Bayrog'im-g'ururim!
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir. Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrdagi 407 XII sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan. Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o‘rtasidan 75x30 santimetrga teng to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adigan qilib joylashtirilgan. Oq rangli yangi oy vertikal holatda do‘ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo‘lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig‘adi. O‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig‘adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o‘rta qatorda to‘rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i bilan bir vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tarilganda, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i (binoning old tomoniga qarab turganda) chap tomondan ko‘tarilishi kerak. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i bilan bir vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tarilganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘lchamidan katta bo‘lmasligi kerak, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ko‘tarilish balandligi esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ko‘tarilish balandligidan past bo‘lmasligi kerak. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i bilan bir vaqtda xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari ko‘tarilganda O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro huquq normalariga va diplomatik protokol qoidalariga muvofiq ko‘tariladi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari bilan bir xil balandlikda joylashtirilishi hamda bir xil o‘lchamga ega bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini hurmat qilishlari shart. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.