July 22, 2025

Youth Spring

Chapter - 1

Dengiz...
Ko‘k to‘lqinlar og‘ushiga o‘zimni otganimda, yuragimda nima borligini anglashdan yiroq edim. Faqat bitta narsa aniq edi — orqamda mashina g‘izillab kelayotgan, ichida esa ko‘zlarida yovuzlik balqib turgan bir erkak bor edi. U meni ta'qib qilayotgan, men esa faqat qochayotgan edim. Qayerga borishni, qanday yashashni, qayerda yashirinishni bilmay qolgan edim. Axir men hali 18 yoshga endigina qadam qo‘ygan, hayot nimaligini hali to‘la tushunib ulgurmagan, orzulari havolarda uchayotgan oddiy bir o‘smir qiz edim.

Suv... sovuq va bag‘rida sir saqlagan dengiz...
Men o‘zimni ichkariga otganimda, yuragim allaqachon yurmay qolgandek edi. Ammo ortimdan sakragan Minhyunni ko‘rganimda... yuragim yana bir bor urdi. U meni qutqarish uchun, hech ikkilanmasdan, dengizning qa'riga intildi. Biz cho‘kib borayotgan edik. Vujudimizni sovuq cho‘qqan, nafasimiz tobora qisqarib borayotgan edi. Shu on... men uni oxirgi bor quchog‘imga oldim. Bu quchoq — xo‘rlikdan emas, himoya topgandek, iloji bo‘lmasa ham, bor kuchim bilan uni asragandek edi. So‘ng... hamma narsa qoraya boshladi. Ko‘zlarim yumildi. Xotiram chalkashib ketdi. O‘tmish, hozirgi vaqt — barchasi qorong‘ulikda g‘arq bo‘ldi...

Keyin... birdaniga yorug‘lik.
Ko‘zlarimni ochdim. Oq shift, nosharaf hidi burnimga urildi. Atrof jim-jit. Shifoxonada edim. Nafasim og‘ir, tanam toliqqan edi. Hushimga kelarkanman, birinchi savol boshimda yashin bo‘lib chaqdi:
"Biz tirikmizmi..?"
Bu savolga javob topolmasdim. Axir... Minhyun suza olardi, . Men esa... men umuman suza olmayman-ku...

Ko‘zlarim bilan devorlarga, oynalarga, eshikka, hamshiralarga — atrofdagi har bir maydonga navbatma-navbat tikilarkanman, yuragimda noma’lum xavotir bor edi. So‘ng birdan... qornimda kuchli og‘riqni his qildim. Nima bo‘layapti? Bu nima edi?

Xonaga otam kirib keldi, ortidan singlim. Ko‘zlari yoshga to‘la, yuraklari ezilgan. Ular bir nima deyishayotgandi, lekin men faqat bitta savolni ayta oldim. Tilimdan faqat bitta so‘z chiqdi:
"Minhyun qani..?"

Ammo... ularning javobi meni ichimdan titratdi.
"U kim o‘zi?" deyishdi ular.
Ularning nigohi... meni hech qachon tanimagandek, bu ismni eshitmagandek edi.

Menga nima bo‘lyapti? Nega ular Minhyunni tanishmaydi? Nima men o‘tmishdamanmi? Yoki bu — men tushib qolgan sehrli dunyomi? Yo meni qandaydir kuch bu hayotdan boshqasiga ko‘chirib yubordimi?..

Barcha savollar ichimda gumburlab urilar, javob esa — sukutda g‘arq bo‘lib yotar edi.

Har qancha urinsam ham, eslay olmadim. Har bir xotira xuddi tutun singari qo‘limdan sirg‘alib chiqardi. Yodimda faqat hislar qolgan: qo‘rquv, og‘riq, va yuragimda chuqur joy olgan birgina ism — Minhyun. Balki bu tushdir, degan fikr xayolimni chulg‘adi. Ehtimol, men bu sirli, og‘ir manzaralarni shunchaki tushimda ko‘rgandirman? Axir... bu qadar dramatik holatlar real hayotda ro‘y bermasligi kerakku?

Shu o‘y bilan sekin o‘zimni chimchilab ko‘rdim. Barmoqlarim terimga botdi. Og‘riq aniq edi. Men his qilyapman... bu ro‘yoki emas. Bu haqiqat edi. Sovuq, salqin, keskin haqiqat.

Shifoxonaga qanday tushganim haqida so‘raganimda, ular aytishdi — men maktabda hushimdan ketibman. Faqat shunchaki hushdan ketgan. Ammo bu oddiy hol emas edi. Ichimda bir taxmin bor edi, bu g‘alati, tushunarsiz, hatto aqldan ozdiradigan taxmin:
"Nima bo‘ldi, men o'tmishdagi o'zimga qaytdimmi?"
Bu savol ichimni tirnab o‘tayotgan edi. Qorong‘ilik ichra men o‘z javobimni his qilgandek bo‘ldim. Ha, ehtimol bu yangi imkoniyatdir. Hayot menga o‘tmishdagi xatolarimni tuzatish, yoki ba'zi narsalarni qayta his qilish uchun imkon bergandir.

Uyga qaytganimda, yuragim gursillab urardi. Xonamga kirgan zahoti, devorga ilingan kalendarga ko‘zim tushdi. Qo‘llarim bir oz titrarkan, asta qadam qo‘yib oldiga bordim. Va ko‘rdim...

Men salkam bir yil ortga qaytgan edim.
Bu... bu bitiruv sinfning boshlanishi edi. Ayni bahor. Sinfda hali ham yangi o‘quv yili hidi, yozdan qolgan quyosh iliqligi. Bu vaqtda... bu vaqtda Minhyun hali maktabga kelmagan edi. Yana bir-ikki kun ichida u keladi. U hamon keladi. Yuragim tub-tubidan nimadir siljidi. Bu ilinjmi? Qo‘rquvmi? Yoki qayta uchrashish istagimi?

Hali bu sir ochilmagan, hali hech narsa o‘zgarmagan edi.

Shu o‘ylar bilan bo‘lib turganimda, xonam eshigi sekin ochildi.
Otam kirib keldilar.

— "Ahvoling yaxshimi, qizim? Nega nonushta qilmading? Onang har doim senga aytardi-ku: nonushta qil, deb…"
Otamning ovozida yurak bezovtaligi aralash mehr bor edi. Ammo men... hozir bu so‘zlarni eshitishga tayyor emasdim. Bu hayotda o‘zimni topishga urinayotgan chog‘imda, oddiy hayot davom etaverayotgani menga begona tuyuldi.

Men yostiqqa yuzimni bosib, orqamni unga o‘girdim. Qattiq, ammo charchagan ohangda javob qaytardim:
— "Ota... iltimos. Menga hozir tinchlik kerak. Keyinroq gaplashamiz."

Otam biroz sukut saqladi. Yuragida ko‘p narsa bor edi, ammo aytmadi. Tushundi, yoki shunchaki tushungan ko‘rindi. Xonadan sekin chiqib ketdi.

Dahye esa, hali ham xayollar qa’rida — chalkash, sirli, og‘ir fikrlar ichida suzar edi.
"Nega aynan shu yerda, aynan shu vaqtda turibman?.. Bu tasodifmi, yo bu bir imkoniyatmi?"
Uning yuragi o‘zi ham anglay olmaydigan darajada titrardi. Balki bu safar u... yomon hodisalarni to‘xtatib qolish uchun bu yerga qaytgan. Balki bu — taqdirning ikkinchi imkonidir?

Quyosh hali tong pardasini yorib chiqishga ulgurmay, Dahye allaqachon kiyinib, ko‘chaga chiqib ketgan edi. Yuragi beixtiyor uni yetaklar, oyoqlari esa qayerga borayotganini aniq bilardi — u dengiz tomon intilar edi. O‘sha sirli, og‘riqli, lekin baribir qalbining eng chuqur qatlamida muqaddas bo‘lib qolgan joyga.

Telefonini qo‘lida siqib ushlab, o‘sha kuni yuz bergan voqealarni yana bir bor ko‘z oldidan o‘tkazdi. Har bir lahza — yurakdagi cho‘g‘ni yana alanga oldirardi. Bu joyda u... birinchi marta haqiqiy sevgining nimaligini his qilgan edi. Birinchi marta yuragi shunchalik kuchli urgan edi. Endi esa, u yana shu joyga qaytayapti. Balki… Minhyunni yana ko‘radi. Tirik jon holda. Ilk marta ko‘rayotgandek.

