December 4, 2024

O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon uy-muzeyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu kunlarda yurtimizning barcha tuman va shaharlari bo‘ylab O‘zbekiston xalq shoiri, ustoz ijodkor To‘ra Sulaymon tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy tadbirlar yuqori saviyada o'tkazilmoqda.

Jumladan, atoqli shoir tavallud sanasiga bag‘ishlab, ustoz tug‘ilib—o'sgan maskan—Mirzaobod tumani, T.Axmedov mahallasi, T.Sulaymon ko‘chasi 7 uyda O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymonning uy-muzeyi tantanali ravishda ochildi.

Uy—muzeyning keng va fayzli hovlisiga kirar ekansiz, beixtiyor ko'zingiz taniqli haykaltarosh, O‘zbekiston xalq rassomi Azamat Hotamov tomonidan yasalgan, shoir To‘ra Sulaymonning haykaliga tushadi.

Ustoz ijodkorning purviqor haykali uy—muzeyning chiroyiga o'zgacha chiroy bag‘ishlamoqda.

To'ra Sulaymon uy—muzeyini viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev ochib berdi hamda Respublika yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid so‘zga chiqib atoqli shoir hayoti va ijodi haqida yig‘ilganlarga so'zlab berdi.

To'ra Sulaymon uy—muzeyida shoir hayoti va ijodi bilan bog‘liq bo‘lgan 870 ta eksponatlar, 1000 dan ortiq adabiyotlar to‘plami, 30 dan ortik gazeta va jurnallar hamda 10 dona disklar keltirilib T.Sulaymon kutubxonasi tashkil qilingan.

To'ra Sulaymon uy—muzeyiga tashrif buyurib, siz go'yoki shoir yashab ijod qilgan davrga tushib qolgandek his etasiz.