! Uni ko‘r, mushuk tegdi.
Xotin turayotib baralla yig‘lab yubordi.
— Bu yer yutkur qanday balo ekan!.. Odamlarday
gulutaga, tuzga, kesakka boshqorong‘i bo‘lsam-chi!
Turobjon do‘ppisini boshidan oldi va qoqmoqchi bo‘lganida ko‘zi yirtiq yengiga tushdi, yuragi achidi: endi uch-to‘rt suv yuvilgan yangigina yaktak edi!
— Axir, boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da!—dedi do‘ppisini qoqmasdan boshiga kiyib. — Anor, anor... Bir qadoq anor falon pul bo‘lsa! Saharimardondan suv tashib, o‘tin yorib, o‘t yoqib bir oyda oladiganim o‘n sakkiz tanga pul. Akam bo‘lmasa, ukam bo‘lmasa...
Er-xotin tek qolishdi. Xotin jo‘xorini tuyib bo‘ldi, uni kelidan togorachaga solayotib to‘ng‘illadi:
— Havasga anor yeydi deysiz, shekilli...
— Bilaman... Axir, nima qilay? Xo‘jayinimni o‘ldirib pulini olaymi, o‘zimni hindiga garov qo‘yaymi? G’alatimisan o‘zing?
Xotin ovqatga unnadi, erining «boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da», degani unga juda alam qildi, xo‘rligi keldi, o‘pkasi to‘ldi.
Ovqat pishdi. Qozonning zangi chiqib qoraygan go‘jaga qatiq ham rang kirgizolmadi. Turobjon ikki kosa ichdi, xotini esa hanuz bir kosani yarimlatolmas edi. Uning imillashini ko‘rib Turobjonning ko‘ziga negadir oqsoq mushuk ko‘rindi. Mushuk yirtilgan yengini esiga tushirdi, avzoyi buzildi. Uning avzoyidan «esiz jo‘xori, qatiq, o‘tin» degan ma’noni anglab xotin, ko‘ngli tortmasligiga qaramasdan, kosani bo‘shatdi, ammo darhol tom orqasiga o‘tib ko‘zlari qizargan, chakka tomirlari chiqqan holda qaytdi.
— Hali tug‘ilmagan bolani yer yutkur deding-a, — dedi Turobjon borgan sayin tutaqib.
Xotin indamay dasturxonni yig‘ishtirib oldi, qozonga suv quyayotib, eshitilar-eshitilmas dedi:
— O’sha asalning puliga anor ham berar edi.
— Berar edi! — dedi Turobjon zaharxanda qilib. — Anor olmay asal oldim!
— Albatta berar edi! Albatta anor olmay, asal olgansiz!
Mana shunday vaqtlarda til qotib og‘izda aylanmay qoladi, mabodo aylansa, mushtning xizmatini qiladi.
— Ajab qildim, — dedi Turobjon titrab, — jigarlaring ezilib ketsin!
Bu so‘z unga qanday ta’sir qilganini faqat boshqorong‘i xotingina biladi. Turobjon bu gapni aytdi-yu, xotinining ahvolini ko‘rib achchig‘idan tushdi, agar izzat-nafs qo‘ysa hozir borib uning boshini silar va: «Qo‘y, xafa bo‘lma, jahl ustida aytdim», der edi.
— Kishining yuragini qon qilib yuborasan, — dedi anchadan keyin. — Nainki men asal olsam! Asal otliqqa yo‘q, hali biz piyoda-ku! Xo‘jayinga bir oshnasi sovg‘a qilib kelgan ekan, bildirmasdan... o‘zidan so‘rab oz-rog‘ini oldim... O’zi berdi. Tansiq narsa, xursand bo‘larmikansan debman. Yo tansiq emasmi? Umringda necha marta asal yegansan? O’zim umrimda bir marta yeganman: Shokirxo‘ja qandolatchi asal qiyom qildirayotganda qozoniga ammamning jo‘jasi tushib ketgandi, shu jo‘jani yalaganman...
Turobjonning bu so‘zlari xotinining qulog‘iga notayin bir g‘uldirash bo‘lib kirar edi. Uning Turobjon bilan uy qilganiga uch yil bo‘lib kelayotir, nazarida, bu odam shu uch yildan beri g‘uldirab kelgan, hozirgisi shuning davomiday edi. Ittifoqo, bu kun, nima bo‘ldi-yu, uch so‘zni ravshanroq aytdi: «Jigarlaring ezilib ketsin», dedi. Olamda uning suyangani eri, birdan bir orzusi — anor edi, birdaniga har ikkisi ham yo‘qqa chiqdi.
Xotin uyga kirib ketdi. Anchadan keyin darchadan xira shu’la tushdi. Turobjon ham kirdi. Xotin darcha yonida, bir tizzasiga boshini qo‘ygan, qoramtir — kul-rang osmonga qarab o‘tirar edi. Turobjon tikka turib qoldi. Tokchadagi beshinchi chiroq pixillab yonar, uning atrofida katta bir parvona aylanar edi. Turobjon ham darcha yoniga o‘tirdi. Shiftning qaeridir «qirs» etdi, qaerdadir kaltakesak chirqilladi, Turobjonning qulog‘i jing‘illadi. U ham osmonga — xira yulduzlarga qaradi. Masjiddagi keksa baqaterak orqasidan ko‘tarilgan qizg‘ish o‘t ko‘kka olovli iz qoldirib juda yuqoriladi va go‘yo osmonga urilganday chilparchin bo‘lib, «po‘p» etdi.
— Mushak, — dedi Turobjon, — Mullajon qozining bog‘ida. Mullajon qozi beshik to‘yi qilgan.
Xotin indamadi.
— Shahardan to‘ralar ham chiqqan, — dedi Turobjon yana.
Xotin yana indamadi. U Mullajon qozining bog‘ini ko‘rgan emas, ammo ta’rifini eshitgan. Bu bog‘ni ko‘z oldiga keltirib ko‘rdi: bog‘ emas, anorzor... Anor daraxtlarida anor shig‘il, choynakday-choynakday bo‘lib bo‘lib osilib yotipti.
— Bitta mushak uch miri,— dedi Turobjon, — yuzta mushak otilsa... bittangadan yuz tanga. Bir miridan kam — yetmish besh tanga bo‘ladi.
Er-xotin uzoq jim qolishdi. Turobjon og‘zini katta ochib ham esnadi, ham uf tortdi.
— Ma, buni tik,— dedi u yaktagini yechib, — ma!
Xotin yaktakni olib yoniga qo‘ydi, aftidan, hozir tikmoqchi emas edi.
— Bo‘l,— dedi Turobjon, birpasdan keyin, — ol... Senga aytyapman!..
— Ha, muncha!.. Turtmasdap gapira bering... Tikib qo‘yarman, muncha qistov...
Turobjonning tepa sochi tikka bo‘ldi.
— Hay, sening dimog‘-firog‘ing kimga! Xo‘sh, nima deysan?
— Men sizga bir narsa deyapmanmi? Tikib qo‘yarman.
— Har narsaga ro‘zg‘or achchiq bo‘la bersa... qiyinroq bo‘lar,— dedi Turobjon yaktagini kiyayotib, — kambag‘alchilik...
— Kambag‘alchilik o‘lsin!
Xotin bu gapni shikoyat tarzida aytdi, ammo Turobjop buni ta’na deb tushundi.
— Nima, men seni olganimda kambag‘alligimni yashirganmidim? Erkaboyga o‘xshab chimildiqqa birovning to‘ni, kavush-mahsisini kiyib kirganmidim? Bunday armoning bo‘lsa hali ham serpulroq odamga teg.
— Ikkita anor uchun xotiniigizni serpul odamga oshirgani uyaling!
Bu gap Turobjonning hamiyatiga tegdi. «Jigarlaring ezilib ketsin» degani xotiniga qancha alam qilgan bo‘lsa, bu gap Turobjonga shuncha alam qildi.
— E, hoy, anor olib bermadimmi? — dedi Turobjon mayin tovush bilan, ammo bu mayin tovushdan qo‘rqqulik edi, — sira anor olib kelmadimmi?
— Yo‘q! — dedi xotini birdan boshini burib.
Turobjonnipg boshi g‘ovlab, ko‘zi tindi.
— O’tgan bozor kuni yegan anoringni o‘ynashing olib kelganmidi?!
— O’ynashim olib kelgan edi!
Turobjon bilolmay qoldi: xotinining yelkasiga tepib, so‘ngra o‘rnidan turdimi, yo turib keyin tepdimi; o‘zini obrezning oldida ko‘rdi. Xotin, rangi oppoq, ko‘zlarini katta-katta ochib unga vahimali nazar bilan qarar va boshini chayqab pichirlar edi:
— Qo‘ying... Qo‘ying...
Turobjon uydan chiqib ketdi. Birpasdan keyin ko‘cha eshigi ochilib-yopildi.
Xotin uzoq yig‘ladi, eriga qattiq gapirganiga pushaymon bo‘ldi, o‘zini qarg‘adi, o‘lim tiladi; yig‘idan tolib tashqariga chiqdi. Qorong‘i, uzoq-yaqinda itlar hurar edi.
Ko‘cha eshigini ochib u yoq-bu yoqqa qaradi — jimjit. Guzar tomonda faqat bitta chiroq miltillar edi. Samovarlar yotgan. Qaytib uyga kirdi.
Tom orqasida xo‘roz qanot qoqib qichqirdi. Ko‘cha eshigi ochildi. Xotin to burilib qaraguncha Turobjon katta bir tugunni orqalab kirib keldi. U tugunni uyning o‘rtasiga tashladi. Bir choyshab anor har tomonga yumalab ketdi, bir nechasi obrezga tushdi. Turobjon xotiniga qaradi. Uning rangini ko‘rib xotin qo‘rqib ketdi — bu qadar oqargan! Turobjon o‘tirib peshonasini ushladi. Xotini yugurib oldiga keldi va yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.
— Qayoqqa bordingiz? — dedi entikib. — Nima qildingiz?
Turobjon javob bermadi. Uning vujudi titrar edi.

ABDULLA QAHHOR. MING BIR JON (HIKOYA)

Martning oxirgi kunlari. Ko‘k yuzida suzib yurgan bulut parchalari oftobni bir zumda yuz ko‘yga solyapti. Oftob har safar bulut ostiga kirib chiqqanida, bahor kelganidan bexabar hanuz g‘aflatda yotgan o‘t-o‘lanni, qurt-qumursqani uyg‘otgan, avvalgidan ham yorug‘roq, avvalgidan ham issiqroq shu’la sochayotganday tuyuladi.
Kasalxonaga yaqinda tushgan Mirrahimov, jikkakkina kishi, o‘ziga juda ham katta ko‘k xalatga burkanib, yengchadan boshini chiqarib turgan sichqondek derazadan ko‘chaga qarab o‘tirgan edi, birdan tutaqib ketdi: shunday havo bo‘lsa-yu, oyoq-qo‘li butun odam ko‘chaga chiqolmay, derazadan mo‘ralab o‘tirsa!..
Mirrahimov jussasi kichkina bo‘lgani bilan tovushi juda yo‘g‘on va buning ustiga sekin gapirolmas edi. Hamshira yugurib kirdi, Mirrahimovning sog‘lig‘ini, kayfiyatini so‘radi, keyin dardni bardosh yengadi, bu xususda Mastura Alievadan ibrat olish kerak, degan mazmunda shama qildi.
Mastura Alieva sakkiz oydan beri palatasidan chiqmay yotgan og‘ir xasta, uni kasalxonada hamma bilar, ko‘p kishi kirib ko‘rgan ekan. Mirrahimovning odamgarchiligi tutib ketdi:
— Shu sho‘rlik ayolni bir kirib ko‘raylik! Uch kunligi bormi, yo‘qmi... Sob bo‘lgan deyishadi...
— Ha, ancha og‘ir,— dedi hamshira xo‘rsinib,— o‘n yil dard tortish osonmi!
Poygaxdagi karavotda kitob o‘qib yotgan Hoji aka degan xasta yo‘g‘on gavdasiga nomunosib chaqqonlik bilan boshini ko‘tarib, ko‘zidan oynagini oldi.
— O’n yil? O’n yildan beri kasal ekanmi?
— Ha, o‘n yil bo‘libdi. Bechora turmush qilganiga bir yil bo‘lar-bo‘lmas shu dardga yo‘liqqan ekan. Tomog‘idan hech narsa o‘tmaydi. Ovqatni qorniga quyishadi... Teshib qo‘yilgan... Ba’zan o‘zi quyadi, ba’zan eri.
Hoji akaning ko‘zlari o‘ynab ketdi.
— Eri? Eri bormi?
— Bor. Shu yerda. Besh oydan beri birga!
Hoji aka uzoq angrayib qolganidan keyin:
— O’n yil kasal boqib, yana kasalxonada ham birgami? — dedi.
— Shuni ayting,— dedi hamshira.— Doktorlarga yalinib-yolvorib palataga karavot qo‘ydirib oldi.
Hoji aka dardga bu qadar bardoshli ayoldan ham ko‘ra bunchalik vafodor erni ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lib qoldi-yu, xalatining belbog‘ini mahkam bog‘lab, shippagini kiydi.
— Qani, yuringlar, tabarruk odamlar ekan, bir ko‘rib chiqaylik.
Hamshira Mastura bilan uning eriga xabar bergani ketdi.
Xayal o‘tmay, qorni chiqqan Hoji aka oldinda, uzun koridordan o‘ninchi palataga tomon yo‘l oldik. Palata eshigi oldida bizni hindiga o‘xshagan qop-qora, katta-katta ko‘zlari yonib turgan bir yigit, aftidan, Masturaning eri kamoli ehtirom bilan kutib oldi va har qaysimizga ayrim minnatdorchilik bildirib, ichkariga yo‘lladi. Palataga kirdik. Shu payt oftob yana bulut ostiga kirdi-yu, palatani shom qorong‘iligi bosdi. Kattakon derazaning chap tomonidagi karavotdan zaif, yo‘q, zaif emas, mayin tovush eshitildi:
— Kelinglar... Rahmat! Odamga odam quvvat bo‘ladi, ming rahmat! Akramjon, kursi qo‘yib bering...
Oftob yana yorishdi. Masturani baralla ko‘rdik... Ko‘z o‘ngimizda xasta emas, o‘lik, haqiqiy o‘lik, sap-sariq teriyu suyakdan iborat bo‘lgan murda ichiga botib ketgan ko‘zlarini katta ochib yotar edi... Tobutda yotgan o‘likning qo‘limi, oyog‘imi biron sabab orqasida bexosdan qimirlab ketsa kishi qay ahvolga tushadi? Uning o‘lim pardasi qoplagan yuzida chaqnab turgan ko‘zlarini ko‘rgan kishi xuddi shu ahvolga tushar edi.
Boya bizni kutib olgan yigit — Akramjon kursi qo‘yib berdi. Mirrahimov ikkovimiz o‘tirdik. Hoji aka yo‘g‘on gavdasi bilan Masturani to‘sib tikka turib qoldi. Yonimdagi kursini surib Hojining etagidan tortay desam, qorni silkinyapti... Ajabo, bu odam nega kulayotibdi, deb aftiga qarasam... rangi bo‘z bo‘lib ketibdi! Uning qo‘rqqanini payqab, hamshira darrov yo‘l qildi:
— Ie, Hoji aka, sizga dori berish esimdan chiqibdi-ku, yuring! - dedi va Hojini yetaklab chiqib ketdi. Hoji koridorga chiqib yiqilarmikan, deb o‘ylagan edim, yo‘q, xayriyat, gumburlagan tovush eshitilmadi...
Hamshira yo‘l qilib Hojini olib chiqishga chiqdi-yu, lekin baribir, Mastura payqadi. Juda-juda xunuk ish bo‘ldi. Mirrahimov ikkovimiz nima deyishimizni, nima qilishimizni bilmay qoldik. Bu hol kasalga qanday ta’sir qildi ekan, deb sekin qaradim. Mastura qonsiz labida tabassum bilan eriga yuzlandi:
— Akramjon, daftaringizga yozib qo‘ying: uch mardi maydon meni ko‘rgani kirgan edi, bittasi arang qochdiyu, ikkitasi qochgani ham bo‘lmay, o‘tirib qoldi.
Mastura piqirlab kulib yubordi; yana kuldi, yosh boladay o‘zini tutolmay qiqirlar edi. Bu hazil va ayniqsa kulgi avval xunuk, odamning etini jimirlatadigan darajada xunuk eshitildi, keyin nuchuqdir, Masturaning yuzidan o‘lim pardasi ko‘tarilganday, hayot to‘la ko‘zlari o‘lik yuziga jon kirgizganday bo‘ldi. Mirrahimov Hoji akaning qilmishi to‘g‘risida uzr tariqasida bir nima demoqchi bo‘lib gap boshlagan edi, Mastura so‘zini og‘zidan oldi:
— Bunaqa narsa menga ta’sir qilmaydi,— dedi,— Akramjon, bularga tobut voqeasini aytib bering... yo‘q, yo‘q, o‘zim aytib beraman! Bunga besh yildan oshdi. Ko‘z oldimdan ketmaydi... Qalin qor yoqqan kun edi. Men derazaning ro‘parasida mana shu xilda yotibman, Akramjon paypog‘ini yamayotgan edi shekilli. Birdan ko‘cha eshigimiz ochildi-yu, qizil bir narsa kirdi, nima ekan deb qarasam - tobut! Akramjonning ikki o‘rtog‘i hovlimizga tobut ko‘tarib kirdi! Yuragim jig‘ etib ketdi... Voy sho‘rim, nahot o‘lgan bo‘lsam... To es-hushimni o‘nglab, Akramjonga bir nima degunimcha, boyagi ikkovi tobutni devorga suyab qo‘yib, uyga kirib keldi; uyga kirdi-yu, meni ko‘rib ikkovi ham boyagi Hoji akangizday shaytonlab qolayozdi. Akramjon hayron... Men ana ketdi, mana ketdi bo‘lib yotgan edim-da, o‘sha kuni ertalab birov avtobusda yig‘lab ketayotgan bir bolani ko‘rib, mening ukamga o‘xshatibdi-yu, shundan haligiday gap tarqalibdi... Tobutni buzib pechkaga qalashdi. Menga shu ham ta’sir qilgani yo‘q. Bunaqa narsalar o‘lim kutib yotgan kasalga yomon ta’sir qilishi mumkin, men hech qachon o‘lim kutgan emasman, kutmayman ham! U yog‘ini surishtirsangiz, men odam bolasining o‘lim kutishiga, ya’ni dunyodan umid uzishiga ishonmayman. Hatto tildan qolgan kasalning rozilik tilashib qaragani ham dunyodan umid uzgani emas, balki «rozilik tilashgani hali erta» dermikin degan umid bilan, dunyoda tengi yo‘q, timsoli yo‘q zo‘r umid bilan qaragani deb bilaman.
Akramjon Masturaning biz bilan yozilib o‘tirganiga qanchalik xursand bo‘lsa, toliqib qolishidan shunchalik xavotirda ekani ko‘rinib turar edi; shuning uchun Masturaga tez-tez dam berishni ko‘zlab, ko‘proq bizni gapirtirishga, o‘zi gapirishga harakat qilardi.
— Sizning nima dardingiz bor?- dedi Mirrahimovga yuzlanib.
Mirrahimov birdaniga uchta dardning nomini aytdi.
— Voy sho‘rim!..— dedi Mastura, — jindakkina joningizga-ya! Shu jussangizga uchta dard sig‘dimi?
Bo‘ldi kulgi! Ayniqsa, Mirrahimov zavq qilib kuldi. Kasallik, o‘lim to‘g‘risidagi gap tugab, xushchaqchaq suhbat boshlanishiga ilhaq bo‘lib turgan Akramjon Mastura boshlagan askiyani ilib ketdi; askiyaga juda usta ekan, olamda dard nima, o‘lim nima ekanini butkul unutib, rosa kulishdik. Afsuski, Mirrahimovning yo‘g‘on tovushi suhbatimizning buzilishiga sabab bo‘ldi: vrach koridordan o‘tib borayotib, uning beso‘naqay kulgisini eshitgan bo‘lsa kerak, eshikni ochib qaradi va Masturaga zehn solib, uning yuzida horg‘inlik ko‘rdi shekilli, bizni chiqarib yubordi. Akramjon ketimizdan chikdi, bizning bu iltifotimiz Masturaga qancha kuch-quvvat berishini aytib, ko‘nglida mavj urib, yosh pardasi bosgan ko‘zlarida ko‘rinib turgan cheksiz min-natdorchilik tuyg‘usini aytib bitirolmas, aftidan, Masturaning bir minutlik oromi uchun o‘ng ko‘zini o‘yib berishga ham tayyor edi.
Palatamizga qaytdik. Hoji aka karavotida yonboshlab, qand choy ichib, o‘zini yelpib yotar edi. Bo‘lib o‘tgan xijolatli ish to‘g‘risida u ham indamadi, biz ham indamadik. Hoji akaga bir nima deyish u yoqtsa tursin, Mirrahimov ikkovimiz ham kechgacha bir-birimizga so‘z qotmadik; aftidan, borlig‘imiz Mastura bilan band, quyunday charx urayotgan taassurotlar, fikrlar, tuyg‘ularni ifoda qilgani so‘z topolmas edik.
Kech kirdi. Hoji aka o‘rtacharoq xurrak tortib uyquga ketdi. Mirrahimov dam-badam u yoqdan-bu yoqqa ag‘darilar edi, nihoyat, mening uyg‘oq ekanligimni payqab, boshini ko‘tardi.
— Bu xotinning joni bitta emas, ming bitta! — dedi, — hozir tugab qolgan shamday lipillab yonayotgan joni basharti so‘ngan taqdirda ham, qolgan mingtasini yoqib keyin so‘nadi. Mana shu ishonch Masturaga o‘limni yo‘latmaydi.
Mirrahimov uzoqjim qolganidan keyin yana birdan:
— Eri-chi, eri? — dedi, — bu yigitning ham raftoridan, yigitlik umri ming bittayu, shundan bittaginasini Masturaga qurbon qilyapti.
Ertasiga Mastura haqida yana bir ko‘ngilsiz gap eshitdik: bechoraning tomog‘idan hech narsa o‘tmasligi ustiga qorniga tez-tez suv to‘planar ekan...
Kunlar o‘tib hammamiz tarqaldik. Mirrahimov o‘zining MTSiga, Hoji aka kurortga ketdi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tgandan keyin shu tomonga yo‘lim tushdiyu, kasalxonani bosib o‘tolmadim; kirib tanish hamshiradan so‘rasam, Mastura bir soatdan keyin operatsiyaga yotar ekan. Doktorlar operatsiya stolidan turolmaydi, deb besh oydan beri uning ra’yini qaytarib kelishar ekan, oxiri bo‘lmabdi — Mastura o‘lsam tovonim yo‘q, deb tilxat beribdi.
Kirib ko‘ray desam, doktor ijozat bermadi. Mening yo‘klab kelganimni ko‘rsa, dalda bo‘ladigan biron so‘z aytsam, zoraki darmon bo‘lsa deb kutdim.
Vaqt-soati yettanda Masturani hamshira bilan Akramjon ikki tomondan suyab olib chiqishdi. Lekin eshikdan chiqishi bilanoq Mastura ikkovini ikki tomonga itarib o‘zi yurdi; bardam qadam tashlab, operatsiya zalining eshigini o‘zi ochib kirib ketdi. Akramjon, butun diqqati xotinida bo‘lgani uchun meni payqamadi. Mastura esa menga bir qaradiyu, tanimadi shekilli, indamadi.
Operatsiyaga doktorlarning ko‘ngli chopmagani, xastaning holi o‘zimga ma’lum bo‘lgani, Masturaning o‘limning yuziga bunchalik tik qaragani qorong‘ida qo‘rqqan kishi ashula aytganidek emasmikin, degan gap ko‘nglimdan o‘tgani uchun operatsiyaning natijasini kutmadim, kechqurun kasalxonaga telefon qilmoqchi bo‘lganimda, rostini aytsam, telefon trubkasini dadil ololmadim. Yo‘q, xayriyat, Mastura operatsiyadan bardam turibdi. Shunaqa deyishdi.
Shundan keyin men uzoq safarga ketdimu, Masturaning taqdiridan bexabar bo‘ldim, lekin uni tez-tez eslar edim; bu toqati toq, joni temirdan insonning tuzalib ketishini, yashashini, uzoq umr ko‘rishini uning o‘zidan ham ko‘proq tilar edim. Shuning uchun oradan uch yil o‘tgach, Akramjonni bir begona xotin bilan ko‘rganimda alamimdan dod deb yuborayozdim.
Paxta bayrami hech qaerda Mirzacho‘ldagidek qiziqo‘tma-sa kerak, chunki bu yerga resggublikaning turli oblastlaridan kelgan odamlar o‘z oblastining ashulasini, o‘yinini ham olib kelgan deyishadi.
Paxta bayramini yor-jo‘ralar bilan Guliston rayonida o‘tkazdik.
Akramjonni, boya aytganim xotin bilan shu yerda, Guliston rayoni markazining chiqaverishida ko‘rdim. O’rta bo‘yli, xushqomat, vujudidan yoshlik kuchi va g‘ayrati yog‘ilib turgan qop-qora juvon otda olma yeb, yo‘l bo‘yida turar, Akramjon o‘z otining ayilini qayta bog‘lamoqda edi. Akramjon meni ko‘rib qoldi-yu, juvonga bir nima dedi. Juvon darrov otdan tushdi. Ikkovi yugurib keldi. Ikkovi ham men bilan juda eski qadrdonday so‘rashdi. Biroq men, harchand qilsam ham, palatadan chiqib operatsiya zaliga kirib ketayotgan Mastura ko‘z o‘ngimdan ketmay, bular bilan samimiy ko‘risha olmadim: Akramjonni bir nav quchoqlagan bo‘ldim, juvonga esa qo‘limning uchini berdim.
Juvon:
— Amaki, meni tanimadingizmi?— dedi va xurjundan ikkita olma olib, birini menga berdi.
— Qaerdadir ko‘rganday bo‘laman, lekin...
Juvon qo‘lidagi olmani ustma-ust bir necha martaba tishladi va chala chaynab yutdi.
— Endi ham tanimadingizmi?— dedi.
Tanidim! Faqat ko‘zidan tanidim! Kulimsirab, olamga tabassum sochib turgan bu juvon o‘sha Mastura edi. Men nima deyishimni bilmay:
— Bu yoqda nima qilib yuribsiz? — dedim.
Mastura kuldi.
— Kuchimni, g‘ayratimni to‘la-to‘kis ishga solib yuribman, - dedi.
— Operatsiyaga kirib ketayotganingizda men yo‘lakda turgan edim, hayajonda bo‘lsangiz kerak, tanimadingiz...
— Yo‘q, amaki,— dedi Mastura bir oz xijolat bo‘lib,— kechirasiz, atayin so‘rashmagan edim... So‘rashsam, menga tasalli berar edingiz... O’sha tobda menga tasalli berib aytilgan har bir so‘z ishonchimga raxna, ko‘nglimga g‘ulg‘ula solishi mumkin edi.
Uzoq suhbatlashdik. Er-xotin otlarini yetaklab, meni talay yergacha kuzatib qo‘yishdi: so‘ng xayrlashib so‘l tomonga ot qo‘yib ketishdi.
Men sahroda lochinday uchib ketayotgan Mastura bilan Akramjonga uzoq qarab qoldim.
Ikkovi ufqqa yetganda, biri orqaga qaytdi, xayal o‘tmay yetib keldi.
Bu Mastura ekan, yo‘ldan bir necha qadam narida turib:
— Amaki, Hoji akamga salom ayting, — dedi va ufqda kutib turgan Akramjonga tomon ot qo‘yib ketdi.
Shaharga qaytganimizdan keyin Masturaning omonatini topshirish uchun Hoji akani topdim, lekin salomini topshirolmadim: Hoji aka bechora qazo qilgan ekan.
1956

