November 9

𝑴'𝒂𝒎𝒐𝒖𝒓

23—bob davomi


Kechki ovqatni restoranga tushmay xonaga buyurtma qilishdi. Tae esa eski yaxshi kunlardagidek taomga yopishdi faqat ko‘rinishining o‘zidayoq uni nihoyatda mazali deb topdi. Bugun odatdagidan ham ko‘proq holdan toygan edi... Shu bois karavotda o‘tirgancha ustini yopib oldi. Chonguk esa ro‘parasidagi kichik divanga joylashgan. U hozirgina dushdan chiqqan dam olayotgan edi.

— Eng och qolgan qush bolasiga o‘xshaysan. Shunchalik ovqat yeging kelgan bo‘lsa oldinroq aytishing kerak edi.

Tae shubha bilan bir qoshini ko‘tardi go‘yo «Nima muammo? Mana ovqatlanyapmanku» degandek.

— Yangi yilga qanday rejalaring bor? Meni seni olib ketishimni hali ham eslaysanmi?

— O‘ttiz birinchi dekabr va birinchi yanvarda spektakllar bor. Aniqrog‘i butun hafta davomida. Mabodo uddalay olmasamchi?

Aslida esa u tanishuv bekor bo‘lishini jon-dilidan istardi.

— Albatta, uddalaysan. Spektakllaringni tugatib, keyin yo‘lga chiqasan. Kimning assistenti seni tayyorlaydi unga gap qaytarma.

Taening ishtahasi yo‘qoldi.

— Nega bizni tanishtirmoqchisan? Axir mening borligim ularni haqorat qilmaydimi? Ular qizidan, singlisidan ayrilishgan... Endi esa men paydo bo‘ldim.

— Ular o‘z o‘rnini bilishsin — bu javob Taening yuragiga og‘ir botdi.

— Men ularni avval ham ta’minlaganman hozir ham ta’minlayapman. Shuning uchun ular mening qarorlarimni qabul qilishlari kerak. Bir vaqtlar Ridjin va Fayega bekorchilikdan zerikib qolishmasin deb ikkita to‘y liboslari salonini ochib bergandim. Xotinim mendan cho‘ntak xarajatlari uchun pul so‘ramasdi chamamda, unga berayotganim yetarli bo‘lgan. Qaynonam janob Soni biznesidan ma’lum foiz oladi. Hozir bu ishlarni Chan Tsuanan boshqaryapti. U bilan umumiy ishlarimiz bor. O‘z vaqtida unga yordam berganman shu bois uning oldimda ayrim majburiyatlari bor. Janob So uning Fayega uylanishini istagan. Men ham uning xohishiga qo‘shilaman. Buni allaqachon amalga oshirish kerak edi, ammo qizga rahmim kelib, ortga surib yurgandim.

— Qizga? U necha yoshda?

— O‘ttizda.

Tae savol nazari bilan unga qaradi.

— U mening ko‘z o‘ngimda ulg‘aygan. Men uchun u singlimdek.

— U sen haqingda nima deb o‘ylaydi?

Til aqlidan tezroq ishladi. Tae darrov tilini tishladi.

— Senga qanday qushchalar xabar yetkazib yuribdi?

— Shunchaki kasalxonada senga qanday qaraganini payqadim— deya vaziyatdan chiqishga urindi.

Fayaning o‘zini yo‘qotib qo‘yib, o‘ziga zarar yetkazishini aytib baqirgani va uni sevishini tan olgani haqida Larkin chug‘urlab bergan edi.

— Ko‘rishing juda yaxshi ekan.

— Orangizda nimadir bo‘lganmi?

— Faya marhum turmush o‘rtog‘imning singlisi. Nima demoqchisan o‘zi?

— Ridjin endi yo‘q. Faya esa bor. Men kasalxonadan ketganimda, u yoningda ediku. Tan ol.

— Xulosalaring nimaga asoslangan? Faya ulg‘ayishi va bolalarcha muhabbat bilan yashashni bas qilishi kerak. Iyun oyida uning to‘yi bo‘ladi.

Tae nigohini chetga oldi. Indamadi. Yuzidagi ifoda jiddiylashdi. U Chongukning gaplariga ishonmadi. O‘shanda Chonguk ham ruhan, ham jismonan zaif ahvolda edi. Unga oshiq bo‘lgan qiz esa doimo yonida aylanib yurardi. Qolaversa yuragini tashlab ketgan sevgilisi ham yaralagan edi... Tae Faya uni biror marta bo‘lsa-da «taskin bermaganiga» ishonmasdi. Jihyo bilan esa u ancha keyin munosabat boshlagan. Ungacha o‘zini tiyib yurgan bo‘lishi mumkinmi? Eng muhimi yonida hamma narsaga tayyor jozibali qiz turganida, nega o‘zini tiyishi kerak edi?

— Bu qanday bashara? Rashk seni chaqdimi? Bunga hojat yo‘q. Faya seni tashvishga solmasligi kerak. Men yoningda bo‘lmagan paytimdagi to‘shagim ham seni tashvishga solmasin.

Suhbatga sovuq havo singdi. Tae hamon jim edi. Og‘zini ochsa janjal chiqishini yaxshi bilardi.

— To‘g‘ri indamay o‘tir. Endi gapimizga qaytamiz. Chan mening biznes hamkorim. Ridjinsiz Faya salonlarni eplay olmadi, shu sababli u ham, onasi ham mening qaramog‘imda. Qaynonam meni yaxshi ko‘radi, chunki unga anchagina saxiylik qilganman. Ammo Fayaning to‘yidan keyin uning talablarini kamaytirishni rejalashtiryapman. U ancha mohir aktrisa. Uni doimo nazoratda tutish kerak, toki kim uni kiyintirib ta’minlayotganini unutmasin. Endi uning yangi kuyovi bo‘ladi talablarini o‘shandan qilsin. Men esa avvalgidek, kim bilan xohlasam, o‘sha bilan yashayman. Afsuski, endi uylanmaganman shuning uchun haqorat qiladigan hech kimim ham yo‘q, Tae. Agar onajonim hayotimni qanday yo‘lga qo‘yishimdan norozi bo‘lsa, bemalol rizq-nasiba manbaidan uzoqlashishi mumkin. Faqat buning uddasidan chiqishiga ishonmayman.

— Undan ham nimadir uchun o‘ch olyapsanmi? U haqda qandaydir nafrat bilan gapiryapsan.

— Turmush o‘rtog‘i tirikligida u buyruq berishni yaxshi ko‘rardi, lekin umuman olganda, do‘st edik. Agar Ridjin bilan munosabatlarimizga burnini tiqmaganida, hammasi yanada yaxshi bo‘lardi.

— Qarindoshlaringning hammasi shulardan iboratmi?

