September 20, 2022

Andijon viloyatida ishlayotgan 2300 nafar xodimlar “Mobile-ID” tizimida identifikatsiyadan o‘tkazildi.

Andijon viloyat adliya boshqarmasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-son Farmoniga asosan 2022-yil 1-avgustdan boshlab aholiga davlat xizmatlaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda “Mobile-ID” tizimi joriy qilindi.

Hozirgi kunda Davlat xizmatlari markazlari va notarial idoralarga murojaat qilgan fuqarolarga “Mobile-ID” tizimi orqali bepul identifikatsiyadan o‘tkazib berish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Byudjet tashkilotida ishlayotgan xodimlarning ish vaqtini tejash va ortiqcha ovoragarchilikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida adliya boshqarmasining tashabbusi bilan tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlarga Davlat xizmatlari markazlari xodimlari joyiga chiqqan holda sayyor xizmat ko‘rsatib, 2300 dan ortiq xodimlar “Mobile-ID” tizimi orqali bepul identifikatsiyadan o‘tkazib berildi.

Shu bilan birga, ushbu xizmatdan foydalanish qulayliklari va imkoniyatlarini fuqarolarga keng tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida 30 dan ortiq tashkilotlarda seminar shaklida targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilib, televideniya va ijtimoiy tarmoqlarda yoritildi.

Ma’lumot tariqasida, “Mobile-ID” – bu elektron raqamli imzo talab etilmasdan, barcha turdagi mobil qurilmalar orqali davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini beradi.

“Mobile-ID” tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan bevosita Davlat xizmatlari markazlari yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qo‘l barmog‘i izi olinadi va mobil telefon raqami YaIDXPdagi shaxsiy kabinetga bog‘lanadi.

Shuni yodda tutish joizki, bevosita Davlat xizmatlari markazlari
yoki notarial idora orqali fuqarolarni “Mobile-ID” tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar to‘lov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi.

Azimov Akmaljon Baxtiyorovich

Andijon viloyat adliya boshqarmasi

boshlig‘i o‘rinbosari