"Beautiful Nightmare"
Taehyung palata eshigini ochib, ichkariga kirdi. Uning qadamlari ohista, lekin har bir bosgan qadami xonadagi havoni ogʻirlashtirib borayotgandek edi. U Nayeonning yotogʻi yoniga kelib, choʻntagidan qoʻllarini chiqardi va qizning rangpar yuziga tikildi. Koʻzlaridagi oʻsha qorongʻu, telbalarcha egalik hissi yanada quyuqlashgan edi.
— Oʻzingga kelib qolibsan, qushcham, — dedi Taehyung ovozini daxshatli darajada mayin va past qilib. — Ranging biroz joyiga tushibdi.
Nayeon uning yaqinlashganini koʻrib, koʻrpasini koʻksiga qadar tortdi, vujudini qoʻrquv titrogʻi qopladi:
— Sizga aytdim-ku... meni tinch qoʻying. Men bu yerdan ketmoqchiman. Uydagilarimning oldiga, uzoqqa ketaman.
Taehyung uning bu gapidan sovuq kuldi. U karavot chetiga oʻtirdi-da, Nayeon qarshilik koʻrsatishga ulgurmasidan, uning muzdek qoʻllarini oʻzining baquvvat kaftlari orasiga oldi. Uning barmoqlari qizning bilagini bamisoli kishan kabi qisib turardi.
— Ketasan? — Taehyungning ovozi bir soniyada jiddiy tortdi. — Qayerga ketasan, Nayeon? Kimning oldiga? Tashqaridagi dunyo sen uchun tugagan. Sen oʻsha zolimning oldiga ham, seni himoya qila olmaydigan oilangning oldiga ham qaytmaysan.
— Siz kimsiz oʻzi? Meni nega qoʻyib yubormayapsiz?! — Nayeonning koʻzlaridan yosh sizib chiqdi, u qoʻlini tortib olishga urindi, lekin Taehyung uni qoʻyib yubormadi.
— Men sening qutqaruvchingman. Va endi... sening yagona egangman, — Taehyung enkayib, Nayeonning yuziga shu qadar yaqin keldiki, qiz uning oʻtkir va sovuq atir hidini tuydi. — Sen mendan qochib qutulaman deb oʻyladingmi? Oʻsha dengiz boʻyida qora paltomni kiyib, koʻzlarimga tikilganingda, sening taqdiring mening qoʻllarimga oʻtib boʻlgandi. Sen faqat meniki boʻlasan, qushcham. Sening har bir nafasing, sening mana shu urayotgan yuraging ham faqat men uchun yashaydi.
— Men sizni sevmayman! Sizdan nafratlanaman! — Nayeon alam bilan baqirdi.
— Nafratlan, — Taehyung uning bilagini yanada mahkamroq qisdi, koʻzlarida vahshiyona uchqun yondi. — Menga sening muhabbating kerak emas. Menga sening butun borligʻing kerak. Sen mening oltin qafasimda yashaysan. Men senga dunyodagi eng qimmat hayotni beraman, bolangni eng zoʻr sharoitda oʻstirtiraman. Lekin evaziga sen umringning oxirigacha faqat meniki boʻladi.....
Nayeon daxshat ichida uning tubsiz koʻzlariga tikilib qoldi. Qarshisida inson emas, sirtqi qiyofasi mukammal, lekin ichi qop-qorongʻu bir maxluq turgandek edi.
Aynan shu lahzada Taehyungning kostyumi choʻntagidagi telefon qattiq ovozda jiringlab ketdi. Bu uning faqat favqulodda vaziyatlarda ishlaydigan raqami edi....
Taehyung qoshlarini chimirib, Nayeonning qoʻlini qoʻyib yubordi. Telefonni olib, goʻshakni koʻtardi. Narigi tomondan uning yordamchisining shoshilinch ovozi eshitildi:
— Janob Kim, Suho shahar chetidagi port xavfsizligini buzdi! U oʻz odamlari bilan bizning yuklarimizga hujum qilyapti. Hoziroq kelmasangiz, hammasi qoʻldan ketadi!
