June 12, 2018

Boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish — davr talabi

Siyosiy partiyalar tizimida boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida 1003 nafar O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi a’zosi bor. Ularni shahardagi 36 ta boshlang‘ich partiya tashkilotlari birlashtirib turadi.

O‘zMTDP Guliston shahar kengashi tomonidan mavjud BPTlar faoliyatini jonlantirish, partiya maqsad va vazifalarini joylarda targ‘ib etish, elektorat manfaatini samarali himoya qilishda ularning rolini kuchaytirish maqsadida Sirdaryo viloyat Axborot-resurs markazi qoshida tashkil etilgan “Shodlik” BPTda o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Seminarda ishtirokchilarga BPTni tashkil etishning huquqiy asoslari, targ‘ibot tadbirlarini samarali tashkil etish, partiya safiga yangi a’zolarni jalb qilish, ularning siyosiy hamda huquqiy bilimlarini oshirib borish, BPTning vazifalari va hujjatlar bilan ishlash tartibi to‘g‘risida zarur ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, seminar davomida ishtirokchilar "Shodlik” boshlang‘ich partiya tashkilotining ish tajribasini o‘rgandilar.

Dilobar Kattabekova,

O‘zMTDP Sirdaryo viloyat kengashi matbuot kotibi