January 17

𝐅𝐋𝐄𝐒𝐇 & 𝐅𝐈𝐑𝐄 || 𝐊𝐓𝐇

𝟬𝟬𝟳 | 𝗙𝗹𝗲𝘀𝗵&𝗙𝗶𝗿𝗲

𝖴 𝗆𝖾𝗇𝗂 𝗑𝗈𝗇𝖺𝗀𝖺 𝗊𝖺𝗆𝖺𝖻 𝗊𝗈'𝗒𝗆𝖺𝖽𝗂, 𝖻𝖺𝗅𝗄𝗂 𝗈'𝗓𝗂𝗇𝗂𝗇𝗀 𝗂𝖼𝗁𝗂𝗀𝖺 𝗊𝖺𝗆𝖺𝖽𝗂.

Men og‘riq bu qadar chuqur bo‘lishi mumkinligini bilmasdim.

Ichimdagi barcha ko‘z yoshlar allaqachon tugaydi. Bir kun kelib yig‘i to‘xtaydi, tanam esa azobga ko‘nikib, butunlay karaxt bo‘lib qoladi, deb o‘ylagandim.
Ammo sovuq, derazasiz qamoqxona kamerasi ichida — tizzalarimni quchib, titrab o‘tirarkanman — bir haqiqatni angladim:

Qayg‘u hech qachon tugamaydi.
U faqat shaklini o‘zgartiradi. Chuqurlashadi. Va oxir-oqibat tananing bir qismiga aylanadi.
Ikkinchi yurak kabi.

Tomog’im achishardi, lekin ovoz chiqarolmasdim.
Lablarimdan faqat bo‘g‘iq, notekis nafaslar chiqardi — qichqirishdan ham og‘riqliroq bo‘lgan jim nafas edi.

Ko‘z yoshlarim jazodek yuzimdan oqardi. Yupqa mato tanamga yopishib qolgan, butunlay ho‘l edi.
Yonoqlarim qizarib, terisi ko‘chib ketgandek achishardi.
Lablarim qonab ketgandi.
Tanam esa — hech narsa emasdek uloqtirilganidan — ko‘karishlarga to‘la.

Ruhimchi…

Undan asar ham qolmagandi.

Eshik og‘ir g‘ichirlash bilan ochildi. Shu tovushning o‘zi umurtqamni muzlatib yubordi.
Boshimni tez ko‘tardim — sochlarim ko‘z yoshdan yuzimga yopishib qolgan edi.

Ostonada ikki ayol turardi. Ikkalasi ham qora kiyimda.
Yuzlarida biror ifoda yo‘q.
Ko‘zlari — shishadek sovuq.

Ulardan biri gapirdi:

— O‘rningdan tur. Biz bilan ketasan.

Men qimirlamadim. Sekin ko‘z qoqdim xolos. Lablarim zo‘rg‘a ochildi:

— Qayerga…?

Javob bo‘lmadi.

Ular oldinga yurib, qo‘llarimdan mahkam ushlashdi.

— Yo‘q… toʻxtang… avval ayting… qayerga olib ketayapsizlar?! — ovozim titrab, o‘rtasida uzildi.

Ammo ularga baribir edi.

Meni sudrab o‘rnimdan turg‘izishdi. Oyoqlarim bo‘ysunmasdi. Yiqilib ketmaslik uchun kiyimlariga yopishdim.

Qayta-qayta so‘radim:

— Qayerga? Nima bo‘lyapti? Iltimos, nimadir denglar…!

Ayollardan biri jahli chiqib puf etdi:

— Seni tayyorlash uchun.

Ko‘zlarim kattalashdi.

— Tayyorlash?.. Nima uchun?

U yelkasidan oshirib menga qaradi va jilmaydi.

— To‘ying uchun.

Hammasi to‘xtadi.

Go‘yo oyoqlarim ostidagi yer yo‘q bo‘lib ketgandek bo‘ldi.
Tanam yengillashib, yuragim urmay qolgandek tuyuldi.

— Q… qaysi to‘y?.. — dedim zo‘rg‘a.
To‘xtab qoldim. Qo‘limni tortib oldim.
— Men… Kaiga turmushga chiqyapmanmi?

Ular kulib yuborishdi.

Bu kulgi iliq emas edi.
Zaharli edi.
Masxarali.

— Kai bilanmi? — dedi biri istehzo bilan.

— Sen qilgan ishingdan keyin, butun dunyo ko‘rganidan keyin ham, rus mafiyasi hali ham seni xohlaydi deb o‘ylaysanmi?

Yuragim siqildi.

— Unda… unda kim? — dedim.
Ammo ichimda allaqachon javob chiriy boshlagandi.

Ayol qulog‘imga engashdi, lablari deyarli qulog‘imga tegdi:

— Sen u bilan turmush qurayapsan.
“𝗩" deb atashadigan odam bilan.

Yuragim urishni to‘xtatdi.

Tizzalarim bukildi.

Ko‘z oldimga dahshatli manzaralar bostirib kirdi:
— u ko‘zini ham qimirlatmay odam o‘ldirgani;
— qorong‘i tor ko‘chada suyaklarning g‘irchillab sinishi;
— ko‘ksimga sovuq qurol tiralgani — go‘yo men hech narsa emasdek.

Uning nigohi…

Qishdek sovuq edi.

— Yo‘q… dedim. Ovozim shunchalik xira ediki, deyarli eshitilmadi.

Ular esa to‘xtamadi.

— Endi tanlash huquqing yo‘q, deb pichirladi biri.

— Hozir hayotingni do‘zax deb o‘ylayapsanmi?

Kut.
U odam… u inson emas.
U kostyum kiygan bo‘ron.
U seni hayotingni do‘zaxga aylantiradi — va seni hech kim qutqarmaydi.

Boshimni tez-tez chayqadim.

— Yo‘q… yo‘q… men bunga rozi bo‘lmayman… iltimos… men unga turmushga chiqolmayman… iltimos…

Ular qo‘yib yuborishmadi.

Bu safar qichqirdim.

Butun ovozim bilan.

Tepindim, talvasaga tushdim, lekin juda kuchsiz edim. Juda singan edim.

Ular meni yo‘lak bo‘ylab sudrashdi. Yalangoyoq oyoqlarimnj beton tirnardi.
Keyin bir eshikni ochib, ichkariga itarib yuborishdi.

Men ichkarida kim turganini ko‘rganimda…

Nafasim to‘xtadi.

U yerda kutib turgan odam —

𝗔𝗽𝗽𝗮.

U xonaning o‘rtasida turardi. Jag‘i shu qadar qattiq qisilgan ediki, bo‘ynidagi tomirlari bo‘rtib ko‘rinib turardi.
Ko‘zlari esa… sovuq va qizil edi. Qayg‘udan emas — g‘azabdan.

Ayol meni qo‘yib yubordi. Men oldinga gandiraklab yurdim.

— Appa

U gapirishimga ham imkon bermadi.

Qo‘li bo‘rondek pastga tushdi.

Shapaloq xonani larzaga keltirib jarangladi — hatto eshik ortidagi qo‘riqchilarning ham qimirlaganini eshitdim. Yonogʻimda og‘riq portlagandek bo‘ldi va men marmar polga qattiq urilib yiqildim. Ko‘z oldim xiralashdi. Bir lahzaga qanday nafas olishni ham unutdim.

Otam hech qachon menga ovozini ham ko‘tarmagan edi.

Hech qachon.

Ammo hozir u meni etiklari ostidagi kirdek urdi.

Ko‘zlarimni zo‘rg‘a ochdim, yoshlar hammasini xira qilib yuborgandi.

— S-siz… siz meni urdingiz…

— Qanday jur’at bilan rad etding?! — deb baqirdi.

Bu ovoz otamniki emas edi.
Bu — yuzini otamnikidek qilgan 𝗯𝗲𝗴𝗼𝗻𝗮 odamning ovozi edi.

— Nima qilganingni bilasanmi?! Butun Rossiya ustimdan kulmoqda! Ittifoqlarim orqamdan pichirlashyapti! Hammasi — 𝘀𝗲𝗻 𝘀𝗮𝗯𝗮𝗯!

— M-men xohlamadim… Appa, iltimos..

— Meni unday atama.

Bu so‘zlar shapaloqdan ham o‘tkirroq kesdi.

— Sen meni sharmanda qilgan kuningdayoq o‘lgansan. Mening qizim yo‘q. Endi mening “𝗬𝘂𝗹𝗱𝘂𝘇𝗶𝗺” ham yo‘q.

Men yig‘lab yubordim. Qo‘llarim titrab o‘rnimdan turishga harakat qildim, lekin ko‘zlariga qaray olmadim ham.

U bir qadam orqaga chekinib, jirkanchlik bilan qaradi.

— Bugundan boshlab sen men uchun hech narsa emassan. Buyurilganini qil. Biz tanlagan odamga turmushga chiq. So‘ng hayotimdan chiqib ket. Sening soyang ham endi meni ismimga tegmasin. Bu sen uchun eng yaxshisi!

U ayollarga qaradi:

— Kiyintiring. Tez. Agar qarshilik qilsa — majburlang. Qichqiradimi — menga farqi yo‘q.

Va u ketdi.

Shunchaki.

Xuddi men singan bitim, bekor bo‘lgan shartnomadek.

Ayollar yana menga yaqinlashdi. Barmoqlarini qisirlatib, soyalarini ustimga tashlashdi — xuddi o‘ljasini kutayotgan burgutlardek.

Ammo men endi yig‘lay olmadim.
Baqira olmadim.

Polga tikilib, bo‘sh ovozda dedim:

— Men… o‘zim qilaman.

Ular to‘xtashdi.

Men sekin o‘rnimdan turdim — ichimdagi hamma narsa qulashni xohlasa ham.

Chunki endi qarshilikning foydasi yo‘q edi.

Hech kim kelmasdi.
Hech kim qolmagandi.

Va — V —

U menga er bo‘lmasligini ich-ichimda bilardim.

U mening 𝗷𝗮𝗹𝗹𝗼𝗱𝗶𝗺 bo‘lardi.

Sekin. Jim. Rahmsiz.

Men oynaning qarshisida turardim, lekin qarshimdagi aks menga tegishli emas edi.

Ko‘zgudagi qizning shishgan ko‘zlariga qalin pardoz qilingan edi.
Yuzi — niqob. Chiroyli. Mukammal. Ammo o‘likdek sovuq.

Lablariga mayin qizil rang berilgan — soatlar davomida titraganini yashirish uchun.
Sochlari yaltirab turardi, qimmatbaho toshlar va pardalar bilan bezatilgan.

Ammo…

Ko‘zlarining ichida endi hech narsa insoniy emas edi.

Men boshimni biroz egdim — bir paytlar kim bo‘lganimni bilmoqchi bo‘lib.

Lekin tanimadim.

Chunki u qiz allaqachon o‘lgandi.

Ichimdagi bo‘shliq yana meni yutib yubormasidan oldin, oynadan yuz o‘girdim.

Shu payt eshik sekin g‘ichirlab ochildi.

Ostonada onam turardi.

Nafasim ichimga tiqilib qoldi.

Uning hanboki burishgan, sochlari taralmagan edi. Ammo yuzi…
Yuzi menikidan ham battar edi.

Ko‘zlari yig‘idan shishib ketgan, lablari titrar, yelkalariga go‘yo butun dunyo og‘irligi tushgandek egilib qolgan edi.

Bir vaqtlar uyimizni qirolichadek boshqargan — qat’iyatli, mag‘rur ayol — hozir men kabi singan edi.

Men oldinga qadam tashladim.

Nafrat kutdim.
Qarg‘ish.
Jirkanchlik.

Ammo u yiqildi.

𝗘𝗼𝗺𝗺𝗮

U tizzalariga cho‘kdi. Ko‘z yoshlar yuzidan oqar, butun tanasi titrardi. Men ham yoniga tiz cho‘kib, qo‘llarini ushladim.

— Eomma, iltimos… iltimos yig‘lamang… iltimos…

Ovozım yana sinib ketdi.

U esa…

Hech narsa demadi.

U meni shunchaki quchoqlab oldi.
Xuddi hech qachon qo‘yib yubormoqchi emasdek, qo‘llarini mahkam o‘rab, yelkamga yuzini bosib yig‘lardi.

Men yonogʻomni onamning sochlariga tiradim.