Taehyungning yuzidagi mayinlik birdan yoʻqolib, oʻrnini daxshatli gʻazab egalladi. U telefonni oʻchirib, choʻntagiga soldi. Soʻng Nayeonga sovuq va qatʼiy nigoh bilan qaradi:
— Mening biroz ishim chiqib qoldi. Lekin uzoq vaqtga emas. Qaytganimda seni shifoxonadan toʻgʻri oʻz uyimga olib ketaman. Aqlli qiz boʻlib oʻtir, qushcham. Atrofda mening odamlarim bor, — dedi u va shoshilgancha palatadan chiqib, eshikni tashqaridan yopdi. Yoʻlakda uning yordamchilariga baland ovozda buyruq berayotgani eshitildi.
Xonada yana oʻsha sovuq jimjitlik hukmron boʻlib qoldi.
Nayeonning yuragi daxshatli urardi. U Taehyungning ketganidan foydalanib, vujudidagi bor kuchini toʻpladi.
Hozir ketmasam, meni butunlay yutib yuboradi, deb oʻyladi u.
Nayeon titrayotgan qoʻllari bilan bilagidagi osma ukol ignasini yulib otdi. U chidab boʻlmas ogʻriqqa qaramay, karavotdan oyoqlarini tushirdi. Har bir harakati qornidagi zaif homilaga ogʻriq berayotgan edi, lekin qoʻrquv hissi uni toʻxtata olmadi.
U devorlarga suyanib, eshik tomon yurdi. Eshik tutqichini sekin pastga tushirdi — xayriyat, Taehyung shoshilganidan eshikni qulflashni unutgan edi!
Nayeon eshikni ohista ochib, yoʻlakka qaradi. Baxtiga, Taehyung hamma qoʻriqchilarini oʻzi bilan birga portdagi muammoni hal qilish uchun olib ketgan, faqat pastki qavatda bir nechta odami qolgan edi.
Nayeon shifoxonaning bemorlar kiyimida, yalangoyoq holda, qornini quchoqlagancha orqa eshik tomon qadam tashladi. Uning ongidagi yagona fikr — bu ikki maxluqdan bolasi bilan birga uzoq-uzoqlarga qochib ketish edi. U shifoxonaning qorongʻu yoʻlaklari boʻylab, oʻzining soʻnggi kuchi bilan qochib borardi...
Tungi sovuq havo Nayeonning yupqa shifoxona kiyimidan oʻtib, vujudini titratardi. U shifoxonaning orqa eshigidan chiqib, qorongʻu koʻchalardan qochib borarkan, har bir bosgan qadami qornida ogʻriq uygʻotardi. U qayerga borishni, kimdan yordam soʻrashni bilmasdi.
Toʻsatdan uning miyasiga daxshatli bir fikr keldi. Onasi... Uning bu dunyoda oʻzidan koʻra koʻproq yaxshi koʻrgan onasining yagona qolgan surati oʻsha uydagi doʻzaxda — Suhoning qasrida qolib ketgandi. Suho Nayeonning oʻtmishini butkul oʻchirib tashlash uchun onasining hamma narsasini yoqib yuborgan, faqat bittagina eski rasmni Nayeon oʻz yotoqxonasidagi maxfiy joyda asrab kelayotgan edi.
Agar hozir olmasam, Suho uni albatta topadi va yoʻq qiladi. Onamdan qolgan yagona xotirani u yerda qoldirolmayman, deb oʻyladi Nayeon lablarini tishlab.
U bor kuchi bilan yoʻldan oʻtayotgan bitta taksini toʻxtatdi. Qoʻlida puli yoʻq edi, lekin boʻynidagi Suhoning majburlab taqib qoʻygan qimmatbaho brilliant koʻzli zanjirini yulib oldi-da, haydovchiga uzatdi:
— Iltimos... meni mana shu manzilga olib boring. Mana buni oling, faqat tezroq!
Haydovchi zanjirga qarab, qizning ahvolidan shubhalansa-da, taklif juda katta boʻlgani uchun indamay mashinani oʻsha daxshatli qasr tomon haydadi.
Yarim soatdan soʻng mashina Suhoning ulkan uyi yaqinida toʻxtadi. Uy jim-jit, chiroqlar oʻchiq edi. Suho portdagi muammolar bilan band boʻlgani uchun bu yerda hozir hech kim yoʻqligini Nayeon ich-ichidan his qildi.
