Hozirga qadar “Sardoba” toshqinidan zarar ko‘rgan nechta uy-joy ta'mirlandi va qancha mablag' sarflangan ?
"Sardoba" suv toshqini talofatlarini bartaraf etish uchun Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 maydagi 294-son qaroriga asosan jami 129,7 mlrd so‘m ajratildi. Qalampir.uz'ning yozishicha, bu haqda, 22 iyun' kuni AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan brifing paytida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Alipasha Ahmedov tomonidan ma'lum qilingan.
Bundan tashqari, ichimlik suv ob'ektlarini qurish-ta'mirlash ishlari uchun 65,6 mlrd so‘m, ko‘p qavatli uylarning ichimlik va oqova suv ob'ektlarini qurish-ta'mirlash ishlari uchun 64,2 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan.
Ushbu mablag‘ hisobidan jami 16 ta ob'ektda 106,5 km ichimlik suv, 15,0 km oqova suv tarmog‘i, 14 ta suv inshooti, 4 ta oqova suv tozalash inshooti va oqova suv haydash nasos stansiyalarini qurish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshiriladi.
20 iyun' holatiga ko‘ra, qurilish-montaj ishlarining 40-45 foizi bajarilgan.
Ma'lum qilinishicha, Oqoltin tumani “Saxovat” mahallasidagi 12 ta, Mirzaobod tumani “Navbahor” mahallasidagi 11 ta, Sardoba tumani “Yurtdosh” hamda “Qo‘rg‘ontepa” mahallalaridagi 13 ta jami 36 ta ko‘p qavatli uy ta'mirlanishi bo‘yicha loyiha oldi ishlari amalga oshirilib, ekspertizadan o‘tkazilgan.
Hisob-kitob qilinishicha, ko‘p xonadonli uy-joylarni ta'mirlash va ularning tutash hududini tiklash hamda obodonlashtirish uchun jami 19,1 mlrd. so‘m mablag‘ talab etiladi. Xususan, uylarni ta'mirlash uchun 12,1 mlrd. so‘m va obodonlashtirish ishlariga 7,0 mlrd.so‘m sarflangan.