June 12, 2018

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qaysi tashkilot yetakchi?

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi faoliyati bo‘yicha reytingi aniqlandi.

Mazkur reytingda Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashishda yuqori samaradorlikka erishgan davlat organlari qatoridan o‘rin oldi.

Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishicha, vazirlik o‘z tizimida jamiyat taraqqiyotiga, fuqarolar manfaatlariga putur yetkazuvchi korrupsiyadek illatdan qutilish uchun ayovsiz kurash olib bormoqda.

Xususan, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida adliya organlari va muassasalari tomonidan 7 mingdan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbirlari amalga oshirildi. Sohaga doir 2 o‘quv qo‘llanma, 8 risola tayyorlandi. 593 nusxada 133 plakat, 11mingdan ziyod nusxada 104 buklet tayyorlandi.

Tizimda korrupsiya va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator ichki direktiv hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi xodimlarning o‘z ishiga qanchalik halol va vijdonan yondashayotganini aniqlash maqsadida tegishli buyruq qabul qilinib, muntazam ravishda “sirli mijoz” tadbiri o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida adliya organlari tomonidan 172 “sirli mijoz” tadbiri o‘tkazilib, natijada 64 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Shundan 4 nafari egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Davlat notarial idoralari, FHDYO organlari va davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga baho berish uchun 428 reyd o‘tkazildi. Natijada 225 nafar xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Shundan 198 nafar xodimga “hayfsan”, 24 nafar xodimga “jarima” qo‘llanilgan va 3 nafar xodim egallab turgan lavozimdan ozod qilingan.

Xodimlarni odob-ahloq qoidalari hamda jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirish, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy va huquqiy oqibatlarini hamda huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikni tushuntirish maqsadida 942 nafar xodim bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, notariat tizimida yuzaga kelayotgan korrupsion holatlarning oldini olish va ularga qarshi keskin kurashish maqsadida 2018 yil 1 fevraldan boshlab notarial harakatlar amalga oshirilganligi uchun to‘lovlarni elektron mobil ilovalar orqali to‘lash tizimi joriy etildi.

Bunda to‘lov kvitansiyalari “Billing” tizimi orqali avtomatik ravishda shakklantirib, chiqarib beriladi.

To‘lovni amalga oshirayotgan shaxs qancha to‘lashi kerakligini to‘lov kvitansiyasiga qarab bilib olishi va e’tirozi bo‘lsa notariusning o‘ziga yoki “1008” ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.

Korrupsiyaga qarshi holatlarning oldini olish maqsadida barcha notariuslarga o‘zlari tomonidan undirilgan pullik xizmatning 80 foizi miqdorida qo‘shimcha ustamalar berib kelinmoqda.

Xodimlar xatti-harakatlaridan norozilik haqida kelib tushgan murojaatlar tahlili vazirlikning kengaytirilgan yig‘ilishlarida muhokama qilinib, xodimlarning reytingi shakllantirilmoqda. Reytingga xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan, ustidan aholi shikoyat yo‘llayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchrayotgan, fuqarolarning murojaatlariga befarq qarayotgan xodimlar kiritiladi. Bu reyting, ta’bir joiz bo‘lsa, katta chuqurlik. Undan chiqishni eplay olmaganlar adliya xodimi bo‘lishga loyiq emas. Sohada faqatgina xalqqa fidoyilik bilan halol xizmat qiladiganlargina faoliyatini davom ettira olishi uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA