May 16, 2025

Nega ayollarni ijtimoiy tarmoqlarda aldash osonroq? 👩‍💻💔

So‘nggi bir necha oy ichida ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlik qurboniga aylangan ayol-qizlar haqidagi holatlarga tez-tez duch kela boshladim. Bu esa menda "nega aynan ayollarni aldash osonroq?" degan savolni paydo qildi.

Mazkur savolga javob topish uchun internetda bir qancha ilmiy maqolalar, statistik ma’lumotlar va tadqiqotlarni ko‘zdan kechirdim. E’tiborim Buyuk Britaniyaning “Action Fraud” saytida e’lon qilingan “Our Research and Statistics on Romance Fraud” tadqiqotiga tushdi. Bu tadqiqot romantik firibgarlik – “Romance Scam” deb ataluvchi ijtimoiy tarmoqdagi yolg‘on munosabatlar orqali odamlarni aldash bo'yicha chop etilgan tadqiqot maqolasi edi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, romantik firibgarlik qurbonlarining 63 foizini ayollar tashkil etar ekan. Ya’ni, har 10 ta aldanilgan insonning kamida 6 nafari – ayol.

Bu ko‘rsatkichlarning ortida esa chuqur psixologik omillar yotadi. Quyida firibgarlar aynan ayollarni nishonga olishining asosiy sabablarini keltirib o'taman.


1. Aql bilan emas, hissiyot bilan qaror qabul qilish

Ko‘plab ayollar qarorlar qabul qilayotganda, aqliy tahlildan ko‘ra, hissiyotlar va intuitiv hislarga tayanishadi. Bu esa firibgarlar uchun “eshikni ochib berish” bilan barobar. Aynan shuning uchun romantik munosabatlar orqali aldash eng samarali usulga aylangan.

Yechim: Sizga romantik munosabat taklif etayotgan har bir shaxs haqida aniq ma'lumotlarga ega bo'lmay turib, unga ishona ko'rmang!


2. Yordam berishga ishtiyoqi balandligi

Ayollar odatda yordam ko‘rsatish, boshqalarga mehribonlik qilishga moyil bo‘lishadi. Bundan esa ustalik bilan foydalanib, o‘zlarini muhtoj, yolg‘iz yoki qiynalayotgan inson sifatida ko‘rsatib, rahm-shafqat orqali ayollarni aldashga urinadilar.

Yechim:
Sizdan agar pul bo'yicha yordam so'rashsa miqdori va kim ekanligi muhum. Agar begona odam yordam sifatida katta pul so'rasa imkon qadar inkor qilgan yaxshi.


3. Mahsulot sotib olishga qiziqish yuqori bo'lishi va arzon mahsulotlar ularning e'tiborini tortishi

Online xaridlar borasida ayollar ko‘pincha chegirma, aksiya va arzon narxlardagi mahsulotlarga qiziqish bildiradilar. Shaxsan mening yaqin tanishlarim bu firibgarlikka aldanishiga oz qolgan edi.

Yechim: Faqatgina ishonchli bo'lgan marketlardan savdo qiling. Faqatgina Play market yoki App store dasturlaridan yuklangan "uzum, yandex, zoodmall va h.k." ilovalar orqali mahsulot sotib oling. Aslo telegram yoki google browser orqali market dasturlarini yuklab yoki begona havola ustiga bosib mahsulot sotib olmang! Mobodo buyurtma bergan bo'lsangiz ham mahsulotni qo'lingizga olmaguncha to'lov qila ko'rmang hattoki 10% qismini ham!