— Yenning yana bir katta buvisi bor janob Soning onasi. U to‘qson ikki yoshda. Alohida yashaydi. Kamdan-kam ko‘rishamiz, faqat katta bayramlarda. Ehtimol, faqat Xitoy Yangi yilida kelar. Qaynonamning yana bir tug‘ishgan singlisi bor, uning ham qizi bor. U allaqachon turmushga chiqqan, ikki farzandi bor. Ular bilan ham faqat bayramlarda ko‘rishamiz. Uzoq qarindoshlar koreys tilida gaplashmaydi. Chan tilni yaxshi tushunadi, Faya uzuq-yuluq tushunadi qaynonam esa undan ham yomon. Shuning uchun sen indamay o‘tirasan. Sen mening tanlagan insonimsan, mening oilamsan, shu bois yonimda bo‘lasan. O‘zingni odobli va kamtar tut begona erkaklar bilan gaplashma, Yen bilan ham muloqot qilma. Agar kerak deb hisoblasam suhbatni senga tarjima qilib beraman. Bo‘ldi yo‘riqnoma tugadi.

Savollar bormi?

Savollar bir to‘da edi ammo ularni berishga hecham xohishi yo‘qdi. Tae ovqatlanishga qaytdi va begona qarindoshlarni hammasi birdek g‘alati odamlarni xayolidan chiqarishga urindi.

**

«Suzib yuruvchi gullar» baleti an’anaviy Osiyo harakatlari, jang san’ati elementlari va zamonaviy kontemporari raqsining uyg‘unligidan iborat. Ushbu sahna asariga Ruhlar festivali vaqtida o‘tkaziladigan diniy marosimlar ilhom bergan. Bu buddaviylikning eng go‘zal tantanalaridan biridir. Suvga suzuvchi fonuslar qo‘yiladi bu xudolarga sig‘inish omadsizliklardan xalos bo‘lish va baxtni jalb etishga qaratilgan marosim hisoblanadi. Shuningdek fonuslar tilaklarni ro‘yobga chiqarishiga ishoniladi. Shu sababli odamlar ularga o‘z istaklarini yozib, suvga qo‘yishadi va fonusning daryo oqimi bo‘ylab uzoqlashib ketishini kuzatishadi.

Shuning uchun ham yengil muslindan tikilgan liboslarda raqsga tushayotgan raqqoslar ana shu fonuslarni eslatardi ular suv yuzida nafislik bilan, shu bilan birga shiddat bilan sirg‘alib borardi. Aytish joizki hamma raqqoslar yubka kiygan edi. Qizlarning albatta, ostidan tana rangidagi bodisi ham bor edi, yigitlar esa ustki kiyimsiz chiqishardi. To‘g‘risi, ularning libosini yubka deb ham bo‘lmasdi: bu qo‘ng‘iroqsimon shakl hosil qilish uchun karkasga o‘rnatilgan muslin matosidan tikilgan ichki yubkalar edi. Raqsning eng qiziqarli qismlaridan biri juftliklarning birlashishi bo‘lib, unda qiz yigitning yelkasiga ko‘tarilardi. Yigitning gavdasining yuqori qismini berkitib turgan yubka esa qizning tanasini kulgili tarzda yanada uzunroq ko‘rsatardi.

Balet bir soat davom etib o‘rtada bitta tanaffus bo‘lardi. Taening bu tomoshadan butun qalbi bilan zavqlanishiga shubha yo‘q edi.

Premyeradan oldin Hunhe faxrga to‘lgan ona kabi uni majburlab suratga oldi, so‘ng natijani har tomondan ko‘zdan kechirish uchun uni aylantira boshladi. Sochlari gel bilan saranjom qilib turmaklangan edi, shu sababli Taening yuzi ochiq ko‘rinib, ko‘zlari yanada ifodali tus olgandi. Chiqqan polaroid surat uning qo‘liga tutqazildi bu unga sovg‘a edi. U o‘zini chetdan ko‘rishga qiziqib qaradi ammo suratdagi ko‘rinishini unchalik ham qadrlamadi. Faqat Chonguk buni ko‘rsa, qanday toshdek qotgan yuz ifodasini qilishini o‘yladi.

Ana shu xayollar bilan sahna ortiga keldi. Nihoyat uzoq vaqtdan beri ilk bor u sovuqdan qaltirayotgan daydi kuchukdek titramasdi. Aksincha, sahnaga tezroq chiqishni juda-juda istardi... U yerda uning yuragi qo‘shiq aytardi.


Taening ko‘rishni mutlaqo istamagan odami bo‘lsa, u ham bo‘lsa Chongukning assistenti edi. Xudoga shukurki, bu tuyg‘u o‘zaro edi. Sochidan tortib, yaltiroq qilib tozalangan tuflisining uchigacha ipidan ignasigacha saranjom bo‘lgan assistent uni ko‘kragiga qo‘l qovushtirgancha, lablarini yoqimsiz tarzda cho‘chchaytirib qarshi oldi. Uning sinchkov nigohi Taeni go‘yo parcha-parcha qilib tashlayotgandek edi.

— Kuchukchani qaytarib kelishibdi. Qancha vaqt o‘tdi... Bu bechorahol formani yana ko‘rmay yursak ham bo‘lardi.

Taening ko‘zlari chaqnadi ammo u qandaydir kuch bilan o‘zini tiyib, og‘zini ochmadi.

— Sizdan oldin xo‘jayinimizning didi ancha yaxshi edi. Endi esa yo siz, yo sizga o‘xshagan shubhali ko‘rinishdagi oddiy ayollar. Nahotki bu ham yuqumli bo‘lsa?

— Men ham sizni sog‘inmadim— deb pishqirdi Tae.

— Xudoga shukur.

Tae chiqishdan keyin allaqachon dush qabul qilgan edi ammo assistent qandaydir yoqimsiz hidni sezganini aytib, uni yana yuvinishga majbur qildi. Ilgichda esa g‘ilof ostida qandaydir italyan brendiga tegishli kostyum kutib turardi.

— Xo‘jayin uchun brend kiyimlar didsizlik hisoblanadi. Ammo xonim Vu bu borada ancha tajribali, albatta, bahosini beradi. Bu saksoninchi yillardagi Don Jonson uslubi. «Mayami politsiyasi: Axloq nazorati bo‘limi»... Hech bo‘lmasa buni bilarsiz?

— Yo‘q.

Uning oldida g‘ilofdan och moviy rangdagi keng bichimli kostyum chiqarildi. Bu qanday «keng bichim» o‘zi? Kiyim katta bo‘lsayu senga «o‘lchamni adashtiribsan» emas, «erkin siluet» deb tushuntirishsa. Shimning belbog‘i tizzasigacha osilib turardi. Kostyumga yana to‘q ko‘k rangdagi, barg naqshlari tushirilgan haddan tashqari ola-bula ko‘ylak ham qo‘shib berilgan edi. Tae xayolidan o‘tkazdiki Mayamidagi hech bir politsiyachi bu masxarabozona ko‘rinishni qutqara olmaydi.

— Janob Chonguk ko‘zlaringizga moslab, ko‘k rangda biror narsa tanlashni so‘radilar — dedi u istehzoli kulimsirab.

— Biror narsa, butun boshli kiyim emas. Endi men janob Daryo qo‘ltig‘iman.

Assistent ko‘zlarini osmonga qadadi.

— Sizda umuman did yo‘qligiga shubham yo‘q edi. Ko‘zga tashlanmaydigan ahmoq, tarbiyasiz bolakay. Sizni qamoqdan chiqarib yana jannat hayotiga qaytarishganiga shukr qiling.

Tae uning sinchkov nigohi ostida kiyim almashtirishga majbur bo‘ldi. Shu payt tishlarini qattiq qisib turardi.

— Qarang-a, oyoqlaringiz qanday silliq. Janob Chonguk chamasi, ayol kishini xohlayapti. Muhabbat chindan ham ko‘r ekan.

Uning og‘zidan yana qancha jirkanch gaplar chiqarkin? Taening quloqlaridan tutun chiqay derdi.

Assistent unga qandaydir odekolon sepganida esa Tae beixtiyor uni itarib yubordida ko‘zlarini g‘azab bilan unga qadadi.

— Nega?! Menga buning keragi yo‘q!

— Erkak kishidan dush geli emas, odekolon hidi kelishi kerak. Xo‘rozdek qichqirma! Balki shunda aqlliroq ko‘rinarsan. Ko‘rinasiz. Norasmiy murojaat qilganim uchun uzr so‘rayman.

— Menga nisbatan shunchalik nafratingiz borki go‘yo men sizning o‘rningizni egallab olgandekman.

— Ha juda kulgili.

Assistent bilan o‘zaro «iltifotlar» almashib bo‘lishdi endi ilonlar iniga yo‘l olish mumkin edi. Yangi yilni qanday kutib olsang, butun yilni shunday o‘tkazasan deyishadiku?.. Boshqacha bo‘lishiga umid qilgisi kelardi.


Assistent Chongukning eng suyukli tanlanganini Larkinga topshirib, o‘zi esa ma’lum bo‘lishicha, hozir u bilan birga Pekinda bo‘lgan oilasi yoniga ketdi. Kim ish bilan bog‘liq masalalarda kerak bo‘lib qolishi mumkinligi sababli xo‘jayiniga safar davomida hamrohlik qiladi biroq uni uyga taklif qilishmaydi.

Larkin odatdagidek, yaxshi kayfiyatda edi. Hatto Taega findiqli qandaydir xitoy shokoladini ham sovg‘a qildi. Arzimagan sovg‘a bo‘lsada, Taening kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Faqat Tae hech kimga sovg‘a olmagandi, shunchaki bunga ulgurmagan edi. Ammo Chongukdan uning qarindoshlariga alohida sovg‘alar tayyorlashi kerakmi, deb so‘radi. Chonguk esa bunga hojat yo‘qligini aytdi. Shuning uchun Tae keyinroq Larkinga, albatta, Hunhega ham biror e’tibor belgisi sifatida sovg‘a berishga qaror qildi.

Uni olib kelishgan uy alohida dabdaba bilan ajralib turmasdi hovlichasi bor shinamgina kichik kottej edi. Axir Chonguk Xitoyda yashamasdi. Ridjin bilan uning Koreyada uyi, ma’lum bo‘lishicha, yana bir kvartirasi ham bor ekan. Demak, bu kottejni janob So sotib olgan va shu sababli unda ikki qizi hamda rafiqasi yashardi. Chonguk bu joyni o‘z uyi deb ham atardi ammo Tae bundan hech narsani tushunmadi va mohiyatiga yetishga ham urinmadi.

Uni sochlari oqargan ko‘zlari kichkina va qisiq, bo‘yi pastroq bir erkak kutib oldi. Chamasi, bu uy boshqaruvchisi edi. U Taega xitoy tilida nimadir dedi paltosini olib, so‘ng baland ovozda kimnidir chaqirdi.

Nigohi tanish qomatga tushishi bilan ko‘ngli darrov yengil tortdi. Yengil nafas chiqardi.

Chonguk uning qarshisida oq chiziqli ko‘k kostyumda paydo bo‘ldi. Ikki bortli pidjak unga juda yarashgandi. Sochini ham oldiribdi. Haddan tashqari kelishgan edi.

Chonguk Taening qo‘lidan ushlab, tanlangan kiyimni ko‘zdan kechirish uchun uni aylantirdi. Ammo negadir ko‘rinishidan mamnun bo‘lmadi.

— Ko‘k rang haddan tashqari ko‘p. Kiyimlar bir-biriga yaxshi mos kelmagan. Yana, sendan qanday hid kelyapti? Senga buning keragi yo‘q.

Nihoyat bu tanbehlar Taening ko‘nglini og‘ritish o‘rniga kuldirgandi. Axir bu safar gaplar assistentga qaratilgan edi. «Kiyimlar bir-biriga mos kelmagan!» Tae ham aynan shu kiyim unga yarashmasligini aytgandiku.

— Buni yordamchingga ayt. Meni o‘zing kiyintirsang, xursand bo‘lardim.

— Yodda tutaman.

Chonguk uni yengil quchib, keng mehmonxonaga boshlab kirdi. U yerda taklif etilgan mehmonlarning yarmi allaqachon joylashib olgan edi. Ularning nigohlari ostida Taehyung bir zumda o‘zini yalang‘och va himoyasiz his qildi. Nafasini ichiga yutib, qotib qoldi.

— Tanishinglar bu mening hamrohim Tae Dyuran— dedi Chonguk unga stulni surib berarkan. Uning ovozi beparvo, deyarli qo‘shiq aytayotgandek jarangladi.

Ajablanarlisi vaziyatni birinchi bo‘lib Yen yumshatdi.

— Assalomu alaykum.

U shunchaki salomlashdi xolos, ammo shu zahotiyoq otasining maqtoviga sazovor bo‘ldi. Ziyrak bola.

Chonguk qo‘llarini uning yelkalariga qo‘ygan edi, biroq Qor malikasi nigohidan hech narsani yashirib bo‘lmasdi.

Xonim Vu.

— Uyimizga xush kelibsiz, janob Dyuran.

Hatto uzoqdan ham uning ko‘zlarini ilg‘ash mumkin edi och jigarrang, qorachiqlari kichkina, odamni o‘ziga rom etadigan ko‘zlar. Bo‘yi unchalik baland emas taxminan bir metr oltmish santimetr, ammo baland poshnali tuflida, badaniga yopishib turadigan qora ko‘ylakda edi. To‘q binafsha rang lab bo‘yog‘i darrov ko‘zga tashlanardi. Lablari qalin emas, ammo nafis va chiroyli shaklda edi. Yuziga tushib qolgan bir-ikki tutam soch unga noziklik bag‘ishlardi, biroq yaqqol ko‘rinib turgan qirib tashlangan chakkasi uning isyonkor tabiatini oshkor etardi.

Uning butun qiyofasi saranjom, parvarishlangan tarang qomatli edi. Tor ko‘ylagi ko‘kraklarini yanada bo‘rttirib ko‘rsatardi. Haqiqiy vamp ayol. Bu da’vogarona qiyofasiga yana bir oz to‘liqlik yetishmasdi, xolos mo‘ynali palto, qizil qo‘lqoplar va uzun tamaki naychasi... Yana yuz bir dalmatin kuchugi ham bo‘lsa, ayni muddao. Salom yovuz Kruella De Vil...

Biroq Millerning borligi Taeni xursand qildi. Qolganlarning ovozi esa uning uchun ahamiyatsiz edi.

Tae Fayani ham ko‘rdi. Albatta, kasalxonadagi paytiga qaraganda ancha yaxshi ko‘rinardi pardoz va chiroyli kiyim o‘z ishini qilgan. U shunchaki bayramona ko‘ylak kiyib olmagan edi. Qizning ozg‘in qomatini quchib turgan, etagi polgacha tushadigan sonining yarmigacha yorig‘i bor qizil ko‘ylakda edi. Sochlari benuqson tekislangan, qat’iy turmaklangan tugun qilib yig‘ilgan, quloqlarida yirik ziraklar bo‘ynida marjon. Lablarida ham xuddi onasinikidek ko‘zga tashlanadigan qizil bo‘yoq, nigohida esa mensimaslik...

Ona-bola go‘yo uning «Daryo qo‘ltig‘i» laqabini sharmanda qilish uchun oldindan til biriktirishgandek edi.

Faya onasiga unchalik o‘xshamasdi faqat nigohi bundan mustasno. Chamasi, qolgan barcha xususiyatlarini otasidan meros qilib olgan, jumladan, baland bo‘yini ham. Axir uning bo‘yi Tae bilan teng edi! Ustiga-ustak, uzun ko‘ylagi uni yanada balandroq ko‘rsatardi. Qizning tashqi ko‘rinishi chinakam modelnikidek edi. O‘ziga xos, yaqinlashib bo‘lmaydigan aurasi ham bor. Unga qarab, shaxsiy hayotida uzoq vaqtdan beri muammolari borligini hech kim aytolmasdi.

Xonim Vuning singlisi va jiyani ham bosiq, ammo qimmatbaho kiyimlarda edi. Jiyanining yonida eri o‘tirardi, xuddi onasi otasining yonida o‘tirgani kabi. Yana bir yangilik! Ma’lum bo‘lishicha, Chongukning qaynonasi ham kim bilandir munosabatda ekan. Uning yonida o‘ttiz yoshlardagi ancha yosh erkak paydo bo‘lgandi.

Fayaning yonida ham qandaydir erkak o‘tirardi baland bo‘yli, kelishgan, qaddi-qomati tik, doimo tabassum qilib turadigan, ko‘rinishidan juda yoqimli kishi. Faqat nigohi biroz o‘ynoqi, xuddi xotinbozlarnikidek edi. Tae o‘ziyoq bu aynan o‘sha Chan Tsuanan ekanini fahmladi.

Yen Fayaning yonida oq, kashtali ko‘ylakda o‘tirar, qarindoshlariga jiddiy qiyofada, ammo maftunkor nigoh bilan boqardi.

Kutilmaganda, faqat Xitoy Yangi yilida kelishi kerak bo‘lgan katta buvisi ham tashrif buyurgan ekan. U past bo‘yli, yuzlari ajinlarga to‘la, ammo qizil rangli an’anaviy xitoycha qipao ko‘ylagida, sochlari esa g‘aroyib tarzda o‘ralib turardi. Negadir Taening xayoliga tuyaqush keldi... Og‘ir ziraklar quloqlarining bo‘shashgan yumshoq qismlarini pastga tortib turar, uning yoshi ulug‘ligini yana bir bor ta’kidlab qo‘yardi. Biroq bu uning boshqa ayollar va qizlar qatori lablariga bo‘yoq surtishiga xalaqit bermasdi. Ha, tushunarli, bu oilada hatto katta buvining ham o‘ziga yarasha g‘alati tomonlari bor ekan.

Aytgancha, dastlabki savolni ham aynan u berdi. Stolning narigi chetidan xitoy tilida nimanidir chaynab turib, gapirdi.

Yen bu safar ham «yordamga» keldi va tezda tarjima qildi:

— U «Bu o‘sha keddiymi?» deb so‘radi.

Tae esa keddi kimligini umuman bilmasdi... Ammo Chonguk unga suhbatga aralashmaslikni buyurgan edi.

Qandaydir sababsiz Chan Tsuanan Taega e’tibor qaratdi.

— Eshitishimcha, bugun spektakling bo‘lgan ekan. Baletmi? Xitoy tomoshabinlari senga qanday taassurot qoldirdi?

Stol ostida hech kim ko‘rmaydigan tarzda Chonguk qo‘lini Taening tizzasiga qo‘ydi. Shu tariqa savolga javob berishni o‘z zimmasiga oldi va suhbatni hamrohi hayoti haqidagi surishtiruvlardan boshqa tomonga burdi.

Idish-tovoqlar jaranglar, atrofda xitoycha suhbatlar yangrardi. Tae ilgari Chongukning bunchalik ko‘p xitoy tilida gaplashganini eshitmagan edi. Aytgancha, Xuan Imou va uning raqqoslari bilan uzoq vaqt hamkorlik qilgani tufayli Tae ayrim so‘zlarni o‘rganib olgandi. Ammo hozir hech narsani tushunmasdi, chunki ular juda tez gaplashishardi. Boshi g‘uvillab ketdi.

Chonguk uning borligini unutmasdi, vaqti-vaqti bilan qo‘lini yana uning tizzasiga qaytarardi. Bu yerda u hammaning suyuklisi edi. Barcha u bilan bahslashishni yoki hech bo‘lmaganda e’tiboridan bir chimdim olishni istardi. Hatto jiyanining bolalari ham Chonguk bilan gurunglashardi. Yen esa lablarini burib, ko‘proq jim o‘tirardi, go‘yo bu yerda oilaning qattiqqo‘l boshlig‘idek edi.

Tae esa ma’nosiz tarzda ko‘zlarini pirpiratib, soqov ahmoqdek o‘tirardi. Unga bu yerda o‘tirishning iloji yo‘qdek emasdi, ammo hammaning uni e’tiborsiz qoldirishi ko‘nglini ezardi. Uning bu yerda borligi mutlaqo befoyda ekanini ta’kidlash uchun hamma narsa ataylab shunday qilingandek edi.

Har besh daqiqada Fayaning qadalib turgan nigohiga duch kelardi. Xayolga cho‘mgan qiz esa darrov ko‘zlarini olib qochardi. Undan hech qanday tajovuz sezilmasdi. Umuman olganda, u xuddi bu yerda emasdek, bulutlar orasida kezayotgandek edi. Taega qaraganda ham ko‘proq Chongukka boqardi. Uning nigohi esa sog‘inchga to‘la edi...

Chan uni bezovta qilmasdi, chunki Fayaning butun qiyofasi unga tegishga uringan odamga darrov tish qayrashini aytib turardi. Ehtimol, bu yig‘ilishda faqat Tae emas, yana kimdir o‘zini shu qadar noqulay his qilayotgandir.

Xonim Kruella ham begona mehmonni e’tibordan chetda qoldirmasdi. Biroq Tae nigohini undan uzmadi. Nahotki, u rostdan ham ko‘zlari bilan uni kuydirib yuborsa?

Yenmi?

U Fayaning ko‘nglini ko‘tarishga urinardi, u bilan tez-tez shivirlashib gaplashardi, chunki qiz hech narsaga qiziqish bildirmayotgandi. Tushunarsiz shovqin, tinimsiz tikilib qarashlar va uzoq vaqt bir joyda o‘tirish Taeni shu qadar holdan toydirdiki, uyqusi kela boshladi. Orqasi, belining pastki qismi zirqirardi, asabiyligi tobora ortib borardi. O‘zini hozir ovoz chiqarib injiqlik qila boshlaydigan erkatoy boladek his qildi. Hatto Yen ham xarxasha qilmayotgan edi, Tae esa undan battar bo‘lishi aslo yarashmasdi.

Nihoyat, hamma bir-biriga sovg‘alar ulasha boshladi. Faqat Tae bilan Chonguk bundan chetda qoldi. Taega hech kim sovg‘a olmagani ajablanarli emasdi hatto odob yuzasidan ham. Chonguk esa unga hech narsa sovg‘a qilmasliklarini oldindan so‘ragan edi. Buni tushunish qiyin emas: u o‘ziga kerakli narsalarni tejamay, o‘zi sotib olardi, arzimas buyumlar esa unga kerak emasdi. Bularning hammasi unga baribir edi. Eng muhimi, nihoyat xayrlashishga qaror qilishdi: barcha qarindoshlarni uylariga kuzatishdi, uyda faqat mezbonlar va Tae qoldi.

Afsuski, bu yerda yana bir tun tunashiga to‘g‘ri kelardi. Ammo Taehyung shu qadar charchagan ediki endi bunga ham parvo qilmasdi.

Uni zinapoya yonida osig‘liq turgan, romga solingan katta surat o‘ziga keltirdi. Unda Chonguk, kichkina Yen va... Ridjin tasvirlangan edi. Bu oilaviy surat, shubhasiz fotostudiyada olingan. Tae go‘yo yerga mixlanib qolgandek bo‘ldi. Qarindoshlarining nigohlari uni boshdan-oyoq tilka-pora qilgan bo‘lsa endi Ridjinning surati butunlay holdan toydirdi. Nega birdaniga o‘zini shunchalik aybdor his qildi? Axir u hech narsada aybdor emasku. Lekin u bu yerda bo‘lmasligi kerak edi.

Miller bir paytlar Chongukning bu uyda alohida xonasi borligini aytgandi. Chamasi, uning so‘zlari tasdiqlandi. Tae bu yerda dush qabul qilishni istamadi. Shu sababli yechinib, jirkanish hissini zo‘rg‘a yenggancha darrov ko‘rpa ostiga kirib oldi. Har bir uyning o‘ziga xos hidi bo‘ladi. Yo‘q, bu yerning hidi yoqimsiz emasdi, shunchaki begona, o‘zini begonalashtiradigan hid edi.

Chonguk esa hali qaytmagandi.

Ertaga spektakl bor, Tae esa go‘yo butun quvvati so‘rib olingandek his qilardi...

Uni kutmay uxlab qolmoqchi bo‘lib turganida, Yenning bo‘g‘iq ovozini eshitdi. Negadir qiziqishi ustun kelib, eshik tomon yurdi.

Quloq soldi.

Yen esa... bilan gaplashayotgan edi.

— Dada, bir narsa so‘rasam bo‘ladimi?

Albatta-da, koreys tilida yana kim bilan gaplashardi?

— Albatta, so‘raver. Hali uxlaging kelmayaptimi?

— Unchalik emas. Men amaki Tae nega hech kimdan sovg‘a olmaganini so‘ramoqchi edim. Sening holating tushunarli — o‘zingga o‘zing sovg‘a qilasan. U ham sovg‘alarni yoqtirmaydimi? Hech kim u bilan gaplashmadi ham. Bu chiroyli ish emas-ku, shundaymi?

— Avvalo, Tae bilan oilamiz o‘rtasida til to‘sig‘i bor. Buvingning unga nisbatan salbiy munosabatini tushunsa bo‘ladi. Lekin sen haqsan, umuman olganda, bu yaxshi bo‘lmadi.

— Buvi menga bir narsani aytdi, lekin senga aytmasligimni tayinladi. Ammo men buni yashira olmayman.

Ana xolos, kichkina chaqimchi!

— U sizlarning munosabatingiz jirkanch, amaki Tae esa yomon odam, dedi. Men unga sen menga: «Katta bo‘lganingda uyimga kimni olib kelishni o‘zing hal qilasan», deb aytganingni eslatdim. Yana rostini aytsam, amaki Tae menga yoqmasligini ham aytdim. U g‘alati va kamgap, lekin menga tegmaydi.

— Quloq sol, lekin uning gaplariga quloq tutma. Rostini aytganing yaxshi bo‘libdi, barakalla.

— Yana bir narsani so‘ramoqchi edim... Nega onamni ham xuddi shunday seva olmading? Amaki Tae bilan bir xonada uxlaysan, onam bilan esa alohida xonalarda yotarding.

Taening badaniga birdan issiq yugurdi.

— Chunki biz o‘zimizni birovni sevishga majburlay olmaymiz. Bilasanku, onang bilan bir-birimizni hurmat qilardik. Uning ham ko‘ngli tushgan boshqa bir insoni bor edi. Bu g‘alati emas, hayotda shunday bo‘lib turadi. Aytgancha, bobong vafot etganidan beri buvingning allaqachon to‘rtinchi sevgilisi almashdi. Axir u ham umrining oxirigacha yolg‘iz yashamaydiku.

— Ha, endi tushunarli. Mayli, uxlagani boraman.

Suhbat tugaganini anglagan Tae chaqmoqdek o‘rniga yugurib borib, yana ko‘rpaga o‘ranib oldi.

Chonguk shovqin qilmasdi, ammo kiyimlarini yechayotganda ataylab jim bo‘lishga ham urinmadi. Ko‘rpaga kirib, Taeni uyg‘otish uchun uni ataylab o‘z tomoniga tortdi.

— Bugungi oqshom uchun rahmat, o‘zingni yaxshi tutding. To‘g‘risi, tinimsiz bezovtalanib o‘tirding.

Qo‘llar uning bo‘ynidan quchdi. Tae ham o‘z qo‘llarini uning qo‘llari ustiga qo‘ydi, o‘zini tiyolmadi. Darhol iliqlikni his qildi.

— Sendan Sokjinning odekoloni hidi kelayapti. Bu yoqimsiz. Boshqa ishlatma. Menga sovun hidi yoqadi.

— Menga esa o‘zimdan kelayotgan hid ham, kiyinish uslubim ham yoqadi.

— Bo‘ldi bu mavzuni yopdik.

— Hamma shunchalik chiroyli kiyingan ediki, men esa xuddi multfilmdan chiqqandek edim ko‘k Totoro. Larkin meni mushuk-avtobusda olib keldi.

Tae o‘z hazillaridan o‘zi kulib yubordi, Chonguk esa shunchaki iljaydi.

