BIZ KIM TEMUR AVLODLARI
Ochig'i gapni nimadan boshlashni ham bilmayman. Hozir o'qib boshlagan ushbu matn sizga qiziq bo'lgani kabi, sizni ushbu qiziqish doirangizga qanday kira olishim men uchun ham qiziqdir. Yaqin kunlarda buyuk bobokalonimiz Amir Temurning 684 yilligini nishonlaymiz. Demak, bu shunga tatugulik bo'lmog'i kerak. Amir Temur... Tarixdan ozroq xabari bor inson uchun yetarlicha taniqli shaxs. Men uchun esa kitobga mehr qo'yishga sababchi bo'lgan inson deb bilaman. Yoshligimdan u haqida ko'p bilaman deb o'ylardim. Afsuski bu bilimlarim ularning nechog'lik buyuk inson bo'lganini anglash uchun yetarli emas ekan. Bundan bir necha yillar muqaddam Marsel Brionning ,,Men kim Sohibqiron Amir Temur" nomli kitobini o'qib shuqadar kitobga mehr qo'ydimki, bu mehr 1 oy ichida 7 ta kitob o'qish va bitta shaxsiy ijodiy asar yozishga yetarli bo'ldi. Marsel Brion yozgan ushbu asar shuqadar aniq va ravshan yoritilgandiki, bunda men Amir Temur haqida anchagina ko'p ma'lumotlar olishimga yordam berdi. Bu o'qiganlarim Amir Temur bobomizni yetuk inson sifatida ko'rsatish uchun yetarli deb bilaman. Yoshligidanoq bilimga chanqoq bo'libgina qolmay, hammaga o'rnak bo'lish o'rnida, turli qobiliyatlari bilan ajralib turganligini alohida e'tiborga olmoq darkor. Ular hali yosh bo'lishiga qaramay Qur'on Karimni to'liq yod olganliklari va keyinchalik Islom diniga e'tiqod qilganliklari taqsinga sazovor holat. Tarixdan ma'lumki, dunyoni egallash istagida bo'lgan insonlar juda ko'p bo'lgan. Ularning xohishi butun dunyoga hukmron bo'lish va barchani o'ziga bo'ysundirish bo'lgan. Buyuk bobomiz Amir Temur tariximizda Buyuk sarkarda, davlat arbobi, va boshqa nomlar bilan o'rin olgan. Afsuski, bu tarix barcha davlatlarda ham aynan ijobiy yoritilmagan. Bunga esa yaqinda iqror bo'ldim. Men o'zim uchun kerakli bo'lgan ma'lumotlarni, asosan, ingliz tilida qidirganim bois, Amir Temur haqida ularning keltirgan ma'lumotlari mening e'tiborimni tortdi. Bir ingliz saytida Bobomiz haqida 43 fakt keltirilibdi. Uni o'qib ko'rdimu ko'z oldimda Marsel Brion yozgan kitobdagi ma'lumotlar va 43 ta fakt go'yoki bir biriga dushman kabi urushayotgandek edi. Haqiqat esa baribir ravshan bo'lishiga umid bog'lagan holda ushbu holatga oydinlik kiritmoqchi bo'ldim. Birinchi hayron qoldirgan ma'lumot bu uning yoshligida o'tgan hodisa. Eng qizig'i bu ma'lumot oldingi o'qiganlarim bilan sira moslashmasdi. Unda Amir Temur yoshligida o'g'ri bo'lgani, bir necha qo'yni o'g'irlayotgan bir paytda cho'pon kamonidan o'q uzib oyog'i va qo'lini yaralagani va bu uni umrining oxirigacha cho'loq bo'lib qolishiga sabab bo'lganligi yozilgan. Albatta, buni tushimda o'qiganimda ham ishonmas edim. Chunki bu haqiqatga mutlaqo to'g'ri kelmaydi. Mantiqan o'ylab ko'rsak, bobomiz o'ziga to'q oiladan bo'lgan va menimcha bir necha qo'yga muhtoj bo'lmagan. Aytaylik, muhtoj bo'lgan desak ham oddiy molboqarda o'q va yoy bo'lishligiga hech kim ishonmasa kerak. Bu holat bo'lgan ham desak bu uning butun umr cho'loq bo'lishligiga sabab bo'lishi haqiqatdan anchayin yiroq deb o'ylayman. Bobomiz jang san'ati, jumladan, ot ustida yurish, kamondan o'q uzish, qilichbozlik va boshqa sirlarni yoshligidayoq o'zlashtirgani haqida bir necha tarixiy kitoblarda bayon qilingan. Loy jangidagi va Hindistonga qilgan yurishi davomida oyog'i va qo'lidan olgan jarohati tufayli shu holatga tushganligi haqidagi ma'lumotlarning o'zi tepada aytilgan aql bovar qilmas faktlarning noto'g'ri ekanligini isbotlaydi. Shunday ekan siz va biz buni ajrata olishimiz uchun tarixga sal nazar solishimizning o'zi kifoya. Tarixdan behabar insonlar esa shu kabi noto'g'ri malumotlarni o'qiganida bunga ishonishlari mumkin. Yaxshiyamki, yurtimizda maktabdayoq vatanimiz tarixi, xususan, buyuk ajdodlarimiz haqida batafsil o'rgatishadi. To'g'ri barcha davlat o'z ajdodlarini buyuk bo'lganini ta'kidlashadi. Misol uchun, Chingizxon butun dunyo uchun bosqinchi bo'lgani bilan Mo'g'uliston xalqi uchun haqiqiy qahramon. Bu holat bizning bobomiz bilan ham sodir bo'lganmikan degan savol qiynasa, keling shu bilan bog'liq holatlar haqida yoritishga harakat qilamiz. Darvoqea... Sal oldin aytgan 43 faktda yana bir qancha faktlarni (garchand bu haqiqatdan yiroq bo'lsada) keltirsam. Amir Temur juda shavqatsiz, qonxo'r, adolatsiz va bosqinchi bo'lgan degan faktni ham keltirishibdi. Bu aniq tariximizni buzishdir. Men o'qigan ma'lumotlarim to'g'ri ekanligiga shubham yo'q, chunki buni bitta manbadan o'qimadim. Amir Temurni buncha salbiy baholash uchun yetarlicha ma'lumot bo'lsagina bu tariflarni ishlatish joiz bo'lardi. Aslida tarix qanday bo'lgan? Siz tarixda boshqa davlatni hech kimga tegmasdan bosib olgan podshohlar haqida eshitganmisiz? Yoki o'ziga qarshi chiqqan jangchilarga shavqat qilib bir qoshiq qonidan kechgan qirollar haqida-chi? Birorta davlatni bitta gap bilan bosib olgan shohlar haqida men ham eshitmaganman. Demak shavqatli va mehribon podshohlar o'z yurtlaridan tashqariga chiqmasligi va hattoki o'z yurtini himoya qilishi ham qiyin holat ekanligini angladingiz deb o'ylayman. Gapimning isboti sifatida Makiavvelining ,,Hukmdor" asarida yetarlicha misol keltirilgan. Bu oldingi davrlar uchun o'rinli deb o'ylayman. Nega o'z yurti turganda boshqa yurtlarni egallaydi degan savol tug'ilgan bo'lsa demak yozayotganlarim sizni bee'tibor qoldirmabdi. Aslida Amir Temur birdaniga taxt tepasiga kelib qolmagan. U paytlar yurtimizda mo'g'ullar hukm surayotgan paytlar edi. Amir Temur esa yurtni ozod qilish maqsadida o'z tarafdorlarini yig'adi va bu ishni bir necha yillar davomida uddalaydi. O'z yurtini bosqinchilardan tozalaydi, yurtimiz ozod bo'ladi va u taxtga o'tiradi. Agar bu tarix shu bilan tugaganida, balki bobomizni hozirgidan kamroq ardoqlagan bo'larmidik? Futbolda zo'r naql bor va bu doimo o'z so'zini aytgan. ,,Eng zo'r himoya bu hujum!" Agar siz doimo himoyalanib o'tiraversangiz sizga doimo hujum bo'ladi, garchand himoyangiz qanchalikda kuchli bo'lmasin. Tarixda himoyasi bilan dong'i ketgan Troya va atrofi baland devor bilan o'ralgan Xitoyga ham hujum qilishgan. Bu hozirgi kungi siyosatda unchalik ko'p uchramas lekin ilgari barcha gegamon davlatlar doimo qaysidir davlatga hujum qilish haqida o'ylagan. Agarda Amir Temur yurtni ozod qilgach hech narsa qilmasdan himoyalanib o'tirganida, o'sha davrlarda buyuk deb sanalgan Usmoniylar Saltanati yoki hali o'z kuchini yo'qotib ulgurmagan Mo'g'ullarning navbatdagi o'ljasi sifatida Temuriylar davlati belgilanishi mumkin edi. Amir Temur buni yaxshi anglagan holda, o'z chegaralarini kengaytirish va mustahkamlash to'g'risida ko'p o'ylagani aniq. Men bot-bot takrorlagan Brionning kitobida Amir Temur qaysi davlatni qanday egallagani, nima uchun egallagani va egallash jarayonini o'zlari aytib bergandek qilib yozilgan. Uning bosqinchi ekanligini inkor etuvchi ushbu ma'lumotlarim kamlik qilsa siz uchun ajoyib sovg'am bor. Keling, Amir Temurni mashxur qilgan o'sha jang haqida gaplashamiz! Siz Anqara jangi haqida eshitganingizga shubham yo'q. Bu urush, aslida, qanday sodir bo'lgan edi? Ya'ni nega Amir Temur Usmoniylar davlatiga yurush qilgandi? Keling, buning sabablarini o'rganamiz. Amir Temur hayoti davomida faqat davlatlarni bosib olmagan. Balki, diplomatik aloqalarni ham o'z yo'liga qo'yishga urungan. U ko'plab Yevropa davlatlari bilan siyosiy tomonlama kelishishga uringan. Xususan, Fransiya qiroli Karl VI bilan yozishmalari hozirgacha mavjud va u hozirda Temuriylar muzeyida saqlanadi. Tabiiyki, Usmoniylar davlati sultoni Boyazid Yildirim bilan ham o'zaro yozishmalar bo'lgan. Afsuski, ushbu yozishmalar urush boshlanishiga qisman sababchi bo'lgan desam mubolag'a bo'lmaydi. Turk sultoni Amir Temurga yo'llagan xatida bir muncha qo'pol ohangda haqorat qilgan. Amir Temur bu haqoratni Usmoniylar ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng o'z chodirida Boyazidga eslatadi va uni kechiradi. Ba'zi manbalarda esa uni o'ldirgan deb beriladi, ammo bu haqiqatga qanchalik to'g'ri buni bilmaymiz. Lekin o'qiganim xato bo'lmasa, Boyazid kechiriladi va u Amir Temurga keyingi yurishi qayerga bo'lishini tavsiya beradi va bobomiz bilan birga yuradi. So'ng og'ir betob bo'lib halok bo'ladi deyilgan. Bu ma'lumotlar Amir Temurning vahshiyligi va qonxo'rligini inkor etadi. Bobomiz qaysi yurtni bosib olmasin urushdan avval taslim bo'lishlarini, joni va moliga tegmasligini e'lon qilganlar. Qarshilik qilganlar uchun ham shavqatsiz harakat qilmagan. Oddiy xalqning masjid-madrasa va qabristonga berkingan qismiga zarar yetkazmasligini e'lon qilib shaharni egallashga kirishadi. Natijada, bu joylarda bo'lgan oddiy xalq zarar ko'rmaydi. Amir Temur ko'pincha janglarda o'zi va farzandlari bilan oldi qatorda jang qilgan. Bu esa qo'shin ruhiyatini yanada oshirgan. Bobomizning nafaqat jang qilish salohiyati kuchli bo'lgan, balkim ular urush taktikasini ham puxta rejalashtirgan. Ko'p janglarida quyidagi sxema ishlagan. Asosiy piyoda qo'shin old qatorda, ya'ni dushman qarshisidan joy olgan. Ya'ni bu qo'shinning uchdan bir qismini tashkil qilgan. Bir qismini esa ikkiga bo'lib, ikki qanotda joylashtirgan. Bu qo'shin otliq bo'lganligi sababli, tezkorlik bilan dushman orqasigacha yetib borib dushmanni qurshovga olgan. Oqibatda orqadan kuchli zarba bergan. Qolgan bir qism zaxira vazifasini bajargan. Bu aqlli usul orqali urushda galaba ta'minlangan. Yana bir jihatni alohida ta'kidlash zarur. Amir Temur har bir yurushida 200 ming qo'shin tayyorlagan va har bir askarda ikkitadan ot bo'lishini ta'minlagan. Amir Temurning kashfiyotlari ham ko'p bo'lgan. Ularning biri, albatta, sizni lol qoldiradi. Hindistonga yurish davrida Amir Temur poroxlardan foydalanishni yo'lga qo'yadi. U avvaliga poroxni hayvon terisiga joylashtirib qal'a devorlarini buzishda foydalangan. Hayvon terilari kamyob bo'lgani sabab, boshqa usulni qo'llagan. Ya'ni loydan ko'za qilib ichiga porox joylashtiradi. Ularning soni ko'p bo'lganligi sababli, devorlarni buzish yanada samarali kechadi.Bu esa uning kuchiga kuch qo'shadi. Hindistondan ko'p fillar va olimu-ulamolar bilan qaytadi. Albatta, erishilgan boylik bu alohida qism. Ammo yurtimizda hozirgi kungacha meros bo'lib qolishiga ushbu olib kelingan odamlarning o'z o'rni bor. Misol tariqasida Samarqandda va Shaxrisabzda hozirgi kungacha o'z salobatini yo'qotmagan chiroyli binolarni keltirish mumkin. Tarixiy ma'lumotlarda keltirilishicha, Amir Temur boshqa yurtlardan olib kelgan usta va hunarmandlarning hunari evaziga Temuriylar davlati markazlari dunyoning eng ko'rkam shaharlariga aylangan. O'sha davrlarda yurtimiz dunyoning eng kuchli va rivojlangan davlatlaridan bir bo'lganligiga shubham yo'q. Amir Temurning umri jangu-jadallarda o'tmaganini bilsangiz kerak. Har holda taxtda o'tirib Hokimyatning tuzilishini tashkil etish uning burchi edi. Uning asosiy shiori ,,Kuch adolatdadir" bo'lgan. Davlat haqiqiy yetakchisiga ega bo'lgan va bobomiz odil podshoh bo'lib xalqining farovon yashashini ta'minlagan. Bobomiz ,,Temur Tuzuklari" nomli asarini yozgan va u hozirgi kunda ham yoshlarimiz uchun kerakli adabiyot vazifasini bajarmoqda. Darvoqea sizga boshida aytgan 43 faktli (men uchun safsatalar to'plami) maqolaning yana bir fakti ( safsatasi) haqida eshitishga tayyormisiz? Faqat bu fakt 43 tani ichida eng daxshatlisi deb berilibdi. Bu Bog'dodda bo'lgan voqea haqida. Ya'ni Amir Temur Bog'dodni bosib olgach, har bir askariga ikkitadan bosh olib kelishni buyuradi. Ehtimol, bo'sh qo'l bilan qaytib kelishdan havotirga tushgan Temurning askarlari dushmanlaridan boshlarini olish uchun yugurib chiqishganida vahima qilishgan va shuning uchun ular allaqachon olgan mahbuslarning boshlarini so'yib, bu kamchilikni qoplashgan. Ba'zi bir askarlar Temurning qaxridan qo'rqib, hatto o'z xotinlarini ham boshlaridan judo qiladilar. Buni ular bobomiz tarixda sodir etgan voqea sifatida ko'rsatishibdi. Bu qirg'inda 