Ijtimoiy tarmoqlarda Sho‘rchi tumani 26-son maktab o‘qituvchilarining 2021 yilning noyabr oylik maoshidan obuna uchun majburiy ravishda pul ushlab qolinayotganligi yuzasidan tuman adliya bo‘limi o‘rganish o‘tkazdi!
Ijtimoiy tarmoqlarda Sho‘rchi tumani 26-son maktab o‘qituvchilarining 2021 yilning noyabr oylik maoshidan obuna uchun 10 foizdan majburiy ravishda pul ushlab qolinayotganligi, ushlab qolingan summa borasida to‘lov qaydnomasi to‘ldirilmayotganlig va obunaga rozi bo‘lmaganlarga ishdan ketish tahdidi bo‘layotganligi haqidagi xabarlar joylashtirildi.
Ushbu holat bo‘yicha Sho‘rchi tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish davomida tumandagi 26-son maktab o‘qituvchilari
2021-yilning noyabr oyida o‘z roziligi bilan obuna uchun pul berganligi, bu to‘g‘risida to‘lov qaydnomasi tuzilganligi, to‘lov qaydnomasidagi imzolar o‘zlari tomonidan bajarilganligi, obuna borasida hech qanday majburlov choralari ko‘rilmaganligi, bu borasida ishdan ketish bilan bog‘liq tahdidlar bo‘lmaganligi, ixtiyoriy obuna bo‘lishganligi hamda hech kimga nisbatan e’tirozi yo‘qligi ma’lum qilishgan.
Shuningdek, ushbu maktab direktori Z.Valiev o‘zining tushuntirish xatida 2021-yilning 20-noyabr kuni maktabda o‘tkazilgan yig‘ilishda 4 ta masala ko‘rib chiqilganligini, jumladan ixtiyoriy obuna masalasi ham ko‘rib chiqilib, 76 nafar o‘qituvchi va xodimlardan 49 nafari Sho‘rchi tumanining “Jarayon”, viloyatning “Surxon tongi”, “Ma’rifat” gazetalari va o‘zlarining fanlari bo‘yicha jurnallarga obuna bo‘lishga rozilik bildirishganligi aytildi.
Bo‘lib o‘tgan yig‘ilish bo‘yicha bayon tuzilib, unda o‘qituvchi va xodimlar
2021 yilning noyabr oyi ish haqisining bir qismi naqd pul shaklida ixtiyoriy ravishda obuna uchun berishganligi, bu borada biron bir tahdidlar qilinmaganligi, obuna bo‘lish holati ixtiyoriy ravishda amalga oshirilganligini ma’lum qilinib, 2021 yilning 20 noyabr kunidagi 13-son yig‘ilish bayonini tuman adliya bo‘limiga taqdim etilgan.
Bundan tashqari, tuman adliya bo‘limi tomonidan Sho‘rchi tumanidagi 26-maktab direktoriga mehnat haqidan xodim roziligisiz ushlab qolish O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 49-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlik keltirib chiqarishi, kelgusida qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohnoma kiritildi.