Seminar
Bugun O‘zbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida”gi qonunning mazmun mohiyati va ahamiyatini Sirdaryo viloyat boshqarmalari tizimdagi barcha xodimlarga tushuntirish maqsadida o‘quv seminari tashkil qilindi.
Maʼruzachi o‘z so‘zida so‘nggi vaqtlarda xususiy mulk va yer uchastkalari masalasi fuqarolarimiz hamda mahalliy ijro hokimiyati o‘rtasidagi munosabatlarda turli xildagi ziddiyatlar kelib chiqayotgani, unga tuman, shahar, viloyat hokimlarining qarorlari asosida yer uchastkalarini olib qo‘yish, yerga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqlarini va yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqini tugatish bilan bog‘liq holatlar sabab bo‘layotganligini aytib o‘tdi.
Natijada, joylarda shaharsozlik loyihalari jarayonida amalga oshirilayotgan “snos”lar bilan bog‘liq holatlarda turli xildagi ziddiyatlar kelib chiqmoqda. Salbiy holatlarni bartaraf etish hamda fuqarolar, mulkdorlar huquqlarining to‘laqonli kafolatini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan o‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2020 yil 23 dekabrdagi O‘RQ-656-sonli Qonuni qabul qilingan.
Mazkur Qonunga asosan, yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga taqiq belgilanishi, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish bo‘yicha ularning vakolatlari cheklanib, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish vakolatini xalq deputatlari viloyatlar Kengashiga berish tartibi joriy etilgan.
Xususan, Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi 37-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishga binoan yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yer egasining roziligi bo‘lgan taqdirda yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qaroriga yohud Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshirilishi belgilandi.
Co‘nggi paytlarda joylarda hokimlik va idoralar tomonidan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish borasida qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani sir emas.
Bunday xatti-harakatlar oqibatida, fuqarolarning yerga bo‘lgan huquqlari poymol etilib, shu yerlarda joylashgan ko‘chmas mulklarining daxlsizligiga putur yetmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar va tadbikorlar tomonidan ko‘chmas mulk obyektlari baholanmagani yoki ko‘chmas mulk obyektlari tegishli kompensatsiya berilmagani hamda obyektlar ularning mulkdorlarini xabardor etilmagan hollarda o‘zboshimlarcha buzib tashlanganligi to‘g‘risida ko‘plab eʼtirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, yer uchastkalarining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi jarayonida mutanosib kompensatsiya taqdim qilinmasligi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning yerga bo‘lgan huquqlari buzilayotgani mulk huquqi daxlsizligiga taʼsir qilayotgan asosiy omil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Yer uchastkasini olib qo‘yish tartibiga rioya etmaganlik hamda buning oqibatida mulkdorlarga zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali fuqarolar ko‘chmas mulki va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida “Yer uchastkalarini noqonuniy olib qo‘yganlik uchun javobgarlik kuchaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 14 yanvardagi (O‘RQ-667-son) Qonuni qabul qilindi.
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslariga qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, yerni noqonuniy olib qo‘yish mansabdor shaxslarga BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (24 mln 500 ming so‘mdan 36 mln 750 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar mazkur huquqbuzarlik mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni oldindan va to‘liq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa, mansabdor shaxslarga BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha (36 mln 750 ming so‘mdan 49 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinishi belgilandi.
Jinoyat kodeksiga maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin takroran yerlarni noqonuniy olib qo‘ygan mansabdor shaxslarga quyidagi jazo choralarini belgilovchi qo‘shimcha kiritildi:
➖BHMning 200 baravaridan 250 baravarigacha (49 mln so‘mdan 61 mln 250 ming so‘mgacha) miqdorda jarima;
➖300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
➖2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.
Mazkur jinoyat mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni oldindan va to‘liq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga olib kelsa yoki ancha miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilsa mansabdor shaxs 3 yilgacha, ko‘p miqdorda zarar keltirsa 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Yerni noqonuniy olib qo‘yish mulkdorga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazsa yoki ko‘pchilik uchun xavfli bo‘lgan usulda sodir etilsa, muayyan huquqdan mahrum etib 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Barchamizga maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 sentyabrdagi PF-6160-son farmoni va PQ-4819-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tugatilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi.
Kadastr agentligining viloyatlari boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari, Davlat kadastrlari palatasining viloyatlar boshqarmlari, tuman (shahar) filiallari tashkil etilib, ularning vazifa va funksiyalari belgilab berildi.
Endilikda, Davlat kadastrlari palatasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat reyestrini, davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini hamda Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritishi;
Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi, hududlar davlat kadastrining yuritilishini tashkil etishi;
Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari ko‘chmas mulk obyektlarining joylashgan joyidan qatʼi nazar davlat organlari va tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslarning buyurtmalariga asosan kadastr yig‘majildini tayyorlash xizmatlarini ko‘rsatishi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, Kadastr agentligining viloyat boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini taʼminlashga va yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan samarali yer nazoratini amalga oshirish belgilandi.
Hurmatli hamkasblar! mazkur seminarni tashkil etishda asosiy maqsad qayd etilgan Qonunga asosan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan Kodekslarning tegishli moddalarida yerlarni noqonuniy olib qo‘yishning salbiy oqibatlari, ularning mazmun mohiyati va ahamiyatini tizimdagi barcha soha xodimlariga tushuntirishdan iboratdir.
Shundan kelib chiqib, quyidagilarga alohida eʼtibor berishingizni so‘rab qolardim – dedi maʼruzachi.
Yer resurslariga nisbatan oqilona munosabatda bo‘lishi, undan samarali foydalanish hokimlik va idoralar tomonidan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishida noqonuniy holatlarga aralashmaslik;
Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer maydonlarini olib qo‘yishda mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni oldindan va to‘liq qoplanmagan holda binolarning buzib tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
Viloyat hamda tuman (shaxar) hokimlari hamda huquqni muhofaza qilish idoralarining topshirig‘iga asosan tadbirkor subyektlariga tegishli yerlarni tuman hokimligi zahirasiga qaytarib olish bo‘yicha noqonuniy tekshirishlar o‘tkazmaslik talab qilinadi.
Seminar davomida boshqarma hodimlari, maʼruzachi seminar ishtirokchilarining bir necha savollarga javob berdilar.