Ammo yuragi bu quvonchni butunlay qabul qilishdan cho‘chirdi.
"Balki bu safar u bilan yaqinlashmasligim kerakdir? Balki undan uzoqda yurishim kerak? Axir... agar bu sevgi yana boshlansa, u azob chekmasligiga kim kafolat bera oladi?"

Lekin yurak… yurak boshqacha urardi. U faqat Minhyun ismini bilar edi. Uning ko‘zlari, jilmayishi, qo‘lining iliqligi — bularsiz qanday yashash mumkin edi? Yurak o‘z yo‘lini tanlab bo‘lgan edi. Ammo aql qarama-qarshi yo‘lni ko‘rsatardi:
"Agar u yana menga bog‘lansa, yana meni asrashga urinsa-chi? Agar yana bir marta… jarohat olsa-chi? Yoki undan ham yomoni…"

Bu savollar qizni ich-ichidan yeb bitirar, yuragini g‘amda ezardi. Sevgi va qo‘rquv — birday kuchli edilar. Endi u faqat yuragini tinglay olarmidi?

Maktab hovlisi...
Bu yer unga har doimgidek tanish tuyular, biroq bugun har bir burchak, har bir qadam g‘alati bo‘shliq bilan to‘lib turgandek edi. Qishda qolgan bargsiz daraxtlar ham xuddi nimanidir kutayotgandek, jim jim qarab turardi. Dahye maktab darvozasidan ichkariga kirar ekan, yuragi go‘yoki og‘ir bir sirdan ezilayotgandek edi. Har bir qadam — yurakdagi minglab savollarning aks-sadosi edi.

To‘satdan u tomon chopib kelayotgan bir qiz ko‘rindi. Yengil, sho‘x qadamlari, iliq tabassumi bilan yurakni eritar edi. Bu qiz — Semi, Dahyenin eng yaqin dugonasi, yuragining ko‘zgu singari tiniq aksidir.

— "Salom, jonginam!" — dedi Semi mehr bilan, Dahyening qo‘lidan tutdi. U do‘stining holatini bir qarashda fahmladi. Uning nigohlari charchagan, yuzi esa ohangraboday sokin va mungli edi.

Semi biroz to‘xtab, ko‘zlarini unga tikdi:
— "Hey, Daheshi... Axvoling joyidami? Nimadir bo‘ldimi?" — ovozida g‘amxo‘rlik va sezilarli xavotir bor edi.

Dahye esa bir lahza jim qoldi. Nafas oldi, yuragini bosishga urindi. So‘ng, soxta tabassum ila javob qaytardi:
— "Ha, ha... hammasi joyida. Yur, sinfga boraylik."

Uning so‘zlari oddiy eshitsa-da, ichki tovushi titragan edi. Semi buni sezdi, lekin so‘ramadi. Balki vaqt o‘tib o‘zi aytadi, deb umid qildi. U yurishlarida avvalgiday yengillik bo‘lmasa ham, yonida do‘stini qoldirmaslikka qaror qildi.

Yo‘lda yurarkan, Semi birdan kulib yubordi, va deyarli pichirlab dedi:
— "Eshitdingmi? Bugun sinfga yangi o‘quvchi kelarkan!"
Keyin sirli ohangda qo‘shdi:
— "Ismi… A, ha — Hwang Minhyun! Aytishlaricha matematika, fizika, hatto ingliz tilidan ham juda kuchli emish. Sardor aytibdi... u juda chiroyli ekan, yurish-turishidan o‘zgacha karizma ufurarkan!"

Semi kulib qo‘ydi, ko‘zlarida qiziqish porlab turardi. Bu gaplar oddiy qizlar uchun qiziq yangilik edi — lekin Dahye uchun... bu ism yuragiga yashin kabi urildi. Minhyun. Nihoyat u yaqinlashayotgan edi. Yana bu vaqt ichida, yana shu maktabda. Bu safar hammasi boshqacha bo‘lishi kerakmi? Yoki yana hammasi avvalgidek og‘riqli yakun topadimi?

Dahye bo‘sh ovozda, o‘zini tutib, javob berdi:
— "Ha... yaxshi."

Ammo yuragi... yuragi bu sodda javob ortida kuchliroq urardi.

