August 3, 2018

“BOG‘ARO”NING UCH MUAMMOSI

👉 https://t.me/Sirdaryo

Sirdaryo tumanida jami 38 ta qabristonlar mavjud bo‘lib, tuman obodonlashtirish boshqarmasi fuqarolarga xizmat ko‘rsatish uchastkasi tasarrufida.

Qabristonlardan biriga tashrif buyurib, 3 muammoning yechim kutayotganiga guvoh bo‘ldik.

1 – muammo.

Tuman hududining “Peng – Sheng” qo‘shma korxonasi atrofiga sifatli qora asvalt yotqizilgan-u, yo‘l shundoq “Navbahor” qishloq belgisiga yetib tugagan. Keyin haqiqiy “qishloq yo‘li” boshlanadi. Bu yo‘llarga necha yilki “mehr” berilmagani, ta’mirlash, yamash ishlari olib borilmaganini bilish uchun “andak” surishtirish ham shart emas. Achinarlisi, yo‘l yo‘qolib bormoqda. Chuqurlarning ko‘pligi odamlarni bezovta qilib kelishi haqiqat. Shuningdek, qabristonga kirish yo‘lagi faqat tosh tashlash bilan hosil qilingan. Ochig‘i, “ballon izi”gina qolganidan bunga ham ko‘p bo‘lgan deyish mumkin. Tabiat allaqachon kuchini ko‘rsatib “yashillagan”. Masalaning mazmuni tuman mutasaddilariga ham ayon. Joriy yilning 1 choragi davomida o‘rganib chiqilgan va 2019 yilda ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha dasturga kiritish uchun viloyat hududiy yo‘llardan foydalanish DUKga taklif xati yuborilgan. Muammoning hal etilishi mutasaddi tashkilotlar, qolaversa, tuman hokimligi nazoratni qanchalik mas’uliyat bilan olib borishiga bog‘liq qolmoqda.

2 – muammo

Qabriston maydoni 2 gektardan iborat bo‘lib, nomi, darvozasi yo‘q “ochiq mozor” holatida. 7 yildan buyon qorovul bo‘lib xizmat qilayotgan Abdug‘ofur Xusanovning aytishicha, 50 – yillardan buyon bu yerga qabrlar qo‘yiladi. Yaqingacha nom ham berilmagan, el “Navbahor qabristoni” deb yuritib kelgan. Shuncha vaqtdan buyon yolg‘iz o‘zi xizmat qiladi. Go‘rkov yo‘qligidan qabr kovlash uchun mahalladan ko‘ngilli odam chaqiriladi. Bir xonali loysuvoq hujra ham tahorotxona, ham tilovotxona vazifasini o‘tagan. Yuritib kelinayotgan 3 ta daftarlar qorovulning xonadonida saqlanib kelinmoqda.

Bu yil Prezidentimizning Qabriston va ziyoratgohlarni obodonlashtirish bo‘yicha farmonlari va shu asosda viloyat hokimligining “Viloyatdagi qabristonlarni obodonlashtirishga biriktirilgan tashkilotlar ro‘yxati” ga asosan homiylar ko‘magi bilan ish boshlangan edi. Eng avval, mahalla faollari atrof bog‘ bilan o‘ralgan qabristonga “Bog‘aro” deya chiroyli nom berishdi. Qabriston nomi, muqaddas suralar yozilgan bannerlar tayyorlandi. Fevral oyida tuman prokuraturasi hamda tuman ichki ishlar bo‘limiga biriktirilgan homiy tashkilotlarning vazifaga kirishmaganliklari haqida xat chiqarildi. Mazkur qabristonga Sirdaryo “Refrejerator” deposi mas’ul homiy hisoblanib, hududning qarovsiz eskirgan binosini buzib, tekislab, yangilarini qurishni boshlagan edi. Lekin ishlar hozirda to‘xtab qolgan. Tashkilot respublika tasarrufiga qarashli ekani va yetarli asos ko‘rsatilmasa, moliyaviy qoidabuzarlik sodir etishdan cho‘chishini ro‘kach qilmoqda. Mutasaddilar esa hanuz zaruriy asosni berishmagan. Mahalla ahlining aytishicha, tashabbus bilan chiqayotgan homiylar bor va ular ishni bugundan boshlashga tayyor. Taraddudlari sababi ish boshlagan tashkilot yil oxirida hisob – kitobini olishda qiynalib, chalkashlik bo‘lishidan xavotirda. Anglashilganidek, bu yerda vakolatlining biriga ishni to‘xtatishiga, boshqasiga boshlashiga ruxsat kerak. Vaqt esa o‘tib bormoqda. Yangi olingan ish qurollari va yozilgan bannerlar hamon ko‘chada qolmoqda.

3 – muammo

“Bog‘aro” qabristoniga qishloqning Furqat va Quyosh MFYlaridan odamlar keladi. Ayni paytda qabriston to‘lib bormoqda. Qorovulning o‘lchovida yana 50-60 qabr uchun joy qolgan. Joy so‘rab qilingan murojaatlar esa…

2016 yil Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Abdurahmon Umirzaqov qabriston maydoni kichrayib, mayitlarni qabrga qo‘yishda muammolar tug‘ilganligi haqida joylarga murojaat qilgan. Obodonlashtirish boshqarmasi fuqarolarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi mas’uli Zokir Eshnazarovning ma’lumotiga ko‘ra tumanda bu kabi “to‘lib” borayotgan qabristonlar bir nechta va qo‘shimcha yer ajratilishi to‘g‘risida murojaatlar qilingan.

Tuman hokimi o‘rinbosari Xudoyberdi Najmullayev yer maydoni ajratish bo‘yicha hududdan talabga javob beradigan, tuman zaxirasidagi yer maydonlaridan tanlash ishlari tuman kadastr hamda arxitektura va qurilish bo‘limi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilayotganini ma’lum qildi. Umid qilamizki, qo‘shimcha yer qabriston atroflaridan beriladi. Shundagina qabriston obodligi mas’ullari, kelib ketuvchi ziyoratchilari uchun qulaylik va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgan bo‘ladi.

Ozoda MAMADALIYEVA,

“Ishonch” muxbiri