July 28

Rux ta'qibi

3-BOB

Ertalabki g'alati voqea uzoq sir bo'lib qolmadi.

Eski sport majmuasida ishlayotgan ustalardan biri bu haqda oshxonadagi tanishiga aytdi. Tanishi esa navbatdagi suhbatda yana boshqalarga yetkazdi. Oradan ko'p o'tmay, gap universitetning turli burchaklariga tarqalib ulgurgan edi.

β€” Eshitdingmi? Eski sport majmuasining ichki yo'lagi bir kechada bitib qolibdi, deyishyapti.

β€” Hazillashyapsanmi?

β€” Yo'q, ishchilarning o'zi gapirayotgan ekan.

β€” Nahotki? Bir kechada-ya?

Kimdir bunga ishonmadi.

Kimdir esa bu universitet rahbariyati sir tutayotgan maxsus ta'mirlash ishlari bo'lsa kerak, degan taxminni ilgari surdi.

Oradan ko'p o'tmay, bu gap o'qituvchilar xonasigacha yetib bordi. Rahbariyat ham xabardor qilindi. Ammo hech kim aniq javob bera olmasdi.

Birgina tong ichida, eski sport majmuasidagi ta'mirlangan yo'lak universitetning eng ko'p muhokama qilinayotgan mavzusiga aylangandi.

Eski sport majmuasi ichidagi g'alati o'zgarish ishchilarni hanuz o'ziga keltirmagandi.

Har kim bir xil yo'lakka tikilar, ammo hech kim ko'rayotgan manzarasiga izoh topa olmasdi. Kecha chang bosib yotgan, suvoqlari ko'chgan devorlar bugun oppoq va silliq edi. Pol yaltirab turar, shiftga esa yangi chiroqlar o'rnatilgandi.

β€” Bu ishni kim qilgan bo'lishi mumkin?..

Savol yangradi, ammo javob topilmadi. Ishchilarning aytganlari ko'p o'tmay universitet rahbariyatigacha yetib bordi.

Bir necha mas'ullar voqea joyiga kelib, yo'lakni boshdan oxirigacha ko'zdan kechirishdi. Devorlarni tekshirishdi, polni ko'rishdi, yangi o'rnatilgan chiroqlarni sinchiklab kuzatishdi. Ammo hech biri aniq izoh bera olmadi.

β€” Balki kechasi boshqa brigada kirgandir.

β€” Yo'q, unday bo'lsa hujjatlarda qayd bo'lardi.

β€” Balki pudratchi kompaniya xabar bermasdan ishni tugatgandir.

Taxminlar ketma-ket aytilardi, biroq ularning birortasi ham barchani ishontirmasdi. Shunga qaramay, hech kim g'ayritabiiy narsa haqida o'ylamadi.

Oxir-oqibat, hamma bir fikrda to'xtadi. Kimdir kechasi yashirincha binoga kirgan.

Kim ekani noma'lum edi. Ammo boshqa izoh topishning iloji ham yo'qdek tuyulardi.

Rahbariyat bu voqeani shunchaki mish-mish sifatida qoldirishni istamadi.

Eski sport majmuasidagi g'alati o'zgarish haqida xabar tarqalishi bilan universitet xavfsizlik bo'limi ham ishga kirishdi. Bino ichini yana bir bor sinchiklab tekshirishdi. Eshiklar, derazalar, favqulodda chiqish yo'laklari, hatto shamollatish tizimigacha ko'zdan kechirildi.

Hech qayerdan buzib kirilganiga oid biror iz topilmadi.

Temir eshikning qulfi butun edi.

Brigadir qo'ygan muhr ham ochilmagan.

Go'yo kechadan beri bu binoga hech kim qadam bosmagandek edi.

Shundan so'ng barcha umid kuzatuv kameralariga bog'landi.

Universitetning xavfsizlik xonasida bir nechta monitor yonib turardi. Mas'ullar, texnik xodimlar va xavfsizlik bo'limi boshlig'i kompyuter qarshisiga yig'ilishdi.

β€” Kechagi yozuvni qo'ying.

Ekranda odatiy manzara paydo bo'ldi.

Ishchilar birin-ketin binodan chiqib kelishardi. Brigadir xonalarni tekshirib bo'lgach, tashqariga chiqdi. Temir eshikni mahkam yopdi, qulfni ikki marta buradi. So'ng muhrni ehtiyotkorlik bilan yopishtirib, bir lahza ortiga qaradi-da, sekin uzoqlashib ketdi.

Kamera bularning barchasini aniq tasvirga olgan edi.

Vaqt ekranning yuqori burchagida soniyama-soniya almashib borardi.

Maydon bo'shab qoldi.

Shamolgina qurilish maydonidagi ogohlantiruvchi lentalarni sekin tebratar, boshqa hech qanday harakat ko'rinmasdi.

Bir necha oΚ»n daqiqa o'tdi.

Birdan monitor tasviri mayin titradi. Hech kim avvaliga bunga e'tibor bermadi.

Oradan bir necha soniya o'tgach, ekranda mayda chiziqlar paydo bo'ldi. Tasvir xiralashib, goh ravshanlashar, goh yana buzilardi.

β€” To'xtating... orqaga qaytaring.

Texnik yozuvni bir necha soniya ortga surdi.

Hammasi joyida.
Yana oldinga o'tkazdi.
Xuddi o'sha joyga kelganda ekran yana shovqin bilan qoplanardi.

Bu safar shovqin bir necha soniya emas, ancha uzoq davom etdi.

Tasvir butunlay yo'qolmadi, ammo unda hech narsani ajratib bo'lmasdi. Oqartirilgan chiziqlar, qora dog'lar va uzluksiz g'uvillash ekranni to'ldirib yuborgandi.

Xonadagi hech kim gapirmadi. Texnik yozuvni yana boshidan ochdi. Natija o'zgarmadi.

Yana bir nusxasi tekshirildi.
Har safar bir xil holat takrorlanardi.

Kechqurun brigadir binoni qulflab ketganidan keyin yozuv bir necha soat davomida shovqin bilan uzilib qolardi.

Tasvir qayta tiklanganda esa tong allaqachon otgan bo'lardi. Soat ham bir necha soat oldinga sakrab ketgandek edi. Yo'qolgan vaqt oralig'ida nima sodir bo'lgani haqida esa birorta ham kadr saqlanib qolmagan edi.

β€” Balki uskuna nosozdir, β€” dedi mas'ullardan biri sukutni buzib.

Texnik boshini sekin chayqadi.

β€” Agar nosozlik bo'lganida, boshqa kameralarda ham shunday holat kuzatilardi.

Darhol kampusdagi qolgan kameralar ham tekshirildi.
Ularning barchasi o'sha tunni uzluksiz yozib olgan edi.

Faqat eski sport majmuasiga qaragan kameralarning yozuvi aynan bir xil vaqtda uzilib qolgandi.

Xonada yana jimlik cho'kdi.
Bunga mantiqiy izoh topishga hamma urinardi. Ammo qancha o'ylashmasin, bitta savol javobsiz qolaverdi.

Agar kameralar hech narsani yozmagan bo'lsa...
Bir kechada butun yo'lakni kim ta'mirlab chiqdi?

Tongdagi g'alati voqea universitetda kun bo'yi muhokama qilindi. Ammo vaqt hech kimni kutmasdi. Bir necha kundan beri kutilayotgan fan olimpiadasi nihoyat boshlanish arafasiga kelgandi.

Ertalabdan kampus darvozalari oldida universitet avtobuslari birin-ketin to'xtay boshladi.

Ulardan turli viloyatlar va shaharlardan kelgan talabalar tushishardi. Kimdir yelkasiga ryukzak osgan, kimdir chamadonini sudrab borardi. Qo'llarida universitet nomi yozilgan taklifnomalar va hujjatlar bilan ular atrofga qiziqish bilan nazar tashlashardi.

Ko'ngillilar ularni kutib olib, ro'yxatdan o'tish joyiga boshlab borishardi.

β€” Xush kelibsiz.

β€” Marhamat, avval ro'yxatdan o'ting.

β€” Yotoqxona kalitlarini shu yerdan olasiz.

