August 27

Scarlet Justice

6-episode

Ba’zan hayotning eng og‘ir tomoni — uning javob bermasligidir.
Inson qancha savol bersa ham, vaqt ortga qaytmaydi. Kechagi kun o‘zgarishsiz qoladi, ertangi kun esa hali noma’lum.

Hayot bizga hamma narsani bir vaqtda bermaydi. Ba’zan baxt keladi, ba’zan sinov. Ba’zan nimanidir topamiz, ba’zan esa yo‘qotamiz.

Eng g‘alati tomoni — inson ko‘pincha biror narsaning qadrini uni yo‘qotgandan keyingina tushunadi. Vaqt esa hech narsani kutmaydi.

U quvonchni ham, qayg‘uni ham, g‘azabni ham, muhabbatni ham sekin-sekin xotiraga aylantirib boradi. Balki ulg‘ayish degani ham shudir — hayotdagi hamma narsani ushlab qolishning iloji yo‘qligini tushunish.

Ba’zi narsalar keladi va qoladi.
Ba’zilari esa faqat bir marta kelib, insonning butun hayotini o‘zgartirib ketadi. Shunday bo‘lsa ham, hayot davom etadi. Chunki vaqt hech qachon ortga qaramaydi.

Va insonning eng katta fojeasi ham, eng katta umidi ham shunda — hech bir lahza ortga qaytmaydi.

Seon-hwa yolg‘iz o‘tirardi.
Hech qayerga shoshmas, hech kimni kutmasdi. Nigohi bir nuqtaga qadalgandek, ammo aslida xayollari minglab joylarda kezib yurardi.

Ba’zan qo‘llarini bir-biriga tutashtirib, boshini biroz egardi. Keyin chuqur nafas olib, yana jim qolardi.

Atrofda vaqt sekinlashgandek edi.
U hech narsa demasdi. Chunki ba’zi paytlarda insonning ichida shunchalik ko‘p gap bo‘ladiki, ulardan birortasini so‘zga aylantirishning o‘zi ortiqcha tuyuladi.

U shunchaki o‘tirardi. Yolg‘izlik ba’zan sukut emas — o‘z fikrlaring bilan yolg‘iz qolishdir.

“Nega hayot hamma narsani shunchalik murakkab qiladi?..”

Seon-hwa uzoq vaqt shu savol atrofida aylanib qoldi.

Ba’zan inson to‘g‘ri yo‘lni tanlaganiga ishongan holda yuradi. Ammo yo‘lning oxiriga yaqinlashganda, to‘g‘ri qaror har doim ham eng oson qaror emasligini tushunadi.

“Men nimani yo‘qotdim? Nimani saqlab qoldim?” – u bu savollarga javob topishga harakat qilardi, biroq hayotimiz davomida hamma savollarga ham javob topolmaymiz, yoki ularning oʻzi yoʻq. Bularni biz "Javobsiz savollar" deb ataymiz. Bizni eng qiynaydigan, huddiki kana misol miyamizga yopishib olib, parazitlik qiladi.

U faqat bitta narsani aniq bilardi: ortga qaytishning iloji yo‘q.

O‘tgan kunlar o‘zgarmaydi. Aytilgan so‘zlar qaytib kelmaydi. Qilingan tanlovlar esa inson bilan birga yashaydi.

“Balki ba’zi narsalarni kechirish mumkin... Ammo unutish-chi?”

Bu savol unga og‘ir botdi.

“Agar men yuragimga quloq solsammikan? Yoki aqlimga?”

Yuragi bir narsani, vijdoni esa boshqa narsani aytardi. Shunday bo‘lsa-da, u ich-ichidan bir haqiqatni tan olardi:

“Menga qanchalik og‘ir botmasin, o‘zim ishongan narsadan voz kecha olmayman.”

Ko‘zlarini yumdi.

“Balki ba’zi hikoyalar baxtli tugashi uchun emas, insonni o‘zgartirishi uchun yozilgandir...”

Shu fikr bilan u chuqur nafas oldi. Va ilk bor yuragidagi og‘riqdan qochishga emas, uni boricha qabul qilishga harakat qildi.

Seon-hwa chuqur nafas oldi. Xayollarini bir chetga surishga urinib, nigohini oldidagi hujjatlarga qaratdi.

– Yetar... Hozir bular haqida o‘ylashning vaqti emas.

U o‘zini ishga majburlashni ma’qul ko‘rdi. Hujjatlar, dalillar, hisobotlar — hech bo‘lmaganda ular uning fikrlarini bir muddat chalg‘itishi mumkin edi.

Seon-hwa stol yoniga o‘tirdi va tortmasini ochdi. Ammo qo‘li bir zumda to‘xtab qoldi. Tortmaning ichida, boshqa buyumlar orasida eski, biroz eskirgan muqovali bir daftar yotardi.

Unga tanish edi. Seon-hwaning nigohi daftar ustida uzoq turib qoldi. Barmoqlari sekin uning muqovasiga tegdi.

– "Baxtli kundaligim"...

Bir necha soniya u uni shunchaki tomosha qildi. Hozirgina qochishga uringan xotiralari yana bir eshik topgandek edi. Seon-hwa kundalikni tortmadan olishga ikkilanib qoldi.

“Yo‘q... uni ochma.”

Ammo qo‘li allaqachon daftarni ushlab bo‘lgan edi. U kundalikni sekin stol ustiga qo‘ydi. Bir lahza ko‘zlarini yumdi. So‘ng muqovani ochdi.

Va o‘sha zahoti yillar davomida saqlanib qolgan xotiralar yana birma-bir uning qarshisida jonlana boshladi.

Seon-hwa kundalikni ehtiyotkorlik bilan varaqlay boshladi.

Sahifalar orasidan yillar oldingi kunlar birin-ketin qarshisida paydo bo‘lardi. Ba’zi joylarda yozuvlar shoshilib yozilgandek, ba’zilarida esa siyohning rangi xiralashib ketgandi.

