July 28, 2018

Sirdaryoda olti oyda 95 ming 449 yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlandi

👉 https://t.me/Sirdaryo

Joriy yilning 6 oyi yakuniy hisobiga ko‘ra, Sirdaryo viloyatda avtomototransport vositalari soni qariyb 63 ming 900 tani tashkil etdi.

Bunday natijalar o‘z navbatida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklashi shubhasiz. Hududda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va turli qoidabuzarliklarni aniqlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.

Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, alohida yo‘l-patrul xizmati safarbar guruhlari, shahar va tuman IIB YHX bo‘linma va guruhlari xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida 95 ming 449 yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlangan. Qo‘pol ravishda qoida buzish holatlari 38 ming 848 tani tashkil etib, jumladan, transport vositasini mast holatda boshqarish 1 ming 918 holatda, piyodalar tomonidan qoida buzilishi 4 ming 931 holatda qayd etildi.

Transport vositalari va piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘l idora rahbarlariga 42 taqdimnoma kiritilib, yo‘llarga biriktirilgan bo‘lsada ushbu hujjat ijrosini ta’minlamagan 10 nafar mansabdor shaxslar va tashkilot rahbarlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llanildi.

Amalga oshirilgan profilaktika tadbirlari natijasida viloyatda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 ta (100 tadan 95 taga) ga, yo‘l-transport hodisalari tufayli halok bo‘lgan fuqarolar soni 3 ta (25 tadan 22 taga) ga, tan jarohati yetkazish holati 2 ta (75 tadan 73 taga) ga kamayishiga erishildi.

– Sodir bo‘lgan yo‘l-tansport hodisalari turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, hodisalarning 50 foizdan ortig‘i piyodalarni urib yuborish holatiga to‘g‘ri kelmoqda, deydi Sirdaryo viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Farhod Shoyzoqov.Ana shu halokatlarning asosiy qismi xalqaro ahamiyatga molik – M-34, M-39, A-373 va A-376 avtomobil yo‘llari kesib o‘tgan Sirdaryo, Mirzaobod, Oqoltin va Sayxunobod tumanlari, Guliston va Yangiyer shaharlari hududiga to‘g‘ri kelyapti.

Yo‘l-transporti hodisalarining kelib chiqishiga asosiy sabab – bu tezlikni chegaralangan me’yoridan oshirish oqibatida sodir bo‘lmoqda. Ana shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, viloyat hokimiligi bilan kelishilgan holda 2 ta onlayn rejimida ishlaydigan fotoradar kompleksi xarid qilindi. Ushbu radarlar Sirdaryo tumani hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatdagi M-34 avtomobil yo‘lining 91-kilometriga hamda Oqoltin tumanidan o‘tuvchi A-373 avtotrassasining 3-kilometriga o‘rnatildi.

Bundan tashqari 4 ta “Iskra video-2” rusumli videoradar, “Arena” va “ Kris-P” rusumidagi tezlik o‘lchovchi fotoradar kompleksi bilan jihozlangan xizmat patrul avtomashinalari ham viloyat hududidagi yo‘l-transport hodisalari ko‘proq sodir etilishi mumkin bo‘lgan joylarda kunu-tun xizmatni o‘tashlari tashkil etilgan.

Shuningdek, viloyatning xalqaro ahamiyatga bog‘liq yo‘l bo‘ylariga tunda mayoqchalari yonib turuvchi 5 ta “patrul xizmat avtomashinalari” ning maketlari o‘rnatilgan.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida belgilangan tartibda tashkil etilgan maxsus guruh tomonidan 252 marotaba reyd tashkil etilib, unda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 16 ming 426 transport vositalari tekshiruvdan o‘tkazildi. Bekatlar orqali harakatlangan haydovchilar tomonidan 1 ming 642 qoidabuzarlik aniqlandi. Shundan 1 ming 67 haydovchi noqonuniy ravishda letsenziyasi bo‘lmay turib, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangani uchun dalolatnoma rasmiylashtirilib, hududiy sud va boshqa huquq-tartibot idoralariga yuborildi.

Viloyat hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarida transport vositalari va piyodalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 269 turli yangi yo‘l belgisi o‘rnatilib, 534 yo‘l belgisi yangisiga almashtirildi hamda 211 eski yo‘l belgilari qayta tiklandi. 1 ming 384 kvadrat metr yo‘l chiziqlari chizilib, 147 ming 456 kvadrat metr yo‘lning qatnov qismi qayta ta’mirlandi. Piyodalar yo‘lakchasining 5 kvdrat metri yangidan barpo etilib, 48 kvadrat metri qayta ta’mirlandi.

Haftaning har shanba kuni “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash kuni” deb e’lon qilinib, yo‘l-transport hodisalari keskin oshib borayotgan hududlarda, aholi gavjum joylarda, bozorlar atrofida qo‘shma reydlar muntazam ravishda tashkil etilayotir.

Abdujalol Qayumov, O‘zA