Kampus odatdagidan ham gavjumlashib ketdi.

Asosiy maydonda kichik guruhlarga bo'lingan talabalar bir-biri bilan tanishar, qayerdan kelganini so'rashar, musobaqa haqida suhbatlashishardi. Kimdir suratga tushayotgan bo'lsa, yana kimdir xaritaga tikilgancha kerakli binoni izlar edi.

Universitet xodimlari ham tinimsiz qatnab yurishardi. Hamma mehmonlarni joylashtirish, tadbirlarni o'z vaqtida boshlash bilan band edi.

Eski sport majmuasi tomon esa hech kimni yaqinlashtirishmasdi.

Ta'mirlash ishlari davom etayotgani sababli uning atrofi hali ham maxsus to'siqlar bilan o'rab qo'yilgan, kirish taqiqlangani haqida ogohlantiruvchi belgilar osib qo'yilgandi.

Shunga qaramay, kampusdagi umumiy kayfiyat ko'tarinki edi.

Musobaqa boshlanishiga sanoqli soatlar qolgan, universitet esa yana yuzlab yangi yuzlar, yangi ovozlar va yangi qadamlar bilan to'lib borardi.

Talabalar yotoqxonasi

Olimpiada boshlanishidan oldingi hayajonli kun ortda qolgach, yotoqxona ham asta-sekin tinchidi.

Kun bo'yi gavjum bo'lgan koridorlarda endi faqat vaqti-vaqti bilan eshiklarning ochilib-yopilgani yoki uzoqdan eshitilgan qadam tovushlari yangrardi. Xonalarda esa charchagan talabalar ertangi musobaqani o'ylagancha birin-ketin uyquga ketishardi.

O'sha tun...
Universitetning turli binolarida, bir-birini umuman tanimaydigan bir nechta talaba deyarli bir vaqtda bir xil tushni ko'rdi.

Avval hammasi qorong'i edi.
Keyin xira yorug'lik ichida uzun bir yo'lak asta-sekin namoyon bo'ldi.

Yo'lak nihoyasizdek tuyular, oppoq devorlari esa jimjitlikni yanada og'irlashtirardi. Hech qanday deraza yo'q. Hech qanday eshik yo'q. Faqat oldinda sekin qadam tashlab ketayotgan bir qiz. Uning uzun, qora sochlari yelkasidan pastga tushib turardi.

Orqasidan qaraganda u oddiy talabaga o'xshardi. Ammo u bir marta ham ortiga o'girilmasdi.

Tush ko'rayotganlarning har biri beixtiyor uning ortidan yurishni boshladi. Qadam tovushlari yo'lak bo'ylab bo'g'iq aks-sado berardi.

Masofa esa o'zgarmasdi. Qancha tez yurishmasin, qiz ulardan doimo bir xil uzoqlikda qolardi. Shunda mutlaq sukunat orasida juda past, deyarli pichirlashdek ovoz eshitildi.

β€” ...menga qara...

Ovoz qayerdan kelganini anglab bo'lmasdi.Go'yo yo'lakning o'zi gapirgandek edi. Talabalarning yuragi tez ura boshladi. Ular yana bir necha qadam oldinga tashlashdi.

Oldindagi qiz esa hanuz ortiga qaramas, indamay yurishda davom etardi.

β€” ...menga qara...

Bu safar ovoz biroz yaqinroq eshitildi. Xuddi quloqning tagida pichirlangandek. Kimdir qo'rquv bilan boshini ko'tardi. Kimdir qadamini to'xtatdi. Ammo qizning yuzi hali ham ko'rinmasdi. Tush shu yerning o'zida uzildi.

Tong otguncha, universitetning turli xonalarida uxlayotgan bir necha talaba birdan cho'chib uyg'onib ketdi. Ularning hech biri hali bilmasdi. Ammo o'sha kecha ular bir-biridan mutlaqo bexabar holda... aynan bir xil tushni ko'rishgandi.

Tong otishi bilan yotoqxona yana odatdagi shovqinga to'ldi.