U dastlabki sahifalardan birida to‘xtadi. Sahifaning yuqori qismida sana yozilgan edi. Pastida esa hali yosh, hayajonga to‘la qo‘l bilan yozilgan bir necha qator:

“Bugun juda g‘alati kun bo‘ldi. Hayotimda birinchi marta uni ko‘rdim. Nega bilmadim-u, lekin uning nigohi xayolimdan ketmayapti. Balki bu shunchaki tasodifdir. Balki ertaga bularning hammasini unutarman...”

Seon-hwa bir muddat yozuvga tikilib qoldi. Lablarida juda mayin tabassum paydo bo‘ldi.

— O‘shanda hali hech narsani bilmagandim... — deb pichirladi u.

Barmoqlari sahifaning chetiga tegdi.

Yana bir varaq.
Yana bir yozuv.

“Bugun yana uchrashdik. Men esa nega uni ko‘rganimda yuragim bunchalik tez urishini tushunmayapman...”

Seon-hwa sekin nafas oldi. Ko‘zlari yozuvda qotib qoldi. Atrofdagi hamma narsa asta-sekin xiralashgandek bo‘ldi. Kundalikdagi satrlar esa tobora uzoqlashib, o‘rnini xotiraga bo‘shatdi.

FLASHBACK.

2019-yil 9-sentabr.

O‘sha kuni Seon-hwa odatdagidan ham shoshilayotgan edi. Qo‘lida bir nechta hujjat, qulog‘ida telefon, xayolida esa tugamaydigan ishlar.

U binoning kirish qismidan chiqayotganida, kim bilandir to‘qnashib ketdi. Qo‘lidagi hujjatlar polga sochilib ketdi.

— Voy, kechirasiz...

Seon-hwa egilishga ulgurmasidan qarshisidagi erkak ham tiz cho‘kib, sochilib ketgan qog‘ozlarni yig‘a boshladi.

— Men ham qarab yurishim kerak edi. Kechirasiz.

Seon-hwa birinchi marta uning yuziga qaradi. Bir necha soniya...

Shunchaki bir necha soniya. Ammo negadir vaqt o‘sha lahzada sekinlashgandek tuyuldi. Erkak qo‘lidagi oxirgi hujjatni unga uzatdi.

— Mana.

— Rahmat.

Seon-hwa qog‘ozni oldi.
U ketmoqchi bo‘ldi.

— Seon-hwa xonim?

Qadam tashlayotgan oyog‘i to‘xtadi. U ortiga o‘girildi.

— Ismimni qayerdan bilasiz?

Erkak qo‘lidagi hujjatning yuqorisiga qarab qo‘ydi.

— Hujjatda shunday yozilgan ekan.

Seon-hwa bir zum jim qoldi.

— To‘g‘ri...

Erkak kulib qo‘ydi.

— Men Taehyung... Kim Taehyung.

— Taehyung...

Seon-hwa uning ismini beixtiyor takrorladi.

— Tanishganimdan xursandman.

— Men ham.

Ular qo‘l berib ko‘rishishdi.

Oddiygina qo‘l siqish.
Oddiygina uchrashuv.
Oddiygina bir kun.

Ammo o‘sha paytda ikkalasi ham bilmasdi...
Shu tasodif deb o‘ylangan uchrashuv bir kun kelib ularning butun hayotini o‘zgartirishini.

Seon-hwa esa yillar o‘tib, kundaligiga shu kun haqida bitta jumla yozgandi:

“O‘sha kuni men shunchaki bir inson bilan tanishdim deb o‘ylagandim. Aslida esa hayotimning eng chiroyli va eng og‘riqli sahifasini ochib qo‘ygan ekanman.”

2020-yil 18-iyul

Quyosh ufqqa yaqinlashib, dengiz yuziga oltin rangli yo‘l solib qo‘ygandi. To‘lqinlar mayin shovullar, iliq shamol esa yuzlariga urilardi.

Seon-hwa parashyut kamarlarini mahkam ushlagancha, dengiz tomon qaradi.

Pastda — cheksiz moviylik.
Yuqorida — osmon.

Va ularning ikkalasini bog‘lab turgan faqat ingichka arqon.

— Menimcha... bu fikr unchalik yaxshi emas, — dedi Seon-hwa kulishga urinib.

Taehyung uning yonida jilmaydi.

— Hozir aytyapsanmi?

— Ha!

— Kech qolding.

Qayiq oldinga siljishi bilan parashyut asta yuqoriga ko‘tarila boshladi.

— Taehyung!

Seon-hwaning ovozi shamolga qo‘shilib ketdi. Bir necha soniya ichida oyoqlari yerdаn uzildi. U dengiz ustida, osmon bilan suv orasida muallaq qolgan edi.

— Men pastga qaray olmayapman!

Taehyung kulib yubordi.

— Unda qaramagin.

— Qanday qilib qaramayman?! Biz uchyapmiz-ku!

— Menga qara.

Seon-hwa unga qaradi.
Taehyungning yuzida qo‘rquv yo‘q edi. Faqat sokin tabassum.

— Qo‘rqma... Men shu yerdaman. Seni oldingda.

Seon-hwa bir necha soniya unga tikilib qoldi. Shamol sochlarini yuziga sochardi. Quyosh nuri esa ikkalasini oltin rangga bo‘yab turardi. Keyin u asta kulib yubordi.
Avval sekin. Keyin chin dildan.

— Bu juda chiroyli ekan!

Taehyung kulib:

— Aytdim-ku.

Seon-hwa endi pastga qarashga jur’at etdi. Dengiz ostida cheksiz moviylik yoyilib yotardi. To‘lqinlar quyosh nurida yaltirardi. U bir zum jim qoldi.

— Taehyung...

— Hmm?

— Men bu lahzani eslab qolishni xohlayman.

— Unda eslab qol.

— Juda uzoq vaqtga.

Taehyung unga qaradi.

— Men ham.

Parashyut shamolda tebranib, ikkalasini yana biroz balandroqqa olib chiqdi. O‘sha lahzada ular uchun dunyo juda kichkina edi.

Na ish, na tashvish, na kelajak.
Faqat dengiz, osmon, shamol va yonidagi inson. Seon-hwa keyinchalik bu kunni kundaligiga shunday yozdi:

“Bugun men osmon bilan dengiz orasida uchdim. Eng qizig‘i, balandlikdan emas, yonimdagi insondan qo‘rqmadim. Aksincha, uning yonida o‘zimni xavfsiz his qildim.”

2021-yil, 5-aprel

O‘sha kun ertalabdan boshqacha edi. Hamma joyda shoshilish, tayyorgarlik, hayajon... Ammo Seon-hwa uchun atrofdagi barcha ovozlar go‘yo uzoqdan eshitilayotgandek edi.

U ko‘zguga qarab turardi. Bugun u boshqa familiyani emas, boshqa hayotni tanlayotgandi.

Eshik ochildi. Taehyung ichkariga kirdi. U bir necha soniya hech narsa demadi. Faqat unga qarab turdi.
Seon-hwa jilmayib:

— Nega jim qolding?

Taehyung asta kuldi.

— Seni ko‘rib, nima deyishni unutdim.

Seon-hwa boshini egib kulib yubordi.

— Bugun birinchi marta ko‘rayotgandek qarayapsan.

— Chunki bugun seni boshqacha ko‘ryapman.

Marosim boshlanganda ular yonma-yon turishdi. Atrofdagi odamlarning ovozi, kamera chaqmoqlari, tabriklar — barchasi bir lahzaga chetga surilgandek bo‘ldi. Ular bir-biriga qarashdi.
Va o‘sha qarashda bitta oddiy ma’no bor edi:

“Endi biz birgamiz.”

Va’dalar aytildi. Uzuklar taqildi.
Qo‘llari bir-biriga tutashdi. Seon-hwaning ko‘zlarida yosh qalqidi. Taehyung uning qo‘lini biroz mahkamroq ushladi.

— Yig‘lama, — dedi u past ovozda.

Seon-hwa kulib:

— Bu safar baxtdan.

Taehyung ham jilmaydi. Ularning qarshisida butun hayot turgandek edi. Hali egizak farzandlari haqida hech narsa bilishmasdi. Hali qancha quvonch, qancha sinov va qancha xotira ularni kutayotganini bilishmasdi. Ular faqat bitta narsaga ishongan edi:

birga qolishlariga.

O‘sha kuni ular bir-biriga “abadiy” degan so‘zni va’da qilishgan edi.

2022-yil, yoz

Seon-hwa hovuz bo‘yida turganida, Taehyung kutilmaganda unga suv sepdi.

— Taehyung!

U kulgancha ortiga qochdi.

— Ushlay olsang, ushla!

Seon-hwa ham suv olib, uning ortidan yugurdi. Bir necha soniyada ikkalasi ham bolalardek suv sepishib, kulib ketishdi. Oxiri nafaslari yetmay, bir-birlariga qarab turishdi.

— Biz juda bolalarcha ish qilyapmiz, — dedi Seon-hwa kulib.

Taehyung jilmaydi.

— Bugun katta bo‘lish shart emas.

Seon-hwa kulib bosh irg‘adi. O‘sha kun oddiy edi. Ammo keyinchalik aynan shunday oddiy kunlar eng qimmat xotiralarga aylandi.

2023-yil. Homiladorlik davri

Seon-hwa homiladorligini bilgan kunidan boshlab, Taehyung unga odatdagidan ham ehtiyotkor bo‘lib qoldi.

U og‘ir narsalarni ko‘tarishiga yo‘l qo‘ymas, zinadan tushayotganda yonida yurardi.

— Sekinroq, — derdi har safar. — Shoshilma.

Seon-hwa kulib:

— Men kasal emasman-ku.

— Bilaman. Shunchaki ehtiyot bo‘lishingni xohlayman.

U hatto Seon-hwa ovqatlanishini, dam olishini ham eslatib turardi. Kerak boʻlsa, ishidan ham voz kechib rafiqasining yonida qolardi. Muhim uchrashuv boʻlsa, uni keyingiga qoldirardi. Ba’zan uning bu haddan tashqari g‘amxo‘rligi Seon-hwani kuldirardi.

— Taehyung, men homiladorman, shisha idish emasman.

Taehyung jilmayib, uning yoniga o‘tirdi.

— Baribir men uchun eng ehtiyot qilinadigan narsasan.

– Narsa... Men sizga biror bir buyummanmi? Heey... Men odamman odam, buyum emas... – kulib.

Taehyung indamay jilmaydi. O‘sha davrda ularning hayotida yana bir kichkina mo‘jiza ulg‘ayayotgan edi.

2023-yil

Seon-hwa og‘riqdan ko‘z yoshlarini tiya olmay, choyshabni mahkam ushlab turardi.

— Aah...

— Chuqur nafas oling... yana ozgina qoldi, — dedi shifokor.

Taehyung esa eshik ortida u yoqdan-bu yoqqa yurardi. Har bir ovozda yuragi orqaga tortib ketardi.

— Seon-hwa...

Nihoyat, uzoq kutilgan yig‘i eshitildi. Taehyung bir zum qotib qoldi. Keyin ikkinchi chaqaloqning yig‘isi. U beixtiyor kulib yubordi. Ko‘zlari esa namlangan edi.

Palataga kirganida Seon-hwa holdan toygancha yotardi.

— Tabriklayman, ota, — dedi u zo‘rg‘a.

Taehyung kulib, uning yoniga o‘tirdi.

— Tabriklayman, ona.

Seon-hwa ikki chaqaloqqa qaradi.

— Qizimizga sen ism qo‘y.

Taehyung qizchasiga qarab:

— Minseo.

— Mayli...

Keyin Seon-hwa o‘g‘liga qaradi.

— Bunisiga men. Minjun.

Taehyung ikki chaqaloqqa, keyin Seon-hwaga qaradi.

— Ikkalasi ham bizga o‘xshab qolsa-chi?

Seon-hwa charchagan bo‘lsa ham kulib yubordi.

— Unda o‘zimizdan o‘zimiz qo‘rqamiz.

Taehyung ham kuldi. Ikki chaqaloq esa yonma-yon yotgancha, ularning kulgisidan bexabar edi. O‘sha kun ular hayotidagi eng shovqinli, eng charchatadigan, ammo eng baxtli kun bo‘lib qoldi.

Ularning oilasida ham janjallar bo‘lardi.

Ba’zan arzimas gap katta tortishuvga aylanardi. Ba’zan esa Seon-hwa xato qilardi, ba’zan Taehyung.

Bir kuni janjal paytida Taehyungning sabri tugab, ovozi beixtiyor balandlashib ketdi.

— Seon-hwa, bas qil!

Uning ovozi yangrashi bilan Seon-hwa jim qoldi.

Taehyung ham darhol sukutga cho‘mdi.

Seon-hwaning ko‘zlari yoshlanganini ko‘rgach, uning jahli bir zumda so‘ndi. Chunki u ayolining ko‘z yoshlariga hech qachon befarq qaray olmasdi.

Seon-hwa yuzini o‘girib, jim yig‘lardi. Bir ozdan keyin Taehyung yoniga bordi.

— Bo‘ldi... yig‘lama.

Seon-hwa indamadi. Taehyung uning yoniga cho‘kib, past ovozda davom etdi:

— Men seni xafa qilganim uchun kechir.

— Lekin men ham xato qildim...

— Bilaman, – U biroz sukut qildi. — Sen xato qilgan bo‘lsang ham, men seni bunchalik og‘ritishim shart emas edi.

Ba’zan esa janjalning aybi butunlay Taehyungda bo‘lardi. Shunda ham u uzoq g‘ururlanib yurmasdi.

Seon-hwa yig‘layotganini ko‘rsa, baribir yoniga kelardi. Chunki u har safar haq bo‘lishni emas, Seon-hwani yo‘qotmaslikni tanlardi.

2027-yil, 19-oktabr

O‘sha kuni Seon-hwa ishga odatdagidan jimroq kelgandi. Taehyung darrov sezdi.

— Nima bo‘ldi?

Seon-hwa avval aytishni istamadi. Keyin bo‘lgan voqeani gapirib berdi. Jinoyatchilardan biri tergov vaqtida unga qo‘l ko‘targandi. Taehyung bir zum jim qoldi.

— Ismi?

Seon-hwa aytdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, u odam topildi. Taehyung uni juda qattiq do'pposlagan edi, qoʻlini sindirib, oʻzini bir ahvol qilib politsiyaga topshirdi.

— Jinoyat qilgan bo‘lsa, qonun oldida javob beradi, — dedi u xotirjam.

Ammo keyinchalik Taehyungning o‘z odamlaridan biri Seon-hwaga qoʻl koʻtardi. Ikkovi orasida qisqa tortishuv jangi boʻlib oʻtdi. Taehyung buni bilishi bilan u odamni yo‘qotdi.

Bu haqda Seon-hwa hech qachon bilmasdi. U Taehyung bilan qanday aloqasi borligiyu boshqa narsalarni. U faqatgina jinoyatchi ekanligini bilardi.

Bir kuni Taehyung unga qarab, sokin ovozda:

— Men uni yo‘qotdim. Senga qoʻl koʻtargan odamni...

Seon-hwa uning ko‘zlariga tikildi.

— Nega menga aytyapsan?

Taehyung bir oz jim qoldi.

— Chunki sendan hech narsani yashirmoqchi emasman.

Seon-hwa indamay unga qarab turdi. U Taehyungning bu tomonini qo‘rqinchli deb bilardi. Ammo ayni paytda, Taehyungning undan hech narsani yashirmaslikka harakat qilishi uning uchun muhim edi.

COMEBACK – 23:48

Seon-hwa kundalikning oxirgi sahifalariga yetib keldi. Soʻngi sahifaning pastida uzunroq yozuv turardi. U pastroq ovoz chiqarib oʻqiy boshladi:

– “Men Taehyungni sevishdan hech qachon charchamayman. Unga bo‘lgan sevgimning chegarasi yo‘q.

Men unga o‘zimdan ham ko‘proq ishonaman. Hayot meni undan shubhalanishga majbur qiladigan darajaga olib borsa ham, yuragim baribir uni tanlaydi.

Agar bir kun kelib, u men tasavvur ham qilolmaydigan jinoyat qilganini bilsam ham...

Men uni kechirishga tayyorman. Men uni politsiya hukmiga topshirishni xohlamayman. Chunki u men uchun shunchaki erim emas.

U — mening hayotimning eng katta qismi. Agar butun dunyo undan yuz o‘girsa ham, men hech bo‘lmasa bir marta uning ko‘zlariga qarab, haqiqatni o‘zidan eshitishni istayman.

Men uni tanlaganman. Va uni sevish — hayotimdagi eng chin qarorim boʻlib qoladi”.

Seon-hwa oxirgi jumlada to‘xtab qoldi. Barmoqlari sahifaning chetini mahkam ushladi. U uzoq vaqt hech narsa demadi. Faqat kundalikka tikilib, juda past ovozda pichirladi:

— Men o‘shanda buni yozgan ekanman... Bugun men bu kundalikni yopaman...
Taehyung...

Men seni birinchi ko‘rgan kunim, hayotimning oxirgi kuni shu odamning qo‘lidan kelishini hech qachon o‘ylamagandim.

Sen menga juda ko‘p yaxshi xotiralarni berding. Men ularning hech birini yolg‘on deb atay olmayman. Chunki men ularni chin dildan yashadim.

