August 9, 2018

QONUNBUZARLIKLARNING OLDI OLINDI

👉 https://t.me/Sirdaryo

Fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodni turli zararli oqimlar ta’siridan asrash bo‘yicha o‘tkazilayotgan uchrashuvlar va davra suhbatlari, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tinch-farovon turmushimizning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 dekabrdagi “Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarni raqobatdoshligini ta’minlash va eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5286-sonli farmonida O‘zbekiston Respublikasi va insoniyat xavfsizligiga qarshi, hududiy yaxlitlikni, davlat suvereniteti va siyosiy mustaqillikni buzishga qaratilgan bosma nashriyot mahsulotlari, qo‘lyozmalar, rasmlar, fotosuratlar, fotoplyonkalar, negativlar, kino, video va audio mahsulotlari, ovoz yozilgan materiallar, shuningdek, urush, terrorizm, zo‘ravonlik, milliy ajratish va diniy qarshilik, irqchilik va uning turlarini (antisemitizm va fashizm) targ‘ib etuvchi hamda pornografik mazmundagi materiallarni olib kirish ta’qiqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Shunday bo‘lsa ham, ayrim fuqarolar tomonidan bilib-bilmay diniy mazmundagi, behayolik va zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi materiallarni respublika hududiga olib kirishga bo‘lgan urinishlar hamon uchrab turibdi, ayniqsa, mazkur qonunbuzarlik holatlari yoshlar o‘rtasida uchrashib turishi achinarli holat, albatta.

2018 yilning 1-yarim yilligi davomida fuqarolar va ularga tegishli bo‘lgan yuklarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish natijasida 1 ta holatda diniy mazmundagi, 12 ta holatda zo‘ravonlik va shafqatsizlikni, hamda 64 ta holatda behayolikni targ‘ib qiluvchi materiallar bilan bog‘liq bojxona qoidabuzarlik holatlari aniqlangan, natijada 1 nafar fuqaroga nisbatan jinoiy va 76 nafar fuqarolarga nisbatan ma’muriy ishlar yuritilib, sud qarorlariga asosan jazo choralari qo‘llanilgan.

Barcha holatlarda ushbu ta’qiqlangan materiallar fuqarolarning shaxsiy qo‘l telefoni, noutbuk va boshqa axborot tashuvchi vositalarida saqlanganligi ma’lum bo‘lgan, mazkur ta’qiqlangan materiallarning mavjudligi haqida bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovlari vaqtida va zamonaviy texnika vositalari orqali keng foydalangan holda aniqlanmoqda.

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining tegishli bo‘lim va bojxona postlari xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida bojxona qonunchiligi bo‘yicha olib borilgan keng qamrovli targ‘ibot va tashviqot ishlari, davra suhbatlari, uchrashuvlari va profilaktik suhbatlari tizimli yo‘lga qo‘yilib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni odob va axloq darajasida tarbiyalash, ularning ongini har xil buzg‘unchi g‘oyalar bilan zaharlanishining oldini olish nafaqat huquqni muhofaza etish organlarining vazifalari, balki har bir fuqaroning kunlik faoliyatidagi asosiy yo‘nalish bo‘lib qolishini yoddan chiqarmasligimiz zarurdir.

Shunday ekan, bu vaziyatda huquq-targ‘ibot organlarining, shu jumladan, bojxona xodimlarining hushyorligi va sezgirligiga tayanish bilan bir qatorda yurtdoshlarimizdan ham bojxona qonunchiligiga qat’iy rioya qilishlari talab qilinadi.

Shuni eslatib o‘tamizki, Diniy adabiyotlarni respublikaga olib kelish, sotish va tarqatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan bojxona qoidabuzarliklari yoki bojxona xodimlarining noqonuniy hatti-harakatlari yuzasidan Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining (0367) — 225-48-67 — “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Anvar Karabayev,

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati rahbari, podpolkovnik telefon raqami: (+998 90) 953-71-17, (+998 90) 352-71-17