— Bolalar bog‘chasi.

— Qarindoshlaring men haqimda nima deyishdi?

— Hech qanday alohida gap yo‘q. Yolg‘on gapirmayman o‘zing ham payqagan bo‘lsang kerak ularga yoqmading. Lekin faqat menga yoqishing muhim. Bu doim shunday bo‘ladi.

Doim?

Odamlar uchun bu muddat haddan tashqari uzoq emasmi?..


Spektakllarning beshinchi kunida teatrga kutilmagan mehmonlar tashrif buyurishdi. Ularning bu yerda bo‘lishi kerak emasdi. Tae esa o‘z dushmanining sahnada raqs tushishini tomosha qilishga ularni nima majbur qilganini tushunishga biror sabab ham topa olmadi. Ya’ni, o‘zining.

Birinchi qatorlarda hashamatli kiyingan V xonim o‘tirardi qora baxmal ko‘ylakda (yana qora, yana badaniga yopishib turadigan), lablariga qonrang pomada surtilgan, lablari esa biroz qisilgan edi...

Lablar. Lablar o‘ziga xos hissiy ifodaga ega. Ularni faqat vino ichayotganda yoki kulganda emas, boshqa paytlarda ham kuzatish qiziq. Hozir esa uning biroz qisilgan lablari sahnada sodir bo‘layotgan voqealarga nisbatan nafratmi yoki mensimaslikmi shunga o‘xshash bir tuyg‘uni oshkor etardi. Go‘yo zo‘ravonlikning qandaydir bir ko‘rinishi. Bularning bari nima uchun edi? Tae Dyuran iste’dodiga baho berish undan ko‘z uzmay tomosha qilish va nihoyat raqibining kamchiliklarini topish uchunmi? Onasining yonida esa Faya o‘tirardi. Uning befarq va olis nigohi hatto osmondagi bulutlarni ham xira torttirishga qodir edi.

Tae spektakldan keyin, kiyimlarini almashtirib bo‘lgach, hamkasblari bilan bemalol suhbatlashib ketayotganida bu xonimlarni ko‘rib qolish nasib etdi. Bosh kirish eshigidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda katta qora mashina to‘xtab turardi. U signal berdi, so‘ng haydovchi mashinadan tushib, Taeni familiyasi bilan chaqirdi.

Tae birinchi bo‘lib Chongukni o‘yladi. Bundan quvonib, hech ikkilanmay mashina tomon yurdi. Ammo tushirilgan oynadan Fayaning yuzi ko‘rindi. Uning ortida esa Taeni mensimayotgan V xonim o‘tirardi. Ikkalasi ham mo‘ynali kiyimlarda, qimmatbaho taqinchoqlar taqqan, atrofidan elita atirining hidi taralib turardi. Tae esa, albatta, ularga teng kelmasdi.

Faya qo‘lqoplarini ham yechmasdan, unga lenta bilan o‘ralgan kichkina qutichani uzatdi. Nimagadir Tae o‘zini rastaning oldida turib, shish kabob so‘rayotgan jajji bolaga o‘xshatdi deyarli shunchalik ayanchli ko‘rinardi.

— Senga sovg‘a olishni unutibmiz. Onam bu masalaga qaradi.

Bu orada onasi qoshini sal ko‘tarib, qora quyosh ko‘zoynagini taqdi. Tae nima deyishni bilmay, qotib qoldi.

— Ichida marvarid kukuni va yaxshi namlantiruvchi krem bor. An’anaviy Xitoy tabobatiga oid mahsulotlar. Internetdan o‘qib ko‘r foydali xususiyatlari ko‘p.

U nigohini onasiga qaratdi. V xonim unga bosh irg‘adi aftidan, shu bilan suhbatni yakunlash mumkinligiga ishora qildi. Sovg‘ani o‘zi tanlagan, ammo e’tibor ko‘rsatishni xayoliga ham keltirmagan edi. Haqiqiy jodugar...

— Omad tilayman.

Taehyung hatto biror nima deyishga ham ulgurmay qoldi. Oyna ko‘tarildi, mashina esa joyidan qo‘zg‘aldi. U bo‘lib o‘tgan voqeani hazm qilishga urinib, bir muddat qimirlamay turdi.

Nahotki, Chonguk ularni uyaltirib, sovg‘a berishga majbur qilgan bo‘lsa? Yoki bu ularning o‘z tashabbusi bilan qilingan ishmi?


Pekindagi bir haftalik chiqishlardan so‘ng ular Tyantszinga yo‘l olishlari kerak edi, ammo Tae hamma bilan birga ketmadi, chunki uni Larkin olib boradigan bo‘ldi.

Spektakllarning ikkinchi bosqichi boshlanishidan oldin ularga ikki kun dam berildi: bir kun Pekin bo‘ylab sayohat qilish uchun (u ipak muzeyiga bordi, Buyuk Xitoy devorining yaqin qismini ko‘rdi, Pekin o‘rdagidan va yog‘da qovurilgan ipak qurtlaridan tatib ko‘rdi), yana bir kun esa Tyantszinda o‘tishi kerak edi. Ammo Tae tashrif buyurishni rejalashtirmagan joy Beydayxe kurorti edi...

Larkin shubhali manzarani derazadan ko‘rib qolmaguncha, unga hech narsa demadi. Ma’lum bo‘lishicha, janob Chong yana kutilmagan tashrifi bilan uni xursand qilishga qaror qilibdi. Bo‘sh kunlar paydo bo‘lganidan foydalanib, Taeni rejasidan sug‘urib olgan edi.

Tae uni chin dildan sog‘ingandi. So‘nggi paytlarda munosabatlarida sokinlik hukm surayotgandi. Qolaversa, nima desang ham, masofa muhabbatni mustahkamlaydi.

Uni mashinadan tushirib, huvillab yotgan sohil tomonga jo‘natishdi. Tae Sariq dengiz bo‘yida turgan qoramtir qomatni tezda payqab, sezdirmasdan yaqinlashishga urindi va uning ko‘zlarini kaftlari bilan yopdi. O‘zi esa telbalardek keng jilmayib yubordi.

— Topchi, kimman?

— Albatta, mening quvonchim.

Chonguk ortiga o‘girildi. Shu ta’sirli lahzada Tae unga istagan narsasini qilishga ruxsat berishga tayyor edi. Qish plyajga borish uchun eng yaxshi fasl bo‘lmasada, sovuqdan yorilgan lablar o‘pichning haroratiga xalaqit bermadi. Ularni kuzatib turgan qo‘riqchilar ham endi uning uchun ahamiyatsiz edi.

— Sog‘inganingni sezib turibman— dedi janob Chong qoshini ko‘tarib, mamnunlik bilan lablarini yalarkan.

— Men ham sendan xuddi shuni sezayapman.

Dengiz tomondan qattiq sovuq shamol esib, uning orqasi va yonboshlariga urilardi. Quyosh ko‘rinmas, faqat bulutsiz kulrang osmonda xira yorug‘lik dog‘i ko‘zga tashlanardi. Bunday ob-havo odamni uyquga tortib, ko‘ngliga g‘am solardi.

