June 12, 2018

“Uyga qaytib...” teleko‘rsatuvini bugun soat 21-00 da “Madaniyat va Ma’rifat” telekanalida tomosha qiling!

Bu haqda shoir Muhammad Ismoil Facebook' sahifasida shunday post qoldirgan:

"Muborak Ramazon oyining Laylatul qadr oqshomi men uchun nihoyatda quvonchli xushxabar bilan boshlandi. Bundan to‘rt oy muqaddam, Zulayho xoji onamning 90 yoshi arafasida, aynan tug‘ilgan kunida teleekranda namoyish etiladi degan niyat bilan “Uyga qaytib...” teleko‘rsatuvi tasvirga tushirilgan edi. Ammo ko‘rsatuv to‘rt oydan buyon efir yuzini ko‘rmayotgan, orada sovuq sukunat xukmron edi. Mana shu mashhur ko‘rsatuv, Milliy teleradiokampaniyaning Raisi Alisher Xodjayevning aralashuvi bilan bugun soat 21-00 da “Madaniyat va Ma’rifat” telekanalida namoyish etiladigan bo‘ldi.

Ma’lumki, bir necha yillar oldin men Alisher Xodjayevni FB (Facebook) orqali tanqid qilib chiqqan edim. Balki, ulug‘ Ramazon oyining sharofati bo‘lsa kerak, harqalay barcha gina kuduratlarni unutib, Alisher Xodjayev, ushbu ko‘rsatuvni efirga uzatilishida shaxsan o‘zlari bosh-qosh ekanliklarini eshitdim. Bu xabarni eshitib boshim osmonga yetdi. Rahmat Alisher Jo‘raqulovich! Iloho, Sizning ham onangiz 90 yoshga kirib yursinlar. Mana shu Ramazon hurmati, 90 yoshli onam hurmati men ham sizni kechirdim. Siz tufayli chekkan barcha aziyatlarim, nadomatlarim, zahmatlarimni unutdim. Iloho, sog‘ bo‘ling! Men sizning xatolaringizni kechirdim. Siz ham mening xatolarimni kechiring! Qarshingizda ta’zimdaman!"