Men seni sevganman. Balki... hali ham sevaman. Ammo seni sevishim sen qilgan ishlarni kechirishim kerak degani emas. Mayli edi o'gʻirlik qil, taqiqlangan narsalarni bu davlatga olib kir, mayli qotillik ham qil... Lekin menga hiyonat...

Men bugun seni emas...
bizni tark etaman.

Tong hali to‘liq yorishmagan edi.

Shahar ustida tunning so‘nggi soyasi osilib turar, derazalardan tushayotgan xira yorug‘lik yangi kunning boshlanayotganidan darak berardi.

Catherine stol ustidagi telefoniga kelgan xabarni yana bir bor tekshirdi.

Yeon Mi.

U yuborgan fayllar allaqachon yuklangan edi. Catherine chuqur nafas oldi-da, birinchi papkani ochdi.

B1.

Keyingisi.

B2.

So‘ng—

T. Love.

Uning barmoqlari klaviaturada to‘xtab qoldi. Ekrandagi kadrlar bir-birini almashtirar, har bir yangi fayl oldingisidan og‘irroq tuyulardi. Catherine bir necha daqiqa davomida hech narsa demadi.

Keyin Taehyung bilan bog‘liq kadr ochildi. Uning nigohi ekranda qotib qoldi. Bu endi oddiy tergov emasdi.

Bu bitta mehmonxona, bir nechta jinoyatchi yoki yashirin xonalar haqidagi ish emasdi. Catherine sekin orqasiga suyandi.

— Bu davlat ichiga kirib ketgan jinoyat tarmog‘i...

U bu gapni o‘ziga aytgandek past ovozda takrorladi. Ammo uning e’tiborini boshqa narsa tortdi.

Fayllarning texnik ma’lumotlari. Catherine videolardan birini ochib, metadata bo‘limiga kirdi. Sana. Vaqt. Qurilma modeli. Yaratilgan vaqt.

U qoshlarini chimirdi. Bir faylni tekshirdi. Keyin ikkinchisini. Uchinchisini.

Bir xil joy.
Bir xil vaqt oralig‘i.
Bir xil qurilma.
Catherine birdan o‘rnidan to‘g‘rilandi.

— Yo‘q...

U ma’lumotlarni yana tekshirdi. Keyin ekrandagi vaqtni ko‘rib, ko‘zlari kattalashdi.

Yaqinda.

– Demak, bu materiallar eski yozuvlardan iborat emas... Kimdir yaqinda o‘sha yashirin zonaga kirgan. Kimdir B1 va B2 ichiga tushgan. Kimdir kamerani olib kirgan. Va eng muhimi—
kimdir u yerdan tirik chiqib, dalillarni tashqariga olib chiqqan.

Catherine bir necha soniya qimirlamay qoldi. Keyin Yeon Mi yuborgan xabarga qaradi.

— Demak, ichkarida kimdir biladi...

U gapini tugatolmadi. Chunki shu payt Golden Mistning boshqa bir joyida telefon ekrani yondi. Bir nechta fayl ochildi.

B1_qizlar.mp4

B2_saralangan_qizlar.jpg

T.Love_xona.mov

Ekran qarshisidagi odam bir muddat jim turdi. So‘ng uning nigohi sovidi.

— Dalillar sizib chiqibdi.

Xonada sukut cho‘kdi.

— Qachon?

— Aniq bilmaymiz.

— Kim kirgan?

Javob bo‘lmadi. Bir necha soniyadan keyin u telefonini stolga qo‘ydi.

— Unda toping.

Uning ovozi past edi. Ammo xonadagi hamma bu ikki so‘zning ma’nosini tushundi. Endi Golden Mist faqat tergov qilinmayotgandi.

Endi Golden Mist ham kimdir uni ichkaridan fosh qilayotganini qidirayotgan edi.

Va shu tongdan boshlab o‘yin ikki tomonga aylandi. Bir tomon haqiqatni ochishga urinardi.
Ikkinchi tomon esa haqiqatning o‘zini yo‘q qilishga.

Seon-hwa hujjatlar ustiga egilgancha uzoq vaqt jim qoldi.

Yetmish ikki ism.
Yetmish ikki odam.

Ularning har biri boshqa bir eshikka, boshqa bir tashkilotga, boshqa bir mansabdor shaxsga olib borardi. Bu endi bitta jinoyatchini qo‘lga olish bilan tugaydigan ish emasdi.

Catherine uning qarshisida turardi. U Seon-hwaning nimani o‘ylayotganini allaqachon tushungandi.

— Agar hozir Taehyungni olsak, qolganlari qochadi.

Seon-hwa barmoqlarini stol ustidagi hujjatlar ustida sekin yurgizdi.

— Ha.

U bir zum jim qoldi.

— Bizga yana dalil kerak. Ularning aloqalari, pullari, uchrashuvlari... hammasi.

Catherine unga ehtiyotkorlik bilan qaradi.

— Unda eringizni kuzatamizmi?

Seon-hwa boshini ko‘tardi. Bir necha soniya davomida Catherinega tikilib turdi.

— Yo‘q.

U papkani yopdi.

— Biz uning imperiyasini kuzatamiz.

Catherine indamay qoldi.

Seon-hwa uchun Taehyung hozircha faqat shu yetmish ikki kishidan biri edi. Ha, u jinoyat tarmog‘ining markazida turardi. Ha, dalillar uning nomiga borib taqalardi.

Ammo Seon-hwa hali Catherine, Yeon Mi va egizaklar ko‘rgan narsalarni ko‘rmagan edi.

U B1 va B2ni ko‘rmagan.
U T. Love xonasidagi dalillarni ko‘rmagan.
U Taehyungning o‘sha yashirin joylardagi asl faoliyatini bilmasdi.

Shuning uchun uning xayolida hali bitta savol turardi:

> Taehyung jinoyat sherigimi yoki bundan ham kattaroq narsaning bir qismimi?

Catherine esa javobni allaqachon bilardi. Yoki hech bo‘lmaganda, javobning eng dahshatli qismini ko‘rgandi. U Seon-hwaga aytishi kerak edi. Lekin og‘zi gap boshlash uchun ochilganida, yana yopildi.

— Seon-hwa...

— Ha?

Catherine bir lahza ikkilanib qoldi.

— Hech narsa.

Seon-hwa yana hujjatlarga qaytdi. Catherine esa uning ortidan qarab turdi.

“Agar bilib qolsa-chi?”

U ko‘zlarini yumdi. Bu haqiqatni Seon-hwadan yashirish to‘g‘ri emasligini bilardi. Ammo uni hozir aytish ham xavfli edi. Chunki bu faqat tergov masalasi emasdi.

Bu — uning eri haqida edi.
Catherine nihoyat telefonini oldi.
Kontaktlar ichidan bitta ismni topdi.

Yeon Mi.

U qo‘ng‘iroq qilishdan oldin bir necha soniya o‘ylanib turdi. Keyin tugmani bosdi.

— Men siz bilan gaplashishim kerak, — dedi u qo‘ng‘iroq ulangan zahoti. — Seon-hwaga aytishimiz kerak bo‘lgan bir narsa bor. Lekin men buni qanday qilishni bilmayapman.

Narigi tomonda qisqa sukut cho‘kdi. Catherine derazadan tashqariga qaradi. Tong allaqachon yorishib ulgurgandi. Ammo ular endigina zulmatning eng chuqur qismiga kirib borayotgan edi.

Taehyung hali Seon-hwaning hammasidan xabardor ekanini bilmasdi. U faqat ichkarida nimadir o‘zgarganini sezardi. Jungkook uning qarshisida turib, ovozini pasaytirdi:

— Bizning ichimizdan kimdir gapiryapti.

Taehyung boshini ko‘tardi. Bir necha soniya Jungkookning yuziga qarab turdi.

— Nima bilasan?

— Hali aniq emas. Lekin tashqariga chiqqan dalillar tasodifan chiqmagan.

Taehyung indamadi. Bu safar u odatdagidek xotirjam ko‘rinishga urinmadi.

— B1 va B2ni tekshirtir, — dedi nihoyat. — Hamma narsani.

Tekshiruv uzoq davom etmadi. Xonalardan birida, pol chetida yotgan kichkina buyum ko‘zga tashlandi.

Taqinchoq.
Uni tekshiruvchilardan biri dalil sifatida olib, Taehyungga keltirdi.

Taehyung buyumni ko‘rgan zahoti qo‘li to‘xtadi. U uni tanirdi.

Bu — Minseoga o‘zi sovg‘a qilgan soch taqinchog‘i edi. Bir zumda atrofdagi barcha tovushlar uzoqlashgandek bo‘ldi.

— Qayerdan topdinglar?

— B1 ichidan.

Taehyung taqinchog‘ni kaftida aylantirdi.

Bu joyga tashqaridan oddiy buyum kirib qolishi mumkin emas edi. Ichki tartib qat’iy edi. Kiruvchilar uchun belgilangan jarayon bor, kiyimlar ham ichkaridagi alohida hududda almashtirilardi.

Demak, bu taqinchoq tasodifan tushib qolmagan. Kimdir ichkariga kirgan. Taehyungning ko‘zlari toraydi.

— Hech kimga aytmanglar.

— Janob?

— Men o‘zim hal qilaman.

U taqinchoqni yana bir bor ko‘rdi. Shu kichkina buyum birdan butun Golden Mistni xavf ostiga qo‘ygandek edi.

Kechroq Jungkook yana uning yoniga keldi. Bir muddat ikkalasi ham jim turishdi. Keyin Jungkook sekin kuldi.

— Bir narsani hech tushunolmayman.

Taehyung unga qaramadi.

— Nimani?

— Sen. – Taehyung endi unga qaradi. Jungkook yelkasini qisdi. — Shuncha yil bo‘ldi. Shunday go‘zal rafiqang bor. Seni sevadi. Oilang bor. Pul muammo emas. Odamlar sening o‘rningda bo‘lishni orzu qiladi.

Uning ovozidagi kulgi asta yo‘qoldi.

— Shunga qaramay, sen bu ishlarni davom ettiryapsan. Nega?

Taehyung javob bermadi. Jungkook kutdi.

— Avval sen bunday emasding, — dedi u. — Qachondan boshlab o‘zgarding?

Taehyung ko‘zlarini bir nuqtaga qadadi. Uning xayolida eski yillar jonlandi.

Avvaliga bu dunyoga kirishining sababi oddiy edi: kuch kerak edi. O‘zini va biznesini himoya qilish uchun. Bir muammoni hal qilish uchun qilgan ishi keyingisiga olib kelgan.

Keyin esa chegaralar asta-sekin yo‘qola boshlagan.
Bir paytlar qilishga qo‘rqadigan ishlar oddiy qarorga aylangan.

Bir odamning taqdiri — buyruq.
Bir oilaning taqdiri — kelishuv.
Bir insonning hayoti — kerak bo‘lsa, yo‘q qilinadigan to‘siq.

Taehyung sekin gapirdi:

— Avval men bu dunyodan foydalanardim. Keyin bu dunyo mendan foydalana boshladi.

Jungkook unga tikildi.

— Unda Golden Mist-chi?

Bu savolga javob berish qiyinroq edi. Taehyung bir oz sukut saqladi.

— Avvaliga men odamlarni boshqarish mumkinligini bilib oldim, – uning ovozi sovuqlashdi. — Keyin esa odamning qo‘rquvi, zaifligi, ehtiyoji ham pul kabi ishlatilishini tushundim.

Jungkook jim qoldi. Taehyung davom etdi:

— Shundan keyin men endi chegarani qayerda chizish kerakligini unutdim.

