May 22

"Beautiful Nightmare"

“Ba’zi insonlar seni qutqarish uchun emas, ichingdagi zulmatni uyg‘otish uchun hayotingga kiradi.”

2-qism

Suho qoʻlidagi qonli kamarni polga otdi. Uning koʻksidan ogʻir nafas sadosi chiqar, vujudidagi vahshiyona gʻazab nihoyat qon hidi va Nayeonning pichirlagan yigʻilaridan soʻng biroz pasaygandek edi. U gilam ustida darmonsiz yotgan, yuz-koʻzi koʻkarib, koʻylagi yirtilgan xotiniga nafrat bilan qarab qoʻydi.

— Bu senga yaxshi saboq boʻladi. Menga qarshi chiqish nimaligini bilib qoʻy, — dedi Suho sovuqqonlik bilan va yotoqxona eshigini qarsillatib yopib, chiqib ketdi.

Xonada yana oʻsha vahshiyona jim-jitlik hukmronlik qila boshladi. Nayeon burchakda, sovuq pol ustida buklangancha yotardi. U tanasidagi chidab boʻlmas ogʻriqqa qaramay, bor kuchi bilan faqat bir nuqtani — qornini quchoqlab olgandi.

"Yasha .. iltimos, omon qol,"

deb pichirladi uning ichki ovozi. Lablari shunchalik qurib, yorilib ketgandiki, hatto ovoz chiqarishga ham darmoni qolmagandi.

Oradan toʻrt soat oʻtdi.
Tungi soat 11lar atrofida Suho kayfi biroz tarqab, xonaga qayta kirdi. U Nayeonni hali ham oʻsha yotgan joyida, qimirlamayotganini koʻrdi. Boshida buni shunchaki oʻyin deb oʻyladi va unga yaqinlashib, oyogʻi bilan turtib koʻrdi.

— Tur oʻrningdan, bas qil oʻyinni, — buyurdi u.

Lekin Nayeondan hech qanday javob boʻlmadi. Suho qoshlarini chimirib, yerga tiz choʻkdi va uning yuzini oʻziga oʻgʻirdi. Nayeonning terisi muzlab ketgan, rangi qordek oppoq edi. Suho uning boʻyniga barmoqlarini qoʻyib, tomir urishini tekshirdi.

Yurak deyarli urmayotgan edi. Juda sust, zaif va har bir urishi soʻnggisi boʻlishi mumkindek tuyulardi. Eng daxshatlisi, Nayeonning kiyimidan pastga qarab sizib chiqayotgan qizil qon izlari gilamga singib borayotgandi.

Suho birdan qoʻrqib ketdi. U Nayeonni sevgani uchun emas, balki asirasi qoʻlidan chiqib ketayotganidan, uni oʻldirib qoʻysa, qamoqqa tushishi yoki jamiyatdagi obroʻsi toʻkilishidan vahimaga tushdi.

— Jin ursin — baqirib yubordi u va Nayeonning darmonsiz tanasini koʻtarib, shoshgancha xonadan olib chiqib ketdi. U qizni mashinasining orqa oʻrindigʻiga otdi-da, shifoxona tomon tezlikni oshirdi.

Mashina tun bagʻrini tilib borarkan, orqa oʻrindiqda yotgan Nayeonning qoʻllari sekin qornidan pastga tushdi. U hushini butkul yoʻqotib boʻlgandi, lekin uning ongi ostida faqat bitta narsa — dengiz boʻyida oʻzini quchgan oʻsha qora paltoning hidi va Kim Taehyungning tubsiz koʻzlari aylanaverdi. U bittagina narsani — qutqarilishni xohlardi.

Shifoxonaning qabul boʻlimi eshiklari shoshilinch ravishda ochildi. Tibbiyot xodimlari hushsiz, qonga belangan Nayeonni gʻildirakli karavotga yotqizib, zudlik bilan operatsiya xonasi tomon olib kirib ketishdi.

— Bemor juda koʻp qon yoʻqotgan! Tomir urishi oʻta zaif! — shifokorlarning xavotirli ovozlari yoʻlakda aks-sado berdi.

Suho burchakda turib, kiyimidagi qon dogʻlariga asabiy qarab qoʻydi. Uning yuragi daxshatli urar, xotinining ahvolidan koʻra, bu voqea uning obroʻsiga qanday taʼsir qilishi haqida oʻylayotgan edi. Shifokorlardan biri unga yaqinlashmoqchi boʻlganida, Suhoning choʻntagidagi telefoni jiringlab qoldi.

U ekrandagi ismni koʻrib, rangi oʻchib ketdi.Suho shoshilgancha chetga oʻtdi va goʻshakni koʻtardi.

— Gapir, nima boʻldi? — pichirladi u atrofga qarab.

— Suho, hoziroq u yerdan ket! — telefondan kelgan vahimali ovoz yangradi. — Bizning maxfiy omborimiz fosh boʻldi! Kim Taehyungning odamlari hamma joyni oʻrab olishdi. Agar hozir qochib ketmasang, sening ham, biznesingni ham yoq qilib yuboradi.

Suho qotib qoldi. Nayeonni bu yerda qoldirish u uchun hech narsa emas edi, oʻzining hayoti turganda.

— Men hozir ketaman — dedi u va shifokorlarga qarab ham qoʻymay, shifoxonaning markaziy chiqish eshigi tomon shoshilib yurib ketdi.

Tungi oʻn ikkilar atrofida shifoxonaning shisha eshiklari avtomatik ravishda ochildi. Suho boshini eggancha, tez qadamlar bilan tashqariga chiqayotgan edi. Aynan oʻsha soniyada, tashqaridan ichkariga qarab qadam bosgan uzun qora palto kiygan erkak bilan uning yelkasi toʻqnashib ketdi.
Zarbadan Suho biroz ortga tisarildi. U jahli chiqib, baqirmoqchi boʻldi:

— Koʻzingga qarab yursang boʻlmaydimi?!

Lekin u qarshisida turgan insonning yuzini koʻrib, gapirgan gapiga pushaymon boʻldi va tomogʻiga bir narsa tiqilgandek jim boʻlib qoldi.
Qarshisida Kim Taehyung turardi.

Taehyungning sovuq nigohlari xuddi oʻlim farishtasinikidek edi. Uning qora sochlari peshonasiga tushgan, qadamlari esa xuddi oʻz oʻljasini burchakka qisgan yirtqich kabi barqaror edi. Taehyung Suhoga bir soniya tikilib turdi, uning nigohi beixtiyor Suhoning koʻylagidagi va qoʻllaridagi qon dogʻlariga tushdi.

Taehyung hech narsa demadi, hatto qoshini ham chimirmadi. Lekin uning koʻzlarida shunday daxshatli gʻazab va nafrat uchquni yondiki, Suho beixtiyor bir qadam ortga chekindi. Taehyung uning yonidan shunchaki sovuqqonlik bilan oʻtib ketdi, goʻyo Suho u uchun allaqachon oʻlik bir buyumdek edi.

Suho uning ortidan qarab, qoʻrqib ketganidan titrab ketdi va tezda oʻz mashinasiga qarab yugurdi.

Taehyung esa shifoxona yoʻlagi boʻylab qatʼiy qadamlar bilan borar ekan, choʻntagidan telefonini chiqardi. Dengiz boʻyida oʻsha qiz qochib ketganidan beri u butun shahar shifoxonalarini kuzatuvga olgandi va qizning bu yerga olib kelinganini kelgan vaqti bilgan edi.

— Men shifoxonadaman, — dedi Taehyung telefonga, uning ovozi tunda gursillagan momoqaldiroqdek ogʻir eshitildi. — Suho hozirgina chiqib ketdi. Unga tegmanglar, uni oʻz qoʻllarim bilan oʻldiraman. Menga hozir oʻsha qizning palatasi raqamini va ahvolini aniqlab bering... hoziroq!

Taehyung shifoxona yoʻlagining eng oxiridagi, reanimatsiya palatasining eshigini ohista ochdi. Ichkarida faqat tibbiy apparatlarning bir maromdagi zerikarli va sovuq ovozi eshitilib turardi.

