August 17, 2018

SAYLOVDAGI VA'DALAR AMALGA OSHMOQDA

👉 t.me/Sirdaryo

Odamlarimizning dunyoqarashi, amaliy natijalarni o'z ko'zi bilan ko'rganda o'zgaradi. Ularning ertanggi kunga yuksak ishonchini oshirishda mahalliy Kengashga saylangan deputatlarning o'rni beqiyosdir. Qachonki, ular o'z saylovchisining bahosi yo'q ishonchini qadriga etishiga bog'liq.

So'nggi yillarda ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, matbuot sahifalarida mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar o'zlarining saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni bajarmayotgani, yillab saylovchilar bilan uchrashmay deputat degan ulug' maqomni xalqning tafakkurida “vadaboz” degan salbiy tushunchalarga aylanib qolganiga hayotda ko'plab guvohi bo'lib turibmiz.

Biroq, besh qo'l barobar emasligini hayot o'zi isbot qilib turibdi. 2014 yilda bo'lib o'tgan saylovlarda Xalq deputatlari Mirzaobod tuman Kengashi deputati etib saylangan Murodjon Hayitovning “Odamlarning ishonchi – ulug' mukofot”, “Rost gapirsak – baraka topamiz” degan so'zlarida hikmat borga o'xshaydi.

Murodjon Hayitov o'zining ilk faoliyatini saylov okrugidagi muammolarni chuqur o'rganishdan boshladi. Eng dolzarb deb hisoblangan muammolar yuzasidan takliflar ishlab chiqib, bosqichma-bosqich dasturlarga kiritib bordi. Yaqin uch yarim yillik faoliyati doirasida fuqarolardan tushgan 350 yaqin muammolarning etmish foizini ijobiy echimiga erishdi. Hal etilmay qolgan muammolarga tegishlicha mutaxassislar orqali malakali tavsiyalar berishga harakat qildi.

U Xalq deputatlari Mirzaobod tuman Kengashidagi O'zbekiston XDP guruhi rahbari, Reglament va deputatlik odobi doimiy komissiyasi raisi sifatida shu kunga qadar 12 ta masalani sessiyada, 18 ta masalani doimiy komissiya muhokamasiga olib chiqdi. Shuningdek, qabul qilingan qarorlarni ijrosini ta'minlashni o'z nazoratiga oldi. Ushbu maslalar orasida aholini ish bilan ta'minlash, tibbiyot sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etish va yangi texnik uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, ta'lim sifatini oshirish, tadbirkorlik sub'ektlarida savdo terminallarini muntazam ishlashini ta'minlash kabi dolzarb masalalar o'zining ijobiy echimini topa boshladi.

Tuman Kengashi deputati sifatida mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so'rovlari bilan murojaat qilish asosida o'zining saylov okrugida 740 dan ortiq fuqarolarni bepul tibbiy ko'rikdan o'tkazish va xomiylar yordamida bepul dori-darmonlar bilan ta'minlashda, 60 yaqin fuqarolarni ish bilan ta'minlashga erishdi. Shuningdek, 46 nafar kam ta'minlangan oilalarga uy-joy qurish uchun er uchastkalari ajratilishiga ko'maklashdi. Ishsiz bo'lgan, o'z tadbirkorligini boshlash istagini bildirgan 20 nafar fuqarolarga tijorat banklaridan kam foizli kreditlar olishga yordam berdi.

2018 yil Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashining bo'shab qolgan o'rinlarga o'tkazilgan saylovda eng ko'p ovoz bilan 8-Navro'z saylov okrugidan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi deputati etib saylangan Murodjon Hayitovning vakolat doirasi yanada kengaydi. U viloyat Kengashi deputati etib saylangan dastlabki kundan boshlab, Muhtaram yurtboshimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-3182-sonli qaroriga asosan viloyat hamda tuman sektor rahbarlari bilan hamkorlikda o'z faoliyatini tashkil eta boshladi.

Murodjon Hayitovning tashabbusi bilan o'tgan 5 oylik faoliyati davomida saylov okrugi hududida joylashgan O'zbekiston temir yo'llari aktsiyadorlik kompaniyasiga qarashli “Sardoba temir yo'l” agrosanoat majmuasi unitar korxonasi rahbariyati bilan hamkorlikda Mirzaobod tumanidagi “Navbahor” mahallasida bolalar uchun futbol maydoni va bolalar o'yingohi qurilishi boshlandi.

Mirazobod tumani “Tinchlik” mahallasida eski davlat sanitariya epidemiologiya markazining bo'shab qolgan binosini bolalar bog'chasiga aylantirish tashabbusi bilan chiqib, sektor rahbari bilan bu muammoni ijobiy echim topishiga erishdi. Bugungi binoni ta'mirlash ishlari boshlanib ketdi.