Tae ko‘zlari yonib, Chongukning qalin qora paltosi va fransuzcha tugun qilib bog‘langan kashmir sharfini tomosha qilardi. Shamoldan Chongukning quloqlari qizarib ketgandi. Tae esa kurtka kiygan, boshini hudisining kapyushoni bilan yopib olgandi. Afsuski, bu yerda boshqa kiyimi yo‘q edi, shu sabab yana boshdan-oyoq sport kiyimida yurgandi. Qo‘lqoplarini ham yo‘qotib qo‘ygandi.

Chonguk uning bir kaftini o‘z cho‘ntagiga solib, uni «muz bola» deb atadi. Taega bunday e’tibor yoqardi. U xuddi erkalangan mushuk bolasidek, yana va yana iliq qo‘lga talpinardi. Beparvolik niqobini saqlab turolmadi. Uning yuragi shafqatsizlarcha eritib yuborilgandi.

— Seni bu yerga olib kelishga va’da bergandimku. Onamning kulini shu yerga sochganman. Buni u bilan tanishtirganim deb hisobla. Bu uning dengizi.

Chongukdan sokinlik taralardi. Yuziga xotirjamlik cho‘kkandi. Balki faqat ko‘zlarida sirli bir g‘am yashiringandir.

— U nimadan vafot etgan? Uni nogironlar aravachasida aylantirib yurganingni aytganding. Agar bu sir bo‘lmasa...

— Insult bo‘lgandi. Ammo uning oqibatlari bilan kurashdik. Hech bo‘lmasa, u oxirgi kunigacha tabassum qilib yurdi. Uning bir yomon odati bor edi juda ko‘p va ancha yillardan beri chekardi. Tashlay olmadi. Menga: «Do‘zaxda menga bir dona sigaret ham taklif qilishmaydi», degandi.

Bu choydek quyuq, qorong‘i hikoyadan so‘ng uning xayollari ham qaynab ketdi.

— U dindor bo‘lganmi? Do‘zax?..

— Yo‘q. Shunchaki hazillashardi.

— Oxir-oqibat nima bo‘ldi?

— Yana insultga uchradi.

Ayniqsa sovuq shamol esdi.

— U necha yoshda edi?

— Bunday erta vafot etish uchun hali juda yosh edi.

— Uning suratini ko‘rsam bo‘ladimi?

— Bir kuni ko‘rsatarman.

— Hech bo‘lmasa, unga juda o‘xshaysanmi, ayt. Tashqi ko‘rinishingni nazarda tutyapman.

— Axir men uning o‘g‘limanku. Qaysidir jihatdan o‘xshashim aniq.

Dengiz qirg‘oqdagi qumlarning hammasini yuvib ketishga, shu bilan birga ularning oyoqlarini ho‘llashga behuda urinardi. Ammo bunga erisha olmasdi. To‘lqinlar shunchalar yoqimli shovullardiki, go‘yo ularning ovozini tinglayverib, hamma darddan o‘zing-o‘zing tuzalib ketadigandek eding. Hatto qalb yaralaridan ham.

— Ko‘ryapman, Xitoy senga yaxshi ta’sir qilyapti. Endi tishlamaysan qo‘lga ko‘tarishni ham xohlaysan.

Tae darhol burnini jiyirib, qoshlarini chimirdi. Unga faqat Xitoyning ijobiy ta’siri yoki Chongukning o‘zini namunali tutishi sabab emasdi Tae ham o‘z ustida ko‘p ishlayotgandi. Uning Chonguk oldida ojizligi va kechirishni bilishi esa qalb tarbiyasi edi. Bunga boshqa izoh yo‘q.

— Eslatishing shart emas. Men o‘tmish haqida o‘ylamayapman, shu ham yetarli, — dedi u ancha keskin ohangda.

— Chunki sen meni sevasan va men bilan o‘zingni yaxshi his qilasan. Hammasi yomon bo‘lganida, menga tabassum qilmasding, shundaymi? Endi o‘shanda senga biroz erkinlik berib, sayr qilib kelishingga ruxsat berganim to‘g‘ri bo‘lganmi, o‘zim ham bilmay qoldim. Seni qo‘yib yubormaslik kerak, sen yo‘nalishingni yo‘qotib qo‘yasan.

Tae tishlarini qattiq qisdi. Baxtli kayfiyati esa shamol bilan qo‘l ushlashib, boshqa birovni xursand qilish uchun uchib ketdi.

— Boshlama, bo‘lmasa urishib qolamiz.

— Nega urishishimiz kerak? Men shunchaki bor gapni aytyapman.

— Go‘yo men sendan hech bir sababsiz ketgandek!

Tae o‘zini tutolmay ovozini ko‘tardi.

— Sen mendan o‘zimni qurbon qilganimni yuzingga solmaslikni so‘raganding. Unda sen ham mening ketganim haqida gapirishni bas qil! Sen meni juda qattiq ranjitding! Mening aybim nima? Dardimni yenga olmaganimmi? Axir men seni kechirdim! Bu yerda ahmoq bo‘lgan faqat menman! Faqat o‘zingni ko‘ksingga urib, hamma narsani hal qilgan qahramondek ko‘rsatma!

U qo‘lini tortib olishga urindi, ammo Chonguk qo‘yib yubormadi. Uning ko‘zlari chaqnab ketdi. Tae yuzini ikki kafti orasiga olib, iyagini ko‘tardi.

— Tinchlan. Bugun men ham janjallashmoqchi emasman.

Tae uning qo‘lini siltab tashladi.

— Bu suhbatni o‘zing boshlading.

— Tinchlan, Tae. Bizda hammasi yaxshi. Men shunchaki seni qo‘yib yuborganim xato bo‘lganini aytdim. Ammo bo‘lib o‘tdi, endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi.

— To‘g‘ri aytasan, hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi. Sevimli insoningni aldashga qaror qilganing zahoti xato qilgan bo‘lasan.

— Yaxshi gap. Buni ham yodingda tut.

Shundan so‘ng u Taeni sayrni davom ettirishga majbur qildi. Endi shamol ham umuman ahamiyatsiz edi. Dengizning yoqimli ohangi ham ikkinchi darajaga tushib qolgandi.

Chonguk shoshilmay qadam tashlardi, go‘yo bu yerda vaqt mavjud emasdek. Demak, ertangi kun ham kelmaydi, u yana qayergadir shoshilishga va Tae bilan xayrlashishga majbur bo‘lmaydi. U shubhali darajada xotirjam edi. Yoki bunga Beydayxening ta’siri sababmi?

— Men birgalikda farzandli bo‘lish istagim haqida gapirgandim. Bu haqda o‘ylab ko‘rdingmi?

Biridan o‘tib, ikkinchisi... Ammo Tae bu safar jahli chiqmadi. U shunchaki ojizlik bilan kar devorga urilayotgandek edi.

