Yer uchastkalarini olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob'ektlari mulkdorlariga kompensassiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomi
Ushbu Nizom jismoniy shaxslarga (yakka tartibdagi tadbirkor, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar) va yuridik shaxslarga (tadbirkorlik sub'ektlari, nodavlat tashkilotlar) egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, investisiya loyihalarini amalga oshirish doirasida olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob'ektlari mulkdorlariga kompensasiya berish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom jismoniy va yuridik shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
1. Yer uchastkasi (er uchastkasining bir qismi) — yer fondining muayyan chegaraga, qayd etilgan maydonga, joylashish manziliga ega bo‘lgan, u yerda joylashgan turar va noturar ko‘chmas mulk ob'ektlari mulkdorlariga belgilangan tartibda egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanishga berilgan, shu jumladan, ko‘p kvartirali uylar bilan band bo‘lgan qismi;
2. Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish — ushbu turda yer uchastkasini olib qo‘yishga faqat quyidagi maqsadlarda yo‘l qo‘yiladi:
Mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni berish;
Xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
Foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
Avtomobil' yo‘llari va temir yo‘llar, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigasiya ob'ektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti ob'ektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika tizimi ob'ektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat ob'ektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
Aholi punktlari bosh rejalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga ob'ektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollar;
3. Investisiya loyihalari — amalga oshirilishi davlat dasturlarida nazarda tutilgan, fuqarolarning yashash va maishiy sharoitlarini, shuningdek muayyan hududni rivojlantirish va arxitektura qiyofasini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan ob'ektlarni qurishni nazarda tutuvchi loyihalar;
4. Investor — investisiya loyihasini amalga oshiruvchi shaxs;
5. Yer uchastkasi olib qo‘yilishi tashabbuskori (keyingi o‘rinlarda — tashabbuskor deb ataladi) — yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan taqdirda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, viloyatlar yoki tuman (shahar) hokimliklari, yer uchastkalari investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yilgan taqdirda — investor;
6. Ko‘p kvartirali uy — tutashgan yer uchastkasiga yoxud ushbu uyda umumiy foydalaniladigan binoga mustaqil chiqish joylariga ega bo‘lgan, uy-joy qonunchiligiga muvofiq umumiy mulk elementlarini o‘z ichiga olgan ikki va undan ortiq kvartiralar jamlanmasi;
7. Yopiq qurilgan turarjoy binolari (taunxauslar) — alohida yer uchastkasida joylashgan, umumiy hudud va chiqish joyiga ega, yondosh blok (bloklar)ga o‘tish joyi mavjud bo‘lmagan, umumiy devor (devorlar)ga ega, xar biri bitta oila yashashi uchun mo‘ljallangan bir nechta bloklardan iborat uch qavatdan yuqori bo‘lmagan (mansarda bilan) ko‘p kvartirali uylar turi;
8. Yakka tartibdagi uy-joy — bir yer uchastkasida joylashgan, doimiy yashash, dam olish va shaxsiy xo‘jalikni yuritishga mo‘ljallangan, yer ustidagi qavatlari uch qavatdan oshmagan (mansarda yer ustidagi qavat hisoblanadi), qo‘shimcha foydalanishda bo‘lgan xonalar va imoratlardan iborat, yordamchi-xo‘jalik imoratlari va hovlidagi inshootlar tegishli bo‘lgan bir yoki bir nechta turar joylar tarkibidagi yakka tartibdagi qurilish ob'ekti;
9. Ko‘chmas mulk ob'ektlari — olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan turar joy va noturar joy, ishlab chiqarish va boshqa bino va inshootlar va ko‘p yillik ekinlar;
10. Mulkdor — huquqni belgilovchi hujjatlar asosida ko‘chmas mulk ob'ektiga nisbatan mulk huquqiga ega bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxs;
11. Kelishmovchiliklar bayonnomasi — mulkdor bilan kompensasiya miqdori, turi va berish muddati bo‘yicha kelishuvga erishilmagan taqdirda tashabbuskor tomonidan tuziladigan va u bilan mulkdor birgalikda imzolanadigan hujjat;
12. Kelishuv — tomonlarning roziligi bilan kompensasiya miqdori, turi va berish muddati, shuningdek, boshqa shartlarni nazarda tutuvchi tashabbuskor va mulkdor o‘rtasida tuzilgan, notarial tartibda tasdiqlangan yozma shakldagi shartnoma;
13. Adliya organlari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, tuman (shahar) adliya bo‘limlari.
Yer uchastkasi yoki uning bir qismi (keyingi o‘rinlarda yer uchastkasi deb ataladi) davlat va jamoat ehtiyojlari, shuningdek, investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashlari qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkasi olib qo‘yilishi haqidagi qarorni qabul qilishga faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlariga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Ko‘chmas mulk ob'ektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar, viloyatlar yoki tuman (shahar) hokimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashlarining yer uchastkasi olib qo‘yilishi to‘g‘risidagi qarori asosida tashabbuskor hamda mulkdor o‘rtasida Kelishuv tuzilganidan hamda Kelishuvda nazarda tutilgan kompensasiya berilganidan so‘ng qabul qilinadi, qurilayotgan ko‘chmas mulkni kompensasiya sifatida berish hollari bundan mustasno.
Ko‘chmas mulk ob'ektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror loyihasi adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi va tegishli xulosa berilishi lozim.
Davlat va jamoat ehtiyojlari, shuningdek, investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yiladigan yer uchastkalari faqat ushbu maqsadlarda foydalaniladi.
Davlat va jamoat ehtiyojlari hamda investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, viloyatlar yoki tuman (shahar) hokimliklari tomonidan birinchi navbatda eskirgan va avariya holatidagi uy-joy fondi ob'ektlari, shu jumladan, foydalanilmayotgan ob'ektlar (madaniy meros toifasiga kiradigan ob'ektlardan tashqari) bilan band bo‘lgan yer uchastkalaridan, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy ob'ektlar qurilishiga ehtiyoji bor bo‘lgan joylardan tanlab olinadi.
Yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari hamda investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yish va kompensasiya berish ushbu Nizomga 1 va 2-ilovalarga muvofiq sxemalar bo‘yicha amalga oshiriladi;
Hududni rivojlantirish va arxitektura qiyofasini yaxshilashga qaratilgan investisiya loyihalarini amalga oshirish ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.