Koridorda qadam tovushlari yangrar, kimdir darsga shoshilib yugurar, yana kimdir qo'lidagi qahva qog'oz stakani bilan lift oldida navbat kutardi. Olimpiada ishtirokchilari ham birin-ketin xonalaridan chiqib, oshxona va asosiy bino tomon yo'l ola boshlashdi.

Nonushta paytida kichik-kichik guruhlarga bo'lingan talabalar kechagi tanishuvlar, musobaqa va bugungi reja haqida suhbatlashardi. Shu payt ulardan biri kulib boshini chayqadi.

β€” G'alati tush ko'rdim kecha.

Qarshisida o'tirgan talaba qiziqib unga qaradi.

β€” Qanaqa tush?

β€” Uzun bir yo'lakda yuribman. Oldimda uzun sochli qiz ketayotgan ekan. Qancha yursam ham yetolmadim.

Stol atrofida o'tirganlardan biri qo'lidagi qoshiqni sekin qo'ydi.

β€” To'xta... sen ham shunaqa tush ko'rdingmi?

β€” Ha. Nima bo'pti?

β€” Men ham deyarli shuni ko'rdim.

Bir necha soniya hech kim gapirmadi. Orqa tomonda o'tirgan yana bir talaba ularning gapini eshitib kulib yubordi.

β€” Hazillashyapsizlarmi? Men ham qandaydir qorong'i yo'lakni tushimda ko'rdim.

β€” Rostdanmi?

β€” Ha. Faqat oxirida kimdir juda past ovozda: "Menga qara..." degandek bo'ldi.

Stol atrofidagilar bir-biriga qarab qolishdi. So'ng ulardan biri kulib qo'l siltadi.

β€” Kecha juda charchagandirmiz. Shunga miyamiz bir xil narsani o'ylabdi.

β€” To'g'ri, olimpiada stressi-da.

β€” Ha, bo'lmasa bitta tushni hamma bir xil ko'rmaydi-ku.

Gap shu tariqa hazilga aylantirildi. Kimdir kulib mavzuni o'zgartirdi, boshqalar ham unga qo'shilib ketishdi. Oradan ko'p o'tmay suhbat musobaqa va bugungi bellashuvlarga ko'chdi.

Ammo har biri ich-ichidan bir narsani o'ylardi. Ular tushning o'zini emas... Undagi yo'lakni va ortiga bir marta ham qaramagan uzun sochli qizni juda aniq eslab qolishgandi.

Kun odatdagidek davom etdi. Olimpiada shovqini kampusni butunlay egallab olgan, eski sport majmuasida esa ta'mirlash ishlari bir maromda davom etardi. Ertalabki hayrat ham asta-sekin odatiy suhbatlardan biriga aylanib borayotgandi.

Kechga yaqin ishchilar kunlik ishlarini yakunlashga kirishishdi. Kimdir asboblarini yig'ishtirar, yana kimdir polga to'kilgan sement qoldiqlarini supurardi.

Usta Choi qo'lidagi chelakni olib, yo'lak oxiridagi devor tomon yurdi. Oppoq bo'yalgan devorlar hali ham unga g'alati tuyulardi.

U bir lahza to'xtab, ko'z yugurtirdi. Shunda devorning eng chekkasida nimadir ko'ziga chalindi. Juda kichkina kaft izi.

Go'yo kimdir oppoq devorga chang bosgan kaftini ohista tekkizib olgandek. Usta Choi qoshlarini chimirdi.

β€” G'alati...

U chelakni yerga qo'yib, izga yaqinroq bordi. Kaftini uzatishga chog'landi-yu, ortidan kimdir:

β€” Choi, ishni tugatdingmi?

β€” Ha, hozir!

U beixtiyor ortiga o'girildi. Hamkasbiga javob berib, yana devor tomonga qaradi.

...Ammo haligi iz yo'q edi. Oppoq devor silliq va benuqson ko'rinardi. U bir necha soniya jim turdi. Ko'zlarini ishqalab, yana sinchiklab qaradi.

Hech narsa. Go'yo u yerda hech qachon hech qanday qo'l izi bo'lmagandek. Choi indamay chelagini ko'tardi.

Ichida paydo bo'lgan noaniq bezovtalikni esa hech kimga aytmadi.