O‘TKIR HOSHIMOV. O‘ZBEKLAR (HIKOYA)

Mahallada qaysi kampirni uyidan topolmasangiz, to‘ppa-to‘g‘ri Otinoyinikiga boravering! Otinoyining hovlisi past ko‘chaning etagida. Uyi ham boshqalarnikidan ajralib turadi. Ikkita derazali pastak uy. Boshqalarning derazasi oldida gilos bo‘lsa, Otinoyinikida ikki tup tut bor. Boshqalarning tomi tunuka bo‘lsa, Otinoyining tomi shifer. Hammaning tomida televizor antennasi bor, Otinoyinikida yo‘q. Ammo uning uyi hamisha hammanikidan gavjum bo‘ladi. Doimo ochiq turadigan pastak darvozadan kirishingiz bilan eng avval dimog‘ingizga gup etib rayhon isi uriladi. Keyin bir mahalla xotinning gangur-gungur suhbatini, bolalarning qiy-chuvini eshitasiz. Mashina sig‘maydigan (unga mashinaning nimayam keragi bor) tor yo‘lakdan o‘tib, qutidekkina shinam hovliga kirasiz. Ariq tortib ekilgan rayhonlar belga uradi. Osh rayhon, sada rayhon, oq rayhon, qora rayhon. Hovli etagida, eski bostirma oldida bir tup o‘rik bor. Dovuchcha tukkanidan boshlab turshak bo‘lguncha mahallaning qora-qura bolalari shoxdan-shoxga tarmashadi. Otinoyi o‘rikni qizg‘anganidan emas, bolalarga achinganidan chirqillaydi: «Hoy, uyingga bug‘doy to‘lgur takalar, tush, yiqilib ketasan!» «Takalar» parvo qilmaydi. Biladiki, Otinoyining tuti ham, o‘rik ham ularniki! Umuman, bu hovli hammaniki. Erta ko‘klamda sumalak shu yerda bo‘ladi. Ismaloq somsa, yalpiz somsa Otinoyining bostirmasidagi tandirda yopiladi. Keyin tut pishadi. Ketidan o‘rik. Mahalladagi xotinoshi bormi, challarmi, beshik to‘yi bormi, quda chaqiriqmi — hammasining maslahati shu yerda pishadi. Qancha non yopiladi, qancha guruch damlanadi. Qudalarga «to‘qqiz-to‘qqiz»da nimalar tortish kerak...
To‘g‘ri, u otinlikdan ko‘ra ko‘proq xodimlik qilgan. Ammo uni xodim xola emas, Otinoyi deyishadi. Qolaversa, hozir dasturxonchilikni tashlagan. Uch yil bo‘ldi. Keksayib, kuchi yetmay qoldi. Lekin haliyam Otinoyi deyishadi. Yozda o‘rik tagidagi eski so‘ri, qishda «chiylampa» suvoq qilingan pastak shiftli, tokchalariga barkashlar, chegalangan qadimiy «gardim» laganlar terib qo‘yilgan uy hamisha gavjum bo‘ladi.
Hozir yoz. Dumbul bo‘lgan o‘rik shoxida odatdagidek qo‘shni bolalar kir maykasining qo‘yniga o‘rik to‘ldiryapti. Bittasini og‘ziga tashlaydi, bittasini qo‘yniga soladi. (Har ehtimolga qarshi.) Otinoyi pastak shiftli uyida og‘zi ochilgan eski sandiq oldida cho‘kkalab o‘tiribdi. Uyni kuyadori hidi tutib ketgan. O’rtadagi xontaxta atrofida Inoy garangning xotini Bahri xola, zavodda ishlaydigan «giroy» Ahmadning onasi Muattar xola, «Kelinposhsha» o‘tirishibdi. Otinoyi sandiqdan birma-bir o‘limliklarini olib «ko‘z-ko‘z» qilyapti.
- Mana bu — kafanlik, - deydi u bejirim qilib o‘ralgan dokani ko‘rsatib.
Muattar xola dokaning bir uchini chimchilab ko‘radi.
- Yaxshi, misqoli doka ekan.
- Iskandarim ataylab Maskovdan obkelgan. - Otinoyi kerilib qaddini rostlaydi. - Mana buni yirtishga berasila. - U tag‘in bir tugunni ochadi. - Ammo-lekin ro‘mollardan sal ko‘nglim to‘lmay turibdi. Hammasi bir xil bo‘lgani yaxshi. Mana, o‘ttiztasi ko‘k, yigirmatasi moshrang. Mayli, Iskandarimga aytaman, obkelib beradi.
- Qo‘ying, ovsin poshsha, hali ko‘p yurasiz, - deydi Bahri xola ming‘irlab. U ming‘irlamasdan gapirolmaydi. Dimog‘i shunaqa bechoraning. Ayniqsa «p»ni aytolmaydi, «m» deydi. Sal g‘iybatchiroq-ku, ammo yaxshi xotin, ko‘ngli bo‘sh. Qo‘shnining mushugi tug‘sayam, «joni og‘rigandir», deb yig‘laydi. U ro‘molining uchini mijjasiga bosib xo‘rsindi. - Qarab turing, hali qo‘sha-qo‘sha nevaralar ko‘rasiz, to‘ylar qilasiz, ovsin moshsha! — U «poshsha» deganda ovozi «moshsha» bo‘lib chiqadi.
- Aytganingiz kelsin. - Otinoyi ma’yus jilmayadi. «O’limligini» tartib bilan yana sandiqqa joylaydi. - Xudo Iskandarimgayam qo‘chqordek o‘g‘illar bersa ajabmas. Kechayam kelib ketdi, bolam boyaqish. - Otinoyi sandiqni qaytadan titkilaydi. - Mana, - deydi ikki lo‘ppi yaltiroq qog‘ozli sovunni olib. — Polcha degan joydan mozor bosib kelgan. Iskandarim obkeldi.
U sovunning bittasini Bahri xolaga, bittasini Muattar xolaga beradi.
- Voy, munchayam yaxshi! - Muattar xola «polskiy» sovunni huzur qilib hidlaydi. Bahri xola ham hidlayotganida Muattar xoladan dashnom eshitadi.
- Is bilmaysiz-ku, hidlab nimaning farqiga bordin-giz...
- O’g‘limni duo qilinglar, - deydi Otinoyi astoydil yalinib. - O’zidan ko‘paysin, denglar, yaxshi farzandlar bersin, denglar.
Boyadan beri indamay o‘tirgan «Kelinposhsha» jilmayadi.
- Menga-chi, Otinoyi? Mozor bosib kelgan «Polcha» sovundan menga bermaysizmi!
- Siz sovunni nima qilasiz, Kelinposhsha, o‘zingiz oydaysiz. Undan ko‘ra borib choy damlab keling.
«Kelinposhsha» - Otinoyining devor -darmiyon qo‘shnisi. O’rtadan tuynuk ochib qo‘yishgan. Eri provodnik. Mahalladagi yosh-yalanglar uni Kelinoyi deb chaqirishadi. Otinoyi uchun u «Kelinposhsha». Yaxshi juvon, bechora. Sakkizta bolasi bor. Eng kichkinasi endi yo‘lga kirdi. «Kelinposhsha» shu ko‘klam tag‘in boshqorong‘i bo‘ldi: dovuchchaga. Hovuch-hovuch dovuchcha yeb esi ketdi boyaqishni. Kelinposhsha «dik» etib o‘rnidan turadi. Otinoyi ketidan tayinlab qoladi:
- Iskandarim obkegan choydan damlang, bolam. Dutor chalib turganidan.
«Kelinposhsha» bir zumda choy damlab keladi.
- «Polcha» sovunni to‘yana qilasiz, Otinoyi, - deydi kulib. - Aqining to‘yiga!
Aqida «Kelinposhsha»ning to‘ng‘ich qizi. Hamshira bo‘lib ishlaydi. Yaqinda uzatishmoqchi. Yangiyo‘llik paxta brigadiriga fotiha qilishgan.
- To‘yana sizdan aylansin! — Otinoyi ham kulimsiraydi. - Aqi qizimning to‘yi bo‘ladi-yu, men qarab turarmidim. Sovun nima bo‘pti, hali Iskandarimga aytsam, gilam olib beradi.
Iskandar - Otinoyining yolg‘iz o‘g‘li. Katta joyda ishlaydi. Oq mashinada yuradi. Markazda to‘rt xonali uyi bor. Otinoyining aytishicha, vannasi chinnidan emish. Iskandar yaxshi bola. Domga olib ketaman, deb uvvalo yalinsayam, Otinoyi ko‘nmaydi: hovlisiga o‘rganib qolgan. Otinoyining bittayu bitta orzusi bor. Shu - Iskandarining aqalli bittagina bolasini bag‘riga bossa, oyoq-qo‘lini bemalol uzatib ketardi.
- Mayli, to‘y bo‘lsin, - deydi u negadir xo‘rsinib. -Endi... Tirik jon-da, o‘rgilaylar. Vaqti qazoim yetsa, bolam bechora yugurgilab qolmasin, deyman-da, ishi og‘ir, lak-lak odamga xo‘jayin bo‘lish osonmi?

