October 23, 2025

Savolga javob.

Savol: "Yer planetasi rivojlanishda davom etar ekan u o'zini so'nggi mukammal idealogiyasiga erishib boraveradi. Sizni tasavvuringizda yaqin yillarda dunyo qanday idealogiya asosida shakllanadi?"
Qisqa javob: "Katta ehtimoli bilan Islom. Iso a.s kelgach yagona bir idealogiya qoladi."

Batafsil: "Katta ehtimoli bilan Islom" Chunki hozirgi dunyo sahnasida eng yirik g‘oyaviy tizimlar, xususan liberalizm, kapitalizm va feminizm ichki ziddiyatlari va ikkiyuzlamachilikdan qulayapti..

Liberalizm inson erkinligini mutlaq qadriyat sifatida ilgari surdi, ammo u erkinlikni ma’naviy tayanchsiz qoldirdi. Kapitalizm esa insonni ishlab chiqarish mashinasining bir vintiga aylantirdi. Har kim o‘zini ta’minlashga majbur, hatto bu uning insoniy tabiati va ruhiy muvozanatiga zid bo‘lsa ham. Ayniqsa, yuqori darajada kapitalistik va feminist jamiyatlarda ayollar hayotining og‘irligi yaqqol sezilmoqda. Ular tarixda erkak zulmiga qarshi kurashgan, lekin endi iqtisodiy majburiyatlar zanjiriga bog‘lanib, erkaklar bilan bir xil mehnat yukini ko‘tarishga majbur bo‘lishdi. Bu esa ularni jismonan ham, ruhiy jihatdan ham charchatmoqda.

Shu sabab, ko‘plab zamonaviy ayollar Islomni tanlamoqda. Bemalol statistikaga qarab ko'rishingiz mumkin, g‘arb davlatlarida Islomni qabul qilayotganlarning katta qismi ayollar. Sababi oddiy: Islom ayolni nafaqat sha’n va erkinlik bilan ta’minlaydi, balki uni iqtisodiy majburiyatlardan ham ozod qiladi. Ayol Islomni qabul qilgach, u nafaqat o‘z hayotini, balki atrofidagi insonlarning dunyoqarashini ham o‘zgartiradi.

Tarix ham bu jarayonni tasdiqlaydi. 11-sentyabr voqealari musulmonlar zimmasiga yuklangan bo‘lsa-da, aynan shu hodisa orqali butun dunyo Islom haqida eshitdi, o‘yladi va izlandi. Falastin masalasi esa Islom g‘oyasining qanchalik qat’iy va barqaror ekanligini ko‘rsatdi. Resurssiz xalq bo'lsada axloqini saqlab qoldi va o'zidan 1000 barobar zulmkorga qarshi dadil tura oldi.

Falsafada "Inson axloqi resursga bog‘liq. Resurs yo‘qolganda, axloq o‘zini o‘zi yo‘q qiladi. U faqat resurs ortiqcha bo‘lgandagina mavjud." degan fikr mavjud. Har qanday axloqiy nazariya inqirozda sinaladi. Ammo Islom bu nazariyani rad etadi: G‘azo misolida ko‘ramizki, resurs yo‘q bo‘lsa ham, e’tiqodli inson axloqdan voz kechmaydi. Demak, Islom axloqni moddiy sharoitga emas, ruhiy mustahkamlikka tayanadi.

Shuning uchun ehtimol, insoniyat yangi bosqichga kirar ekan, Islom idealogiyasi eng asosiy g‘oyaviy markaz sifatida maydonga chiqadi. Chunki bu din nafaqat siyosiy yoki iqtisodiy tizim, balki inson mohiyatini qayta anglashga chorlaydigan ruhiy tizimdir.

"Iso a.s kelgach yagona bir idealogiya qoladi." Bu yerda men qiyomat alomatlarini nazarda tutgan edim. Ya'ni qiyomatga yaqin yajuj-majujlar chiqishi va Dajjol fitnasiga qarshi Iso alayhissalom kelishi va ularni yengach dunyoda faqat bitta islom e'tiqodi qolishi haqidagi ma'lumotga asoslangan edim.