June 12, 2018

Qarzlardan yaralgan “tog‘lar” yemirilmoqda

Byudjetga va byudjetdan tashqari davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lanadigan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar sarhadlarimiz daxlsizligi va yurtimiz tinchligini ta’minlash, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim soliq to‘lovchilar tomonidan qayd etilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lamaslik holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi. Natijada katta miqdordagi qarzdorliklar vujudga kelayotir.

Qarzdorlikni keskin qisqartirish maqsadida joriy yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda Davlat soliq qo‘mitasining qo‘shma buyrug‘i bilan yuridik va jismoniy shaxslarning soliq qarzi sud tartibida undirilishi bo‘yicha hamkorlikda tashkil etilgan tadbirga Sirdaryo viloyatidan 1 ming 121 nafar mutasaddi xodim jalb qilindi.

Ushbu qo‘shma buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tadbirlar davomida 1 ming 387 fuqarodan 13 milliard 800 million so‘m qarzdorlik undirildi. 1 ming 329 nafar qarzdorning 114 milliard 800 million so‘mlik mol-mulki xatlandi. Jumladan, 335 transprot vositasi, 457 bino va inshoot, 631 dona ofis jihozlari hamda boshqa turdagi mol-mulklar xatlovga olindi.

Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda tuzilgan ishchi guruh tomonidan viloyat bo‘yicha joriy yilning 23-25 may kunlari 283 ta qarzdorning mol-mulki, xususan, 10 bino va inshoot, 29 transport vositasi, 18 ofis jihozlari, 11 maishiy texnika va 215 boshqa turdagi mol-mulk xatlangan. Xatlov jarayonida viloyat bo‘yicha 81 nafar yuridik va jismoniy shaxsning 743 million 700 ming so‘mlik soliq qarzlari undirilgan.

Chunonchi, Sayxunobod tumanida 13 holatda 295 million 600 ming so‘m, Guliston shahrida 13 holatda 143,9 million so‘m, Shirin shahrida 2 holatda 100 million so‘m, Guliston tumanida 5 holatda 70 million 300 ming so‘m, Boyovut tumanida 16 holatda 53 million 500 ming so‘m va boshqa shahar-tumanlardagi korxona-tashkilotlardan soliq qarzlari undirib olindi.

– Ushbu qarzdorliklar kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgan emas, balki yillar davomida yig‘ilgan va beparvolik oqibati bu, deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Ahmedov. Korxona rahbarlari davlat oldidagi qonun bilan belgilangan majburiyatlarini bajarmay kelgan. Majburiy ijro byurosi, soliq xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari borganidan so‘ng qarzdorlikni to‘lab bermoqda. Bu – qarzdorlar ixtiyorida mablag‘ borligidan, lekin ular qonun ijrosini ta’minlashga panja orasidan qarab kelayotganidan darak beradi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA