“E-qaror” elektron tizimi orqali adliya organlari tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari doimiy monitoring qilinmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 218-son qaroriga muvofiq, adliya organlariga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini faqat “E-qaror” elektron tizimi orqali doimiy monitoringini olib borish vazifasi yuklatilgan.
Surxondaryo adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, “E-qaror” elektron tizim ishga tushgandan boshlab hozirgi kuniga qadar hokimliklar tomonidan ayrim noqonuniy qaror va farmoyishlar qabul qilganligi aniqlandi.
Noqonuniy qarorlar tahlil qilinganda, eng ko‘p noqonuniy qarorlar qurilish ishlariga oid bo‘lib, hokimlarning vakolati bo‘lmasada, obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish, loyiha hujjatlarini tayyorlash, qurilishga ruxsat berish, ko‘chmas mulkni foydalanishga qabul qilish yuzasidan qabul qilingan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-son qaroriga asosan obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish, loyiha hujjatlarini tayyorlashga, qurilishga ruxsat berish, ko‘chmas mulkni foydalanishga qabul qilishga Davlat xizmatlari markazlari orqali xizmat ko‘rsatilishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu qaror bilan jismoniy va yuridik shaxslarning qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish tartibi belgilangan bo‘lib, unda hokimlarda bino va inshootni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati mavjud emas.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-son qarori bilan tasdiqlangan "Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga asosan 2018 yil 18 maydan boshlab qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish haqida dalolatnoma mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat sifatida keltirilgan.
Yer kodeksining 5-moddasida yer munosabatlarini tartibga solish sohasida viloyatlar, Toshkent shahar davlat hokimiyati organlarining vakolatlari jumlasiga kiradigan boshqa masalalarni hal qilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmonining 13-bandida huquqiy ekspertiza yakuni bo‘yicha hududiy adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjudligi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer munosabatlariga doir hujjatlarni qabul qilishning majburiy sharti hisoblanishi belgilangan.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 218-son qarori ijrosi yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “E-qaror” elektron tizimi orqali mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari doimiy monitoring ishlari amalga oshirilishi natijasida tuman (shahar) hokimliklari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga yer maydonlari ajratish, yuridik shaxslar tasarrufiga berish va yer maydonlarini hokim zaxirasi olish kabi noqonuniy qarorlarning qabul qilinishi oldi olinmoqda.