— Kechirasiz… kechirasiz… — dedim titrab.

— Men hammasini barbod qildim… men… men bunday bo‘lishini xohlamagandim…

U javob bermadi.

Tanasi qo‘llarim orasida qaltirardi — go‘yo yillar davomida ichiga yutib kelgan qayg‘usi endi toshib chiqayotgandek. Men uni yanada mahkamroq bag‘rimga bosdim.

— Iltimos… men bilan gaplashing… iltimos, nimadir deng… nimadir bo‘lsa ham…

Nihoyat u mendan ajraldi.

Titrayotgan qo‘llari bilan yuzimni ushladi va ko‘z yoshlar orasidan shivirladi:

— 𝗢'𝗹. 𝗭𝘂𝗵𝗮

Men qotib qoldim.

Uning ko‘zlari vahimali va umidsiz edi.

— U seni… seni butunlay sindirishidan oldin o‘l.
V… u… seni barbod qiladi.
U sendan bir parcha ham tirik qoldirmaydi.

Men unga tikildim. Lablarim asta ochildi va pichirladim:

— Men allaqachon barbod bo‘lganman. Mendagi yana nimani sindirish mumkin?

U boshini chayqadi.

— Sen tushunmaysan. Sen uning kimligini bilmaysan.

Lablarining titrashi yana kuchaydi. So‘zlar tomog‘iga tiqilib qolgandek edi.

— Uning ismi… 𝗞𝗶𝗺 𝗧𝗮𝗲𝗵𝘆𝘂𝗻𝗴.

Ichimdagi hamma narsa jim bo‘lib qoldi.

U qo‘rquv aralash pichirlashda davom etdi:

— Otang uning ota-onasini o‘ldirtirgan.
U bola aybsiz bo‘lgan oilasining yonib kul bo‘lishini ko‘rib ulg‘aygan.
Va sen… sen ham oʻsha yerda eding.
Sen bola eding, lekin u seni ko‘rgan.
Seni tabassuming… borlig‘ing… uning tushlariga o‘yib yozilgan.

— Sen uning qayg‘usining yuziysan, Zuha.
G‘azabining sababisan.
Va endi…

U gapini tugatishga ulgurmay.

Eshik qars etib ochildi.

Qora kiyimli ayol ichkariga kirdi.

— Vaqt tugadi. Yuring.

Men onamning qo‘llarini yanada qattiqroq ushladim. U menga yopishdi. Ammo biz yana bir-birimizni bag‘rimizga bosishga ulgurmay—

𝗕𝗮𝘀!

Yo‘lak naridan otamning ovozi gumburladi. Uning qadamlari momaqaldiroqdek yaqinlashdi. Ayol chetga chiqdi.

Otam biz tomonga yirtqichdek bostirib keldi. Onamning meni quchoqlab turganini ko‘rib, ko‘zlari alangalanib ketdi.

— Undan uzoqroq tur, — dedi onamga sovuq ohangda.
— U endi seni qizing emas.
U biz uchun o‘lgan.

Onam chilparchin bo‘ldi. Qo‘llariga yuzini berkitib, yana yiqildi. Ayol esa meni qo‘limdan tortib olib ketdi.

Men qarshilik qilmadim.

Meni olib kirishgan xona gullar bilan bezatilmagan edi.
Musiqa yo‘q.
Oq yaproqlar yo‘q.
Tabassumlar yo‘q.

Faqat sukunat aks-sado beradigan devorlar, oyoqlarim ostidagi muzdek pol va qora kostyumdagi erkaklar bor edi — go‘yo ular to‘yga emas, 𝗷𝗮𝗻𝗼𝘇𝗮𝗴𝗮 kelishgandek.

Bir tomonda marosim kursisida Beomseok o‘tirardi — bir vaqtlar u yerda Jeong Daehyun o‘tirgan edi, toki hokimiyat va xiyonat qo‘llarni almashtirmaguncha.

Beom seokning yuzi — hisob-kitobli. Sovuq. Bo‘sh.

Yonida uning o‘g‘li Kai turardi. Jag‘i qattiq qisilgan, mushtlari toshdek qotgan. Ko‘zlaridagi jirkanchlik mendan bir soniya ham uzilmadi.

Ikkinchi tomonda esa

V turardi.

Yo‘q.

𝗞𝗶𝗺 𝗧𝗮𝗲𝗵𝘆𝘂𝗻𝗴.

Tabassum yo‘q.
Jon yo‘q.

U qora, mukammal tikilgan kostyumda edi. Galstuk ham yo‘q. Bayramga oid biror belgi ham yo‘q. Faqat ipak ichiga o‘ralgan zulmat.

U menga qaramadi.
Borligimni tan olmadi.

Shunchaki turardi — qo‘llari cho‘ntakda — go‘yo ongida allaqachon meni ko‘mib bo‘lgandek.

— Kelinni oldinga olib chiqing, — dedi Beom-seok.

Ayol meni ruhoniy yoniga itardi. Ko‘zlarim polga qadalgan edi. Hech kimga qarashga jur’atim yetmadi. Oyoqlarim zo‘rg‘a ushlab turardi.

— V, — dedi Beomseok.

Taehyung javob bermadi.

Xonadagi havo taranglashdi.

Ruhoniy ikkilanib qoldi:

— Janob Kim?

Javob yo‘q.

Taehyungning nigohi sustlik bilan ruhoniy tomonga siljidi — go‘yo bu tomosha uni zeriktirayotgandek.

Nihoyat, haddan ortiq cho‘zilgan sukunatdan so‘ng, u oldinga bir qadam tashladi.

Ammo u hamon gapirmadi.

Buning o‘rniga Kai oldinga chiqdi — qo‘lida nimadir bor edi.

Bir lahza ichimda umid uyg‘ondi.

Balki… balki u buni to‘xtatar…

Yo‘q.

Uning qo‘lida 𝘁𝗮𝘁𝘂𝗶𝗿𝗼𝘃𝗸𝗮 𝗮𝗽𝗽𝗮𝗿𝗮𝘁𝗶 bor edi.

Nafasim uzildi.

— Yo‘q… — deb pichirladim, orqaga chekinib.

— Yo‘q… iltimos… qilmang…

Taehyung apparatni hech narsa demay qo‘lidan oldi.

So‘ng chap qo‘limni mahkam ushladi — sovuq, qat’iy, shafqatsiz tarzda — va panjasida qimirlatmay bosib turdi.

U bir zum ham ikkilanmadi.

Men ham so‘ramadim.

Ko‘z yumdim.

Na ko‘z qoqdim.

Na qarshilik qildim.

U ignani uzugim taqiladigan barmog‘im terisiga — bo‘g‘im ostiga bosdi.

Apparat g‘uvilladi.

Og‘riq portladi.

Men baqirib yubordim.

Ko‘z yoshlarim oqar, u esa sekin, ataylab, terimni tilib borardi.
Hech qanday og‘riqsizlantirish yo‘q edi.
Hech qanday rahm-shafqat ham.

Faqat siyoh.
Va go‘sht.

Hammasi tugagach, barmog‘im qonab turardi — tomir urib, qizib — 𝗯𝗲𝗹𝗴𝗶𝗹𝗮𝗻𝗴𝗮𝗻 edi.

So‘z oddiy edi.

"𝗩"

Xolos.

Mulk.

Ruhoniy yana tomog‘ini qirdi — go‘yo bu vahshiy tomoshaning tezroq tugashini istayotgandek.

— Endi kelinni o‘pishingiz mumkin.

Xona jim bo‘lib qoldi.

Men o‘zimni tayyorladim.

Ammo o‘pish bo‘lmadi.

Taehyung jag‘imdan mahkam ushlab, og‘zini og‘zimga urdi.

Yo‘q… bu o‘pish emas edi.

U 𝘁𝗶𝘀𝗵𝗹𝗮𝗱𝗶.

Tishlari pastki labimga botdi, terini yordi. Qon uning nafasi bilan aralashdi. U men og‘riqdan ingrab yuborgunimcha qo‘yib yubormadi.

Sekin orqaga tortildi.

Qon iyagimdan tomchilab tushardi.

Uning ovozi sovuq edi. Past. Shafqatsiz.

— Bu nikoh emas.
Bu — 𝗵𝘂𝗸𝗺.

Va shu bilan

Nikoh qon bilan muhrlandi.

Va men bildim…

Bu — mening yo‘q bo‘lishimning boshlanishi edi.

Lablarimda qonning achchiq ta’mi qolgancha qotib turardim. Hech qachon aytmoqchi bo‘lmagan qasamlar ruhimga o‘yib yozilgandek edi.

Xona o‘likdek jim edi.

So‘ng Kai qimirlay boshladi.

U Taehyung tomon yurdi — yuzida nafrat va jirkanchlik o‘sha-o‘sha.

Ovozi past, deyarli kulgili ohangda edi, ammo har bir so‘zi zahar bo‘lib kesardi:

— Haqiqatan ham uylangansan-a? — dedi u sovuq tabassum bilan.

— Shunday iflos narsani oʻziniki qilish uchun, ichingdam shunchalik chiriganmisan? Nima deyishardi… agar uyga murdani sudrab kirsang, undan hid kelmasligini kutma.

Taehyung unga qaramadi.

Gapirmadi.

Yuzi toshdek qotganicha qoldi.

Kai parvo qilmadi. U masxara bilan kulib, yonidan o‘tib ketdi — go‘yo kelin, ya’ni men, mutlaqo mavjud emasdek.

Va Taehyung ham ketdi.

Xuddi shunday.

Bir og‘iz so‘zsiz.
Bir qarashsiz.
Bir da’vosiz.

Faqat sukunat.
Va uzoqlashayotgan orqasi.

Men esa hanuz o‘sha yerda turardim — ruhim yirtiq-yamoq, ichimda hech narsa qolmagandek.

Shunda Beomseok menga o‘girildi.

— Nimani kutyapsan?! — deb baqirdi u jahli chiqib.

— Eringning orqasidan yur!

Darrov qimirlamadim.

Ko‘zlarim beixtiyor otamni izladi — sovuq, hissiz. So‘ng xonani ko‘zdan kechirdim — onamni topish uchun. Oxirgi tayanchimni.

Ammo u yo‘q edi.

Ko‘ksimdagi og‘riqni yutib, orqamga burildim va yura boshladim.

Qadam ortidan qadam.

Taehyung yurgan yo‘lak bo‘ylab ketdim.

Qanchalik uzoqlashsam, hammasi shunchalik qorong‘ilashardi. Tanam og‘rirdi. Ruhim esa parchalangan, qayta yig‘ilgan — mutlaqo boshqa birovga aylantirilgandek edi.

Shunda men uni ko‘rdim.

Uzun sochli erkak.
Tinch nigoh.

Kecha ko‘rgan odamim.

U devorga suyangancha, qo‘llari cho‘ntagida, go‘yo dunyoda vaqti cheksizdek turardi.

— Bilasanmi, sen hozir shaytonning o‘ziga ergashyapsan, — dedi u qoshini ko‘tarib.

Men odat bo‘yicha bosh egdim.

— Men… seni eslayman. Kecha sen u bilan eding.

U kulimsirab devordan ajraldi.

— Choi Hangul, — dedi osonlik bilan.

— Va kechagi gaplarim uchun uzr. Ohangim noto‘g‘ri edi. Bu qadar… chuqur baloga botganingni bilmagandim.

Men jim bosh irg‘adim.

Kechirim endi hech qanday qadrga ega emas edi.

Yigirma to‘rt soat ichida haqorat qilingan, sotilgan va qonim chiqarilgandan keyin — so‘zlar hech narsani o‘zgartirmasdi.

Uning nigohi darvoza tashqarisidagi uzun yo‘lakka tushdi.

U yerda Taehyung turardi.

Qora kostyumda.
Labida sigaret.
Qo‘lida esa osilib turgan ichimlik shishasi.

— Seni uning oldiga olib boraymi? — deb so‘radi Hangul.

Men ikkilanib qoldim… keyin bosh irg‘adim.

U menga salfetka uzatdi.

— Labingda qon bor. Artishga ham arzimabdi, a?

Men sekin labim chetini artdim.

— Rahmat… — deb pichirladim.

— Arzimaydi, Monster xonim, — dedi u qiyshiq kulib.

Masxara aralash edi, lekin men uning yengillik berishga urinishini qadrladim.

Biz Taehyung turgan mashina tomon yurib bordik. Sigaret yorug‘i uning keskin jag‘iga soyalar solardi.

U meni ko‘rgan zahoti boshini ko‘tardi.

Va ichimdagi nimadir muzlab qoldi.

O‘sha nigoh…

Sovuq.
O‘limdek jim.
Xavfli.

Hangul mendan oldin borib, uning qo‘lidagi shishani urib tushirdi. Metall ho‘l asfaltga jaranglab urildi.

— Yetar, V, — dedi u xotirjam.

— Yur. U charchagan. Sen ham.

Taehyung qimirlamadi ham.

U faqat tugagan sigaretni chetga uloqtirdi va yangisini yoqdi.

— U bizni yo‘qdek ko‘rsatadi, — dedi Hangul menga pichirlab xo‘rsinib.

— Yur. Men olib ketaman. U xohlaganida keladi.

Ammo men chuqur nafas oldim va oldinga qadam tashladim.

— Kutib tur…

Ovozım o‘zim xohlaganimdan ham past chiqdi.

Hangul to‘xtadi.

— Men… men u bilan gaplasha olamanmi?

U ensasini qashladi.

— U hozir gaplashish holatida emas. Ichsa yanada yomonlashadi. Men rostini aytsam…

— Iltimos?..

U menga bir soniya qaradi.
So‘ng istamaygina bosh irg‘adi va chetga chiqdi.

Men titrab, unga tomon bir qadam tashladim.

U qimirlamasdan turardi.
Qora kostyumi tanasiga xuddi soyadek yopishib olgandek. Barmoqlari orasida sigaret osilib turar, uning qizargan cho‘g‘i yuzining sovuq chizgilarini zo‘rg‘a yoritardi. Ko‘zlari pastga qadalgan — hech narsaga qaramayotgandek.

Go‘yo bu dunyo unga ahamiyatsiz edi.

Go‘yo… men ham.

Shunday bo‘lsa ham gapirdim.

— Men bundan oldin balerina edim. Sahna… musiqa… shu bilan yashardim. Bu… bu mening hayotim edi. Men bu dunyoga tegishli emasman. Bu yer menga emas…

Ovozim yorildi.

— Men seni haqorat qilganimni bilaman. Senga sharmandalik olib keldim. Meni oyoqlaring ostiga axlatdek tashlashdi. Lekin sen buni qilishing shart emas. Meni ushlab turishing shart emas…

U tutunni sekin chiqardi.

Men unga qarashga jur’at qildim.

— Iltimos… meni qo‘yib yubor. Rossiyani tark etaman. Yo‘qolib ketaman. Sen meni boshqa hech qachon ko‘rmaysan.

Yana jimlik.

Men bir qadam yaqinlashdim.

— Bilaman, sen mendan nafratlanasan. Ammo men ota-onang haqida hech narsa bilmasdim. Nima bo‘lganini… bugun, marosimdan oldin onam aytdi. Oilamiz aralashganini. Hatto men ham u yerda bo‘lganimni… lekin qasam ichaman — bilmaganman. Men kechirim so‘rayman.

Uning ko‘zlari ko‘tarildi.

Shu yetarli edi.

Bitta nigoh.

U menga sekin, ko‘z qoqmasdan, sokin qaradi, xuddi umurtqamga muz quyilgandek bo‘ldi.

Men qotib qoldim.

U sekin nafas chiqardi. Sigaret hali ham yonib turardi.

Lablarini ochdi.

Va nihoyat gapirdi.

Ovozi past edi. Nazorat ostida. Ammo o‘limdek xavfli.

— Sen juda ko‘p gapirasan.

Nafasim uzildi.

— Bu nafrat haqida deb o‘ylayapsanmi? — dedi u sokinlik bilan.

— Sen meni nafratimga arzimaysan, balerina. Nafrat — bu sovg‘a. Imtiyoz. Va sen…

U menga tomon bir qadam tashladi.

— …hatto shunga ham loyiq emassan.

Tomog’im qisilib ketdi.

— Iltimos.

— Bas.

Uning ovozi o‘zgarmadi. Baqirmadi. Ohangini ko‘tarmadi. Har bir bo‘g‘inda faqat dahshatli nazorat bor edi.

— Sen menga ko‘z yosh bilan kelasang. Kechirim bilan. Titroq ovoz va yolvoruvchi nigoh bilan. — Boshi biroz egildi.

— Va shular bilan hammasi bekor bo‘ladi deb o‘ylaysanmi?

Yana bir qadam.

Men beixtiyor orqaga chekindim.

— Seni oilang menikini kul ostiga ko‘mdi. Jimlik bilan. Otam va onam yordam so‘rab qichqirganida, seni otangning odamlari tomosha qilib turishdi.

Uning labida bo‘sh, o‘lik tabassum paydo bo‘ldi.

— Sen esa, ehtimol, ertasi kuni pushti yubkangda sahnada aylangandirsan.

— Men bilmaganman.

— Aynan shuning uchun. — Ko‘zlari qoraydi.

— Bilmaganing uchun bu yanada yomon.

Men titrashni to‘xtata olmadim.

U juda yaqin keldi — oramizda faqat nafas qoldi. Men uning hidini sezardim: tutun, ichimlik va yana nimadir… eng qo‘rqinchlisi — uning xotirjamligi.

— Sen hashamatli olamingda qolishing kerak edi. Ammo meni dunyomga kirding.

Nigohi ustimdan sovuq yurdi.

— Endi esa ketmoqchimisan?

U biroz egildi. Ko‘zlarimni qo‘yib yubormadi.

— Yo‘q, Yulduzim. Qon to‘kilgan shayton mehrobidan hech kim tirik chiqmaydi.

Nafas olishga harakat qildim.

Bo‘lmadi.

— Sen o‘zingni singan deysan, — dedi u pichirlab.

— Ammo bu so‘z nimani anglatishini hali bilmaysan ham.

Ko‘ksim kuydi.

— Sen hech qayerga ketmaysan. Hozir emas. Hech qachon.

U yaqinlashganda — tanam toshdek qotdi.

— Sen menikisan.

So‘ng u tiklandi, sigaretni yerga tashlab, oyogʻi bilan bosdi — xuddi hech narsani anglatmagandek.

— Qochsang — qaytarib sudrab kelaman.
— Yig‘lasang — baqirtiraman.
— Yalvarsang — jim turishni o‘rgataman.

Men gapira olmadim.

Ammo o‘sha lahzada bir narsani mutlaqo aniq tushundim.

Men erkakka turmushga chiqmagan edim.

Men uning 𝗾𝗮𝘀𝗼𝘀𝗶𝗴𝗮 turmushga chiqqan edim.

Va nihoyat… u menga orqasini o‘girdi.

Shoshilmadi.
Qayta qaramadi.

U xuddi hech narsa bo‘lmagandek sokin yurishda uzoqlashdi — go‘yo hozirgina meni po‘latdan ham o‘tkir so‘zlar bilan parchalamagandek.

Qo‘lini biroz ko‘tardi — barmoqlarining kichikgina ishorasi.

Hangul, chetda jim kuzatib turgan, xuddi aynan shu belgini kutgandek darrov tiklandi.

Taehyung qora jipga o‘tirdi. Dvigatel gumburladi.

Va shu bilan

u ketdi.

Ketdi…
lekin yetarlicha uzoqqa emas.

Hangul yonimga kelib, qo‘llarini cho‘ntagiga soldi — xuddi hech qanday dahshatli voqea bo‘lmagandek.

— Yur, — dedi u ohista xo‘rsinib, ilgari oʻzi meni boshlagan mashinasiga imo qilib.

— Seni uni uyiga olib boraman.
Shunchaki harakatlandim — sukunat tanamga ikkinchi teridek yopishgandi. U yo‘lovchi tomonidagi eshikni ochdi. Men bir og‘iz so‘zsiz ichkariga o‘tirdim. Qo‘llarim tizzam ustida qimirlamay yotar, u esa mashinaga o‘tirib, kalitni burdi va yo‘lga tushdi.

Bir muddat faqat asfaltning g‘uvillashi va orqaga joylashtirilgan chamadonlarning sekin shitirlashi eshitilib turdi.

Mening chamadonlarim.

Endi bor-yo‘g‘im to‘rt dona sumkaga tiqilgan — menga tegishli bo‘lmagan o‘rmon sari ketayotgan edi.

— Aytgancha, men Karovmir bo‘linmasining askariman, — dedi u yon tomonga qarab.
— V bilan… — u bir zum ikkilanib qoldi.
— U hammasidan ayrilganidan beri birgaman.

Men asta unga qaradim.

— Sen askarmisan?

U bosh irg‘adi.

— Rasmiy ravishda ha. Ammo aslida uning ortidan tozalayman. Orqasini qo‘riqlayman. Kayfiyati tutganda shaharni kulga aylantirib yubormasligi uchun yonida bo‘laman.

Bir oz sukut.

— U har doim ham bunday sovuq bo‘lmagan. Bu tomoni… yong‘indan keyin paydo bo‘lgan.

Men bu nimani anglatishini bilmasdim.
Shunchaki yengil bosh irg‘adim.

— U meni ko‘chadan topgan, — davom etdi u.

— To‘qqiz yoshimda. U o‘n yettida edi. U yengil kuldi.

— Avval yomon ko‘rardim. O‘zimcha uni haddan ortiq mag‘rur, hokimiyatga chanqoq yana bir badbaxt deb o‘ylardim. Keyin esa u nimalarni boshidan kechirganini ko‘rdim.

Men jim qoldim.
U yana menga qaradi.

— Sen doim shunchalik jimisan?

Yelkamni qisdim.

— Yo‘q. Oldin bunday emasdim.

— Hm.

U rulga barmoqlarini urib sekin taqillatdi.

— Oldin kim eding?

Deraza ortidan shiddat bilan o‘tayotgan daraxtlarga qaradim.

— Talaba edim. San’at yo‘nalishida. Balerina edim.

Pastga qaradim — qanchalik tarang o‘tirganimni endi sezdim. Go‘yo hanuz o‘zimni parchalab yubormaslikka urinayotgandek.

— Qayerda o‘qigansan? — deb so‘radi u.

— Londonda.

— Hashamatli. U past ovozda kuldi.

— Bu sen uchun qanday madaniy zarba bo‘layotganini tasavvur ham qila olmayman.

— Endi farqi yo‘q, — dedim zo‘rg‘a eshitiladigan ovozda.

U bir oz jim qoldi, so‘ng sekin bosh irg‘adi.

— Yigirma ikkisan-a?

Men yengil bosh irg‘adim.

— Men ham.

U yana rulga barmoqlarini urdi.

— G‘alati, to‘g‘rimi? Sen bilan men — teng yoshdamiz. Ammo hayotlarimiz orasida yer bilan osmoncha farq bor.

Yana sukut cho‘kdi.

Ammo mashina oldinga yurgan sari havo o‘zgarib borardi. Qalin tuman daraxtlar orasida o‘ralib yotar, yo‘l tobora torayardi. Va nihoyat, tuman orasidan men uni ko‘rdim.

Eski temir darvoza Hangul signal bergach, g‘ichirlab ochildi.

Ichkarida yolg‘iz, chekka bir imorat turardi — agar uni saroy deb atab bo‘lsa. U ko‘proq o‘tmishdan qolgan xarobani eslatardi. O‘rmon uni yutib yuborgandek edi. Tosh devorlari yemirilgan, ustunlarga chirmovuq o‘ralgan, tomi esa g‘amgin qoshdek pastga egilgan edi. Imorat ortida esa ulkan sanoat binosi ko‘tarilib turardi — baland mo‘rilar, tinimsiz past g‘uvillash. Oqartirilgan zavod chiroqlari ostida ishchilar soyadek harakatlanardi.

— Bu uning vino zavodi, — dedi Hangul ishora qilib.

— V o‘zi boshqaradi. Qora bozorning yarmiga noyob ichimliklar yetkazib beradi. Qonuniymi, noqonuniymi — qanchalik chuqur qarashingga bog‘liq.

Men ishchilarga tikildim — jim, tartibli, bir xil harakatda.

— U shu yerda yashaydimi?.. deb pichirladim.

— V bu yerda yashamaydi, — dedi Hangul.

— U bu yerda nafas oladi. Bu joy qon, obro‘ va g‘azab ustiga qurilgan.

Bu yerdagi hamma narsa uniki. Odamlar. Yer. Hatto ostidagi qon ham.

Bir oz jim qoldim, keyin so‘radim:

— Nega hamma uni “V” deb ataydi?

Hangulning kulgisi so‘ndi.

— Chunki unga mos, — dedi u bir ozdan so‘ng.

— Violence. Vengeance. Void.
Zoʻravonlik. Qasos. Boʻshlik

V — bu shunchaki ism emas. Bu — hammasidan ayrilgandan keyin qoladigan narsa. Oilangdan, begunohligingdan, kelajagingdan mahrum bo‘lib ham tirik qolishga qaror qilgan odamning nomi.

— Hammasi ketib, faqat odam shaklidagi g‘azab qolganida…

Ichimga sovuq sukunat cho‘kdi.

𝗧𝗮𝗲𝗵𝘆𝘂𝗻𝗴.

Hatto uni xayolimda aytish ham — go‘yo taqiqlangan hududga qadam qo‘ygandek edi.

— Maslahatimni xohlaysanmi? — Hangulning ovozi pasaydi, endi ancha jiddiy edi.

— Ichidagi odamni izlashga urinma. U juda chuqur ko‘milgan. Agar qachondir yuzaga chiqsa ham — bu uzoqqa cho‘zilmaydi.

U mashinani old tomonda to‘xtatdi.
Men imoratga tikilib qoldim, qimirlamadim.

— Uyga xush kelibsan… do‘zaxga, — deb g‘o‘ldiradi u va mashinadan tushdi.

Men sekin ergashdim.

U yukxonani ochib, chamadonlarimni go‘yo hech qanday og‘irligi yo‘qdek chiqarib oldi. Yaqinlashganimda, u menga qarab qo‘ydi.

— Bunga tayyormisan?

Men javob bermadim.
Chunki bu muhim emas edi.

Tayyormanmi, yo‘qmi — baribir men allaqachon ichkarida edim.
Va Taehyung… yo‘q — 𝗩 — meni ichkarida kutayotgandi.

Endi u mening barbod bo‘lgan hayotimni nikoh uzugidek taqib yuradigan odam edi.
Eshikdan qadam qo‘yishim bilan sezdim.

𝗦𝗼𝘃𝘂𝗾𝗻𝗶.

Bu teriga yopishadigan sovuq emas edi.
Bu — ruhni o‘rab oladigan sovuq edi.
Taehyung ikkinchi qavatdagi balkon ustida turardi — haykaldan farqsiz. Bir qo‘li sovuq temir panjaraga suyanib, ko‘zlari allaqachon kirish eshigiga — menga — qadalgan edi.

Go‘yo kutgandek.
Kuzatgandek.
Yuzida hech qanday ifoda yo‘q edi.

Faqat u doim taqib yuradigan o‘sha bezovta bo‘shliq. Pastda, keng foyeda kulrang-qora xizmatkor libosidagi bir guruh ayollar yig‘ilgan edi — ehtimol ish haqida gaplashishayotgandi. Ammo meni ko‘rishlari bilan suhbat bir zumda to‘xtadi.

Birma-bir chekinishdi.
Ko‘zlar pastga qadaldi.
Harakatlari keskin, sovuq, go‘yo meni mavjudligim havoni ifloslantirgandek.

Hech biri menga qaramadi.
Tasodifan ham emas.

Men bir lahza noqulay holatda turib qoldim, barmoqlarim trolley sumkaning dastasini siqib olgandi. Hangul ortimdan kirib keldi. Ikki chamadonni g‘ildirakda sudrab, qolganlarini qo‘lida ko‘tarib olgancha atrofga qaradi.

— Voy… — dedi u past ovozda.
— Juda iliq kutib olish.

Men javob bermadim.

Ko‘zlarim ikkinchi qavatda edi, ammo Taehyung allaqachon yo‘qolgan edi.

Hangul ovozini balandroq qildi:

— Hey, Yeji! Yana qayerga yashirinding?

Bir necha soniyadan keyin zinapoya yonidagi yo‘lakdan bir ayol chiqdi.

U boshqalardan ancha katta — elliklar atrofida. O‘tkir yonoq suyaklari, kulrang sochlari mahkam tugilgan. Qadamlarida qat’iyat bor edi — lekin iliqlik yo‘q. Lablari qattiq qisilgan, qo‘llari ko‘kragida chalishtirilgan.

Yeji.

Shubhasiz — bosh xizmatkor.

— Ana u, —dedi Hangul pichirlab, unga yuzlanib. — Yeji, kimnidir chaqirib, sumkalarini Vning xonasiga olib chiqishni ayta olasanmi?

U hatto menga qaramadi ham.

— U bo‘sh mehmon xonasida qoladi, — dedi qisqa va sovuq.

— Birinchi qavat. Yo‘lak oxirida.

Hangulning qoshi ko‘tarildi.

— Nima? Nega? V bunaqa demagandi-ku

— U menga bevosita buyruq berdi, — keskin gapini bo‘ldi Yeji. Ovozi muzdan ham sovuq edi.

— U shu yerda qoladi. Asosiy qavat bezovta qilinmaydi.

Hangul unga xuddi u onasini haqorat qilgandek qaradi.

— Ishonching komilmi? Yuqorida joy yetarli-ku. Uni yo‘lak oxiriga tashlab qo‘ymoqchimisan, xuddi..

— Bahslashishga vaqtim yo‘q, Hangul-shi — yana gapini bo‘ldi u.

U hanuz mening mavjudligimni tan olmadi.
Hangul nimanidir g‘o‘ldirab, bo‘sh qolgan balkon tomonga qaradi.

— Hech bo‘lmasa sumkalar bilan yordam ber— to‘rtta-ku. Uni yolg‘iz ko‘tartirmoqchimisan yoki..

Yeji kulimsiradi — ko‘zlariga yetib bormagan, sovuq tabassum bilan.

— Begona bir qizning sumkalarini ko‘tarishdan muhimroq ishlarim bor.

Bu so‘zlar ichimni kuydirdi.

𝗕𝗲𝗴𝗼𝗻𝗮.

Tomog‘imda achchiq tugun paydo bo‘ldi, lekin o‘zimni majbur qilib muloyim bosh irg‘adim.

— Hechqisi yo‘q, dedim sekin.
— O‘zim uddalayman.

Men trolley dastasiga qo‘l uzatdim, ammo Hangul oldinga chiqib, uni muloyimlik bilan qo‘limdan oldi.

— Yo‘q. To‘rtta sumkani o‘sha uzun yo‘lak bo‘ylab sudramaysan. Yo‘lni ko‘rsat, men olib boraman. Minnatdorlik bilan bosh irg‘adim.

— Xona qayerda?

U o‘ng tomondagi yo‘lakka ishora qildi.

— Oxirida. Oxiridan uchinchi eshik.

Birga yurar ekanmiz, o‘zim bilmagan holda pichirlab yubordim:

— Ularning hammasi… shunaqami?
Hangul yelkasidagi sumkani to‘g‘rilab, chuqur xo‘rsindi.

— Odatda unday emas, — dedi u.

— Yeji qat’iy, lekin u V kelishidan ham oldin bu yerda bo‘lgan. Qolganlari esa… yaxshi odamlar. Kulishadi, pishiriq qilishadi, g‘iybatlashadi ham. Ammo bugun… — u chin dildan hayron bo‘lib bosh chayqadi.

— Ha… bugun ular sovuq.

Biz eshik oldiga yetdik. U eshikni ochdi va men ichkariga qadam qo‘ydim.

Xona kichkina edi — kutganimdan ancha kichik.

Burchakka tiqilgan bitta karavot, ustida oddiy oq choyshablar. Devordagi yoriqlar. Pol yalang‘och — faqat ranglari o‘chgan eski gilam yotar edi. Yog‘och shkaf bor edi, ammo vaqt uni yeb bitirgandek — qiyshaygan, rangsiz.

Deraza kichik. Temir panjaralar bilan yopilgan.

Oyna yo‘q.

Issiqlik yo‘q.

Bu xonada hech kim yashashni xohlamagandek edi.

Xuddi jazoga atalgan xona kabi.

Hangul chamadonlarni yerga qo‘yib, ensasini ishqaladi.

— Shinam, dedi kinoya bilan, so‘ng menga qaradi.

— Yaxshi… yo‘q. Rostini aytsam, bu xona jazo joyiga o‘xshaydi.

Men sekin karavot chetiga o‘tirdim. Barmoqlarim choyshabni mahkam siqdi.

— Baribir, dedi u ohangni yengillashtirishga urinib,

— Agar biror narsa kerak bo‘lsa — ovqat, dori, yara yopishtirgich — meni chaqir.

Men asta bosh irg‘adim.

U chiqib ketmoqchi bo‘lganda, uni to‘xtatdim.

— Hangul?

U o‘girildi.

— Ha?

Bir zum ikkilanib turdim, so‘ng past ovozda so‘radim:

— Ular menga shunday munosabatda bo‘layotgani… V tufaylimi?

U darrov javob bermadi. Keyin chuqur nafas olib, eshik romiga suyanib turdi.

— Bilmayman. Balki. Yoki ular eshitgan gaplar sababdir. Sen yangiliklarda juda ko‘p chiqding. Hammasi aralashib ketgan.

Yutindim.

— Ammo… V-chi? — yana so‘radim.
— U ularga… mendan uzoq yurishni buyurdimi?

Hangul egri tabassum qildi.

— Agar buyurgan bo‘lsa, uni ikki marta aytishga hojat ham yo‘q edi.

Keyin uning ovozi pasaydi — oddiy, ammo aniq.

— Bu uyda odamlar quloq soladi. Chunki Vga bir marta bo‘ysunmaslik… odatda oxirgi bo‘ysunmaslik bo‘ladi.

Oramizda og‘ir sukunat cho‘kdi.
U tik turib, yana ensasini qashladi.

— Lekin qara, agar kimdir senga bosim o‘tkazsa, menga ayt. Yolg‘iz qolma. Ularning seni ezishiga yo‘l qo‘yma.

— Rahmat, dedim sekin.

U karavot yonidagi kichkina chiroqqa ishora qildi.

— Bu chiroq ba’zan lipillaydi. Derazani ochishga ham urinma — u doim yopiq. Tunda o‘rmon juda yovvoyi bo‘ladi.

Men ko‘zlarimni kattaroq ochdim.

— Yovvoyi?

U yengil jilmaydi.

— Bo‘rilar. Ba’zan ayiqlar. Va… nomi yo‘q narsalar ham.

U hazillashyaptimi — bilmadim.

Eshik romiga yengil taqillatdi.

— Xo‘p. Seni yolg‘iz qoldiraman. Bugun hammasini o‘ylab o‘tirishga urinma. Shunchaki… birinchi kunni omon o‘tkaz. Eng og‘iri odatda shu bo‘ladi.

Chiqib ketayotib yana to‘xtadi va ortiga qaradi.

— Hey, — dedi u muloyimroq ovozda.
— Rostdan ham yaxshimisan?

Men yolg‘on gapirdim.

— Ha.

U bir marta bosh irg‘adi.

— Yaxshi. Kerak bo‘lsam shu yerdaman.

Va u ketdi.

Eshik orqamdan sekin “chert” etib yopildi.

Men xonada yolg‘iz qoldim.

Ovoz yo‘q.

Qadam tovushi yo‘q.

Faqat labimdagi og‘riq sekin urardi…
va uzoqdan — zavod mashinalarining uzluksiz g‘uvillashi eshitilardi.

G‘alati edi.

Tirik bo‘lib…

o‘likdek tuyulgan joyda yashash.

𝗧𝗮𝗲𝗵𝘆𝘂𝗻𝗴

𝗭𝘂𝗵𝗮

​𝖴𝗌𝗁𝖻𝗎 𝗁𝗂𝗄𝗈𝗒𝖺 𝖬𝖨𝖭 𝖹𝖴𝖧𝖠 𝗍𝗈𝗆𝗈𝗇𝗂𝖽𝖺𝗇 𝖡𝗎𝗌𝖺𝗇 𝖦𝗂𝗋𝗌𝗅 𝗄𝖺𝗇𝖺𝗅𝗂 𝗎𝖼𝗁𝗎𝗇 𝗍𝖺𝗋𝗃𝗂𝗆𝖺 𝗊𝗂𝗅𝗂𝗇𝖽𝗂.