* * *

Iskandar Vahobovich «vertushka» go‘shagini joyiga qo‘ydi-yu, ichidan xo‘rsiniq keldi. Ministr o‘rinbosari telefonda yigirma minut «qovurdi». Yubiley ob’ekti o‘lda-jo‘lda bo‘lib yotgani uchun Iskandar Vahobovich boshchilik qilayotgan trest aybdor emish. Iskandar Vahobovich yotig‘i bilan tushuntirmoq-chi edi, zamministr, «bahona izlamang», deb jerkib berdi.
U sirqillab ketayotgan chakkalarini kafti orasiga olib bir zum ko‘zlarini yarim yumgancha stol qirrasiga tikilib o‘tirdi. «Har kuni bir g‘alva!»
Eshik g‘iyqillab ochildi. Iskandar Vahobovich ostonada turgan do‘mboq kotibaga «ha, tag‘in nima gap!» degandek zardali qaradi.
- Shahar telefonida so‘rashyapti, — dedi kotiba hurkibroq.
- Kim?
Kotiba quyuq bo‘yalgan kipriklarini pirpiratdi.
- Tanishiman, deydi.
«Padariga la’nat tanishlarniyam, notanishlarniyam! Qaysi birining ishi tushsa, darrov «tanish» bo‘lib qoladi». U olcharang telefon go‘shagini shaxt bilan ko‘tardi.
- Ha!
Shu zahotiyoq shang‘illagan ovoz qulog‘ini teshib yuboray dedi.
- Iskandarmisan?
«Qanaqa savodsiz bu! Baqiradi, sansiraydi!»
- Kim o‘zi bu? - dedi Iskandar Vahobovich qoni qaynab. Javob o‘rniga yana savol eshitdi.
- Iskandarmisan?
- Ha? O’zingiz kimsiz? Go‘shak yana shang‘illadi:
- Xolmatman! Qo‘shning...
Iskandar Vahobovich beixtiyor qo‘shnilarini bir-bir eslab ko‘rdi, Xolmat degan qo‘shnisi yo‘q. Jinni bo‘lganmi bu odamlar?!
- Qiladigan ishingiz bo‘lmasa, telefonni joyiga qo‘ying! Shunday deb endi go‘shakni uloqgirmoqchi edi, boyagi ovoz
yana shang‘illadi:
- Otinoyimning ahvoli og‘ir!
Iskandar Vahobovich esankirab qoldi. Axir Otinoyi... o‘zining onasi-ku!
Bo‘ldi-bo‘ldi! Xolmat aka ularning devor-darmiyon qo‘shnisi. Provodnik!
- Nima bo‘ldi?! -dedi birdan yuragiga g‘ulg‘ula tushib. -Oyimga nima bo‘ldi?
- Ahvoli og‘ir.
- Shoshmang, hozir «skoriy» chaqiraman.
- «Skoriy»ni nima qilasan? — Xolmat aka tag‘in baqir-di: - O’zing kel, tezroq!
Telefon uzilib, «tut-tut-tut» degan qisqa tovush eshitila boshladi. Iskandar Vahobovichning ichida bir nima uzilib ketgandek bo‘ldi. Nahotki onasi...
U yugurib qabulxonaga chiqdi. Mashinka chiqillatayotgan kotibaga buyurdi:
- Dilya! Tezroq mashina chaqiring! Pod’ezdga!
...Oq «Volga» gavjum ko‘chalardan shiddat bilan uchib borar, Iskandar Vahobovich orqa o‘rindiqda o‘tirgancha yuragi gursillab bir savolni xayolan qaytarardi. «Nahotki!»
Mashina chorrahalarda hadeb to‘xtar, u xayoliga kelgan dahshatli o‘yni haydashga, «toblari qochgandir-da», deb o‘zini yupatishga urinar, ammo o‘sha zahoti boyagi shafqatsiz savol yana vujudini teshib o‘tar edi. «Nahotki!»
Mashina choyxo‘rlar chaqchaqlashib o‘tirgan guzar oldidan o‘tayotganida u bir qadar taskin topgandek bo‘ldi. «Xayriyat, tinchlik ekan». U biladi. Xudo ko‘rsatmasin, biron korhol bo‘lsa, choyxonada odam qolarmidi? Ammo mashina past ko‘cha-ga kirishi bilanoq yuragi muzlab ketdi. Ana, o‘sha shifer tomli pastak uy, ana ikki tup tut, rangi unniqib ketgan taxta darvoza. Darvoza oldida besh-olti erkak to‘dalashib turishibdi. Allaqanday ayol tut tagini supuryapti.
«Nahotki!» Bu savol uning miyasiga so‘nggi bor chaqmoqday urildi-yu, majolsiz oyoqlarini arang sudrab, mashinadan tushdi. Shu ondayoq Xolmat aka yugurib kelib, uni quchoqladi.
- Onamizdan ayrilib qoldik-ku, ukam! - U Iskandar Vahobovichni bag‘riga bosgancha birdan o‘krab yig‘lab yubordi.— Ayrilib qoldik!
Iskandar Vahobovichning ko‘z o‘ngi qorong‘ilashib ketdi. U karaxt bo‘lib qolgan, Xolmat akaning yelkasi muttasil silkinayotganini, mo‘ylovi o‘zining yuziga tegib g‘ashini kel-tirayotganini sezib turar, ammo boshqa narsani idrok etolmas, xayolida faqat bir fikr charx urardi. «Oyim!» «Oyim!» U amallab Xolmat akaning quchog‘idan chiqdi-da, gandiraklagudek bo‘lib uy tomon yo‘naldi. Darvoza oldida turgan kishilar negadir unga tik qaramas, biri boshini xam qilib turar, biri yuzini o‘girganga o‘xshardi. Biroq hozir u bunga e’tibor beradigan ahvolda emasdi.
Chayqalib-chayqalib g‘ishtin zinalardan chiqdi-yu, salqin dahlizdan o‘tib, uyga otilib kirdi. Qandaydir ayollar (Iskandar qaramadi) unga yo‘l bo‘shatishdi.
Iskandar yaltiroq qubbalari zanglab ketgan sim karavotda yotgan onasini ko‘rdi. Ustiga oq choyshab yopib qo‘yilgan. Onasi qandaydir osoyishta yotar, xuddi uxlayotganga o‘xshardi. Iskandar hozir «Oyi!» deb chaqirsa, uyg‘onib ketadigandek.
U shunday qildi. Karavot oldiga, namatga tiz cho‘kkancha iltijo qildi:
— Oyi! Oyi-i!
Yo‘q, onasi ko‘zini ochmadi. Shunda u choyshabni ochib tashladi-yu, onasining qo‘lini, yillar zahmatidan barmoklari qing‘ir-qiyshiq bo‘lib ketgan qo‘lini changallab o‘pdi. Qiziq, onasining qo‘li muzdek edi!
- Oyi! Oyijo-on! - dedi hayqirib. Keyingi so‘zlar bo‘g‘zidan yig‘i aralash otilib chiqdi.- Oyi-i!
U ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketgan lablari bilan onasining qo‘llarini o‘pa boshladi. Keyin nima uchundir ikki qo‘llab namat to‘shalgan yerni mushtladi.
- Nega! Oyi, ayting, nega?
U esdan og‘ib qolganga o‘xshar, hadeb yerni mushtlar, ammo bu xitob onasiga qaratilganmi, o‘zigami, aqli yetmas edi. U cho‘kkalagan ko‘yi tag‘in onasining qo‘llariga yopishdi. Muzdek, dag‘al qo‘lni yuziga bosib, o‘krab yubordi.
...Bu qo‘llar uning boshini silagan, ko‘p silagan. Ko‘ngli o‘ksiganida, betob bo‘lganida, ilk bor maktabga borganida, maktabni oltin medal bilan bitirganida... Institutga kir-ganida, bitirganida... Nihoyat... uylanganida... Bu qo‘llar uning boshini ko‘p silagan. O’zichi, o‘zi onasining boshini silaganmi? Biron marta, aqalli biron marta silaganmi?!
Yuragining tub-tubidan otilib chiqqan bu savol a’zoyi badanini o‘rtab yubordi.
— Oyi-i-i-i! - dedi ingrab.
Bu qo‘llar uni yo‘rgaklagan, unga ko‘krak tutgan, shamollaganida badaniga qo‘y yog‘i surgan. Bu qo‘llar sigir soqqan, tappi qilgan, kir yuvgan, ovqat pishirgan, non yopgan...
Non! Onasining nazarida nondan tabarruk narsa yo‘q edi. Qo‘ni-qo‘shnilarning go‘dak bolasi yo‘lga kirsa oyog‘i orasidan kulcha yumalatib, boshqa bolalarga obqochtirardi. Nikoh to‘yidan avval ikki yoshning pok turmushidan nishona bo‘lsin deb non ushatardi. Bostirmadagi tandirda kunora non yopardi. Zog‘orami, arpa nonmi, ishqilib, non-da! Tandir yonida o‘ralashib yurgan Iskandarga eng avval pishgan nonni yuziga suv sepib uzib berardi...
U yosh to‘la ko‘zlari bilan beixtiyor karavot ustiga, shift tomonga tikildi. Ana, ana o‘sha non! «Chiylampa» qilib suvalgan shift ostida, devordagi mixga ilig‘liq turibdi. Bir cheti tishlangan. Ana, o‘sha tish izlari. Bu — dadasi tishlagan non. Qip-qizil...
U onasining nonni arta-arta joyiga ilib qo‘yganini ko‘rgan. Mixdan hadeb olib qo‘yilavergani uchun teshigi kengayib ketgan. Ammo non hamon turibdi. Mog‘or bosmagan, qip-qizil...
Bir mahal u kimdir ohista turtganini idrok etib, yelkasi osha burilib qaradi. Tanidi: Bahri xola. Ko‘k ro‘mol tang‘ib, ko‘k ko‘ylak kiyib olibdi. Yig‘layverib, shishib ketibdi.
— Bandalikda, bolam, - dedi u ming‘irlab. — Olloning irodasi, jon bolam! Yuvg‘uvchi keldi... - Shunday dedi-yu, hiqillab yig‘lagancha ko‘k ro‘molini yuziga bosdi.
Iskandar chiqib ketishi kerakligini tushundi. Ostonaga borganida to‘xtab qoldi. Onasiga termildi. Onasi qubbalari zanglab ketgan sim karavotda yotar, go‘yo uxlayotgandek, hozir o‘rnidan turib, uni bag‘riga bosadigandek, ikki kafti bilan ikki yuzidan ushlab, peshonasidan o‘padigandek edi. U doim shunday qilardi. Shu uyda, shu karavotda onasi uni bag‘riga bosib uxlatgan. Ertalab peshonasini silab uyg‘otgan.
...Esida, o‘shanda Iskandar birinchi sinfda o‘qirdi. O’rik gullagan kun edi. Maktabdan isitmalab keldi. Onasi ming zo‘rlamasin, bir piyola choy ichdi-yu, xuddi mana shu karavotga cho‘zil-di. Uyda xotinlar ko‘p edi. U isitma aralash Bahri xolaning dimog‘i bilan ming‘irlab aytayotgan gaplarini eshitib yotardi.
«Endi, ovsinmoshsha, Xudodan ham, bandasidanam qarzingiz qolmadi. Urush bitdi. Kelganlar keldi. O’lganlarni joni jannatda bo‘lsin. Yosh umringizni xazon qilmang. Bolagayam ota kerak, o‘rgilay. Sizga og‘iz solayotganlar tag-zoti ko‘rgan odamlar...»
Iskandar onasining javobini eshitmadi. Uxlab qoldi-mi, hushidan ketdimi, o‘zi bilmasdi. Umuman, bu gaplarning ma’nosini tushunmasdi. Faqat ertasiga onasi kuyib-yonib aytgan so‘zlar qulog‘iga o‘rnashib qoldi.
«Ikkinchi unaqa gaplarni gapirmanglar! Xudoni qahri keldi. Bolamga qizamiq toshib ketdi. Dadasi omon bo‘lsa kelar, kelmasa peshonamdan ko‘rdim. Yolg‘iz emasman, shukr, oldimda bolam bor...»
- Iskandarjon, jon bolam, - Bahri xola uning yelkasiga qoqdi. — Chiqa qoling, qoqindiq.
Iskandar (u endi Iskandar Vahobovich emas, Iskandar, oddiy Iskandar bo‘lib qolgandi, negaki, o‘lim hammani baravar qilib qo‘yadi) vazmin qadamlar bilan salqin dahlizga chiqdi.
Peshayvon ustunidagi mixlarga onasining butun «bisoti» ilib qo‘yilibdi: bitta yangi, ikkita eski ko‘ylak, unniqib ketgan baxmal nimcha, bir burchi teshilgan jun ro‘mol, hali tikilmagan bir kiyimlik shtapel, shol dasturxon...
Kavshandozda onasining kavushi turibdi. Qiziq, bu kavushni Iskandar uch yil ilgari olib bergan edi. Nega yap-yangi turibdi?
Xolmat akaning xotini - Kelinoyi yig‘idan qizargan ko‘zlari bilan unga termildi. Iskandar kavushga tikilib turganini sezdi shekilli, tushuntirdi:
- Ayab yurardilar. To‘yga borsalar yonboshlariga — ko‘rpachaning tagiga berkitib o‘tirardilar. Iskandarim obergan, deb maqtanardilar.
Iskandar hamon kavushdan ko‘z uzmasdi. Kelinoyining savolini daf’atan yaxshi eshitmadi.
- Nima qilaylik, mastavami, sho‘rvami? Iskandar hech nimaga tushunmadi.
- Nima? - dedi garangsib.
- Hali-zamon uyni odam bosadi. Issiq ovqat qilish kerak, - Kelinoyi kuymanib tushuntirdi. - O’lik chiqqan uyda qozon qaynatib bo‘lmaydi. Biznikida qilamiz. So‘ramasam ham bo‘lardi-ku, siz - o‘zimiznikisiz, ukam.
Iskandarni Kelinoyining savoli emas, o‘zini o‘rtayotgan muammo qiynar edi.
- Nima bo‘ldi? - dedi ingrab. - Oyim soppa-sog‘ edilar-ku! Kelinoyi o‘pkasi to‘lib xo‘rsindi.
- Tuppa-tuzuk edilar, - dedi burnini tortib. - Ertalab o‘ynab-kulib o‘tirdilar. O’limliklarini ko‘rsatdilar. Hazillashdik. Men aytdim: «O’limni o‘ylamang. Aqining to‘yi-ni... - Kelinoyi hiqillab qoldi. — Aqidaning to‘yini o‘zingiz bosh bo‘lib o‘tkazasiz», dedim. Xo‘p, dedilar. Keyin birdan, g‘alati bo‘p ketyapman, dedilar. Karavotga yotqizgan edik...
Iskandar kavshandozga o‘tirgancha boshini changalladi. Bu qanday gap! Bu qandoq adolatsizlik! Nimaga? Tuppa-tuzuk yurgan onasi nimaga to‘satdan...
Kelinoyi hamon hiqillagan ko‘yq uning boshiga egildi.
- Sho‘rva qila qolamiz.
Ajab, shu topda taom o‘tadimi tomoqdan! Darvoqe, onasi sho‘rva pishirishga usta edi. To‘yda, ma’rakada xotinlar uning ovqatini maqtashsa quvonib ketardi. Ayniqsa, moxorani ko‘p qilardi. Bu taomni Iskandar ham yegan. Ko‘p yegan! Onasi beva qolganidan keyin jamoat uni Otinoyi qildi. U maktabda farrosh bo‘lib ishlar, lekin uyda ham tinchi yo‘q edi. «Kelin tushdi»ga qovurma chuchvara pishirish bormi, «to‘qqiz-to‘qqiz»ga qatlama qilish bormi, nikoh to‘yida «tortishmachoq» bo‘ladimi, kuyov-kelinning boshidan sochqi sochishmi, kelin salomda quda-qudag‘aylarga salom berishmi - hammasi onasining zimmasida edi. U to‘ydan albatta tuguncha olib kelar, tugunchada non, monpasi, qovurma chuchvara, keyin... albatta-moxora bo‘lardi. Ba’zan yarim kechalari eshik taqillab qolar, Iskandar onasining dik etib o‘rnidan turib ketganidan uyg‘onar, zum o‘tmay onasi qaytib kirardi. «Jon bolam, Ismat cho‘loq omonatini topshiribdi, bormasam bo‘lmaydi, sen qo‘rqmaysan-a, katta yigitsan-ku», deb peshonasidan o‘pib chiqib ketar, shu ketgancha ertasiga peshinda qaytib kelar, o‘zicha qur’on o‘qir: «Joyi jannatda bo‘lsin», deb yuziga fotiha tortar edi.
...U onasi yotgan uyga oqsoqlanib kirib ketayotgan paranjili kampirni ko‘rdi-yu, garangsib hovliga tushdi. Dimog‘iga rayhon hidi kirdi. Negadir onasining isi kelgandek bo‘ldi.
Kelinoyi hovlidagi rayhonlardan shosha-pisha yulgancha uyga kirib ketdi. Iskandarning xayoliga yarq etib bir fikr urildi: «Gulyaga aytish kerak. Xabari yo‘q-ku hali».
U endi eshik tomon yo‘nalgan edi, xotiniga ko‘zi tushdi. Gulya, qo‘lida oq sumkacha, xuddi to‘yga kelgandek yasanib olgan, vodolazka kiygan, qulog‘ida brilliant zirak yaltirab turardi. «Qayoqdan eshitibdi bu!» degan xayolga bordi-yu, uning orqasidan sumka ko‘tarib kelayotgan shofyori Shavkatni ko‘rib, hammasini tushundi: «Shavkat xabar qilgan».
— Iskandar aka! — Gulya uning yelkasiga boshini qo‘yib quchoqladi.— Bechora oyim! - U bir zum shu alfozda turdi-da, negadir teskari qarab kafti bilan yuzini changalladi. Shosha-pisha oq sumkachasidan ro‘molcha olib ko‘ziga bosdi.
«Sen aybdorsan! - deb o‘yladi Iskandar vujudi titrab. -Hammasiga sen - qanjiq aybdorsan!» U xotinidan chirillatib yuzini o‘girdi-da, burchakda, o‘rik ostida turgan so‘riga borib o‘tirdi.
Shu ondayoq shafqatsiz bir savol a’zoyi badanini sirqiratib yubordi. «O’zing-chi, o‘zing!»
Uning uylanishi qiziq bo‘ldi. Qurilish fakultetida Iskandar Vahobovning oldiga tushadigan talaba yo‘q edi. A’lochi, jamoatchi... To‘rtinchi kursda o‘qiyotganida SNOda «Grajdan qurilishini mahalliy sharoitga moslash» degan mavzuda ma’ruza qildi. U shu qadar dadil fikrlarni o‘rtaga tashladi-ki, muhokama janjalga aylanib ketdi. Birovlar uni modernist dedi, boshqalar donishmandga chiqardi. Shunda kafedra mudiri, Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, professor Zarif Hodievich uni himoya qildi. «Yosh do‘stimiz Iskandar Vahobovichdan kelgusida yetuk olim chiqadi», dedi komil ishonch bilan. Rostdan ham shunday bo‘ldi. Zarif Hodievich uni o‘z tarbiyasiga oldi. Iskandar aspiranturada qoldi. Birinchi bor domlaning qizi - jinsi shim kiyib yuradigan Gulyani ko‘rganida e’tibor bermadi. To‘g‘rirog‘i, e’tibor bermaslikka harakat qildi. Kimsan, akademikning qizi qayoqda-yu, mahalla otinining o‘g‘li qayoqda! U shunday deb o‘ylar, lekin domla bilan olcha soyasida o‘tirib suhbatlashayotganda ichkarida royal chalayotgan, ba’zan xiyol bo‘g‘iq, ammo yurakni o‘rtovchi ovozda qo‘shiq aytayotgan Gulandom - Gulyaga ko‘ngli talpinayotganini sezib turardi. Gulya konservatoriyada o‘qir, zamonaviy, o‘ktam qiz edi. Xullas, Gulyaning o‘zi unga ko‘nglini yordi.
To‘y restoranda o‘tdi. Kelinning dugonalari past ko‘chadagi kulbaga kelishganida Iskandarning yetti nomusi yerga bukildi. Nazarida, Otinoyi kelinining boshidan sochgan soch-qilar ham, pishirgan moxorasi ham o‘ta bachkana, o‘ta g‘arib ko‘rinar edi. Buni qarangki, Zarif Hodievich mard odam ekan! Xuddi shu hovlida, xuddi shu so‘rida o‘tirib (Otinoyi katta oxurdan yem yegan qudalaridan uyalib, restoranga bormagan, ammo uyda chiroyli dasturxon tuzab qo‘ygan edi) qiziga nasihat qildi:
«Iskandarni o‘zing tanladingmi, endi bilib qo‘y, shu oilaning jirini jirlaysan. Onang bechora bir ko‘z bilan o‘g‘il o‘stiribdi. Mening ham bir bolam ikkita bo‘ldi, Otinoyining ham».
Otinoyi bu gapdan boshi osmonga yetdi. Tog‘dek suyanchiq topganiga quvonib, qudasining yelkasiga bosh qo‘yib yig‘lab yubordi.
Yarim yilcha yaxshi turishdi. Otinoyi kelini uyg‘onmasidan avval pechkaga ko‘mir qalab qo‘yar, ataylabdan tandirda non yopar, kechqurun er-xotin ishdan qaytishiga ovqat tayyor turar edi... Boshqa paytlarda u to‘ygami, ma’rakagami chiqib ketar, allapallada bir lagan sovigan osh, bir kosa moxora, bir chekkasi ushatilgan qatlama olib kelib, o‘rtaga qo‘yar, tan-tana bilan e’lon qilar edi. «Olinglar, bolajonlarim! Sizlarniyam to‘yga yetkazsin!» Keyin bir kiyimlik chitmi, sa-tinmi qeliniga uzatardi: «Obqo‘ying, kelinposhsha, xudo xohlasa, o‘g‘il to‘yi qilsangiz kerak bo‘ladi!»
Gulya qaynonasining oldida bir nima deya olmas, kechasi Iskandarni egovlardi: «Onangiz tilanchilikni bas qilsin! Menga birov tishlagan qatlamalar, birov sadaqa qilgan lattalar kerakmas».
Katta janjal arzimagan narsadan boshlandi. Bir kuni Iskandar ishdan kelsa, xotini divanga muk tushib yig‘lab yotibdi. Iskandar uning yelkasidan ohista tutgan edi, Gulya divan suyanchig‘ini mushtladi, yoshdan tushi erib ketgan ko‘zida g‘azab chaqnadi:
«Yo‘qoling! — dedi yig‘lab. —Tilanchi onangiz bilan qo‘shmozor bo‘ling! Gilamim! Gilamimni nima qildi? Ikki ming‘ so‘mlik gilam edi! Irim-sirimlaring boshingda qolgurlar!»
Iskandar esankirab qoldi. Devordagi ipak gilamga qaradi. Yo‘q, hammasi joyida. Keyin, yerga to‘shalgan «Turkman» gilamini sinchiklab tekshira boshladi. Qarasa Gulyaning gapi rost. Gilamning bir burchi teshilib qolibdi. Tangadek teshik. Iskandar go‘yo shu bilan teshik bekilib qoladigandek barmog‘ini tiqib ko‘rdi. Yuragi siqilib uf tortdi. Boshini ko‘tarsa, tepasida onasi turibdi. Otinoyi, «bu yoqqa kel», degandek uni imladi. Iskandar hamon divanda yuztuban yotgan xotiniga o‘g‘rincha qarab qo‘ydi-da, onasiga ergashdi.
«Ayb manda, - dedi onasi shivirlab. - Kecha to‘yda bir uy xotin Gulandomni maqtadi. Kelinimga ko‘z tegmasin, deb isirig‘ tutatgandim. Xokandoz o‘lgurdan cho‘g‘ tushganini bilmay qolibman. - U bir zum o‘ylanib turdi-da, tushuntirdi: -Xotiningni ko‘nglini ol. Xapa bo‘masin. Ja bo‘masa, pensiyamdan yig‘ib-yig‘ib olib berarman!»
Na ilojki, bu bilan janjal tugamadi. Gulya masalani ko‘ndalang qo‘ydi: «Yo meni deng, yo tilanchi onangizni! Ketaman! Dadamnikiga ketaman! Onam meni ko‘mirning sassig‘ini hidlasin, deb tuqqan emas».
Oxiri er-xotin boshlashib Zarif Hodievichning oldiga borishdi. Maslahat so‘rashgan edi, qaynotasi Iskandarni jerkib berdi: «Qanaqa erkaksiz o‘zi! Bir yil turmasdan onangizni tashlab qochishni mo‘ljallab qoldingizmi? Xotin deganni qattiq ushlash kerak-da, bundoq!»
Dadasining gapi Gulyaning jon-jonidan o‘tib ketdi. «Uyingizga sig‘masam, ijaraga kvartira olaman», deb yig‘ladi. Qiziq, shunda yana Otinoyining o‘zi yordamga keldi. «Bolalarimga yordam bering, joy olishsin. Gulandomim katta oxurdan yem yegan, mening chaldevorimda tursa uyat bo‘ladi», deb qudasiga yalindi.
Shundoq bo‘ldi. Zarif Hodievichning ko‘magida shahar markazidan uy olishdi. Er-xotin, «yuring biz bilan», deb Otinoyini hol-joniga qo‘yishmadi. Ammo Otinoyi ko‘nmadi. «Qorada ko‘rsam qornim to‘q, o‘zlaringdan ko‘payinglar. Men cholimning chirog‘ini o‘chirib ketmayman».
To‘g‘ri, Iskandar onasini qarovsiz qoldirmadi. Loysuvoq tom ustiga starapil o‘rnatib, shifer yoptirdi. Uy «zamo-naviyroq» bo‘ldi. Keyin... keyin gaz kirgizib berdi. To‘g‘ri, tabiiy emas, ballonli... Otinoyi ularning «dom»iga borsa ko‘p o‘tirolmas, mahalladagi biron to‘ynimi, ma’rakanimi bahona qilib, tezgina tura qolardi.
Avvaliga er-xotin bu hovliga bot-bot kelib turishdi. Keyin Iskandarning ishlari ko‘paydi. Iskandar endi kimsan Iskandar Vahobovichga aylandi, fan kandidati, trest boshqaruvchisi... Ajab, uning ishi ko‘paygandan-ko‘payib borar, biroq hammasiga ulgurar edi. Faqat bir narsaga onasini ko‘rishga vaqt topolmasdi. Bunga bir chekkasi Gulya ham sababchi edi. Er-xotinning umri o‘tib borardi. Farzandlari yo‘qligi avvaliga bilinmasa ham bora-bora Gulya serzarda bo‘lib qoldi. Bir kuni eriga piching qildi: «Oyingiz sizga yangi xotin izlab yurganmish. Eshikma-eshik tentirab o‘rganib qolgan-da! Topsa-topadiyam!»
Iskandar o‘shanda xotinini birinchi marta sansiradi. «Uyat bormi sanda», — dedi g‘azabdan titrab. Onasi har doim bir gapni qaytarardi: «Xotiningni xafa qilma, bolam. Umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan». Gulya har ehtimolga qarshi «profilaktika» uchun shunday deganini bilib, Iskandar battar g‘azablandi: «Uyat bormi sanda?» — Gulya kinoyali kuldi: «Uyat nima qiladi menda, hammasini yig‘ishtirib sizga bergan».
«Mana endi hammasi tamom bo‘ldi. Hammasi». Iskandar hovlida odamlar kuymanib yurganini payqar, ammo hech nimani" ko‘rmas edi.
Chekkisi keldi. Shimining cho‘ntagiga qo‘l suqsa, sigaret yo‘q. Hali ishxonada stol ustida qolib ketaveribdi. U ma’nosiz nigohini ro‘parasidagi bostirmaga tikdi. Loysuvoq tom yupqalashib qolibdi. Katalakdek derazaning bir ko‘zi singan, oynalari xiralashib ketgan.
Ajab, oxirgi marta qachon keluvdi bu hovliga? Ha, bayram arafasida, yettinchi martda kelgan edi. Tushlik tanaffusidan foydalanib, birrov keldiyu ketdi. Odatdagidek shoshib turardi. Keyin, Gulya mehmon keladi deb qo‘ygan... Onasini to‘rtta choy, sovun bilan qutladi. Mashina kutib turganini bahona qilib tuflisini ham yechmadi. Onasi shoshib qoldi. Yalpiz somsa qilgan ekan.Majbur qilib shundan bittasini yedirdi. Iskandar mashinaga o‘tirganda harsillab yugurib chiqdi. Ro‘moli qiyshayib yelkasiga tushib ketgan. Qo‘lida eski gazetaga o‘rog‘lik bir nima. «Ma, - dedi mashinaning qiya ochiq eshigidan uzatib. - Gulandomniyam og‘zi tegsin». Iskandar gazeta ostidan issig‘i sezilib turgan somsalarni mashinaning orqa oynasi tagiga tashlab eshikni yopdi... O’shanda onasini oxirgi marta ko‘rayotganini bilsa edi! Bugun nechanchi o‘zi? O’n ikkinchi iyul. Bundan chiqdi uch oydan oshibdi. Uch oy! Nahotki shuncha vaqt ichida bir soat vaqt topolmadi? Topardi, xohlasa albatta topardi...
U allakim o‘zining otini aytib chaqirayotganini idrok etib, boshini ko‘tardi. Qarasa, jinsi shim kiygan talabanamo yigit yelkasida karton quti ko‘tarib turibdi. Iskandar uni tanimadi. Talmovsirab qaragan edi, yigit so‘radi:
— Qayoqqa qo‘yay?
Iskandar hech nimaga tushunmadi. Yuki og‘irroq bo‘lsa kerak, yigit qutini qo‘sh qo‘llab chiranib yelkasidan oldi-da, so‘ri burchagiga - soyaga qo‘ydi. Iskandarning ko‘zi qutiga yopishti-rilgan etiketkaga tushdi. «Qoraqum». Zum o‘tmay boyagi yigit tag‘in bir quti ko‘tarib keldi. Uniyam so‘ri ustiga, boyagi qutining yoniga qo‘ydi.
— Mayiz, - dedi sekin.
Shundagina Iskandarning xayoliga keldi: «Pulini berish kerak».
— Shoshmang, — dedi cho‘ntagini kavlab. — Necha pul bo‘ladi? Yigit to‘xtab qoldi. Hayron bo‘lib unga tikildi.
— Necha so‘m? — dedi Iskandar ovozi xirillab. Yigit negadir yerga qaradi.
— Otinoyim... — Shunday dedi-yu, u yog‘ini gapirmadi. Ko‘zi-ga shu qadar ma’noli tikilib qaradiki, Iskandar beixtiyor pulni qaytib kissasiga soldi. Yigit ohista burildi-da, indamay ketaverdi. Qiziq, nima demoqchi bo‘ldi u! «Otinoyim mening ham onam edi, sen pastkash hamma narsani pulga chaqasanmi», dedimi! Kim o‘zi bu yigit? Nimaga Iskandar uni tanimaydi? Umuman, o‘zidan boshqa — Iskandar Vahobovichdan boshqa kimni taniydi?!
Bir mahal u kavshandozda Kelinoyi imlab chaqirayotganini ko‘rdi. Paranjili yuvg‘uvchi oqsoqlanib zinadan tushib kelardi. Kelinoyi yoshdan qizargan ko‘zlarini Iskandarga tikdi.
— Otinoyimning ziraklarini yuvg‘uvchiga berdik, — dedi sekin. - O’zlari vasiyat qilgandilar.
«Yuvg‘uvchi», «vasiyat...» Bu so‘zlar Iskandarga xunuk, sovuq eshitilar, go‘yo bu gaplar hammasi yolg‘ondek, tushida bo‘layotgandek edi. Hozir uyg‘onib ketadi-yu, yengil tortadi.
— Mana... Olib qo‘ying...
Iskandar merovsirab Kelinoyining qo‘liga qaradi. Ikki lo‘ppi choy. «Indiyskiy».
— Ikkitasini yuvg‘uvchiga berdik. Rozi bo‘ling. - Kelinoyi titrayotgan labini tishladi..— To‘rtga edi. Sakkizinchi martda olib kelgan ekansiz. Otinoyim... Otinoyim... - Kelinoyi en-tikib qoldi. — Barkash orqasiga bekitib qo‘ygan edilar. Birov kelsa, Iskandarim obkelgan choydan damlang, dutor chalib turgan choydan, derdilar. Men boshqa choy damlardim. Bunisini Otinoyim har kuni hidlab-hidlab barkash orqasiga bekitib qo‘yardilar.
Iskandar boshi g‘uvillab borayotganini, hozir yiqilib ketishini his etib turardi. Kelinoyi «dutor chalib turgan» hind choyini peshayvon taxtasiga qo‘ydi. Burnini torta-torta yig‘lagancha ko‘ylagining yoqasidan qo‘yniga qo‘l suqib, eski gazeta qog‘oziga o‘roqlik allanima chiqardi.
- Olib qo‘ying, - dedi qog‘ozni uzatib. — O’limligim deb, yostiqlarining orasiga tiqib qo‘ygan edilar. Siz tashlab ketgan ekansiz. Qirq so‘mini yuvg‘uvchiga berdik. Ikki yuz oltmish so‘m qoldi. Sanab oling. - U gazeta qatini ochib, bir so‘mlik, uch so‘mlik pullarni Iskandarga uzatdi.
Qachon, qachon shuncha pul bergandi u onasiga!! Bu qandoq jazo! Bu qandoq bedodlik! Shu kunidan ko‘ra onasi emas, o‘zi o‘lgani yaxshi emasmidi!!! Onasi bir so‘mlab yiqqan pensiya pulini ham Iskandarim berdi degan. Shu gapga o‘ziyam ishongan, boshqalarniyam ishontirgan. Qani endi ko‘kragini shundoq yirtsa-yu, yuragini sug‘urib olib yerga uloqtirsa!
Ich-ichidan otilib kelgan bo‘g‘iq yig‘idan titrab, pulni tashlab yubordi. Bir so‘mlik, uch so‘mliklar parishon pirpirab kavshandozga tushdi.
... Iskandar hovliga, undan yo‘lakka otildi. Uzun atlas lozim kiygan qandaydir kelinchak tor yo‘lakka «shakarob» qilib suv separ, sachramaslik uchun qo‘lidagi paqirni borgan sayin pastroqqa egar edi. Ochiq darvozadan zabardast yigit kirib keldi. Iskandar uning aftini ko‘rmadi. Yigit maykachan yelkasiga yo‘l-yo‘l dasturxon tashlab olgan, yelkasi aralash gardaniga ortilgan bir qop un zalvari ostida ikki bukilib kelardi. Iskandar bir tomonga, suv sepayotgan kelinchak bir tomon-ga chetlab yo‘l berishdi. Yigit yalang oyoklarini gurs-gurs bosgancha Iskandarning oldidan o‘tib, hovliga kirib ketdi.
Iskandar darvozadan chiqdi-yu, to‘xtab qoldi. Eshik oldiga tumonat odam to‘plangan, tor ko‘chaga mashina sig‘may ketgandi. Qiziq, qayoqdan keldi shuncha mashina! «Ishxonadan bo‘lsa kerak», degan o‘y xayolidan lip etib o‘tdi. Ammo o‘sha ondayoq bular «Jiguli»,«Moskvich» mashinalari ekanini, ishxonadan faqat o‘zining mashinasi bir chekkada turganini payqadi.
Nariroqda yuk mashinasi turibdi. Mashina ustida ikki o‘spirin turib olib, yig‘ma stollarni, xarraklarni uzatib beryapti. Pastda esa to‘rt yigit stollarni paydar-pay tushi-rishib, bir chekkaga olib qo‘yishyapti.
Iskandar tut panasida turgan tobutni ko‘rib, ko‘ngli uzilib ketdi. Tobutdan beriroqda, hozirgina mashinadan tushirilgan xarraklarda salla o‘ragan, yaktak kiygan chollar o‘tirishibdi.
— Bandalik-da, ukam!
Iskandar yonida turgan mahalla oqsoqoli Shokir akaga ma’nosiz qarab qo‘ydi.
— Hammaning boshida bor, - oqsoqol xo‘rsindi. — Onamiz boshqacha edilar-da, jannati xotin edilar.
Keyin oqsoqolning poxol shlyapa kiygan «zami» Iskandarning qo‘lini qisdi.
— Necha yoshda edilar? — dedi sekin.
«Buning nima ahamiyati bor?! - Iskandar shuni o‘yladi-yu, daf’atan xayoliga boshqa fikr keldi. - Darvoqe, necha yoshda edi onasi! Ha, o‘n sakkizinchi yil edi. O’zi qirq ikkinchi yilda tu-g‘ilgan bo‘lsa, demak, onasi yigirma to‘rt yoshda beva qolgan ekan».
O’zini quchoqlagan to‘nli kishini Iskandar daf’atan taniy olmadi. Keyin bildi: qaynotasi. Zarif Hodievich uning peshonasidan ohista o‘pdi.
- Bardam bo‘ling, o‘g‘lim, - dedi sekin. - Ota-ona o‘lmog‘i farz...
Keyin kimdir yelkasiga turtdi. Qarasa Xolmat aka.
- Bu yoqqa yur, — dedi-yu, uni yo‘lakka boshlab kirdi. Devor tagidagi kursida yotgan to‘nni kiygizdi, beliga belbog‘ o‘radi. Qati buzilmagan do‘ppi uzatdi, — kiyib ol!
Do‘ppi kichkina ekan. Iskandar kafti bilan bosib-bosib tashqariga yo‘nalarkan, Xolmat aka yana pichirladi:
- Laylaktepaga olib boramiz-da, a! O’zlari aytgan ekanlar. Iskandar yuk mashinasi faqat stol-stulni olib kelishga mo‘ljallanmaganini tushundi. Laylaktepa olis, to‘rt chaqirim keladi. Oyog‘i ostida o‘ralashayotgan o‘n-o‘n ikki yashar bolakaylar ham to‘n kiyib, belini bog‘lab olganiga avval hayron qoldi-yu, keyin tushunganday bo‘ldi. Ehtimol, Xolmat akaning bolalaridir, ehtimol, qo‘shni bolalardir...
... Old tomoniga paranji, orqasiga mursak yopilgan tobutni olib chiqishganida hammayoq dilni o‘rtovchi faryodga to‘lib ketdi. Kelinoyi, Bahri xola, Muattar xola, allaqanday qizlar, kelinlar chuvvos solib tobut ketidan yugurishdi.
- Voy onam!
- Ro‘shnolik ko‘rmagan onam!
To‘n kiyib, belbog‘ bog‘lagan bolakaylar ko‘zidan duv-duv yosh oqib: «Buvijonim, buvijonim!» deb chirillashar edi. Xolmat akaning mo‘ylovi ho‘l bo‘lib ketgan, nuqul titrardi.
- Hammamizning onamiz edingiz-a!
Yo‘q, Iskandar o‘ylagandek tobutni mashinaga ortishmadi. Yelkada ko‘targancha yo‘lga tushishdi. Iskandar tobut bandidan ushlab olti-etti qadam yurgan edi, uni siqib chiqarishdi. U tobut bandiga hadeb qo‘l cho‘zar, ammo navbat tegmas edi. Tanish-notanish odamlar goh oldinga, goh orqaga o‘tib talashib-tortishib tobutga yopishar, har kim iloji boricha ko‘proq ko‘tarishga, yelkasini uzoqroq tutib berishga harakat qilar edi.
Bekatga chiqishganda trolleybus kelib qoldi. To‘xtashi bilan duv etib o‘ttiztacha erkak tushdiyu tobutga yopishdi.
- Kim? - deb so‘radi ziyolinamo ko‘zoynakli yigit Iskandarning yonida ko‘z yoshini to‘nining yengiga artib-artib ketayotgan Xolmat akadan.
- Otinoyim!
- Ie! — ko‘zoynakli yigit rangi o‘chgancha tobutga qaytadan tirmashdi.
Endi katta ko‘cha odamga to‘lib ketgan, orqada trolleybus to‘xtab qolgan, ro‘paradan kelayotgan yengil mashinalar chekkaga chiqib to‘xtar, haydovchi ham, yo‘lovchilar ham shu tomonga yugurishar edi.
- Kim?
- Otinoyim!
- Ie!
Ko‘chada harakat butunlay to‘xtab qoldi. Burilishga yetganlarida Iskandar beixtiyor orqasiga qaradi. Odamlar oqimi ikki bekat orasiga cho‘zilib, butun ko‘chani to‘ldirib kelar, tobut ularning yelkasida osoyishta tebranib borar, oqimga esa yangidan-yangi odamlar kelib qo‘shilar, qo‘shilar, qo‘shilar edi...