U xonaga qadam bosdi. Chiroqlar oʻchirilgan, faqat derazadan tushayotgan tungi shahar chiroqlarining zaif nuri xonani biroz yoritib turardi. Oq choyshablar orasida, yuz-koʻzlari koʻkarib, sunʼiy nafas olish apparatiga bogʻlanib yotgan Nayeon xuddi singan chinnidek moʻrt koʻrinardi.

Taehyung uning karavoti yoniga kelib, toʻxtadi. U yerda yotgan qizga uzoq tikilib turdi. Ichidagi oʻsha qorongʻu, ega chiqish hissi vujudini kuydirib borayotgan edi.

Taehyung sekin enkaydi. Uning uzun, baquvvat barmoqlari Nayeonning yuziga yopishib qolgan singan qora soch tolalariga tomon choʻzildi. U qizning terisiga teginishni, uning haroratini his qilishni juda-juda xohladi. Lekin barmoqlari qizning sochiga bir necha millimetr qolganda... u toʻxtadi....

U qoʻlini havoda muallaq ushlab turarkan, toʻsatdan lablari chetida sovuq va daxshatli bir tabassum paydo boʻldi. U past ovozda, bamisoli vahshiy maxluqdek pichirlab kulib yubordi. U oʻzining bu qizga boʻlgan telbalarcha bogʻliqligidan, uni endi hech kimga bermasligini anglaganidan kulyotgan edi.

Taehyung qoʻlini sekin ortga tortdi va palto choʻntagiga soldi. U karavot suyanchigʻiga suyanib, hushsiz yotgan Nayeonga qarab gapira boshladi. Ovozi juda past, lekin xonadagi apparatlar ovozini ham bosib yuboradigan darajada ogʻir edi.

— Senga uyingga qaytma degandim, qushcham, — pichirladi Taehyung, koʻzlari Nayeonning rangpar yuzida kezararkan. — Meni ahmoq qilib qochib ketganingning badali shunchalik ogʻir boʻldimi?

U biroz jim qoldi, keyin koʻzlari yanada qorongʻulashdi.

— Seni bu ahvolga solgan oʻsha ering.... u hozirgina mening yonimdan oʻtib ketdi. Sening qoning uning qoʻllarida edi. Bilasanmi, men oʻsha lahzada uni shu yerning oʻzidayoq boʻgʻib oʻldirishim mumkin edi. Lekin buni qilmadim... Chunki senga bergan har bir azobi uchun u bitta oʻq bilan qutulib qolmasligi kerak. Uni sekin, qiynab oʻldiraman.

Taehyung Nayeonning yuziga yaqinroq keldi, uning nafasi qizning yuziga urilardi.

— Tezroq koʻzingni och, qushcham, Chunki sen uygʻonganingda, seni urgan oʻsha qoʻllar endi bu dunyoda boʻlmaydi. Sen oʻsha doʻzaxdan qutulasan.. lekin keyin mening jahannamimga kelasan. Men seni hech kimga bermayman. Hatto oʻlimga ham.

Ertasi kuni tushga yaqin Nayeon sekin koʻzlarini ochdi. Tomogʻi qurib qolgan, butun tanasi goʻyo minglab ignalar sanchilayotgandek ogʻrirdi. U oq shiftga tikilib turarkan, bir necha soniyadan soʻng esiga tushgan birinchi narsa qorindagi mitti hayot boʻldi.
Nayeon darmonsiz qoʻlini qorniga olib bormoqchi boʻldi, lekin bilagidagi osma ukol bunga yoʻl qoʻymadi. Shunda u xonaning burchagida, kresloda oyoqlarini chalashtirib, unga sovuq nigoh bilan tikilib oʻtirgan Kim Taehyungni payqadi.

U kechagi qora paltosida emas, qimmatbaho toʻq kulrang kostyum-shimda edi, lekin koʻzlaridagi oʻsha vahshiyona ega chiqish hissi zarracha oʻzgarmagandi.