Bir necha soniyalik sukut oraga tushdi va bu sukutni Jungkook buzib:

— Seon-hwa bularning hammasini bilsa nima bo‘ladi?

Taehyungning nigohi bir zumda o‘zgardi.

— U bilmaydi.

— Bilsa-chi?

Taehyung javob bermadi. Uning qo‘lidagi kichkina taqinchoqqa nigohi tushdi.

Minseo.
Oilasi.
Seon-hwa.
Va shu bilan birga, u yillar davomida yashirib kelgan qorong‘u dunyo.

Birinchi marta ularning orasidagi masofa shunchalik qisqa tuyuldi. Kimdir ichkariga kirgan edi. Va Taehyung endi bu kimligini topishi kerak edi.

Uning miyasida turli hil hayollar koʻp edi:

" Balki bu taqinchoq boshqa birovnikidir. Shunchaki oʻxshashdir.
Balki birortasiga u berib turgandir..."

Bu "balki"lar hech qachon tugamaydi. Shuning uchun ham u bu kalavaning uchini topishi kerak edi

Ertalab egizaklar odatdagidan ancha jim edi.

Minseo telefonini qo‘lidan qo‘ymasdi. Ekran o‘chiq bo‘lsa ham, barmoqlari vaqti-vaqti bilan uning chetiga tegib ketardi.

Videolar hali ham o‘sha yerda.
U ularni o‘chirishdan qo‘rqardi.
Go‘yo o‘chirsa, kecha ko‘rganlari ham yo‘qolib ketadigandek.
Minjun singlisiga qarab turdi.

— Hali ham o‘ylayapsanmi?

Minseo bosh irg‘adi.

— Men bularni o‘chirsam... dalil qolmaydi.

Minjun bir muddat jim qoldi.

— Endi biz bilamiz. Shuning uchun endi oddiy hayotga qaytib bo‘lmaydi.

Minseo ko‘zlarini yumdi.

— Oyimga aytishni xohlayman.

— Men ham.

— Lekin qanday?

Bu savolga Minjun ham javob topolmadi.

Seon-hwa ularni ko‘rganida, egizaklarning odatdagidan boshqacha ekanini darhol sezdi.

— Nima bo‘ldi?

— Hech narsa, oyijon, — dedi Minjun tezda.

Seon-hwa unga bir qarab qo‘ydi.

— “Hech narsa” degan odam bunaqa qarab turmaydi.

Minseo indamadi. Bir necha soniyadan keyin u onasining yoniga borib, sekin o‘tirdi.

— Oyijon...

— Hmm?

— Maktabda... odam biror narsani ko‘rib qolsa-yu, keyin uni unutolmasa nima qiladi?

Seon-hwa qizining yuziga qaradi.

— Avval o‘sha narsani yolg‘iz ko‘tarib yurmaslik kerak.

Minseo lablarini mahkam tishladi.

— Agar u juda yomon narsa bo‘lsa-chi?

— Unda ham.

Minjun gapga qo‘shildi:

— Masalan, kimdir o‘z vakolatidan noto‘g‘ri foydalansa... hamma bilmasa, lekin sen bilsang?

Seon-hwa uning so‘zlaridagi g‘alati ohangni sezdi.

— Unda dalil kerak bo‘ladi. Shoshilinch xulosa emas.

Minseo birdan ko‘z yoshlarini tutib turolmadi. U onasiga yaqinlashib, boshini tizzasiga qo‘ydi.

— Oyijon...

Seon-hwa uning sochlarini siladi.

— Men shu yerdaman.

Minseo ko‘zlarini yumdi.

— Ba’zi narsalar odam o‘ylagandan ham yomonroq bo‘lar ekan...

Seon-hwaning qo‘li bir zum to‘xtadi. Ammo u qizini qo‘rqitmaslik uchun ovozini sokin saqladi.

— Ishda ham shunday holatlar bo‘ladi. Ba’zan odamlar o‘zini yaxshi ko‘rsatib, ortida butunlay boshqa ishlarni yashiradi.

Minjun onasiga qaradi.

— Hatto yaqin odamlar hammi?

Seon-hwa chuqur nafas oldi.

— Hatto yaqin odamlar ham, – u bir oz sukut saqladi. — Shuning uchun men hech qachon odamni faqat gapiga qarab hukm qilmayman. Dalil kerak.

Minseo uning tizzasida jim yig‘lardi. Shu payt eshik ochildi. Taehyung kirib keldi.

— Nima bo‘ldi?

Uning nigohi avval Seon-hwaga, keyin egizaklarga tushdi. Qo‘lida esa kichkina quti bor edi.

Taqinchoq.

Taehyung uni beixtiyor kaftiga mahkamroq yashirdi.

— Nega hammangiz bunchalik jimsiz?

Seon-hwa unga qaradi.

— Bolalar maktabdagi bir masala haqida gaplashishdi.

Taehyungning nigohi Minseoga tushdi. Minseo boshini ko‘tardi. Bir lahza ota-qizning ko‘zlari to‘qnashdi. Taehyung qo‘lidagi narsani yanada mahkam siqdi.

— Qanday masala? — deb so‘radi u.

Minjun javob bermadi. Minseo esa onasining tizzasidan boshini ko‘tarmay, faqat sekin dedi:

— Oddiy muammo, dada.

Xonada bir lahzaga sukunat cho‘kdi. Taehyung esa qizining bu ikki so‘zidan keyin nimanidir sezgandek bo‘ldi.
Lekin nima ekanini hali bilmasdi.

>>Kechki payt | soat 21.00

Jungkook bu oqshomni boshqacha tayyorlagandi. Restoranning chiroqlari xira, musiqa esa juda past eshitilardi. Suna atrofga qarab, beixtiyor kulib qo‘ydi.

— Shuncha odam orasida faqat ikkovimiz uchun joy band qilibsanmi?

Jungkook jilmaydi.

— Bugun sen bilan gaplashadigan muhim gapim bor.