Mirzaobod tumanidagi “Bog'iston” mahallasida aholining chorva mollari uchun 6 gektar yaylov ajratish masalasi deputatning aralashuvi bilan hal etildi. “Bog'iston” mahallasining 3 ta ko'chalaridan oqib o'tuvchi kollektor ko'p yillar davomida tozalanmasdan ko'milib ketganligi oqibatida, qishloqning bir qismida xonadonlar atrofi suv bosib uylarga jiddiy zarar keltirmoqda edi. Deputat Murodjon Hayitovning O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vaziriga yuborgan deputat murojaati natijasida ushbu muammo hal etilib, 0,6 km kollektor (zovur) tozalanib, szot suvlar sathi pasaytirildi.

M.Haitovning Uztransgaz aktsiyadorlik jamiyati boshqaruviga yuborgan murojaati asosida Mirzaobod tumani Navro'z shaharchasidagi Ma'rifat va Istiqbol ko'chalariga tabiiy gaz keltirildi. Shuningdek, yana bir deputat so'rovi asosida Mirzaobod tumanidagi Toshkent, Tinchlik, Bog'iston, Navbahor, Yo'ldoshobod, Bahoriston mahallalari va Navro'z shaharchasida yashovchi 1200 nafar fuqarolar bepul tibbiy ko'rikdan o'tkazildi.

Deputatning O'zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vaziriga yuborgan deputatlik murojaatlariga asosan, Mirzaobod tumani Navro'z shaharchasining Bobur ko'chasida yashovchi aholini sifatli toza ichimlik suvi bilan ta'minlash masalasi o'zining ijobiy echimini topdi.

Deputat Murodjon Hayitovning eng afzal jihati shuki, u quyi rahbarlarning rad etilgan javobidan qoniqmasa, yuqori idoralarga murojaat etib bo'lsa-da, odamlarning murojaatini imkoni boricha ijobiy hal etib berishga qat'iyat bilan kirishadi.

-Deputat degan so'zni eshitardigu, o'zini ko'rmasdik - deydi Mirzaobod tumani “Navbahor” MFY Arnasoy ko'chasida yashovchi fuqaro Saydulla Mamatqulov. –O'g'lim Sharif Mamatqulov bolalikdan nogiron bo'lib tug'ilgan, yurak parogi. O'g'limni nafaqaga chiqarish uchun 8 yil turli idoralarga murojaat etdik, hech uddasidan chiqmadik. Nihoyat, Murodjon Hayitov bizning mahalladan deputat etib saylanganidan keyin shu masalada undan yordam so'radi. Shukurki, yosh deputatimiz bir oy ichida tegishli davlat organlariga deputat so'rovlari chiqarib, shifokorlar ataylab yashirib qo'ygan hujjatlarini topdirib, o'g'limni 2-guruh nogironi maqomiga ega bo'lishiga yordam ko'rsatdi. Hozirda, o'g'lim nafaqa olyadti. Biz deputatimizning juda ko'p amaliy ishlaridan xabardormiz. Masalan qishlog'imizda viloyat markaziga qatnovchi avtobus yo'q edi. Mana bir emas, ikkita avtobus qatnovi deputatimizning say-harakati bilan yo'lga qo'yildi. 20 yildan beri 3-4 oila bir xonadonda noqulay sharoitlarda yashar edi. Deputatimiz hokimlikka murojaat qilish orqali 2018 yilning yanvar oyida 46 nafar fuqaroga uy-joy qurish uchun er uchastkalari ajratildi. Bir qariyalar deputatimizning yosh bo'lishiga qaramay, u kishining yonib ishlashi, tashabbusi, tirishqoqligi, qo'rmasligiga hamisha qoyil qolamiz va hamisha uni asrashini so'raymiz.

Odamlarimizning dunyoqarashi ularning taqdirida ro'y bergan tugunli muammolarning echilishiga ham bog'liqdir. Deputat Murodjon Hayitov ayni vaqtlarda o'zini-o'zi boshqarish organlarining mutasaddilari bilan 2019 yilgi davlat va mahalliy dasturlarga takliflar ishlab chiqmoqda.

O'zbekiston Xalq demokratik partiyasidan deputat etib saylangan Murodjon Hayitovning deputatlik faoliyati, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi va Mirzaobod tuman Kengashilari deputati sifatidagi ishlari partiyaning aholi, elektorat orasidagi obro'si va nufuzini ko'tarishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Jamol Andaqulov,

O'zbekiston XDP Sirdaryo viloyat kengashi bo'lim boshlig'i