Kuch adolatdami yoki formada?
Melisa, politsiya, IIV. Nom o‘zgargani bilan ish o‘zgarmasa, ne naf?
Dunyoning rivojlangan davlatlarida (bizda o’rganib qolishganidek, Rossiya yoki MDH emas) – Buyuk Britaniya, Gruziya, Fransiya, AQSh, Skandinaviya davlatlarida, Yaponiyada politsiya, eng avvalo, fuqarolarni, insonni himoya qiladigan organ hisoblanadi.
Nozim aka Safariyni real hayotda taniyman. Bu inson va Vatanga xiyonat yoki allambalo mafkuraviy xuruj tushunchalarining aloqasi to’g’risida umuman gap-so’z bo’lishi mumkin emas.
Men sizga boshqa bir misol keltiray. Indoneziyaliklarning “Reyd” degan kinosi bor.
Kinoda politsiya mafiya olami bilan til biriktirib, qora bozorga eshiklarni ochib turadi, jinoyatni urchitadi. Shu kinoda aytishadi – endi politsiya ham bizning dushmanimiz deb.
Shunaqa gaplar. Politsiya o’z ishini – fuqarolar huquqini savod bilan himoya qilmas ekan, ularning orasida kim adolatparvar, kim esa g’arazli maqsadda ekanini bilmaymiz.
Yana bir boshqa misol – fevral-mart oylari edi. Milliy universitet hududidagi katta kitob monumenti buzilganini suratga olish uchun bordim. Rektor, prorektor ruxsat bergan. Jamoat joyi.
Suratga olayotsam, avval birinchisi, keyin ikkinchisi yugurib keldi. Emishki, jurnalistlik guvohnomamni ko’rsatsam ham, mening miyamdagi “virus, ekstremistik” fikrlarni ular bilmas ekan, guvohnomam soxta, men esa biror teraktni amalga oshirgani kelgan emishman.
O’z yurting politsiyasi shunaqa deb turganidan keyin dodingni kimga aytasan? Men ham keyin kamerani yoqaman-da, tabiiyki.
Melisalar kamerani ko’rganidan keyin yana bitta kattakonini chaqirdi. Atrofda tipo “strategik obyekt” qurilishi ketayotgani, kimsan, shaxsan prezident kelishi haqida ogohlantirishdi.
Kattakonining ahvolini sizga aytay – qop-qora sharf tutib olgan burni, og’zini yopadigan qilib. Ey, kallavaram, bu holatda kim ko’proq ekstremistga o’xshaydi deydigan odam yo’q. O’zbekiston gerbi tushirilgan (ortiga shunaqa gerb qo’yib olish juda moda bo’ldi shu paytlar, bilgan-bilmagan pont uchun qo’yib yuribdi, aslida shu gerb qanday ma’no anglatishini, qachon qabul qilinganini bilmaydiganlar ramz qo’yib oladi) telefonidan menga jurnalistika qanaqa bo’lishini o’rgatdi – hammayoq charog’on, farovon ekanligini yoritish shart ekan. Ko’rsatgan kadrlari esa o’zlari taqiqlagan dron bilan olingan. Eh…
Men umrimda bunday shallaqi xodimlarni ko’rmagandim. Sen kun.uz muxbiri bo’lasanmi, jurnalist yoki blogger bo’lasanmi, viloyatlik bo’lsang, sho’ringga sho’rvalar to’kildi deyaver, ularga yolg’iz gap bilan bas kelishing amri mahol.
Ha, yana bir misol – men passportimni yo’qotganimda (Yunusobod hududida yo’qotgandim), Yunusobod IIBga borib murojaat qilmoqchi bo’ldim. Ular esa passportimni yo’qotganimni qayerda bilgan bo’lsam, o’sha hududga murojaat qilishimni qo’pol bir ohangda bildirib, kamiga senlab, jo’natib yuborishgandi.
Vaholanki, Seul ko’chasidagi uchastka noziri hurmatimni joyiga qo’yib, passport yo’qolgani haqida ma’lumotnoma yozib berdi. Sayilgoh ko’chasidagi yerosti yo’li zulmatga aylanganida ichki ishlar xodimlari suratga, videoga olishimga qarshilik qilmadi, aksincha, yo’lning boshqa tomoniga o’tayotgan qariyalar, turistlar, ayollar, bolalarni olib o’tib qo’ydi.
Men bu gaplarim bilan hamma ichki ishlar xodimlarini dordan qochgan deb atayotganim yo’q. Inson, kasbining mas’uliyatini, sharafini bilgan ichki ishlar xodimlari ham yo’q emas… Ular juda oz…
Nozim Safariyga (biz bilgan holatlardan biri) yoki boshqa jurnalist, blogerga bosim, tazyiq o’tkazadigan, viloyatlik bo’lgani, Toshkentda yurgani uchun Panelniyga olib borib tiqib, ruhiy va moral ta’sir o’tkazadigan, vatandoshini minimum momentni poylab, dubinka bilan soladigan ichki ishlar xodimi men uchun har qanday mafiyaga tengdir.
Bugunga shu. Yakshanbamni rasvo qilganlaring uchun rahmat sizlarga, Yunusobod IIBning melisalari. Sal o’zlaringni bosvolinglar, Sayyodga o’xshagan psevdojurnalyugalarning ovi qurboniga aylanmasdan. Ha, aytgancha, hozir nechanchi yilligini kalendarga qarab bir eslavolinglar.
Egningizdagi yashil forma, qurol, guvohnomangiz sizga vakolat, imkoniyat berishi bilan birga mas’uliyat yuklashini ham unutmang.
Bu sizdan aqlli, sizdan IQsi balandroq, sizdan baxtliroq inson, fikrlari teranroq odamni asossiz yerga urishingiz uchun huquq bermaydi.
@somsamurai