June 11, 2018

Yana bir pichoqlashuv: bu safar aka o'z ukasini tig' bilan jarohatladi.

Farzandlar kichikligida talashib-tortishsa u qadar e’tibor bermaymiz. Birini sen kattasan, ikkinchisini sen kichiksan, deb yupatamiz. Yoki bu holatga shunchaki beg‘ubor nigoh bilan boqib, kulib qo‘yamiz. Ammo aka-uka o‘rtasidagi bu tortishuvlar bolalikda qolib ketmasa-chi? Bu katta muammolarni boshlab kelsa-chi?

Abdulla va Latif Alibekovlar (ism-sharifi o‘zgartirilgan) ham boshqa aka-ukalari, opa-singillari kabi beg‘ubor edi. Ota-onasining suyukli farzandi. Ba’zan sho‘xlik qilib, ba’zan mehr ko‘rsatib, ularning quvonchiga-quvonch qo‘shib, shodlik ulashib, yurish-turishi, savlati bilan mahallada tilga tushgan yigitlar bo‘lib ulg‘aydi. Ikkisining ham maqsadlari ulkan edi. Ammo hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkinligi, ba’zan nimagadir yetishish uchun orzuning o‘zi kamlik qilishini unutishdi.

A.Alibekov shofyorlik kasbini egalladi. Ayni vaqtda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi fermer xo‘jaligida traktor haydaydi. Undan tashqari, tomorqasida dehqonchilik qiladi. Ukasi Latif esa biron hunarning boshini tutmadi. O‘zini har tomonga urib ko‘rgach, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘larning mol-holini boqib yurdi. Aslida u bu ishning ustasi. Chorvani yaxshi tushunadi. Topish-tutishi ham joyida. Nimadir bo‘ldi-yu spirtli ichimlikka ruju qo‘ydi. Topganidan baraka ketib, hurmatini yo‘qotdi. Tez-tez ichkilik ichadigan, uydagilarning gapini olmaydigan bo‘ldi.

Natijada ikki jonday jigarning so‘zi qochdi. Yoz oqshomlarining birida uyga taxminan tungi 23:30 larda mast holda kelgan ukasiga akasi tanbeh berdi. Ertasi kuni unga dalada yordam berishini aytib ogohlantirdi. Ammo ichkilik ta’sirida o‘zini bilmagan uka ham gapdan qolmadi. Oddiygina tortishuv akaning ukaga tig‘ o‘qtalishiga, pichoqlashishga olib bordi.

Ularning qilmishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati Boyovut tuman sudining sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi.

Jahl chiqsa, aql ketadi, deydi xalqimiz. Aka-ukaning arzimas gapidan chiqqan janjal oqibati ularning salomatligiga ziyon keltirib, farzandlarning, ota-onaning, oilaning tinchligini buzdi. O‘rtadagi ishonch, mehr-oqibat, qarindoshlikning azaliy qadriyatlariga putur yetkazdi.

Sud majlisida sudlanuvchi L.Alibekovning harakatlarida qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etganlikda ayblashga asoslar yetarli emas, deb topildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yil 24 sentyabrdagi “Qasddan odam o‘ldirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorida “Sudlar shuni e’tiborga olishi kerakki, qasddan odam o‘ldirish jinoyati ham to‘g‘ri, ham egri qasd bilan sodir etilishi mumkin, qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etayotganida aybdor jabrlanuvchini hayotdan mahrum etish qasdi bilan harakat qiladi, qilmishning ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi yetadi, o‘lim yuz berishini istaydi yoki bunga ongli ravishda yo‘l qo‘yadi”, deb ko‘rsatilgan.

Ish holatiga ko‘ra, sudlanuvchi A.Alibekov ukasiga nisbatan bunday fikrda bo‘lmagani, buni L.Alibekov ham tasdiqlagani inobatga olinib hukm chiqarildi.

A.Alibekov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga shu modda bilan 3 yil muddatga jazoni ochiq ozodlikda o‘tash belgilandi. Jazo muddati davomida belgilangan talablarga qat’iy rioya qilinishi ta’kidlandi.

Xalqimizda “qars ikki qo‘ldan chiqadi”, degan maqol bor. Shu bois, o‘ylayotganimiz, so‘zlayotganimiz, amalimizga e’tiborli bo‘laylik.

Shoira Ermatova,

Oliy sudning “Odil sudlov” – “Pravosudiye” jurnali bo‘lim boshlig‘i.