Ўткир Ҳошимов. Янга (ҳикоя)

Чоп этилган11.04.2012МуаллифZiyouz.uz

Акмал қўнғироқ тугмасини босиши билан ичкаридан овоз эшитилди:
— Ана, Акмалхон келдилар.
«Келинойим», деб ўйлади у янгасини овозидан таниб.
Янгаси негадир унинг исмига «хон» қўшиб гапирарди.
Акмал янгаси келганидан қувонди. Ҳар сафар уни кўрса онасини кўргандек бўларди.
Эшикни янгасининг ўзи очди. Акмалнинг елкасидан қучоқлаб кўришди. У яшил жемпер кийган, штапель дурра ўраб олган, қорача, озғин юзида ийманувчан табассум бор эди. Акмал унинг қўлидаги оддий хўжалик сумкасини кўриб, кетишга ҳозирланаётганини пайқади.
— Нега отланиб олдингиз? — деди астойдил ранжиб.
— Болалар ёлғиз, — деди янгаси туфлисини кияркан. — Қоронғи тушмасдан бора қолай.
— Акам бор-ку, — деди Акмал ҳамон унинг кетишини хоҳламай.
Янгаси яна ийманган қиёфада жилмайди:
— Чойхонага чиқадилар, биласиз-ку.
Ёнбош томондаги ошхонадан парча гулли халат кийган, олдига клеёнка фартук тутган Клара чикди.
— Овқатга туринг десам, кўнмаяптилар, — деди у гоҳ эрига, гоҳ овсинига қараб.
— Майли, ўзинглар боринглар, — янгаси эшик тутқичидан оҳиста тутиб, ташқари чиқди.
Акмал уни зинадан кузатиб қайтиб кирганида ошхонада жаз-буз эшитилар, уйни пиёздоғ ҳиди тутиб кетган эди.
— Келинойим қачон келувди? — сўради у гўшт қовураётган хотинидан.
Клара ачишган кўзини кафтининг орқаси билан артиб, унга юзланди.
— Яқинда.
— Бирон юмуши бор эканми?
— Нима юмуши бўларди, пул сўрайди-да…
Акмал хотинининг овозидаги пичингни пайқаб, кўнгли ранжиди.
— Неча марта пул сўради сиздан? — деди зарда билан.
Клара капгирни тарақлатиб столга ташлади.
— Сўрамаса, энди сўрайди. Бир марта берсангиз, келаверади. Нима, бизнинг пул заводимиз борми?!
Клара оиласида ёлғиз қизлиги учунми, келин бўлиб тушгандаёқ овсинини хуш кўрмаган эди. Квартира олиб бу ёққа кўчиб келишгунча анча майда-чуйда гаплар ўтган, уларнинг кўпига хотини сабабчи бўлганини Акмал биларди, аммо индамаган эди. Ҳозир ғаши келди. Бизнинг пулимизга зор қақшаб қолган жойи йўқдир, — деди овози бўғилиб. — Мухтож бўлгандир, бирон нарсага керак бўлиб қолгандирки, сўрагандир.
— Нега муҳтож бўлсин?! Эри ишлайди, ўзи ишлайди. Режаси билан ишлатсин! — Клара гап тамом, дегандек, индамай бурилиб қозонини кавлашга тушди.
Акмал хотинининг халат остидан тирсиллаб турган бўлиқ елкаларига, капгирни чаққон айлантираётган тилла узукли қўлига бирпас қараб турди-да, бурилиб, хонага кириб кетди. Ҳали уйга кирганида янгаси нимагадир ийманиб жилмайиб турганини, нима учун шошилиб кетиб қолганини энди тушунди. Хотинининг мих қоққандек қарсиллатиб муомала қилишидан, ўзи бўлса жиловини шунчалик бериб қўйганидан ғаши келди. «Бўйнини эгиб пул сўраб келиш осонми? Қиш келяпти. Болалардан биронтасига иссиқ кийим олмоқчидир. Топгани етмаётгандир. Бунинг устига акамнинг ичиши бор…» У диванга чалқанча ётганча шуларни ўйлар, ўйлаган сайин кўнгли ғаш бўларэди.
Ўртадаги эшик очилди. Акмал хотини ўзига қараб турганини пайқаб, индамай ётаверди.
— Яна қанча ётасиз, — деди Клара тағин ўша ўйиб олувчи оҳангда. — Лолани ким олиб келади?
— Билмайман, — деди Акмал каравот тепасига илинган арабий гилам гулларини томоша қилган бўлиб. — Боғчага ҳар куни мен боришим шарт эмас.
— Бўлмаса, овқат қилинг!
Акмал гилам томонга ўгирилиб олди.
— Масалан, мен овқат емайман, — деди совуққонлик билан.
— Қаранг-а, мен сизнинг тўйиб келишингизни билмабман. — Клара эшикни қарсиллатиб ёпиб чиқиб кетди. Зум ўтмай ташқи эшикнинг калити шиқирлади.
Акмал ўша алфозда ётганича хотинини ҳам, қизини ҳам эмас, негадир янгасини ўйларди.
Адҳам акаси уйланганда Акмал учинчи курсга ўтган эди. Механика-математика факультетида фанлар оғир бўлгани учунми, ё ўзининг қобилияти сустроқмиди, хуллас, стпендияга илинмади. Онаси мактабда йигирма беш йил фаррошлик қилиб, пенсияга чиққан, унинг нафақа пули Акмалнинг жонига ора кириб турарди.
Янгаси келин бўлиб тушганида ҳам қоп-қора, озғин қиз эди. Акмал ўзидан нари борса икки ёш катта бу қизга аввалига унчалик кўниколмай юрди. Негадир ундан ўзини олиб қочар, янгаси пайпоғиними, майкасиними юваётганини кўриб қолса, ийманар, онасига «ўзингиз ювмабсиз-да», дерди. Аммо онасининг кун сайин нари кетаётганини, оёқ-қўллари шишиб, ётиб қолганини Акмал биларди. У ҳар куни ўқишга кетаётганида онаси ётган хонага кириб, ундан аҳвол сўраб ўтарди. Шунақа пайтларда ҳар доим онасининг тепасида янгаси ўтирганини кўрарди.
Худди шунақа эрта куз кунларидан бирида у ўқишдан қайтганида, эшик тагида тўпланиб турган одамларни кўриб ҳаммасига тушунди. У қачондир шу ҳодиса рўй бериши муқаррар эканини биларди. Аммо назарида бу нарса ҳеч кутилмаганда рўй бергандек, аллақандай адолатсизлик бўлгандек туюлди. У бир ҳовли хотинлар орасидан ўтиб, онаси ётган хонага отилиб кирди. Қизиқ, ўшанда у йиғламади. Йиғлай олмади. Фақат тонг саҳарда ўқишга кетаётганида онасининг қилган дуосини эслади: «Тупроқ олсанг, олтин бўлсин, болам. Умринг узоқ бўлсин…»
Ўша кундан бошлаб Акмал энг катта таянчи йўқолганини тушунди. Энди унинг ҳаёти чалкашиб кетгандек, алланима ўзгариши керакдек туюларди. Ўқишдан кўнгли совий бошлади. Стипендия олмаса, кап-катта йигит бировга тирик товон бўлиб ўтирса…
Уйдаги ҳаёт ўша-ўша давом этарди. Худди онаси бор вақтдагидай ҳар куни каравотининг бошидаги стул суянчиғида дазмолланган шим, оппоқ рўмолча, ёқаси қордек тоза кўйлак, чўнтагида ҳар кунги тушлик учун пул.
Акмал буларнинг ҳаммасини янгаси қилаётганини биларди. Акасининг топгани ўзидан ортмайди. Янгаси қурилишда ишлайди. Ўз эрининг ташвиши етмагандай, тонг-саҳарлаб туради. Акмалнинг кир-чирига қарайди.
Янгаси оғироёқ бўлганидан кейин таътилга чиқди. Ҳамон Акмалнинг ёнидан пул аримасди. Лекин ўзи энди бу аҳволда юриш мумкин эмаслигини тушунди. Ўқишдан бутунлай айниди. Бир куни акасига қатъий қарорини айтди:
— Мен ишга кираман.
Акаси тайинли бир гап айтмаса ҳам, Акмал унинг қарши эмаслигини билди. Эртасига у кеч уйғонди. Ўша қиш тонги асло эсидан чиқмайди. Акмал уйғонганида чўян печкада ўт гувиллаб ёнар, янгаси печка олдида чўнқайиб ўтирганча хаёлга толган, гўё ухлаб қолганга ўхшарди. Акмал печка ғирасидан тушаётган ёғдуда янгасининг доғ босган юзини кўриб, янаям озиб кетганини, чеҳраси ғамгин эканини сезди.
Каравот ғирчиллаганини эшитиб, янгаси ярқ этиб, унга қаради. Аммо ўрнидан жилмади.
— Акмалхон, мен эшитдим, — деди у паст товушда. Кейин бир зум жим қолди-да, уф тортди: — Майли, бизни ўйламай қўя қолинг. Ойимнинг арвоҳини чирқиллатгани қўрқмайсизми? Ойим сизни менга топшириб кетганлар.
Акмал янгасига қаради-ю, кўзларида ёш айланаётганини, бу гапларни юракдан эзилиб айтаётганини сезди. Сезди-ю, ўзининг ҳам юраги орзиқиб кетди. Шу тобда янгасининг кўксига бошини қўйгиси, доғ босган юзларини силагиси, нимадир деб узр сўрагиси келиб кетди. Ўшанда у мана шу янгаси ўз онасидай азиз бир одам эканини ҳис қилди. Мана, у ўқишни ҳам битирди. Бола-чақалик бўлиб, янгасидан кўпда хабар ҳам ололмайдиган бўлиб қолди…
Эшик калити шиқирлаганини эшитиб, Акмал қаддини ростлади. Йўлакда Кларанинг товуши эшитилди:
— Телевизор кўрасанми, Лола? Ҳозир мультик бўлади.
— Йўқ, дадамга бораман…
Эшик очилиб, жамалак сочига оппоқ лента тақиб олган Лола чопқиллаб кирди-да, Акмални қучоқлади. Ўша томондан яна Кларанинг овози келди:
— Қўй, Лола, дадангга тегма, чақиб оласан. Акмал қизини етаклаб йўлакка чиқди.
— Келинойим неча сўм сўради?
Ошхонага кириб кетаётган Клара, ҳалиям ўша гапми дегандек, бурилиб қаради.
— Нимайди?
Акмал индамай ётоққа кирди-да, Кларанинг пардоз қутисини очди. Уларнинг пули, одатда, шу қутида турарди. Пул ажратиб олаётганида ошхона томондан тағин Кларанинг овози эшитилди:
— У пулга тегманг. Лолага шуба олишим керак. Акмал индамай йўлакка чиқди. Туфлисининг боғичини боғлаётганида тепасига хотини келганини кўриб қаддини ростлади. Кларанинг ранги ўчиб кетган, нафис бўёқ юргизилган бежирим лаблари пирпираб турарди.
— Уларнинг боласи бола бўлганида меники бола эмас-ми, — деди у овози титраб. — Нега боланинг насибасини қиясиз, ё ўтқазиб қўйган жойи борми?
— Овозингни ўчирасанми, йўқми?! — деди Акмал бақириб.
Клара ҳайрон бўлганидан эрига тикилиб қотиб қолди. Улар лабораторияда бирга ишлашар, севишиб турмуш қуришган, тўрт йилдан буён бирон марта эри унга сан демаган, бақирмаган эди.
— Обора қолинг, — деди Клара йиғламсираб. — бор-йўғингизни обориб бера қолинг, ўша гадойваччаларга!
Акмал яна бир дам турса катта жанжал чиқишини билиб, эшикни қарс этиб ёпиб, чиқиб кетди.
…Акмал шаҳар чеккасидаги ҳовлиларининг темир дарвозасини тақиллатганда вақт алламаҳал бўлиб қолган, сутдай тўлин ой пастак уй рўпарасидаги олчаларнинг сарғая бошлаган япроқларини аллалар, майин шабада эсиб турарди.
Эшикни нимча кийиб олган янгаси очди.
— Тинчликми, Акмалхон? — деди хавотирли оҳангда. Чамаси, Акмалнинг важоҳатидан жаҳли чиқиб турганини пайқаган бўлса керак.
— Ўзим, — Акмал ичкари кириб, гапни атайлаб бошқа ёққа бурди. — Акам келдиларми?
— Э, ҳали келмайдилар. Болаларни энди ухлатувдим. Юринг.
— Сўрида ўтира қолайлик, — деди Акмал олма тагидаги темир панжарали сўрига имо қилиб.
Янгаси уйдан дарров кўрпача олиб чиқди. Акмал чиннидай қилиб супурилган ҳовлидан юриб бораркан, димоғига гуп этиб райҳон иси урилди. Бу ҳид унга алланечук қадрдон, аллаловчи туйғуларни эслатди. Онаси ҳар йили райҳон экар, «Райҳон файзли бўлади, болам», деб қайта-қайта такрорлар эди. Чиндан ҳам мана шу ҳид бутун ҳовлига қандайдир осойишталик бахш этгандай бўларди.
Акмал сўридаги кўрпачада ёнбошлаб атрофни кузатди. Лой том устидан шифер қопланганини айтмаса, ҳеч нима ўзгармаган эди. Ўша икки уй, бир айвон, устундаги узун михга бир тутам исириқ илиб қўйилибди. Ўша кафтдеккина, озода ҳовли, бўйра бўйи жойга экилган райҳон. Олма шохига илинган лампочка. Ўша сўри… Сўрининг шундоқ ёнига икки дона олма тушибди. Сап-сариқ…
Ошхона томондан янгасининг ўтин ёраётгани эшитилди.
Акмал ўгирилиб қаради. Янгаси ҳовли этагидаги ошхона эшиги олдида чўнқайиб ўтирганча ўтин ёрарди.
— Қўйинг, кеннойи, мен кетаман, — деди Акмал.
Янгаси ҳозир, деди-ю ишини қилаверди.
Қизиқ, ошхона ҳам, унинг ёнбошида деворга тираб тикланган тандир ҳам ўша-ўша, тандир остига худди ўша кезлардаги каби ўтин тахлаб қўйилган эди.
Бир маҳаллар, Акмал болалик чоғида, онаси шу тандирда зоғора нон ёпар эди. Тандирдан чиққан биринчи зоғоранинг ярмисини ушатиб, сопол пиёладаги сутга тўғраб берарди. Акмалга дунёда ивитилган зоғорадан лаззатлироқ таом йўқдек туюларди.
У ҳозир ҳам ўша нон таъмини сезгандай ютиниб қўйди-да, секин энтикди.
Эрта куз кечасига хос чуқур сукунат чўкди. Фақат онда-сонда бир шамол келиб, олма япроқларини дув тўкиб кетади. Кейин яна сукут қуйилади. Олисдан тепловоз товуши келди. Гулдираб ўтаётган поезднинг бир меъёрда гувиллаши эшитилди. Овоз пасая-пасая тиниб қолди. Бу товуш Акмалга яна болалик дамларини эслатди.
Бир вақтлар мана шу сўри ўрнида супа бўларди. Онаси ётар чоғида кўлоблатиб сув сепар, бутун ҳовлини райҳон ҳиди тутиб кетарди. Акмал онаси билан Адҳам акасининг ўртасида кўрпадан бошини чиқариб, осмонга тикилиб ётар, узоқ вақт ухлай олмай хаёл сурарди. У ишчи батальонига кетиб, ўша ерда вафот этган отасини эслай олмас, аммо онасининг бир гапи гўдак хотирасига ўрнашиб қолган эди.
«Ўлган одамнинг жони осмонга чиқиб, юлдузга айланиб қолармиш». Акмалнинг назарида осмондаги энг ёрқин юлдуз отасининг жони бўлиб туюлар, ўша юлдузга учиб кетгиси келарди. Ҳозир ҳам негадир ўша туйғу юрагини қамраб олди. Болалик дамларга бир зум қайтгиси келди. Лабораториядаги мураккаб тажрибалару Кларанинг инжиқликлари ҳам, бугунги дилсиёҳлик ҳам, ҳаммаси бачкана, майда нарсалар бўлиб кўринди. Қанийди онаси тирилиб келса-ю, бир кеча мана шу сўрида осмонга, юлдузларга, тўлин ойга тикилиб ётса.
Бир қўлида чойнак, бир қўлида тухум қовурдоқ кўтарган янгаси темир зиналардан чиқиб келди. Акмал қаддини ростлаб ўтирди. Янгаси нон ушатди, чой қуйди.
Акмал иштаҳасиз бир тарзда нон кавшаркан, гапни нимадан бошлашни билмай тараддудланарди. Тайин гап-ки, Клара пулимиз йўқ деган, энди нима дейди? Хотиним сизни алдаган экан, дейдими?
— Асқар катта бўпқолгандир, — деди у анчадан кейин. Янгасининг юзига табассум югурди.
— Ҳа, беш билан ўқийди. Дастёр бўпқолди. — У бир лаҳза жимиб қолди-да, яна жилмайди. — Бу йил Лайло ҳам мактабга боради.
Акмал баҳона топилганига суюниб кетди.
— Шунақами? Қаранг, дарров мактабга борадиган қиз бўлиб қолдими? — У ҳамон кулганча асосий мақсадга кўчди. — Лайлога биронта совға олмоқчи бўлиб юрувдим. Ҳали дурустроқ гаплаша олмадик. Кларанинг хабари йўқ, бугун мен ойлик олувдим. — У чўнтагидан пул чиқариб, дастурхон четига қўйди. — Ўзингиз биронта қишлик кийим олиб берарсиз, келинойи…
Акмал ёлғон гапираётганини, гаплари сунъий чиқаётганини билиб, тўхтаб қолди.
Янгаси ярқ этиб, унинг юзига қаради.
— Раҳмат, Акмалхон, — деди оҳиста товушда. Унинг овозида зарда ҳам, ўкинч ҳам йўқ эди. — Болаларнинг кийими етарли, — деди дастурхон попугини ўйнаб. — Бошқа нарсага зарур бўлиб қолувди… Биласиз, индинга ойим вафот этган кунларига ўн йил тўлади. Шунга узоқ-яқин қариндошларни чақирмоқчийдик. Озроқ етмайтурувди…
Акмал сесканиб янгасига қаради-ю, ҳайкалдай қотиб қолди. Янгаси ҳамон дастурхон попугини ўйнаб ўтирар, чамаси, ҳозир ҳамма нарсани унутиб, қайнонасининг хотирасини ўйлар эди.

Laylak O'tkir Hoshimovning

"Daftar hoshiyasidagi bitiklar"kitobidan olindi

Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Bola g’or edi, bola go’dak edi... Kunlarning birida onabola qishloqqa –uzoq qarindoshlarinikiga boradigan bo’lishdi. Ona qaddini g’oz tutib, teztez yurib borar, bola esa alang-jalang qilib atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi.
Qishloq guzarida yarmini yashin uchirib ketgan bahaybat chinor bor ekan. Bola daraxtni ko’rib angrayibqoldi: chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida supradek kattakon uya qorayib ko’rinar, uyada esa oyog’i, tumshug’i uzun bir qush turar edi. Bola mo’jiza ko’rgandek taqqa to’xtab qoldi.
- Anavi nima, oyi?- dedi o’sha tomondan ko’z uzmay.
-Laylak, o’g’lim, laylak!- ona o’g’lining boshini silab qo’ydi. – Yura qol, jonim.
Bola hech qachon bunaqa qushni ko’rmagan edi. Qush negadir bir oyoqlab turardi. U yana to’xtab qoldi.
-Nima u, oyi? –dedi tag’in chinor uchiga ko’z tikib.
-Laylak, o’g’lim, laylak.
- Nimaga bir oyoqda turibdi?
Ona kuldi:
- Bir oyog’i charchagandir-da. Yura qol, jonim.
Bola hech qachon bunaqa qushni ko’rmagan edi. Qush negadir bo’ynini cho’zib
tumshug’ini osmonga qaratib silkitar, shunda “tarak-tarak” degan ovoz eshitilardi.
Bola tag’in to’xtab qoldi.
- Nima o’zi u, oyi?
Uning ko’zlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona shoshib turardi. Mingta yumushi
bor edi. Hali shaharga qaytishi kerak.
-Laylak dedim-ku, jinnivoy,- deb ohista egilib, o’g’lining yuzidan o’pdi. – senga salom
beryapti-da.
Ona yosh edi. Ona navjuvon edi.
... Oradan o’ttiz besh yil o’tdi. Bola yigit bo’ldi. Ona keksayib qoldi. Oyog’idan mador,ko’zidan nur ketdi.
Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana o’sha qishloqqa borib qoldilar. Yigit qaddini g’oz tutib tez-tez yurib borar, ona esa toliqqan oyoqlarini, og’ir-og’ir ko’tarib bosgancha harsillab kelardi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor ekan. Buni qarangki, chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida hamon supradek kattakon uya qorayib ko’rinar, uyada esa oyog’I, tumshug’i uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qo’ydiyu
qadamini tezlatdi.
Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan ko’zlarini chinorga, chinor shoxida qorayib turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa ko’ziga g’alati ko’rindi.
- Anavi nima, o’g’lim? – dedi to’xtab.
-Laylak, oyi, laylak!
Ona yaxshi eshitmadi. Uch-to’rt qadam yurib yana to’xtab qoldi. Savatdek narsa ichida bir nima oqarib ko’rinyapti. Qiziq...
-Nima, o’g’lim? – dedi ko’zlarini pirpiratib. O’gil taqqa to’xtadi. G’ashi keldi. O’zi shoshib
turibdi: mingta ishi bor! Odam qariganidan keyin ezma bo’lib qolarkan-da!
-Laylak! –dedi jerkib. –Laylak deyapman-ku, karmisiz!
Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi. Nachora, yigit yosh, yigit navqiron. Uning yumushi ko’p. hali shaharga qaytishi kerak… Uning yumushi ko’p. hali shaharga qaytishi kerak… Uning g’or, go’dak bolalari bor…

ODIL YOQUBOV. MUZQAYMOQ (HIKOYA)