Nayeon yorilib ketgan lablarini tishlab, uyning poydevor qismidagi ochilib qolgan derazadan ichkariga oʻtdi. Ayvon va dahlizdan xuddi arvohdek ovozsiz oʻtib, oʻzining sovuq va daxshatli yotoqxonasiga kirdi. Chiroqni yoqmadi — bunga jurʼati ham yetmasdi. Qorongʻulikda devordagi katta oynaning ortiga qoʻlini tiqdi va oʻsha yerga yashirib qoʻyilgan, chetlari eskirgan onasining rasmini topdi.
Barmoqlari onasining mayin va mehribon chehrasiga tegar ekan, Nayeonning koʻzlaridan toʻxtovsiz yosh sizib chiqa boshladi. U rasmga termilgancha, devorga suyangan koʻyi polga oʻtirib qoldi. Shu lahzada atrofdagi hamma narsa gʻoyib boʻlgandek, u oʻtmishning tubsiz va qorongʻu xotiralari girdobiga choʻkib ketdi...
Nayeon olti yoshda edi. Onasining sovuq tanasini oq matoga oʻrab olib ketishayotganida, u hech narsani tushunmay yigʻlagandi. Oʻshanda dunyo u uchun birinchi marta muzlab qolgan edi. Ammo daxshat keyin boshlandi. Otasi koʻp oʻtmay uyga boshqa ayolni — sovuq nigohli oʻgay onasini yetaklab keldi.
Sening onang oʻlgan, endi bu uyning bekasi menman — oʻgay onasining bu ovozi har kuni yangraydigan tarsaki va kaltaklar bilan hamrohlik qilardi. Otasi esa bularni koʻrsa-da, koʻzlarini yumib olar, yangi xotinining chizgan chizigʻidan chiqolmasdi. Uni va oʻgay singlisi ham bor edi. Nayeon uydagi hamma narsadan, hatto otasining eʼtiboridan ham butkul ayrildi. Singlisi notoʻgʻri ish qilsa ham, kaltakni har doim Nayeon yerdi. U yillar davomida bu uyda bamisoli bir xizmatkor, begona kabi yashadi.
Eng daxshatlisi esa... otasining biznesi inqirozga uchragan oʻsha qora kun boʻldi. Otasi qarzlar botqogʻiga botganida, oʻgay onasi unga yoʻl koʻrsatgandi:
Nayeon allaqachon voyaga yetdi. Janob Suhoning koʻzi tushgan ekan. Uni oʻshanga bersangiz, barcha qarzlarimiz yopiladi.
Otasi qizining koʻzlariga qaramasdan, uni bir buyumdek badavlat va shafqatsiz Suhoga pullab yuborgan edi. Nayeon oʻz uyingdagi jahannamdan qutulaman deb oʻylagandi, afsus unday boʻlmadi......
Nega... nega mening hayotim bunday boʻldi? — Nayeon rasmni koʻksiga mahkam bosgancha, oʻksib-oʻksib yigʻlab yubordi. Uning pichirlagan ovozi qorongʻu xonada aks-sado berdi. —
Onajon, meni nega tashlab ketdingiz? Mening aybim nima edi? Nega hamma meni faqat qiynaydi? Hatto oʻz otam ham meni sotib yubordi...
U qornini ohista siladi, koʻzyoshlari darmonsiz barmoqlari ustiga tomchilardi.
— Endi esa bu bola... u ham mening qora qismatimni takrorlaydimi? Yoʻq... yoʻq, men bunga yoʻl qoʻymayman. Men seni hech kimga hafa qildirib qoʻymayman, seni urishlariga yoʻl qoʻymayman.
Nayeon rasmni kiyimi ichiga, yuragining ustiga ehtiyotkorlik bilan joylashtirdi. Koʻzlaridagi yoshni artib, bor kuchini toʻplab oʻrnidan turdi. U oʻtmishning zanjirlarini shu yerda qoldirib, oʻzining va goʻdagining kelajagi uchun bu uydan butunlay qochib ketishi kerak edi.
U eshik tomon birinchi qadamni tashlaganida, dahlizdan ogʻir va asabiy qadam tovushlari eshitildi. Kimdir eshik tutqichiga qoʻl urdi...........