Suna uning gapidan biroz hayajonlandi. Kechki ovqatdan keyin Jungkook uning qo‘lini ushladi. Bir necha soniya ko‘zlariga qarab turdi-da, cho‘ntagidan kichkina qutichani chiqardi.

Suna nima bo‘layotganini tushungandek, lablarini kafti bilan yopdi.

— Jungkook...

— Men seni yo‘qotishni xohlamayman, Suna, – quticha ochildi. — Menga turmushga chiq.

Sunaning ko‘zlari namlandi. U kulib yubordi, keyin boshini bir necha marta qimirlatdi.

— Ha...

Jungkook uning qo‘lidan o‘pdi. Restorandan chiqqanlarida tun ancha chuqurlashgan edi. Jungkook mashina eshigini Suna uchun ochib berdi.

— Bugun yaxshi o‘tdimi? — deb so‘radi u.

Suna kulib, bosh irg‘adi.

— Juda yaxshi.

— Faqat “yaxshi”mi?

Suna unga qarab kuldi.

— Mayli. Juda-juda yaxshi.

Jungkook ham kulib yubordi. Yo‘l davomida ular ko‘p gaplashishmadi. Ba’zan Suna qo‘lidagi uzukka qarab qo‘yar, keyin beixtiyor jilmayib qo‘yardi.

Mashina uning uyi oldida to‘xtadi. Jungkook mashinadan tushib, uning eshigini ochdi.

— Yetib keldik, kelin.

Suna kulib yubordi.

— Hali kelin bo‘lganim yo‘q.

— Menimcha, bugundan boshlab bo‘lding.

— Juda o‘zingga ishongan ekansan.

— Sen “ha” deding-ku.

Suna boshini chayqab, kuldi.

— Yaxshi, mayli. Xayr.

U bir necha qadam yurib, yana ortiga qaradi. Jungkook hali ham mashina yonida turardi.

— Uyga kirganimda yozaman, — dedi Suna.

— Mayli.

— Va ehtiyot bo‘lib bor.

— Sen ham.

Suna eshik oldiga kelib, kalitini chiqardi. Ichkariga kirishdan oldin yana bir marta ortiga qaradi.

Jungkook unga qo‘l siltadi. Suna ham jilmayib qo‘l siltadi-da, uyiga kirib ketdi. Tashqaridagi mashina asta uzoqlashdi. Suna esa bir necha soniya eshik yonida turib qoldi. Qo‘lidagi uzukka qaradi.

Yuzida hali ham o‘sha baxtli tabassum bor edi.

Shu payt—telefon jiringladi va telefoniga qaradi. Noma’lum raqam. U bir muddat qo‘ng‘iroqqa tikilib turdi. Telefon yana jiringladi. Suna nihoyat qo‘ng‘iroqni qabul qildi.

— Alo?

Narigi tomondan jimlik eshitildi. Sunaning tabassumi asta so‘ndi.

— Kim bu?

Tun allaqachon shaharning ustiga cho‘kkan edi. Catherine stol ustidagi hujjatlarni birma-bir ko‘zdan kechirardi. Yetmish ikki ism. Yetmish ikki odam. Har birining ortida alohida aloqa, alohida dalil, alohida sir bor edi.

Seon-hwa esa qarshisida jim o‘tirardi.

— Bu ro‘yxatda nimadir yetishmayapti, — dedi Catherine birdan.

Seon-hwa boshini ko‘tardi.

— Nimani?

Catherine javob bermadi.

U papkalardan birini ochdi. Keyin yana boshqasini. Bir necha soniyadan so‘ng qo‘lidagi bitta varaqda to‘xtadi. Qog‘ozning pastki burchagida juda kichkina qora belgi bor edi. Catherine qoshlarini chimirdi.

— Bu oldin ham bormidi?

Seon-hwa varaqni qo‘liga oldi.

— Bilmayman.

— Men ham.

Ular bir muddat belgiga qarab qolishdi. Unda hech qanday ism yo‘q edi. Sana ham yo‘q. Faqat qora, tushunarsiz bir ramz.

Catherine telefonini oldi va uning rasmini tushirdi. Shu zahoti telefoni titradi.

Noma’lum raqam.

Xabar atigi bir jumladan iborat edi:

> “Belgini ko‘rgan bo‘lsangiz, endi ular ham sizni ko‘rgan.”

Catherine xabarni o‘qib bo‘lgach, indamay qoldi va telefonini sekin tushirdi.

— Bizni kuzatishyapti.

Seon-hwa belgiga yana bir bor qaradi.

— Unda ular bizdan nimani kutishyapti?

Catherine javob bermadi. Chunki uning o‘zi ham bilmasdi.

Shaharning boshqa tomonida. Taehyungning ofisida chiroq yolg‘iz yonib turardi. U stol oldida o‘tirib, eski hujjatlarni ko‘zdan kechirardi.

Bir payt qo‘lidagi varaqni qo‘yarkan, ko‘zi stol chetida qolgan eski qog‘ozga tushdi. Taehyung qog‘ozni qo‘liga oldi.

Uning pastki burchagida xuddi o‘sha qora belgi bor edi. Taehyungning qo‘li bir zumda to‘xtadi. U belgiga uzoq tikilib qoldi.

Go‘yo yillar oldin ko‘rgan narsasini qaytadan uchratgandek. Sekin qog‘ozni ag‘dardi. Orqa tomonida atigi bitta jumla yozilgan edi:

> “Qarz hali yopilmagan.”

Taehyungning nigohi qotib qoldi. U qog‘ozni kaftida mahkam ushladi. Bir necha soniya hech narsa demadi. So‘ng juda past ovozda:

— Demak... hali tugamabdi.

Uning yuzidagi xotirjamlik yo‘qoldi. Ammo eng dahshatlisi — u qo‘rqayotgandek ko‘rinmasdi. U bu belgining nimani anglatishini bilardi.