O’sha oilamiz boshiga og‘ir kulfat tushgan kuni, men, o‘n yashar bola, nimadandir ko‘nglim g‘ash, uyimiz ro‘parasidagi paxsa devorga chiqib, o‘zimcha go‘yo otga minib o‘tirardim.
U mahalda biz Turkiston shahrining eng so‘lim joylaridan biri — Lager ko‘chasida ikki xonadan iborat, oldi ayvon, o‘sha zamon imkoniyatiga ko‘ra tuzukkina uyda istiqomat qilardik. Bu uyning kattagina hovlisi ham bor edi. Ikki qavatli ulkan darvoza orqali kiradigan bu hovlida bizdan tashqari yana bir nechta xonadon yashardi. Darvozaning ustida quruq pichan saqlanadigan boloxona bo‘lar, biz, bolalar oqshom paytlari berkinmachoq o‘ynaganda boloxonaga chiqib pichan tagida «jon saqlardik».
Oilamiz boshiga musibat tushgan o‘sha mash’um kundan bir necha oy muqaddam dadam uyimizdagi deyarli barcha kitoblarni uch-to‘rt qopga solib, beda tagiga yashirganu, boloxona eshigiga otning kallasidek qulf osib qo‘ygandilar. Endilikda boloxonaga hech kim kirolmas, faqat men goho-goho tuynukdan tushib, qoplardagi kitoblarni, ayniqsa sersurat, qalin kitoblarni tuynuk shu’lasiga solib, tomosha qilib o‘tirishni yoqtirardim.
Bu suratlar ham juda g‘alati, ularning aksari charm palto kiyib, bellariga qilich va to‘pponcha taqib olgan harbiy, ba’zilari esa ot o‘ynatgan, qizil alvon ko‘tarib dushman sari ot surib ketayotgan mardu maydonlar bo‘lsa ham, negadir barchasining ko‘zlari o‘yib olingan yoki yuzlariga ko‘k siyoh tortilgan edi. Nega shunday? Men bu sir-asrorning tagiga yetolmay qiynalardim, dadamlardan so‘rashga esa yuragim dov bermas, sababi, dadamlar qahri qattiq odam edi, «bu kitoblarni senga kim ko‘rsatdi» deb dashnom berishlari mumkin edi.
O’sha qora kun ham, nimadandir ko‘nglim notinch, kitob titish esimga tushib tomga chiqdim. Ammo tanish tuynukka yaqinlashganimda ko‘chaning boshida qo‘sh ot qo‘shilgan chiroyli foytunga ko‘zim tushdi. Sal o‘tmay, foytun darvozamiz ro‘parasiga kelib to‘xtadi. Undan o‘sha paytlarda barcha kattalar uchun rasm bo‘lgan yashil rang galife shim va gimnasterka kiygan o‘rta yashar ikki kishi bilan qizil ko‘ylakli, ko‘zlari qiyg‘och bir ayol tushdi. Erkaklardan biri tomda meni ko‘rib qolib:
— Egamberdi Jaqipovning uyi shulma? — deb so‘radi.
— Shu, — dedim men. Shu payt hovlidan chiqqan oyimlarning:
— Kelinglar, mehmonlar, xush kelibsizlar, — degan ovozi eshitildi. Men boloxona ustunidan sirpanib, yerga sakrab tushdim. Mehmonlar ichkariga kirishgan, oyimlar allaqanday hayajonda edilar.
— Dadangning mahkamasiga chop! — dedilar oyimlar negadir shivirlab — Ayt: SAKUda birga o‘qishgan og‘aynilaringiz kelishdi, de! Kutib o‘tirishibdi, tezroq kelar ekansiz, de! Ha aytmoqchi, biryo‘la maktabga borib, onang bilan pochchangga ham ayt — tezroq kelishsin. Dasturxon-pasturxonga qarashib yuborishsin!
Men negadir, aftidan «mehmon» so‘zidan ko‘nglim yorishib, ikki oyog‘imni qo‘limga olib chopa ketdim. Garchi pochcham bilan katta opamlar o‘qituvchilik qiladigan maktab dadamlar ishlaydigan mahkamadan xiyla narida bo‘lsa-da, avval o‘sha tomonga o‘tib, oyimlarning gapini opamlarga aytdim, so‘ng, hamon ikki oyog‘im qo‘limda, yalangoyoq, yalangbosh, ko‘cha changitib dadamlarning mahkamasiga qarab chopdim.
Dadamlar bir mahallar Qozog‘iston Xalq komissarlari kengashi qoshida tuzilgan mayda millatlar (asosan o‘zbeklar) xalq komissari lavozimida ishlagan. SAKUni tugatganlaridan keyin esa hozirgi Chimkent viloyatining Sayram rayonida birinchi kotib, keyinroq esa Qozog‘iston temir yo‘li Siyosiy boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifalarida xizmat qilganlar. Lekin keyingi yillar «Otang so‘fi bo‘lgan, sen buni yashirgansan», — degan aybnoma bilan pastga surila-surila, yumalay-yumalay oxir-pirovardida Turkiston tumani moliya bo‘limiga mudir etib tayinlangan edilar.
Rahmatli buvamlar Yoqub (jonlari jannatda bo‘lg‘ay!) haqiqatan Qarnoq qishlog‘ining eng katta masjidida to inqilobgacha so‘filik qilgandilar. Odamlarning aytishicha, u kishining ovozlari shu darajada zo‘r bo‘lgan emishki, har subhidam masjid mezanasiga chiqib azon aytganlarida nafaqat o‘n ming kishilik Qarnoq ahli, balki o‘ttiz chaqirim naridagi Turkiston namozxonlari ham eshitgan emishlar. Shu boisdan Qarnoq ahli buvamlarining ismlariga Shayx so‘zini qo‘shib, Yoqub shayx deb ataganlar... Lekin o‘n oltinchi yilgi qattiq qurg‘oqchilikda bobomiz Yoqub shayx og‘ir ahvolga tushganlar. Shu bois otamiz oilasini boqa olmay, bir-ikki qo‘y, bir-ikki qop g‘alla evaziga bir boyning o‘g‘li o‘rniga mardikorlikka ketganlar-u, uyoqdan bolshevoy bo‘lib qaytganlar. Shu-shu, ota-bola biri — shayx, biri — bolshevoy, qip-qizil sinfiy dushmanga aylanganlar.
Dadamlarning mahkamasi ulkan savdogar qurgan va endilikda partiya qo‘mitasi joylashgan ko‘rkam binoning shundoq biqiniga joylashgan edi. Men borganimda dadamlar ham idoradan chiqqan ekanlar. Meni uzoqdan ko‘rib darvoza oldida to‘xtadilar. Dadamlar to‘ladan kelgan, novcha, qirraburun, o‘sha davrda rasm bo‘lgan to‘mtoq mo‘ylovli, xushqad, salobatli kishi edilar. Egnidagi libosi hozir xotiramda yo‘q, agar yanglishmasam o‘sha mahalda Stalinga taqlidan kiyiladigan ko‘krak cho‘ntakli yashil kostyum va galife shim kiygan, oyoqlarida ham o‘sha zamonlarda rasm bo‘lgan g‘arch-g‘urch xrom etik.
Rahmatlik dadamlar, uyqusizlikdanmi, boshqami — ko‘zlari qizargan, allaqanday horg‘in ko‘rindilar menga. U kishi hansiray-hansiray aytgan gaplarimni eshitdilar-u, chehralari sal yorishib:
— Yur, bolam! — dedilar boshimni silab. — Senga bitta muzqaymoq oberay!
Boya aytganimdek, dadamlar diydasi qattiqroq, o‘ktam, kamgap odam edilar. O’sha kungacha men u kishining biror marta boshimni silaganlarini bilmasdim. Aksincha, hanuz esimdan chiqmaydi: dadamlar ur kaltak, sur kaltak tagidan chiqolmay, ishdan haydala-haydala oxir pirovardida qishloqqa qaytib, uyda ko‘kragini zaxga berib yotgan paytlar. Bir kun oyimlar qo‘limga pul va ikki-uch litrli grafin (dadamlar katta lavozimlarda ishlagan mahalda orttirgan nodir matoh) tutqazib:
— Do‘konga kirib qimiz olib chiq, dadang aytdilar! — dedilar.
Do‘konga kirsam qimiz tugagan ekan. Men parvoyi falak, qo‘limdagi grafinni o‘ynatib uyga qaytdim. Yo‘lim yog‘och va temir qoziqlar qoqilgan mol bozoridan o‘tardi. To‘satdan nimadir «shaq» etdi. Qarasam, qo‘limdagi grafin temir qoziqlardan biriga tegib, tangaday joyi o‘pirilib tushibdi. Yuragim orqamga tortib ketdi. Uyga qaytishga jur’at qilolmay anchagacha bog‘imiz poyidagi soy bo‘yida aylanib yurdim. Nihoyat, yuragimni hovuchlab uyga kirib bordim. Oyimlar meni ko‘rib:
— Qayoqlarda daydib yuribsan, bevosh? Dadang sho‘rlik kutaverib diqqinafas bo‘p ketdilar-ku! — deb koyidilar, so‘ng grafindagi teshikka ko‘zlari tushib, qo‘limdan ushlagancha ichkariga sudradilar.
Dadamlar ulkan, chorxari uyimizning to‘rida kitob varaqlab, yonboshlab yotardilar..
— Do‘konda qimiz yo‘q ekan, bu ham yetmagandek, o‘g‘lingiz grafinni sindirib qo‘yibdi... — Oyimlar shunday deb grafinni dadamlarning oldidagi xontaxtaga qo‘ydilar.
Keyinchalik oyimlar bu ishlaridan pushaymon bo‘lib ko‘p gapirganlar. «Nega shunday qilganimni o‘zim ham bilmayman, bolam, dadanglarning nochor ahvoli hammamizni ezib qo‘ygan edi», deguvchi edilar, rahmatlik.
Dadamlar shitob bilan qadlarnii rostladilaru xontaxtadagi grafinni olib, menga qarab otdilar. Zarb bilan otilgan grafin shundoq qulog‘im tagidan o‘tib (chamasi, jonholatda boshimni olib qochgan bo‘lsam kerak!) devorga tegib chil-chil sindi.
Men tura qochdim, qocharkanman, oyimlarning:
— Qimiz ham o‘lsin! Qimiz deb bolamni o‘ldirmoqchimisiz, adasi? — degan achchiq faryodini eshitdim.
Oyimlarning aytishicha, keyinchalik dadamlar ham bu qilmishidan ggushaymon bo‘lganlar. Kim bilsin, ehtimol boshiga og‘ir musibat tushishini sezib yurgani uchundir, ehtimol bir mahal dilimga ozor bergani esiga tushib, uni ko‘nglimdan chiqarmoqchi bo‘lgandir, har qalay, umrimda birinchi bor boshimni silab, muzqaymoq oberishga ahd qildilar.
Ko‘chaning narigi yuzida shahar bog‘i bo‘lar, bog‘ oldidagi maydonchada har xil suv, meva sharbatlari, muzqaymoq sotiladigan mitti-mitti do‘konchalar bo‘lardi. Borsak, do‘konlar yopilgan ekan. Dadamlar astoydil ranjidilar.
— Umrimda bir marta senga muzqaymoq olib bermoqchi bo‘lgandim, bu ham nasib qilmadi-yov, bolam! — dedilar, u kishi allaqanday chuqur o‘kinch bilan.
Uyga borganimizda chiroqlar yongan, hovlidagi o‘choqqa qozon osilgan, bizdan avval yetib kelgan katta opamlar bilan oyimlar o‘choq atrofida kuymalanib yurishar, pochchamlar ko‘rinmas edilar.
Dadamlar ichkariga kirib ketdilaru darhol qaytib chiqdilar. Chehralari ochilgan, kayflari chog‘ edi.
— SAKUda birga o‘qigan eski qadrdonlarim kelishipti. Qalay, tuzukroq go‘sht-po‘shtlaring bormi, Gulshan? — dedilar dadamlar oyimlarga qarab. — Bor bisotingni dasturxonga to‘kasan bugun...
Marhum volidamizda jindak shaddodlik bo‘lardi.
— Siz qozon-o‘choq atrofida aylanavermay ichkariga kirib mehmonlaringizga qarayvering! — dedilar shartta kesib.
Dadamlar oyimlarning bu sal yasama qo‘rsligiga kulimsirab, ichkariga kirib ketdilar.
Hovlimizda, shundoq o‘choq yonida bir tup gujum o‘sar, gujum tagida chuqur quduq bo‘lar, issiq yoz va iliq kuz kunlari go‘shtni shu quduqda asrardik.
Oyimlar menga quduqdan go‘sht olib ber, — dedilar. Men quduq chang‘irog‘ining dastasini aylantirib, go‘sht osilgan changakni torta boshladim-u, to‘satdan ko‘chadan kirib kelgan ikki harbiyga ko‘zim tushib, negadir yuragim orqamga tortib ketdi. Ular o‘choq atrofida kuymalanib yurgan oyimlar bilan opamlarga bir qarab qo‘ydilar-da, etiklari bilan yerni tap-tap bosib ayvonga chiqishdi. Ayvondan uyga kirishdi. Harbiylarni ko‘rishlari bilanoq turgan joylarida tosh qotib qolgan oyimlar bilan opamlar birdan dod solishib, uyga qarab yugurishdi. Quduq chang‘irog‘ini beixtiyor qo‘yib yuborib men ham ketlaridan chopdim.
Men o‘sha paytlar mamlakatimizda va hatto shahrimizda nima bo‘layotganidan bexabar edim, albatta, shu bois oyimlar bilan opamlarning harbiylarni ko‘rishlari bilanoq faryod chekib, ichkariga otilishlari sababini anglamadim. Ammo ular mudhish maqsad bilan kelishganini aql bilan bo‘lmasa-da, yurak bilan his etgandim. Keyin bilsam, o‘sha davrda hamma joyda bo‘lganidek,Turkistonda ham har kuni, har daqiqada ko‘plab odamlar hibsga olingan ekan. Oyimlar va opamlar bundan boxabar bo‘lganlari uchun ham harbiylarni ko‘rib dod solishgan ekan. Eshikdan kirishim bilan harbiylardan biri — novchadan kelgan, malla sochlarining uchlari qoshlariga nafis egilib tushgan xushsurat o‘ris kapitan polni g‘arch-g‘urch bosib, eshikka keldi-da, uning ilmog‘ini solib:
— Tintuv tutaguncha endi hech kim uyga kirmaydiyam, chiqmaydiyam! — dedi yurakka g‘ulg‘ula soluvchi bir qat’iyat bilan.
Uyda qiy-chuv boshlangan, katta opamlar o‘rta eshikda haykalday qotib qolgan dadamlarning bo‘yniga osilib yig‘lamoqda, oyimlar ham dadamlarnig yelkasiga suyanib, unsiz titramoqda, kichik opamlar bilan ukalarim burchakka tiqilishib, xuddi kalxatlardan qo‘rqqan jo‘jalarday, ko‘zlari ola-kula, bir-birining pinjiga kirib olishgandi.
Ikki tavaqali o‘rta eshik ochiq, ichkari xonaning to‘rida SAKUda dadamlar bilan birga o‘qigan mehmonlar, ranglarida rang yo‘q, tippa-tik serrayib turishardi. Ikkinchi harbiy esa ichkari uydagi katta qizil shkafga terilgan kitob va albomlarni bitta-bitta ko‘zdan o‘tkazmoqda edi.
Kitoblarning deyarli hammasi qizil jildli Lenin asarlari edi. Tintuv boshlagan harbiy Lenin asarlariga tegmas, qalin, sersurat albomlarni esa varaqlab ko‘rib bepisand, yerga tashlar edi. Hanuz esim-da: bu albomlar ham xuddi boloxonadagi kitoblar kabi, allaqanday rahbarlarning suratlariga to‘la bo‘lib, ularning ham aksari allaqachon qamalgani uchun (buni men keyin bildim, albatta) yuzlariga ko‘k siyoh chaplangan, ko‘zlari o‘yib olingan, ba’zi suratlarning kallalari «kesib» tashlangan edi. Bepisand harbiy (agar yanglishmasam, u ham kapitan edi) albomlarni ko‘zdan kechirarkan, dam ulardagi ko‘zlari o‘yilgan, boshlari «kesilgan» suratlarga, dam dadamlarga qarab:
— Ko‘rinib turibdi, ja g‘oyaviy ekanlar! — derdi miyig‘ida kulimsirab.
Xushsurat mallosoch kapitan esa tashqi xonadagi qutilar, sandiq va sandiqchalar, shkaflarning tortmalarini ochib, ulardagi buyumlarni titkilar, latta-puttalar orasidan allanimalarni qidirar edi. Navbatdagi shkafga kelganda harbiy urinmasin, uning pastki tortmalarini ocholmadi. Uyda birorta sandiq, yo shkaf yo‘q ediki, men uni ocholmasam. Kapitanning qiynalayotganini ko‘rib, men qo‘limga mix oldimu pildirab borib shkafning tortmasini shartta ochib berdim. Kapitan chehrasi yorishib kuldi-da:
— Malades! — dedi boshimni silab. — Kelgusida zo‘r odam chiqadi sendan!
Kapitanning bu kutilmagan maqtovidan yuragim «jiz» etdi. Keyinchalik, katta bo‘lganimda, men uydagi dod-faryodga qaramasdan otamni qamashga kelgan jallodning maqtovidan bir zumgina bo‘lsa-da, yayrab ketganimni har eslaganimda bir o‘zimdan ijirg‘anib yurdim. Ammo o‘sha daqiqada, afsus-nidomatlar bo‘lsinkim, uning so‘zlaridan g‘ururlanib ketganim ham haqiqat, mudhish haqiqat!
Shu payt dadamlarning:
— Suv! — degan ovozlari eshitildi. — Bir piyola quduq suvi beringlar, yuragim kuyib ketyapti!
Uyda suv yo‘q ekan. Opam yig‘idan to‘xtab:
— O’rtoq kapitan! — dedilar hiqillab. — Ruxsat bering, ukam quduqdan suv olib kirsin!
Kapitan shkaf tortmasidan boshini ko‘tarib:
— Agar dod-voyingni qo‘ysang — ruxsat beraman! — dedi va kuldi: — Shunday chiroyli qiz ham bunaqa yig‘loqi bo‘ladimi?
Kapitanning opamlarga qilayotgan soxta xushomadi yoqmadi. Lekin nima ham qilardim? Chelakni olib tashqariga otildim. Hovlidagi chiroq o‘chgan, ayvondan uzoqroqda, quduq yonidagi gujum panasida kimdir qoqqan qoziqdek qaqqayib turardi. Bu — pochchamlar edi. U lom-mim demasdan qo‘lidagi chaqaloqni menga tutqazib, quduqdan yarim chelak suv olib berdi-da, sharpasiz odimlab hovlining qorong‘i burchagiga qarab ketdi.
Keyinchalik marhum oyimlar ko‘p aytguchi edilar:
— O’sha kuni pochchangni xudo o‘zi asradi! Agar pochchang opang bilan birga kelganida, kim bilsin, uni ham birga opketisharmidi bu toshbag‘irlar?
Oyimlarning bu gapida jon bor edi, chunki tintuv tutab, dadamlarni olib ketayotganlarida harbiylar SAKUchi sho‘rlik mehmonlarga Turkistondan ketishdan avval NKVDga borib, ruxsat olishlari shart ekanini uqtirishib, qo‘llaridan tilxat olishdi.
Men yarim chelak suvni ko‘tarib, ichkariga kirganimda, dadamlar stulda o‘tirib, oyoqlari tagida hamon dod solib yig‘layotgan katta opamlar bilan oyimlarni tinchitishga urinardilar. Azaldan qoramag‘iz odam, dadamlar bir zumdayoq bamisoli olovda qolgan archadek qorayib ketgandilar. Oyimlar tokchadan kosa olib berdilar. Dadamlar bir kosa muzday quduq suvini bitta sipqorib:
— Qo‘y, yig‘lama, qizim, yig‘lama, Gulshan! — dedilar og‘ir hansirab. — Hukumat oldida tariqcha gunohim yo‘q! O’rtoq Stalin tirik ekan, bu tuhmatlardan qutqarib oladi hali!
Dadamlar quduq suvini kosalab sipqorar edilaru shu bitta gapni qayta-qayta takrorlardilar:
— Hukumat oldida begunohman, Gulshan! O’rtoq Stalin barhayot ekan, bizni bularning oyog‘i ostiga tashlab qo‘ymaydi!
Men hozir, shaxsga sig‘inish davrining mudhish kirdikorlari, mudhish inqilob dohiylari, ayniqsa, Stalin hukmronligi davrida yuz bergan shafqatsiz qatlu qirg‘inlar, million-million begunoh kishilarning boshiga tushgan g‘urbatlar, ota boladan, bola otadan ayrilib, odamlarning ko‘zyoshi daryo bo‘lib oqqan o‘sha zimiston yillar haqida o‘ylaganimda, dadamlarning Stalin to‘g‘risida gaplarini eslab, hayron bo‘laman. «Nahot otam bu qirg‘inbarotni ko‘rmagan-sezmagan bo‘lsalar, nahot Stalin bu jabru sitamlardan bexabar edi, degan sodda, bemantiq so‘zlarga ishongan bo‘lsalar?», degan fikr bot-bot ko‘nglimdan o‘tadi.
Lekin unday desam... o‘sha davrda hukm surgan inqilob chavandozlari orasida mash’um Inqilobning soxta otashin chaqiriqlar, jo‘shqin qo‘shiqlar, alvonlari, «dohiy»ning alangali nutqlariga astoydil ishongan, bo‘layotgan qatlu qirg‘inlarning hammasi insoniyat baxti uchun qilinyapti, degan mudhish yolg‘onga uchgan soddadil, oqko‘ngil odamlar oz bo‘lganmi?
Albatta, yurakni zirqiratuvchi bu o‘ylar mening xayolimga ko‘p yillardan keyin o‘sha davrlardagi dahshatli voqealar fosh qilinib, ko‘zimiz ochilganda keldi. U mahalda esa...
Bilmadim, tintuv qancha davom etdi. Lekin dadamlar quduq suvini sipqora-sipqora, «O’rtoq Stalin sodiq farzandlarini xor-zor qilib qo‘ymaydi», degan gapni takrorlay-takrorlay yarim chelak suvni ichib tugatganlari hanuz esimda.
Men keyinchalik, bu gapni aytsam ko‘plar ishonmay:
— Qo‘ying-e, odam bolasi yarim chelak suvni icha oladimi? — deguvchilar ham bo‘ldi, ammo men, o‘n-o‘n bir yashar bola, buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, dadamlarning o‘sha so‘zlarini o‘z qulog‘im bilan eshitganman! Ichi yonib ketayotgan odam yarim chelak u yoqda tursin, bir chelak suvni ham ichadi!
Nihoyat, tintuv tugadi. Dadamlarga kiyinishni buyurdilar. Oyimlar bilan opamlarning nolasi ko‘kka chiqib, uyimiz achchiq faryoddan zir titradi. Oyimlar dadamlarning yelkasiga paltosini ildilar. SAKUni bitirgan sho‘rlik mehmonlarga tuzalgan dasturxondan ilingan narsani ro‘molga tugib, qo‘llariga tutqizdilar.
Boyagidan ham battar qorayib, bir zumda allaqanday ozib, munkayib qolgan dadamlar avval hamon faryod chekayotgan oyimlar bilan opamlar, so‘ng qaqshab-qaltirab qolgan ukalarimning peshonalaridan o‘pdilaru, navbat menga kelganda:
— «Hay, attang! — dedilar to‘satdan ko‘zlariga yosh olib. — Umrimda bir marta senga muzqaymoq olib bermoqchi bo‘luvdim. Shuniyam evlayolmadim-ov, bolam!..
Butun tintuv davomida ko‘zimga yosh olmagan, «kelgusida zo‘r odam bo‘lasan», degan so‘zlardan shishib ketgan norasida, birdan hamma narsa — dadamlarning hech qachon erkalamaganini ham, do‘kondan qimiz topolmay qaytanimda grafinni qulochkashlab otganlari ham — hammasi esimdan chiqdiyu alamli chinqiriq bilan dadamlarning tizzalarini quchoqlab oldim...
...Bir necha oy o‘tdi. Bu orada xonadonimiz motamsaro bir makonga aylandi. Qish yaqinlashib qolgan, kun sayin uning qahrli nafasi kuchayib borar, uyda esa na o‘tin bor, na ko‘mir!.. Biz tancha qurib, bir amallab kun kechiramiz.
Haftada bir marta, yanglishmasam, shanba kunlari dadamga ovqat olishadi. Oyimlar bir amallab topgan-tutganlarini pishiradilaru tong mahal u kishi bilan birga avaxtaga ravona bo‘lamiz.
Turkistonda Qul Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasining shundoq biqinida O’rta Osiyoni zabt etgan general Chernyaev qurdirgan besh-oltita mustahkam g‘ishtin binolar bo‘lardi. Chernyaev bu binolarni chor askarlari uchun qurdirgan. Sho‘ro hokimiyati esa ularni qamoqxonaga aylantirganu atrofini tikanli sim bilan o‘rab tashlagan.
Har shanba tikanli sim bilan chegaralangan bu qal’a ro‘parasiga kamida 150—200 ayol, chol-kampirlar yig‘ilishadi, bular «xalq dushmanlari»ning oila a’zolari. Yosh-yosh juvonlar qaqshab-qaltirab qolgan keksalar hibsxona xodimlarining ovqat qabul qilishini kutib, ertalabdan kechgacha tikanli sim oldida diydirab turishadi. Oyimlar qamoqxonaga gohida meni ham yetaklab borishlariga sabab — mabodo dadamlar bilan yuz ko‘rishish nasib etsa otamlar meni ko‘rib qolsinlar degan niyatda edilar. Lekin dadamlarni biror marta ko‘rsatishmadi, ko‘rsatishmaganlari ham mayli, bot-bot olib borgan ovqatlarimizni qabul qilmasdan qaytarib yuborishardi. Goho men bir necha soat mahtal bo‘lib kutganimdan keyin biror bahonani ro‘kach qilib, hibsxonaning shundoq yonginasidagi shahar bog‘iga qarab chopardim. U yerda xudoning kuni borki, miting bo‘lar, shahar maktablaridan nog‘oralar gumburi va karnay-surnaylar sadosi ostida bolalar saf tortib boqqa kelishardi. Bog‘ o‘rtasiga qizil alvon bilan o‘ralgan ulkan minbar o‘rnatilgan bo‘lib, charm palto kiygan, to‘pponcha taqqan faollar unga chiqib va’z aytishar, va’zlarning aksariyati trotskiychilar va ularning «dum»larini fosh qilishga bag‘ishlanardi. Bu va’zxonliklarning dahshatli tomoni shunda ediki, bugun Trotskiyning «dum»larini fosh etib, otashin nutq so‘zlagan notiqlarning aksari ertasiga o‘zlari «dum»ga aylanib, fosh etilganlar ro‘yxatiga tushib qolishardi.
Meni bu mitinglarga borishga nima chorlaganini hanuz tushunolmayman. Aftidan, karnay-surnay va nog‘oralar sadosi saf tortib o‘tadigan tengdoshlarimning quvnoq va jo‘shqin qo‘shiqlari bo‘lsa, ajab emas. Chunki bu gumbur-gumbur sadolara otashin qo‘shiqlar qulog‘imga chalinishi bilan xuddi nog‘oraga o‘rgangan harbiy otday oyoqlarim o‘z-o‘zidan raqsga tushib, yuragim hapriqib ketaverardi. Faqat bir narsa murg‘ak qalbimni ezar, u ham bo‘lsa, minbardan turib aytiladigan nutqlarda ba’zi-ba’zida dadamlarning nomi ham «dum»lar qatori tilga olinadi. Lekin shunday paytlarda dadamlarning Stalin to‘g‘risidagi so‘zlari esimga tushardiyu yuragimga quyilib kelgan alamli tuyg‘uni haydardim. Bu hol toki shahar yoshlar qo‘mitasining kotibi bilan yuzma-yuz kelgunimcha davom etdi.
Bu yosh, xushqad, xushsurat yigitcha bizga qo‘shni edi. Oilamiz boshiga musibat tushgunga qadar, u xonadonimizga bo‘zchining mokisidek qatnar, dadamlar bilan kechalari uzoq suhbatlashib o‘tirardi. U o‘sha yozda uylangan, xotini ham, o‘ziga o‘xshash ko‘hlik, xushqad, xushsurat edi. Damlar ularning to‘ylariga to‘yboshi bo‘lgan, oyimlarning aytishicha, dadamlar unga moddiy yordam ham bergan ekanlar.
Dadamlar qamalganlaridan keyin yon qo‘shnimiz qorasini ham ko‘rsatmaydigan bo‘ldi. Bunga ajablanmasa ham bo‘lardi, chunki shogird tugul qarindosh-urug‘lar ham bu og‘ir, g‘urbatli kunlarda uyimizni chetlab o‘tishar, bitta-yarimta kelsa ham kechalari qo‘rqa-pisa kelib, so‘ng devor panalab qaytib ketardi.
Shanba kuni edi. Chamasi, qamalganlar soni ko‘paygan, chunki avaxtaga ovqat ko‘tarib kelganlar soni ancha ortgan, navbat kutayotganlarning dumi ko‘rinmasdi. Kun sovuq, sevalab mayda yomg‘ir yog‘ardi. Shu boisdanmi, boshqami, oyimlar men so‘ramasdanoq uyga ketishimga ruxsat berdilar. Men tinimsiz maydalab yog‘ayotgan yomg‘irdan diydirab, uyimizga tomon ravona bo‘ldimu to‘satdan bog‘ tomonda yangragan nog‘oralar gumbiriyu karnay-surnaylar sadosini eshitib, beixtiyor to‘xtadim.
Nog‘oralar va karnay-surnaylar sadosi tobora avjga chiqmoqda, chamasi, odatdagidan ham katta miting boshlanmoqda edi. O’rgatilgan otga o‘xshab yana nog‘oralar gumbirlayotgan tomonga burildim. Haqiqatan ham yomg‘irga qaramay, bolalar har tomondan saf-saf bo‘lib boqqa yopirilib kelishardi.
Darvozaga yaqinlashib qolganimda nogahon ro‘para tomondan kelayotgan qo‘shnimiz — shahar yoshlar qo‘mitasining kotibiga ko‘zim tushdi. U bir o‘zi emas, charm paltolik harbiy odam bilan uch burchak soqol qo‘ygan, jikkakkina mo‘ysafid qurshovida kelardi.
Kotibni ko‘rishim bilan yuragim negadir «shuv» etib, boqqa sho‘ng‘ishga chog‘landim, ammo kotib bir sakrashda yo‘limni to‘sib, bilagimdan shappa ushladi-da:
— Ha, qashqirdan tug‘ilgan qashqircha! — dedi titroq bosib. —Bitta shaltoq buzoq bir to‘da podani buzadi! Bo‘yningga soxta qizil galstuk taqib, bu sofdil qizil pionerlarni buzmoqchimisan? — U qo‘limni og‘ritib siqqancha o‘ziga torta boshladi. Lekin shu payt jikkak mo‘ysafid:
— Qo‘yib yubor, bolapaqirni, — dedi oraga tushib.— O’rtoq Stalin aytdi-ku, bola otasi uchun javob bermaydi, deb? Gunohi nima bu norasidaning!
Yosh kotib qovog‘idan qor yoqqanicha bir qariyaga, bir charm paltoli harbiyga qaradi-da, qo‘limni qo‘yib yubordi va: «Yo‘qol ko‘zimdan!» — deb o‘shqirdi.
Shundan keyin nima bo‘ldi, nima qo‘ydi — hozir esimda yo‘q, faqat kotibning ombirdek metin changalidan chiqdimu tomog‘imni g‘ip bo‘qqan ko‘z yoshini yuta-yuta, saf-saf bo‘lib o‘tayotgan baxtli tengdoshlarim yonidan katta ko‘cha tomon otildim...
Dadamlar hibsga olingandan so‘ng uch-to‘rt oy o‘tdi hamki, u kishi bilan biror marta ko‘risha olmadik. Butun shahar hanuz tahlikada, hamma joyda, hatto maktablarda ham dushman qidirish hamon davom etardi. Sira esimdan chiqmaydi. O’sha yili ulug‘ rus shoiri Pushkin vafotining 100 yilligi nishonlanar edi. Bu g‘amgin sanaga atalib qanaqa tadbirlar belgilandi, qanaqa kitoblar chiqarildi, qanaqa majlislar, adabiy kechalar o‘tkazildi — buni bilmayman. Ammo o‘sha sanaga atalib o‘quvchilar uchun daftar chiqarilgani yodimda. Million-million nusxada chiqarilgan bu daftarlarning oldi muqovasida bolalikdan hammamizga tanish jingalak soch, habashchehra shoirning surati solingan, muqovaning oxirgi betiga esa shoir ertaklaridan biriga chizilgan surat berilgan edi. Avval boshda hech qanday gap yo‘q edi. Keyin to‘satdan shaharda, jumladan men o‘qiydigan maktabda ham vahimali mish-mishlar tarqaldi. Go‘yo Pushkin yubileyiga chiqarilgan bu daftarlar, to‘g‘rirog‘i, daftar muqovasidagi suratlarga aksilinqilobiy so‘zlar bitilgan emish! Kimki Pushkinning soch va soqollari, ayniqsa, muqova oxiridagi ertaklarga chizilgan suratlarni e’tibor bilan ko‘zdan kechirsa, shoirning jingalak sochlariyu ertaklarga chizilgan suratlarni hushyorlik bilan nigohidan o‘tkazsa, makkorona bitilgan aksilinqilobiy so‘zlarni topishi mumkin emish!
Men o‘qiydigan 3-«A» sinfida yoshi anchaga borgan, tishlari to‘kilib qolgan, ammo juda muloyim, mehribon rus kampiri dars berardi. Bir oydan beri bu kampir — hozir ism-shariflari yodimda yo‘q — kasal bo‘lib, o‘rniga yosh tatar yigitcha dars bera boshlagan edi. Qattiq oqsoqlanib yuradigan bu yigitcha bizga qo‘shni bo‘lmish raykom kotibining qaynisi bo‘lib, dadam qamalganlaridan keyin menga o‘qrayib qaray boshlagan edi. Ammo hayotning o‘yinini qarangki, dadamlardan keyin bir hafta o‘tar-o‘tmas yosh o‘qituvchimizning pochchasi ham hibsga olinib, «xalq dushmani» deb e’lon qilingan edi. Shu-shu battar mung‘ayib, avvalgidan battar oqsoqlanib qolgan o‘qituvchi menga achinib qaraydigan, yo‘lakdami, hovlidami — tanho yurganimni ko‘rsa, boshimni silaydigan bo‘lib qolgandi. «Pushkin suratlari ichiga qabih aksilinqilobiy so‘zlar yozilgan emish», degan gap tarqalgan kuni yosh o‘qituvchimiz sinfimizga juda xomush bir qiyofada kirib keldi. U mungli ko‘zlari bilan bolalarga uzoq tikilib turgach:
— Bolalar! — dedi allaqanday yolvorib. — Qani, kecha tarqatilgan daftarlaringni olinglar-chi! Haligi... muqovalariga Pushkin surati solingan daftarlaringni aytyapman!.. Oldilaringmi? Ehtimol, eshitgandirsizlar, ashaddiy dushmanlarimiz makkorona chizilgan harflar vositasida SSSRga qarshi so‘zlar yozishipti! Bu mudhish so‘zlarni topgan bolalar bor. Ularning suratlari ertaga faxriy doskaga osiladi. Nahot bizning sinfimizda birorta hushyor o‘quvchi bola topilmasa? Qani, suratlarga yaxshilab qaranglar! Shoyad sizlar ham dushmanlarimizning bu qabih so‘zlarini topib, ularni fosh etsalaring!
Yosh o‘qituvchi shunday deb menga o‘zgacha bir umid bilan qarab qo‘ydi. Har qalay menga shunday tuyuldiyu oldimdagi daftarga chizilgan suratlarga tikilib, jon-jahdim bilan makkorona chizilgan harflarni qidira boshladim...
Asablarim tarang tortilgan, miyam nazarimda lahcha cho‘qqa aylangan edi. «Nahot jonajon hukumatimizga qarshi yozilgan bu mudhish so‘zlarni topib, dushmanlarning kirdikorlarini fosh etolmasam? Yo‘q, topaman! Topganda ham birinchi bo‘lib topaman. Ikkinchi bo‘lishning foydasi yo‘q!.. To‘xta, shoir yelkasidagi mana bu gajak tola nimani eslatadi? «S» harfining o‘zginasi-ku!.. Uning yonidagi gazak-chi! U ham «S»! Uning yonidagisi ham!» Mana bunisi «R»ning o‘zginasi-ku! Voy, tavba! Bu battollar «SSSR» deb yozib qo‘yishibdi-ku, boyadan beri shuni ham ko‘rmapman-a?... Mana bu gajak tola-chi? Quyib qo‘ygandek «D» ku! Undan keyingi gajak-chi? «O»ning xuddi o‘zginasi-ku! «O» bo‘lgan joyda «L» ham bo‘lishi kerak? Mana «L»! Yonginasida esa «Oy»ga o‘xshash ikkita gajak qatorlashib turibdi! «Doloy SSSR!, ya’ni «Yo‘qolsin SSSR!» degan gap-ku bu!».
Men hayajondan nafasim bo‘g‘ilib:
— Topdim, muallim, topdim! — deb baqirib yubordim.
Majruh o‘qituvchim tekis polda qoqilib-surinib oqsoqlana-oqsoqlana yonimga keldi. Sinf to‘la o‘quvchilar ham «gurr» etib o‘rnilaridan turdilar-da, ustimga yopirildilar.
Men xuddi bezgak tutgandek dir-dir titrab, ulug‘ shoirning jingalak sochlari orasidan topgan mudhish harflarni ko‘rsata boshladim. Nihoyat, ko‘rsatib bo‘lib, tengdoshlarimga mag‘rur qaradim. Sinfga cho‘kkan og‘ir sukunat ichidan to‘satdan o‘qituvchimizning:
— Malades! — degan xitobi eshitildi. — Hushyor pioner deb shuni aytadilar!
Hamma menga hasad bilan qarar, men o‘zimni chinakam qahramon his qilardim.
— Qani, daftarlaringni yig‘ib beringlar! Bir soatdan keyin sport maydoniga butun maktab to‘planadi. Hammamiz birga bu mudhish daftarni yoqish marosimida qatnashamiz!
O’qituvchimiz oqsoqlana-oqsoqlana sinfdan chiqib ketdi, lekin bir soat tugul ikki soat o‘tdi hamki, u qaytmadi. So‘ng daftarlarni yoqish marosimi boshqa kunga qoldirilipti, degan xabar keldiyu uy-uyimizga tarqaldik.
Kechqurun men kunduzi bo‘lgan voqeani hayajondan entika-entika oyimlarga aytib berdim.
Oyimlar men kutgan maqtov o‘rniga:
— Hoy, bolam-ov, bolam-ov! — dedilar to‘satdan ko‘zlariga yosh olib. — Senga nima bo‘ldi, bolam-ov!
— Menga nima bo‘pti? Nega bunday deysiz, oyijon? — dedim ranjib.
— Hech nima... Iloyo dadangga o‘xshab qahri qattiq bo‘lma. Ollodan bittayu bitta tilagim shu, bolam.
Oyimlarning gapiga yaxshi tushunmadim. Ertalab maktabga, to‘g‘rirog‘i, zalda osilgan hurmat taxtasiga qarab chopdim. Nadomatlar bo‘lsinkim, ro‘yxatga bir necha marta ko‘z yugurtirib chiqdim: yo‘q, na nomim, na suratim bor! Dushmanning yovuz kirdikorini fosh etgan hamma hushyor pionerlarning surati hurmat taxtasiga osilgan-u, bitta mening suratim yo‘q! Aftidan, kimdir hushyorlik qilib xalq dushmani farzandining suratini hurmat taxtasiga osish mumkin emasligini aytib, mendan ham hushyorroq bo‘lgan!
Mana, bu voqealarning sodir bo‘lganiga yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Shaxsga sig‘inish davrining ne-ne jinoyatlari fosh etildi. Bu jinoyatlar qanday dahshatli bo‘lmasin, nazarimda, ularning eng yomoni — kattalar yetmagandek, menday go‘daklarni ham hamma narsaga shubha bilan qarash, hammayoqdan yovuz kirdikorlar qidirishga qaratilgan urinishlar deb bilaman.
Nihoyat, dadamlar bilan vidolashadigan kun ham keldi. Vidolashishga uch kishiga ruxsat berishgandi: oyimlar, katta opamlar va menga! Shu boisdan bo‘lsa kerak, qarindosh-urug‘lardan hech kim, na dadamlarning ukalari, na yor-do‘stlari — hech kim kelmadi.
Oyimlar bilan opamlar kechasi uxlashmay, dadamlar uchun bug‘doy talqon, so‘k talqon va yana allaqanday narsalar tayyorlashdi. Chunki bu payt dadamlar ozod bo‘ladi degan umid ojiz miltirab turgan shamday so‘ngan, u kishini uzoqlarga olib ketishlari chamasi oyimlarga ayon edi.
Ertalab to‘rva-xaltalarni ko‘tarib qamoqxonaga qarab yo‘l oldik. Bu safar bizni ko‘p kuttirishmadi. Beliga choynakdak to‘pponcha taqib olgan harbiy bizni uzun, tor, nimqorong‘i yo‘lakdan ichkariga boshladi. Yo‘lakning yarmiga borganda o‘ng qo‘ldagi eshikni ochib, bizga yo‘l berdi. Chog‘roqqina to‘rtburchak xonaning to‘ridagi stol oldida gimnastyorka kiygan, sochlari oppoq bir odam allanimalarni yozib o‘tirardi.
Dadamlar burchakda kursida o‘tirgan ekanlar (men avval u kishini tanimay qolibman!) biz kirishimiz bilan dik etib o‘rnidan turdilar. Azaldan barvasta, to‘ladan kelgan, novcha odam bir-ikki oy ichida cho‘pday ozib, lunjlari ichiga botgan, ko‘zlari kirtayib, qiy-g‘ir burni so‘rrayib qolgandi.
Yana qamalgan kechasidagidek yig‘i-sig‘i boshlandi. Oyimlar-ku, yuzini ro‘moliga yashirib, jimgina titrab yig‘lar, lekin opamlar... dadamlarning bo‘yinlariga osilib olgan opamlarning faryodi tor xonani zir titratardi.
Keyinchalik marhum oyimlar ko‘p aytguchi edilar:
— Noinsoflar jilla qursa yarim soat ham fursat bermadilar. Dadang sho‘rlikning diydoriga ham to‘ymadik. Bergan chorak soatlari ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi...
Bu safar chorak soat davom etgan vidolashuv davomida dadamlar biror marta Stalinning nomini tilga olmadilar, qamalgan kunlaridagidek: «Men partiya oldida gunohkor emasman! O’rtoq Stalin barhayot ekan, meni oyoqosti qilib qo‘ymaydi!», — demadilar. Bil’aks, bir necha marta ko‘zlariga yosh olib:
— Meni kechir, Gulshan. Ayol boshing bilan besh bolani qanday boqasan — aqlim bovar qilmaydi. Endi yuz ko‘rishishimizga ham ko‘zim yetmaydi, kechir meni! — dedilar.
Har safar dadam shunday deganlarida stolga mukka tushib, allanimalarni yozayotgan kishi:
— Hoy, Yoqubov! — derdi qog‘ozdan bosh ko‘tarmay.— Senga nima bo‘ldi? Yosh bolamisan, Yoqubov!
Nihoyat, bu odam qarshisidagi devorga osilgan almisoqdan qolgan devor soatiga ko‘z tashlab:
— Fursat tugadi, Yoqubov. Endi xayrlashinglar! — deb buyurdi.
Opamlarning nidosi battar avjiga chiqdi. Oyimlar ozgina pul olib kelgan ekanlar, dir-dir titragan qo‘llari bilan dadamlarga tutdi, dadamlar esa:
—Bolalaringga yarat, Gulshan! — deb yolvorar edilar. Lekin oyim ko‘nmay, axiri pulni olishga majbur qildilar.
Oyimlar keltirgan pul bor-yo‘g‘i ellik so‘m bo‘lib, o‘nta besh so‘mlikdan iorat edi. Dadamlar pulni qiynala-qiynala olarkanlar, besh so‘mliklardan birini menga uzatdilar. Oyimlar pulni mendan olib, dadamlarga qaytarib bermoqchi bo‘lgandilar, dadamlar ko‘nmadilar, kaftlarini boshimga qo‘yib:
— Sen endi bu uydagi eng katta erkaksan, bolam, — dedilar va yana ko‘ziga yosh oldilar. — Oyingga yordamlashib, ukalaringga qarab turgin, bolam!
Dadamlar shunday deb besh so‘mlikni cho‘ntagimga soldilar.
— Umrimda bir marta senga muzqaymoq olib bermoqchi bo‘lgan edim, bu ham nasib etmadi Bu pulga daftar-kitob ol! Qolganiga muzqaymoq olib ye, o‘g‘lim!..
Boyadan beri oyim va opamlarga qo‘shilib yig‘lashni o‘zimga ep ko‘rmay serrayib turgan bola, to‘satdan, xuddi dadamlarni olib chiqib ketayotgan paytlaridagidek yuragimda nimadir darz ketganday tuyuldiyu NKVD xodimining maqtovlari ham, aksilinkilobchilar kirdikorlarini fosh etgan hushyor pioner ekanligim ham — bari yodimdan chiqib, «Dadajon!», degancha otamning tizzasini quchoqlab oldim.
Bu mash’um voqealardan keyin ko‘p yillar o‘tdi, ko‘p suvlar oqib ketdi. 1955 yili Xrushchevning butun dunyoni larzaga solgan mashhur nutqidan keyin oilamiz, shaxsga sig‘inish zulmidan jabr chekkan million-million oilalar kabi dadamlarning taqdirini, o‘lik yo tirik ekanini (ungacha yozgan o‘nlarcha xatlarimizning bittasiga ham javob ololmagandik) so‘rab, yuqori tashkilotlarga murojaat qildik.
Maktublarning bittasini Qozog‘iston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasiga, ikinchisini SSSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasiga yo‘lladik. Taxminan to‘rt-besh oydan keyin birin-ketin ikkita javob keldi. Javoblarning birinchisi Qozog‘iston Markaziy Qo‘mitasidan bo‘lib, unda dadamlarning partiyaviy ishi ko‘rib chiqilgani, u kishi Stalin shaxsiga sig‘inish qurboni bo‘lganligi e’tirof etilgan va 1918 yildan e’tiboran partiya a’zosi sifatida tiklangani xabar qilingan edi.
Ikkinchi javob Moskvadan, Davlat xavfsizligi qo‘mitasidan bo‘lib, unda aytilishicha, dadamlar Uzoq Shurqdagi qaysi bir o‘rmon xo‘jaligida daraxt kesuvchi bo‘lib ishlagan, 1943 yil qish oylarida (vaqti aniq aytilmagan) daraxt kesayotgan paytida yiqilib vafot etgan.
Birinchi javobdan farqli o‘laroq, bu xatda shunday ilova ham bor edi. Agar volidamiz (men yozgan xat, tabiiy, oyimlar nomidan bitilgan edi) nafaqa yoshida bo‘lsalar, u kishiga davlat tegishli mikdorda nafaqa to‘laydi. Agar oyimlarning turar joyi bo‘lmasa, u kishi qo‘mitadan kelgan ushbu javob asosida shahar kengashiga murojaat qilib, navbatsiz uy oladilar...
Har ikkala xat ham haqiqatni qaror toptirish, adolatni tiklashga qaratilgan edi. Ammo men negadir, ehtimol, Uzoq Sharqda olti yil oddiy soldat bo‘lib, butun qiyinchiliklarni boshimdan o‘tkazganim uchundir, nogahon o‘zim ko‘rgan bepoyon sovuq o‘rmon, qor tagida egilib turgan daraxtlar, qish ko‘z oldimga keldi. Bir zum nigohim oldiga bu qorong‘i o‘rmonda behol imillab daraxt kesayotgan dadamlar keldi, keldi-yu, alam, iztirob, mehr-shafqat va xo‘rlik tuyg‘ulari toshqinday guvillab vujudimni qaqshatib yubordi.
«Yo‘q! Bu nopoklar 1918 yildan firqa a’zosi bo‘lmish otamni nohaq qamaydilar, qariganida ham ozod qilishni istamay, qahraton qishda ham o‘rmon kesdirib, o‘limga mahkum etadilar-u, endi o‘z gunohlarini yuvish umidida judolik azobidan ikki bukilib qolgan bevasiga nafaqa to‘larmishlar, boshpana berarmishlar! Yo‘q, men bitta onamni ular bergan sadaqasiz ham boqib olaman, ularsiz ham boshpana topib beraman!»
Xayolan shunday deb, yaxshi niyat bilan yozilgan ikki xatni burda-burda qilib yirtib tashladim...

O‘LMAS UMARBEKOV. CHAROS (HIKOYA)

Erta tong edi. Endigina ko‘tarilgan oftobning iliq nurlari derazalarga tushib, uylarni yorita boshlagan edi. Ishga vaqtliroq borish, to‘g‘rirog‘i, oltin kuz havosidan to‘yib nafas olish ishtiyoqida uydan chiqdim. Bir oz etni junjitadigan shabada esardi. Kechasi yomg‘ir yog‘ib o‘tibdi shekilli, asfalt yo‘lka nam.
Muyulishdan o‘tib katta ko‘chaga chiqqanimda ko‘k darvoza oldida turgan bir bolaga ko‘zim tushib qoldi. Oyog‘ida, dadasiniki bo‘lsa kerak: katta kalish. Bir tomonga qiyshayib ko‘zlariga tushib turgan qalpoq ham o‘ziniki emas edi. Yaqinroq bordim. Bola ko‘zlarini ko‘chaga tikkancha, ishtaha bilan qars-qurs qilib allanarsa yerdi. Havasim kelib ketdi.
— Nima yeyapsan, oshna! — dedim yoniga yaqinlashib.
— Uzum, — dedi bola qalpoq ostidan ko‘zlarini menga tikib. Keyin qo‘ynidan bir nima oldi. Bu — yetilib turgan katta bir bosh qora charos edi. — Oling.
U shunday dedi-da, og‘zini katta ochib iljaydi. Sovuqdanmi yo uzumning rangidanmi lablari ko‘m-ko‘k ko‘karib ketgan edi.
— Oling, — dedi bola yana. Lekin o‘zi javobimni kutmasdan bir g‘ujum uzumni og‘ziga tashladi-yu, bir-ikki karsillatib yutib yubordi. Tamshanib qo‘ydim. Yo‘lga tushdim. Ammo, yo‘lning yarmiga yetganimda bolaning qo‘lidagi charosdan, shunaqa yetilgan timqora charosdan biram yegib kelib ketdi! Qani endi bir boshi bo‘lsa-yu, xuddi shu boladek kars-kurs suvini sachratib yesang?!
Bolaligimizda ko‘pincha shunday qilardik. Bizning qishloq bog‘ qishloq edi. Kattabog‘ deb bekorga atashmagan. Qishloqning orqa tomonida, es-es bilaman, katta uzumzor bor edi. Atrofi pastak paxsa devor bilan o‘ralgan bu uzumzorning yuz xil rangdagi uzumlari hammaning havasini keltirar, o‘tgan ham, ketgan ham suq bilan qaramay iloji yo‘q edi. Biz, bolalar uchun esa, uzumzor sirli bir dunyo edi. Hammamizning uyimizda husaynimi, buvakimi yo boshqa xil uzum istalgancha bo‘lsa ham, shu bog‘dagi uzumlardan ko‘zimizni uzolmasdik. Hammanikida uzumdan ko‘p barg bo‘lsa, bu bog‘ning ishkomlarida barg deyarli yo‘q edi. Po‘sti shilingan oppoq tol poyalariga oq, qizil, sariq, qora marjonlar go‘yo g‘uj-g‘uj qilib osib qo‘yilgandek edi.
Bir kuni o‘qishdan qaytayotib, bolalardan besh-oltita sho‘xrog‘imiz bir joyga yig‘ildik-da, o‘g‘irlik qilishga qaror qildik. Ikki kishi soqchilik qiladigan, qolganlarimiz boqqa tushadigan bo‘ldik.
Kitob-daftarlarni kichik bolalardan berib yuborib, poylay boladik. Ko‘chada hech kim qolmadi. Hamma yoq jim-jit. Sekin devorga yaqinlashdik-da, bitta-bitta boqqa tushdik. Uzum! Og‘zimiz ochilib koldi. Bir chekkadan uzib ketaverdik. Bir qo‘l bilan yulib qo‘ynimizga solamiz, bir ko‘l bilan og‘zimizga. Birpasda qo‘ynimiz to‘lib ketdi. Kimdir cho‘ntaklariga, do‘ppisiga ham solib oldi. Endi ketamiz deb turgan edik, uzokdan:
— Ho‘-ho‘-ho‘y! Kim bor? — degan ovoz eshitib qoldik-ku!
Sheriklarim tapira-tupuriga olib qochib qolishdi. Men bo‘lsam uzumni ko‘p yeb qo‘yganimdanmi, yo qattiq qo‘rqib ketganimdanmi, qimirlolmay qoldim. Nima qilishimni bilmay ko‘zimni chirt yumdim-da, joyimda turaverdim. Qancha turdim, bilmayman. Ko‘zimni ochsam, ro‘paramda qizil etik, oq yaktak kiyib, ustidan ko‘k qiyiqni bog‘lab olgan baland bo‘yli bir chol jilmayib turibdi. Qaltirab ketdim.
— Qo‘rqma, qo‘rqma, bolam, — dedi u mayin tovush bilan. — Uzum kerak ekan, aytmaysanmi, o‘zim uzib berardim.
Bunday muomalani men sira kutmagandim, yig‘lab yubordim. Ko‘zimdan oqqan yoshni artish uchun qo‘limni ko‘targan edim, ko‘ylagim ishtonbog‘imdan chiqib ketib, qo‘ynimdagi uzum yer bilan bitta bo‘ldi. Ammo, chol e’tibor bermadi. Ko‘rgan bo‘lsa ham o‘zini ko‘rmaganlikka solib meni yupata boshladi.
— Yig‘lama, nega yig‘laysan, tentak, — dedi u boshimni silab. — Bir bosh olibsanlar, ikki bosh olibsanlar, nima bo‘pti? Kamayib qoladimi? Qara, bu uzumlarni! Qancha axir. Hammaga yetadi. Qani, bu yoqqa yur!
Chol qo‘limdan ushlab yetaklab ketdi. Bog‘ning o‘rtasidagi ishkomga kirdim. Ishkom to‘la yong‘oqdan-yong‘oqdek keladigan qora charos edi.
— Tuzukmi? — dedi chol menga qarab va kulib qo‘ydi. Ko‘kragiga tushib turgan qalin oppoq soqoli silkinib ketdi. — Tuzuk bo‘lsa, shundan uzib beraman.
U qiyig‘iga osib qo‘ygan pichog‘ini qinidan sug‘urib uzum uza boshladi. Birpasda yaktagining ikkala bari to‘lib ketdi.
— Mana, bolam, ol. O’rtoqlaringga ham olib bor.
Men apil-tapil uzumni qo‘ynimga solib, ko‘chaga yugurdim. Rahmat aytish ham esimdan chiqibdi. Eshik tagiga yetganimda orqamga bir qarab qo‘ydim. Chol menga tikilganicha jilmayib turardi.
Shu-shu, deyarli har kuni boqqa charos yegani kirib turadigan bo‘lib qoldim. Ammo bu uzoqqa bormadi. Shaharga ko‘chib ketdik.
Mana, shundanberi qancha yil o‘tib ketdi. Hozir qishloq qalay ekan? O’sha mashhur uzumzor-chi? Bormikan hali ham? Bog‘bon chol-chi? Bu xayollar menga tinchlik bermay qoldi.
Oradan ikki-uch kun o‘tmay, Kattaboqqa qarab yo‘l oldim. Eski qishloq o‘z o‘rnida edi. Ammo o‘zgarib ketibdi. Chiroyli uylar, yangi ko‘chalar tushibdi. Anhor yoqalab, qishloqning orqa tomoniga o‘tdimu sevinib ketdim. Uzumzor, o‘sha qadim uzumzor, avvalgiday yashnab turardi. Devor ham o‘sha devor, faqat tekis qilib suvab qo‘yilibdi. Tagida uch-to‘rtta bola yong‘oq o‘ynab o‘tiribdi. Boqqa qaradim. Yuz xil rangdagi uzumlar oppoq tol poyalariga atayin terib qo‘yilgandek g‘uj-g‘uj edi.
— Oshna, — dedim, bolalardan bittasini chaqirib. — Menga qara, bu uzumchi ota shu yerdamikanlar hozir, bilmaysanmi?
Bola g‘alati nazar bilan qaradi-da, do‘q aralash so‘radi:
— Siz kimlari bo‘lasiz?
— Hech kimlari. O’zim shunday ko‘ray deb keldim.
— Uzumchi buvam yo‘qlar. Bultur o‘lganlar. Seskanib ketdim. Butun vujudimni titroq bosdi. Menga hayron bo‘lib tikilib qolgan bolalarga e’tibor bermay, sekin orqamga qayta boshladim. Lekin yurolmadim, to‘xtab koldim. Qancha turdim, bilmayman, bir mahal orqamdan:
— Qani, hoy bolalar! Bolalar-ov! — degan ovoz eshitildi.
Shartta uzumzor tomonga o‘girildim. Devorning orqasida oppoq yaktagining etagiga to‘latib uzum solib olgan bir yigit jilmayib turardi. Men to o‘zimni o‘nglab olgunimcha bolalar etakni bo‘shatishdi, yigit uzumzor ichida g‘oyib bo‘ldi.
— Kim bu? — so‘radim haligi boladan boqqa ishora qilib.
— Uzumchi buvamning o‘g‘illari.
Yuragim o‘ynab ketdi. Bog‘ tomonga yugurdim. Devorga yetganimda chaqirmoqchi bo‘lib og‘iz juftladimu, lekin darrov aynadim. Oyog‘iga qizil etik, yaktak ustidan ko‘k qiyiq bog‘lab olgan baland bo‘y yigit ishkomlar orasidan bitta-bitta qadam tashlab borardi. Unga tikilar ekanman, yoshli-gimning shirin xotirasi — uzumchi boboni ko‘rgandek bo‘lib ketdim.

1962

OYBEK. FANORCHI OTA (HIKOYA)

Tor, qiyshiq ko’chaning o’ksik oqshomini Tursunqul akaning churuk daivozasi tepasiga o’tqizilgan bir fanorning titrak nurlarigina yoritar edi. Uni har kun kechqurun past bo’yli, burushiq yuzli bir chol kelib, yoqib ketar edi. Biz uni «Fanorchi ota», der edik. U juda yuvvosh, indamas kishiydi, kichkina narvonchasini chaqqon qo’yib, allaqanday ustalik bilan chiqar, qo’ltig’idan kir ro’molchasini olib, avaylab fanor oynalarini artardi. Fanorni yoqqach, yerga tushib, obkashdek bukilgan yelkasiga narvonchasini qo’yib birpasda ko’zdan yo’qolar edi.
Fanor qurilgan vaqtlarda butun mahalla quvonib, unga allaqanday mehr ila qaragan bo’lsalar-da, vaqat bu mehr uzoqqa cho’zilmagandi. Keyincha har kim unga parvosiz bo’la boshladi.
Ayniqsa, mahalla bolalari ila fanor orasida anglashilmas dushmanlik uyg’ondi. To’planishib, avvalo bir-birimizning do’ppimizni otishar, fanorga do’ppi kiygizgan o’rtoq merganligi ila kerilar edi. Keyincha bu ham bizni zeriktira boshladi. chunki piston qadalgan yoki har turli ipaklar bilan bezalgan do’ppini kiyib olib, fanor chiroyli bir tus olar, bizni xafa qilgandek bo’lar edi. Shuning uchun qo’limizga tosh, kesak olib, fanorga hujum qilishni o’rgandik. Bunda u juda kuchsiz edi: kichkina bir kesak yoki tosh parchasi bechora fanorning oyna ko’zlarini o’pirib tushirardi. Keyin-keyin Fanorchi ota haftada uch-to’rt marta unga «yangi ko’zoynak» taqib ketishga majbur bo’lardi. U ketdi, darrov biz yangi «ko’z»ini o’yib olardik. Shunday bo’lsa-da, Fanorchi ota «Lom» deb og’iz ochmasdi. Uning bu qilig’i bizga sira yoqmas, tutib olish uchun poylasa, hatto birontamizni tutib ursa ekan, der edik. Ammo shu tilaklardan bittasi ham yuzaga chiqmasdi.
Bir kun, namozshom vaqti, ko’chada bolalar ko’p edi. Ichimizda eng ko’p qo’rqmaydigan, eng battol Qosim cho’loq:
«Bolalar!» — dedi. Changga botgan yuzlarimiz yangi bir narsa kutib, uning ko’zlariga tikildik.
— Fanorchi ota keladigan vaqt yaqin. Sindiramiz. Nima qilar ekan? — dedi-da, qo’lga ilinadigan bir narsa qidira bosh ladi.
Qo’llarimizdan g’izillab uchgan tosh-kesaklar fanorning hamma ko’zlarini teshib o’tgan edi. Uzoqdan Fanorchi otaning bukilgan kichkina qomati yaqinlasha boshladi. Narvoncha yelkadan tushib, ta'zim ila devorga suyandi. Fanorchi ota uning ustiga chiqdi-da, «chirt» etib, gugurtni yoqdi: fanor to’rt tarafdan qulagan uy kabi ajava tusda, yana bir tomonga qiyshayib turar edi. Biz hammamiz kerilib turar edik. Ba'zilar «piq-piq» kulishdi. Chol kasal odamga o’xshab, sekin-sekin pastga tushdi. o’siq qoshlari tagida qisilib yotgan ko’zlari ila hammamizga yalingansimon qaradi-da, mayin bir tovush bilan:
— Tentak bolalarim, bu qanday gap? Fanorga tegmasanglar, bir narsa bo’ladimi? U yuqorida, sizlar pastda
o’ynay beringlar-da.
Bolalar jim bo’lgan edi.
— Sizlar hali yosh, ko’zlaringiz o’tkir. Qorong’i ham, yorug’ ham baravar. Xufton bo’lmasdan onalaringizning
quchog’ida pish-pish uxlab qolasiz hammangiz. Bizga o’xshash qari-qartanglar uchun chirog’ judayam kerak, — dedi.
Bolalarning ko’zi cholda edi.
— Tunov kuni kechasi qattiq yomg’ir yog’ib turgan edi. Bu yoqqa kelsam, ko’cha qop-qorong’u. Fanorning teshik oynasi dan shamol kirib o’chirib qo’ygan. Ana u ariqning bo’yiga bor ganimda bir nima suvni shapillatardi. Yopiray, nima ekan, deb fanorchamni ariqqa tutsam, mendan ham qari bir kishi ariq dan chiqolmay yotgan ekan. Darrov qo’lidan tortdim, bir amallab chetga chiqardim, hamma yog’i loy, jiq-jiq suv.
Bolalardan biri:
— Voy, boyaqish, soqoliyam, yuziyam loymi?
— Hamma yog’i loy bo’lgan... Keyin yetaklab uyiga eltib qo’ydim, — dedi chol.
Mening ko’zimga Fanorchi otaning degani shunday ko’rinib kelgandi, Qosim cho’loq:
— Yolg’on-yolg’on! — deb baqirdi. Bolalar birdan:
— Rost! — deb javob qaytarishdi.
— Kim endi sindirsa, shuni tutib beramiz otamga, — dedi Ahmad.
Fanorchi ota:
— Ha, barakalla, endi sindirmaysizlarmi? — dedi.
— Yo’q-yo’q, — javob berdik biz shu zamon. Kichkina narvonini yana yelkasiga ilib, chol qorong’ilikka
kirib yo’qoldi.
Shundan beri, haqiqatan, fanorga hech shikast tegmadi. Hozir shu fanorning o’rnida sim to’r bilan o’ralgan tuxumdan kattaroq elektr lampochkasi yonib turadi. Uning uchun na yoquvchi, na gugurt, na moy kerak. Hech bir bola tegajaklik qilib tosh ham otmaydi. Uning yorug’ida yurganda yoshligimning bir parchasini va Fanorchi otanigina xotirlayman.

Ссылка на источник