April 24, 2020

Ot_M. Burxanov

Juft ot. Bir xil grammatik shaklga ega bo‘lgan ikkita otning teng bog‘lanishidan tuzilib, bir umumiy ma’noni anglatadigan ot juft ot deyiladi. Juft otlarning qismlari mustaqil urg‘uli so‘z bo‘lib, ular talaffuzda yagona leksik urg‘uga birlashadi. Affikslar juft otning keyingi qismiga qo‘shiladi: ota-onadan, osh-nonning, aka-ukalar, arz-dodimizni.
Juft otlar tarkiban har ikkala qismi mustaqil ma’noli so‘zlardan, bir qismi mustaqil, ikkinchi qismi mustaqil ma’noga ega bo‘lmagan so‘zlardan va har ikkala qismi ma’noga ega bo‘lmagan so‘zlardan tuziladi:
1.Har ikkala qismi mustaqil ma’noli so‘z bo‘ladi. Bunda juft so‘zlar o‘zaro ikki xil bog‘lanadi: a) bog‘lovchilarsiz: ota-ona, qozon- tovoq; b) –u, -yu yuklamalari yordamida: tog‘-u tosh, olma-yu o‘rik.
Juft otlarning har ikkala qismi mustaqil ma’noli so‘zdan tuzilganda uning qismlari quyidagicha farqlanishi mumkin: 1) har ikkala qismi hozirgi tilimizda ishlatiladigan mustaqil so‘z bo‘ladi: o‘yin-kulgu, tog‘- tosh, sigir-buzoq, qo‘y-qo‘zi; 2) mustaqil so‘zlarning ikkinchi qismi
tarixiy yoki eskirgan so‘z bo‘ladi: ko‘cha-kuy, el-ulus, idish-oyoq; 3)mustaqil so‘zlarning birinchi yoki ikkinchi qismi o‘zlashma so‘z bo‘ladi: kuch-quvvat, o‘y-xayol (o‘zbekcha+arabcha), tuz+namak (o‘zbekcha+ tojikcha), savdo-sotiq, gap-so‘z (tojikcha+o‘zbekcha); 4) mustaqil so‘zlarning har ikkalasi o‘zlashma so‘z bo‘ladi: hol-ahvol, hisob-kitob, sir-asror (arabcha).
Juft otlarning tuzilshida so‘zlar ma’no jihatdan quyidagicha munosabatda bo‘ladi: a) mazmunan bir-biriga yaqin, umumiy bir guruhga mansub bo‘lgan uyadosh so‘zlardan: oyoq-qo‘l, yuz-ko‘z, , idish-tovoq, sigir-buzoq; b) ma’nodosh so‘zlardan: o‘y-xayol, kuch- quvvat, or-nomus, baxt-saodat, qo‘ydi-chiqdi; v) qismlari zid ma’noli so‘zlardan: yer-ko‘k, er-xotin, o‘g‘il-qiz, keldi-kitdi, oldi-berdi; g) butun-bo‘lak munsabatga ega bo‘lgan so‘zlardan: gap-so‘z, tog‘-tosh.
2.Bir qismi mustaqil, ikkinchi qismi mustaqil ma’noga ega bo‘lmagan so‘zlardan tuzilgan juft otlar: kiyim-kechak, bozor-o‘char, temir-tersak, maza-matra, qand-qurs.
3. Har ikkala qismi ma’noga ega bo‘lmagan so‘zlardan tuzilgan juft otlar: g‘ala-g‘ovur, lash-lush, ikr-chikir, g‘idi-bidi.
Juft otlar vositasida ifodalangan ma’no har xil bo‘ladi: a) ma’no
umumlashadi va kengayadi: qovun-tarvuz, qozon-tovoq, qo‘y-echki; b)
ma’no umumlashadi va jamlanadi: o‘g‘il-qiz, ota-ona, aka-uka.

Takroriy otlar. Bir xil grammatik shakldagi so‘zlarni aynan takrorlash orqali leksik-grammatik jihatdan bir butunlikni tashkil qiluv- chi otlar takroriy otlar deyiladi. Takroriy otlar ko‘plik va umumlash- tirish, ma’no kuchaytirish kabi leksik-grammatik maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Masalan: Xo‘jalikning bu yilgi daromadi yaxshi. Ombor-ombor g‘alla, xirmon-xirmon paxta yetishtirib mo‘l hosil to‘plandi. Og‘riq tobora zo‘rayib, uning suyak- suyagigacha zirqiratardi.
Takroriy otlarning maxsus takror turi ham mavjud bo‘lib, bu turdagi takror otlar mustaqil so‘z va uning fonetik soyasi qolipida tuziladi hamda gumon, umumlashtirish, jamlash kabi qo‘shimcha ma’nolarni yuzaga keltiradi: ovqat-povqat, ilon-milon, non-pon, chang-chung, choy-poy, qand-qurs.
Qisqartma otlar. Murakkab so‘z birikmalarini turli usullar yordamida qisqartirish orqali yasalgan otlardir. Qisqartma otlar nutqning ixchamligini ta’minlovchi muhim vositalardan biridir. Masalan: BMT, OAK(Oliy Attestatsiya komissiyasi), O‘zteleradio kompaniyasi, O‘z- dunrobita. Qisqartma so‘zlarning ba’zilari tilimizda aynan o‘zlashtiril- gan holda ishlatiladi: YUNESKO, NATO, Koskom kabilar shular jumlasidandir. Bular yasama otga olinMAydi.
Unutmang: o'qish - ulg'ayish!