— Javob berishingdan oldin, avval o‘zim gapirib olay. Ilgari shamolli havoda eshitish apparatlarim sabab odamlarning gaplarini ajratishim qiyin bo‘lardi. Vaqt o‘tdi, endi o‘z kamchiligim bilan bemalol yashayapman. Hayotda erishmoqchi bo‘lgan cho‘qqilarimning ko‘pini zabt etdim. Ayrim intilishlarim tobora kundalik hayot bilan bog‘liq bo‘lib boryapti. Qarib qolyapman demoqchi emasman, ammo bu haqda o‘ylay boshladim. Sen, albatta, hali yoshsan, lekin men endi unchalik yosh emasman. Sen bunga tayyor bo‘lguningcha, o‘g‘lim menga nevaralar hadya qilishi ham mumkin. Men kenja farzandimning ulg‘ayishini ko‘rishni istayman maktabga borishini universitetda o‘qishini, o‘z oilasini qurishini... Tushunyapsanmi? Bular oddiy istaklar, xolos. Albatta, aslida ikkalamizga ham biologik jihatdan qarindosh bo‘lgan umumiy farzandimiz bo‘lishi mumkin emas. Men bu haqda juda ko‘p o‘yladim. Mening Yenim bor, ammo sen tabiiy yo‘l bilan farzandli bo‘la olmaysan. Biz haqiqiy oila bo‘lishimiz va sen mening farzandimni tarbiyalashga majburman deb o‘ylamasliging uchun bu borada sening ham ishtiroking bo‘lishini istayman.

— Chonguk...

Ey, dengiz, uni o‘zing bilan olib ket... Bu aqlli boshidan shu ahmoqona fikrlarni yuvib tashla...

— Gapimni oxirigacha eshit. Men biologik ota bo‘lmasligimning ahamiyati yo‘q bu farzandni allaqachon o‘zimniki deb bilaman. U muhabbat ichida, sevimli yigitimning ishtiroki bilan dunyoga keladi va uni ham intiqlik bilan kutamiz. Vaqt tez o‘tadi, Tae. Ko‘z ochib yumguningcha yigirma beshga, keyin esa o‘ttizga kirasan. Qolaversa, buning uchun o‘zing farzand ko‘rishingga ham, bir muddat baletni tark etishingga ham to‘g‘ri kelmaydi.

— Chonguk, yo‘q...

Bu gaplar Taeni titroqqa soldi. U nihoyat iliq qo‘lini Chongukning cho‘ntagidan tortib oldi. Chongukning nigohida hech narsaga yengilmaydigan qat’iy ishonch ko‘rinardi... Ammo Tae faqat dahshatni his qilardi.

Chonguk uchun farzandning dunyoga kelishi aniq bir qaror edi. Ammo Tae uchun emas. Uning nazarida bu noma’lumlik va kelajakka nisbatan ishonchsizlik edi.

— Men buni xohlamayman. Iltimos, bularning hammasini xuddi seni baxtli qarilikdan mahrum qilmoqchi bo‘layotgandek gapirma. Sen endigina o‘ttiz yetti yoshdasan. Hali ikkinchi marta uylanishing mumkin. Menchi? Sen menga nima va’da qilyapsan? Axir biz sen bilan nikohdan o‘tmaganmiz. Meni sevishdan to‘xtatmasligingga ishonching komilmi? Keyin nima bo‘ladi?..

— Sen meni yaxshi tushunmading. Men bu farzandni o‘zimniki deb bilaman va uni barcha zarur narsalar bilan ta’minlayman. Meni sevishdan to‘xtatishimdan xavotir olayotgan bo‘lsang, buni ham hisobga ol.

— Hech qanday farzand yo‘q... Va bo‘lmaydi ham. Men xohlamayman. Menga bu kerak emas.

U boshini chayqab, ortga chekina boshladi.

— Sen qo‘rqyapsan, bu tabiiy. Ammo hozir u yo‘qligi uchun qo‘rqyapsan va buni istamayapsan. U paydo bo‘lganida esa hammasi boshqacha bo‘ladi. O‘sha jajji bolani birinchi marta qo‘lingga olganingda, butun dunyoing o‘zgaradi.

— Men dunyoimni o‘zgartirishni istamayman.

Tae uzoqlashishga urindi, ammo Chonguk uning qo‘llaridan ushlab qoldi.

— Men farzand istamayman. Men bunga yaratilmaganman.

— Unda nimaga yaratilgansan? Onang seni baletga bergan-ku. Sen bu istak bilan tug‘ilmagansan.

— Men bu bolaga nima bera olaman? O‘zim bilan o‘zimning muammolarim yetarli! Yo‘q, yo‘q va yana bir bor yo‘q! Yuzlab ayollar mening o‘rnimni egallashga tayyor. Bor, ulardan birini tanla... Yana uylan. Balki men sening yashirin sevgiling bo‘lib qolarman. Hech bo‘lmasa...

— Senga ota rolidan ko‘ra ma’shuqa roliga yaqinroqmi? Nima deyapsan o‘zi, bolakay? O‘zingni eshit. Ma’shuqa bo‘lishni xohlaysanmi? O‘z qo‘rquvlaringni deb, haqiqiy oila qurish imkoniyatidan voz kechmoqchimisan? Bu juda ahmoqona eshitilyapti.

Tae tushunardi... Dahshat bilan tushunardiki, Chongukning gaplari uning barcha e’tirozlaridan ustun kelayotgandek edi.

Chonguk uning dovdirab qolganini, qo‘rquvini ko‘rdi. Tae zaif edi, demak, tez orada yon berardi. Faqat kerakli so‘zlar bilan biroz ko‘proq bosim o‘tkazish kifoya.

Shunday qilib, uni bag‘riga bosdida, boshini yupatgandek silay boshladi. Bu, shubhasiz, Taening fikrlarini yanada chalkashtirardi...

— Sening otang bo‘lmagan, yaxshi oilaning namunasini ko‘rmagansan. Shu sabab o‘zing ham shunday oila qura olmasligingdan qo‘rqyapsan. Qaysidir jihatdan bu menga ham tanish.

— Chunki... bu noto‘g‘ri...

— Buni senga kim aytdi?

Hech kim.

— Qo‘rqma. Sen yolg‘iz qolmaysan. Men sen bilanman.

Shuning uchun ham qo‘rqinchli edi.

— Men oilamni hech qachon tashlab ketmayman.

Bu esa yanada qo‘rqinchliroq edi...

Tae ko‘zlarini mahkam yumib, uning paltosini changalladi. Go‘yo u juda katta xatoga yo‘l qo‘yayotgandek edi. Aniqrog‘i, Chonguk uni shu xatoga undayotgandi.

Dengiz esa shunchalar sovuq ediki... Go‘yo tinmay «Kerak emas», deb shivirlayotgandek. Ammo Tae uni eshitmasdi. Tushunmasdi. Uning qulog‘iga faqat Chongukning qayta-qayta takrorlanayotgan ishontiruvchi so‘zlari yetib borardi.

Endi esa buning aksi edi Chonguk Taening «yo‘q» deganini eshitmasdi. Tushunmasdi.

Demak so‘nggi so‘z baribir uning ixtiyorida qolardi.