July 14, 2023

Hardsub va Softsub: ular nima va nimaga kerak?

Hardsub deganda taglavhasi (subtitr) bor videolar nazarda tutiladi. Hardsub bor boʻlsa, softsub ham boʻladi. Softsub'li videoda taglavhani pleyer orqali istalgan payt oʻchirib qoʻyish mumkin. Mazkur qisqa maqolada bularni batafsil tushuntiraman.

Softsub

Softsub misolida bir videoni olaylik: mkv kengaytmasidagi birlamchi manbalardan olingan video fayl bor. U fayl ichida bir yoki bir nechta ass yoki srt turidagi taglavhalar solingan fayllar boʻladi.

Bu holda mazkur videoni pleyerda ochsangiz, u orqali istalgan taglavhani tanlashingiz yoki hech qaysi birini tanlamay taglavhalarsiz video oʻzini tomosha qilishingiz mumkin.

Dr. Stone 2-fasl 1-qismi mkv fayli ichidagi taglavhalar. Roʻyxatdagi Disabled degan oʻringa bosilsa, videodan taglavha gʻoyib boʻladi.

Hardsub

Endi hardsub'ga kelsak: tarjimon tayyorlagan ass yoki srt kengaymasidagi taglavha fayli videoga maxsus dastur orqali oʻchirib boʻlmaydigan qilib yoziladi va, odatda, mp4 formatida saqlanadi.

Arknights 1-fasl 1-qismi mp4 faylida oʻchirish yoki tanlashga birorta ham taglavha yoʻq, ammo olib tashlab boʻlmaydigan taglavha (oʻz nomi bilan hardsub) videoda borligini kuzatsa boʻladi.

Nega hardsub kerak?

Ovoz aktyori bir vaqtning oʻzida videodagi voqea va taglavhadagi tarjima matnidan koʻzni uzmagan holda serialga ovoz beradi. Shu sababdan serialning avvaldan tayyorlangan hardsub videolari ovoz aktyori uchun kerak boʻladi.

Aslini olganda, bunday zaruriyat Reaper dasturiga koʻchib oʻtganlar uchun butkul yoʻqoladi.