— Uygʻondingmi, qushcham? — Taehyung oʻrnidan turib, ohista qadamlar bilan karavotga yaqinlashdi.

Nayeon qoʻrquvdan yotoq devoriga yopishishga urindi, lekin ogʻriqdan yuzi burishib ketdi. Ovozi xirillab chiqdi:

— Siz... siz bu yerda nima qilyapsiz? Suho qani?

Taehyung labining cheti bilan sovuq kulib qoʻydi va karavot chetiga oʻtirdi. U enkayib, Nayeonning yuziga yaqinlashdi.

— Suho? — Taehyung bu ismni nafrat bilan tilga oldi. — U hozir oʻzining iflos pullarini va jonini asrab qolish uchun sichqondek qayerdadir yashirinib oʻtiribdi. Seni esa oʻlimga tashlab ketdi.

Nayeonning koʻzlaridan yosh sizib chiqdi. U atrofga alanglab, shifokorlarni chaqirmoqchi boʻldi.

— Keting bu yerdan... Iltimos, meni tinch qoʻying. Men shifokor bilan gaplashishim kerak. Bolam... bolam yaxshimi?

Taehyung qizning koʻz yoshlariga qarab turarkan, uning yuzidagi koʻkarishlarga sekingina barmoqlarini tekkizdi. Nayeon boshini chetga tortmoqchi boʻldi, lekin Taehyung uning iyagidan mahkam tutdi.

— Bolang haqida qaygʻurishni bas qil, Nayeon, — dedi Taehyung ovozini daxshatli darajada past va vazmin qilib. — Hozircha u tirik. Lekin sening bu ahvolda oʻsha zolimning oldiga qaytishing oʻlim bilan tengligini tushunmayapsanmi?

— U mening erim! — Nayeon yigʻlab yubordi, garchi oʻzi ham Suhodan nafratlansa-da, qarshisidagi bu sirli maxluqdan battarroq qoʻrqayotgan edi. — Meni qoʻyib yuboring! Nima xohlaysiz mendan?

Taehyung uning yuziga qarab turib, pichirladi:

— Seni xohlayman. Sening har bir nafasingni, sening mana shu qoʻrquv toʻla koʻzlaringni xohlayman. Suho senga azob berdi, lekin sening joningni ololmadi. Men esa senga hayot beraman, lekin evaziga butun borligʻingni olaman.

— Siz aqldan ozgansiz... — Nayeon daxshat ichida uning koʻzlariga tikildi. — Suho sizni tirik qoldirmaydi. U sizni oʻldiradi!

Taehyung bu gapdan zavqlangandek yana past ovozda kulib yubordi. U Nayeonning iyagini qoʻyib yuborib, qaddini rostladi.

— Suho meni oʻldiradi? Qani, urinib koʻrsin-chi. Men unga hozircha yashashga ruxsat berib qoʻydim. Uni birdaniga oʻldirish juda oson boʻlardi. Men uni sekin-asta, nimaiki aziz narsasi boʻlsa, hammasini tortib olib, keyin tugatmoqchiman. Va undan tortib oladigan birinchi narsam — sensan.

— Men hech qachon sizniki boʻlmayman! — Nayeon bor kuchi bilan baqirdi.

Taehyung eshik tomon yura boshladi, lekin chiqishdan oldin toʻxtab, ortiga oʻgirildi. Uning koʻzlarida shunday daxshatli qorongʻulik bor ediki, xonadagi havo muzlab ketgandek boʻldi.

— Boʻlasan, Nayeon. Chunki senda boshqa yoʻl yoʻq. Agar mening shartimga koʻnmasang... oʻsha juda yaxshi koʻradigan bolang uzoq yashamaydi. Buni yaxshilab oʻylab koʻr, — dedi-da, Taehyung xonadan chiqib ketdi.

Nayeon palatada yolgʻiz qolib, alam va qoʻrquvdan oʻksib-oʻksib yigʻlay boshladi. U bitta doʻzaxdan qochgandi, lekin endi undan ham vahshiyroq va qudratliroq maxluqning panjasiga tushganini butun vujudi bilan his qildi........

2-qism tugadi