20 ming odam qirib tashlangani aytilgan. Men shu paytgacha bunaqa ma'lumotni biror manbadan o'qimadim. Bu fakt haqiqatdan yiroqligiga ishonaman xolos. Tarixda biror voqeani sodir bo'lganligini isbotlovchi manba bo'lmog'i va bu manbalarning soni bir nechta bo'lishi o'sha voqeaning qanchalik to'g'riligini ko'rsatadi. O'qiganlarim 100% to'g'ri deya olmayman. Ammo haqiqatga yaqin deb hisoblayman. Hech bir tarix hozirgacha aniq va ravshan yoritilmagan. Bunga insonlarning umri qisqaligi bilan baholansa to'g'ri bo'lar edi. Afsuski, umrimiz Turritopsis Nitrikula meduzasi singari boqiy emaski, bu tarixiy voqealarni o'z ko'zi bilan ko'rgan insonlardan asl haqiqatni eshitsak. Haqiqat esa qanchalik achchiq bo'lishi esa hech narsani o'zgartira olmas edi. Chunki haqiqatdan qanchayin qochmaylik tezligimiz Useyn Boltning tezligidan tezroq emas, balkim haqiqatning tezligi yorug'lik tezligidanda tezroqdir. Ishonch bilan ta'kidlagan ma'lumotlarim esa o'sha paytda yashab ijod qilgan o'zbek yozuvchilari va tarixchilarning qanchalik batafsil yozishlariga bo'lgan ishonchim namunasidir. Gapimga shubha qilsangiz misol keltiraman. Imom al-Buxoriyning Xadislar kitobi Islom dunyosida Qur'on Karimdan so'ng 2-kitob hisoblanadi. Xo'sh, shunday buyuk hadisshunos buyuk bobolarimizga butun dunyo ishonar ekan nega biz ishonmaylik? Axir, buyuk donishmand, sarkarda, shoir, olim-ulamolar va boshqa insonlar yetishib chiqmadimi bu yurtda? Bu vatanning tuprog'iga qoni to'kilgan ko'plab bobokalonlarimizni butun dunyo tan olib turgan bir zamonda biz bundan fahrlanishimiz darkor! Ularning xotirasini yod olib yosh avlodga qilgan buyuk ishlarini ko'rsatmog'imiz lozim. Axir, ularning sa'y-harakatlari evaziga bizgacha shunday xur vatan qolmoqda. Shu o'rinda O'zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug'aniyevich Karimovning quyidagi so'zlarini keltirishni lozim topdim. "Buyuk shaxslarni tarix yaratadi. Amir Temur bosqinchi to'dalarning Yevropa ichkarisiga qilayotgan harakatiga chek qo'yganini, boshqa tajovuzkorlik yurishlarini uzoq muddatga to'xtatib qo'yishini hozir inkor qilib bo'lmaydi. — Unga "Yevropaning xaloskori" degan ramziy unvon berilgani bejiz emas". Nima bo'lganda ham bobomiz yaratgan tarix hozirgi kungacha barchani lol qoldirishdan to'xtamayapti! Rossiyaning rivojlanishini 200 yilga tezlashtirishga sababchi bo'lgan bobomiz bilan barcha avlodlari fahrlansa bo'ladi. Ushbu fahr va iftixorning o'zi ajdodimiz tomonidan bizga qoldirilgan eng yuksak meros deb hisoblayman! O'zbegimning o'zligi uchun kurashgan ajdodlarimiz xotirasiga sharaflar bo'lsin!
Ushbu blogpost Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 9-aprel - buyuk bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temurning 684 yilligiga bag'ishlanib o'tkazilayotgan — ,,BIZ KIM TEMUR AVLODLARI" nomli blogpostlar tanlovi uchun maxsus yozildi.
Muallif: Ibodullayev Nursulton Sayfiddinovich.
Radio va Mobil aloqa fakulteti 3-kurs 419-17 guruh talabasi.