Semi

Dahyening yuragi urardi. Yo‘q, shunchaki urmasdi — u to‘lib, gursillab, devorlarni yorib chiqayotgandek, har urishda uni esdan chiqarayotgandek edi. Har bir urish — savol, har bir urish — shubha, va har bir urish... Minhyun edi.
"Nima bo‘lsa-chi? Agar bu safar ham hammasi o‘zgarib ketmasa-chi? Yoki undan battar voqealar ro‘y bersa-chi?"
Bu yurak hali ham unga sog‘inch kuylashni buyursa-chi? Bu safar Minhyun ham uni sevib qolsa-chi? Va hammasi yana... yana boshidan boshlansa-chi?..

Dahye qanday yo‘l tutadi? Qanday yashaydi? Qanday asraydi bu yuragini? Bitta narsa aniq edi:
Agar o‘zgartirish kerak bo‘lsa — bu bugundan boshlanishi kerak edi.
Chunki hozir — hammasi hali boshlanmagan, hali hech nima yozilmagan sahifa edi...

Sinf allaqachon bolalar bilan to‘lib-toshgan. Shovqinlar, pichirlashlar, hazil aralash qiy-chuv. O‘quvchilar daftarlarini chiqarayotgan, kunni odatdagidek boshlayotgan edi. Shu vaqtda eshik ochildi.

Sinf raxbari, orqasidan esa...
U.

U kirib keldi. Tanaffus ichida kutilgan, nomi allaqachon darsliklar o‘rtasida yurib ulgurgan, hali sinfga qadam bosmasidanoq yarim maktab qizlarining e’tiborini qozongan o‘sha yigit — Hwang Minhyun.
O‘qituvchi jilmayib tanishtirdi:
— "Tanishing, bolalar. Bu bizning yangi o‘quvchimiz — Hwang Minhyun."

Sinfxonadagi havo go‘yo to‘xtadi.
Qizlarning nigohi bir nuqtaga jamlandi. Ko‘zlarida hayrat, yuzlarida yengil ilinj. Uning birgina jilmayishi yetarli edi — sinfda yengil shivir-shivir, chuqur nafaslar eshitildi.

Ammo Dahye... u bunday emasdi.
U nigohini yerdan uzmagan, qo‘llari esa etagini qattiq siqib turgan edi. U e’tibor bermaslikka, yuragini tinchlantirishga harakat qilardi. Lekin yurak — yurakni aldab bo‘lmaydi. Yuragining bir chekkasi qichqirardi:
"U! Bu u-ku!"

Biroq bu ichki to‘lqinlarga dosh berish qiyin edi. Tana aqlga bo‘ysunmay qoldi. Tiniq ovoz bilan sinfni larzaga keltirdi:
Dahye birdan joyidan turdi. Nafasi qisilib, yuragi achishib, shoshilinch harakat bilan eshik tomon yugurdi.

O‘qituvchining hayratga to‘la ovozi ortidan yangradi:
— "Seo Dahye! Qayerga boryapsan?"

Dahye qisqa javob berdi, ovozi titrar edi:
— "Ustoz, qornim og‘riyapti. Agar kelmasam, uyga ketgan bo‘laman."

So‘ng hech narsa tushuntirmay chiqib ketdi. Sinf jim bo‘ldi. Qizlarning nigohlari Minhyundan Dahyega o‘tdi. Minhyun esa... shunchaki qiz ketgan eshikka biroz uzoq tikilib qoldi.

Ikkinchi darsgacha Dahyeni hech kim ko‘rmadi. O‘qituvchilar va sinfdoshlar uni hojatxonada deb o‘ylashardi. U esa... o‘ziga vaqt bermoqda edi. Nafas olib, yuragidagi qiyomatni tinchlantirishga urinardi.

Bu orada Semi xavotirga tushdi. Yuragi do‘stining holatidan notinch edi. Telefonini oldi-da, qo‘ng‘iroq qildi:

— "Alo? Qayerdasan? Ahvoling joyidami?"

Telefonning narigi tomonida esa Dahyenin jim, ammo o‘zini bosgan ovozi eshitildi:
— "Ha, joyida. Hozir sinfga boraman."

Minhyun

Muallif- Eveille Seraphina Liora!