Oʼzbekistonning maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʼgʼrisidagi qonun yangi tahrirda qabul qilinadi.
Qonunchilik palatasiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasining “Oʼzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʼgʼrisida”gi qonuni loyihasi kiritildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Devoni masʼul xodimi Аzmiddin Naimovning yozishicha, “Oʼzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi toʼgʼrisida”gi Qonun 1996 yilda qabul qilingan boʼlib, bugungi kun talablariga javob bermay qolgan.
31 moddadan iborat amaldagi qonunning 15 ta moddasi bugungi kunda oʼz kuchini yoʼqotgan.
Аmaldagi qonunga koʼra, maʼmuriy-hududiy tuzilish bilan bogʼliq masalalarda davlat organlarining vakolatlari, davlat boshqaruvi organlarining maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalaridagi ishtiroki koʼrsatilmagan edi.
Yangi ishlab chiqilgan “Oʼzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasining qonuni loyihasi 9 ta bob va 46 ta moddani oʼz ichiga oladi. Oʼzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishining asosiy taomillarini belgilash, Oʼzbekiston Respublikasining maʼmuriy – hududiy tuzilishining tarkibiy qismlarini qonuniy normalar orqali mustahkamlash, maʼmuriy – hududiy tuzilish masalalarining davlat tomonidan tartibga solinishini amalga oshiruvchi organlar va ularning vakolatlarini belgilash qonun loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi. Loyihada davlat organlarining vakolatlari alohida moddalarda belgilanmoqda.
Аmaldagi qonunda maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini bosqichma-bosqich hal etish tartibi koʼzda tutilmagan boʼlib, qaror qabul qiladigan organni belgilash bilan cheklanilgan xolos. Shuningdek, qaror qabul qilish jarayonida kelib tushgan takliflarni ekspertizadan oʼtkazish masalalari batafsil koʼrsatib oʼtilmagan edi. Yangi tahrirdagi qonun loyihasida esa maʼmuriy-hududiy tuzilish bilan bogʼliq masalalarni bosqichma-bosqich hal etish tartibi belgilab qoʼyilmoqda.
Loyihada maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish uchun tayyorlanadigan hujjatlar roʼyxati aniq keltirilib, taklifni qabul qilish natijasida kelib chiqadigan xarajatlar va ularni qoplashning manbalari koʼrsatilishi kabi masalalar oʼz aksini topmoqda.
Bundan tashqari, amaldagi qonunda davlat organlarining maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini koʼrib chiqishda va yuqori tashkilotga takliflarni yuborishda muddatlar belgilab berilmagan edi. Yangi tahrirdagi qonun loyihasida davlat organlarining maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʼyicha iltimosnomalarini koʼrib chiqish va yuqori tashkilotga takliflarni kiritish muddatlari aniq qilib koʼrsatilmoqda.
Bildirilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi Oʼzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi sohasidagi huquqiy normalarni samarali amalga oshirishni taʼminlaydigan taʼsirchan mexanizmlarni joriy qilish, maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini bosqichma-bosqich qaror qabul qilish va davlat ekspertizasidan oʼtkazishning aniq tartiblarini joriy etish hamda maʼmuriy-hududiy birliklar va aholi punktlari Davlat reestrini yuritish mexanizmlarini belgilash imkoniyatini beradi.
Surxondaryo viloyati Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, Surxondaryo viloyati Yer tuzish va ko'chmas mulk kadastri davlat korxonasi Axborot xizmati
Manba: Kun.uz