Unutgan yurak
Seul shahrining sokin kechalaridan biri. Shaharning chaqnayotgan chiroqlari orasida, yuragida javobsiz savollar va g‘alati tushlar bilan yashayotgan bir qiz bor edi — Ara. 28 yoshda, tarjimonlik sohasida muvaffaqiyatli ishlaydi. Har kuni turli tillar orasida sayohat qiladi, lekin bir tilda — hislar tilida — u hali ham adashgan edi.
So‘nggi oylarda uni bir xil tush ta’qib qiladi. Har safar bir xil yigit: qora sochli, keskin nigohli, yuragi bilan gapiradigan, ammo yuzini aniq ko‘ra olmaydigan... Ammo bu yigitni Ara tushida ko‘rganida yuragi tinchlanadi. U o‘sha yigitga hech qachon duch kelmaganiga ishona olmaydi — negadir qalbi uni taniydi.
Tushdagi yigitning ovozi doim bir xil so‘zlarni takrorlaydi:
"Men seni himoya qilaman... hatto eslamasang ham."
Ishxonada Ara yangi mijoz bilan shug‘ullanyapti — qadimiy yozuvlar tarjimasi. Bu til hech qanday zamonaviy tilga o‘xshamaydi. Uning ildizi sehrga yaqinroq. Har bir belgini o‘qiganda yuragida g‘alati allaqanday o‘zga kuch uyg‘onayotgandek bo‘ladi.
Ara bir kecha stolda qolib ishlayotganda, u hushini yo‘qotadi. Ko‘z oldida yana o‘sha yigit. Unga qo‘l uzatadi.
"Ara... esla meni."
Ara uyg‘onadi. Qo‘llari titrayapti, yuragi esa g‘oyat tez urmoqda. Bu shunchaki tush emasligiga endi ishonch hosil qilgan edi.
Ertasi kuni tong. Ara yo‘lida bir necha soniyalik ko‘z urishtiradi — notanish yigit bilan. Bu yigit aynan o‘sha tushidagi qahramon! Nigohi o'tkir, yuzida tanishlik bor. U hech nima demaydi. Shunchaki qaraydi… va yo‘qoladi.
Ara qotib qolgan. Yuragida hayqiriq.
"Bu imkonsiz... bu faqat tushimdagina bor edi..."
Ammo bu faqat boshlanish edi. Taqdir allaqachon harakatga kelgan, va unutgan yurak yana seza boshlagan edi...
Ara o‘sha kuni ishga odatdagidan erta bordi. Yuragida allaqanday titroq bor edi. Kechagi ko‘z urishtirish, tushlari va u ishlayotgan qadimiy til orasida qandaydir bog‘liqlik borligini his qilayotgan edi. U ko‘pchilikka aytolmaydi, lekin yuragi — yuragi allaqachon bir haqiqatni tan olgan: u yigit haqiqatda bor.
Stol ustidagi qadimiy hujjatlar orasida bir parchani topdi. U yerda yozilgan belgilar titrayotgandek tuyuldi:
"Unutuv – bu himoya. Lekin yurak hech qachon aldamaydi."
Ara bu so‘zlarni tarjima qilgan zahoti ko‘z oldida yorqin chaqnash — yana o‘sha yigit, yana o‘sha nigoh. Bu gal u jimgina turmasdi. Unga yaqinlashayotgan edi.
Tongda ichki bir istak uni noma’lum kvartalga boshladi. U bu ko‘chada hech qachon bo‘lmagan, lekin yuragi bu yo‘lni yaxshi bilardi. Shu payt oldidagi eski, ammo sirli ko‘rkam kafeni ko‘rdi. Ichkariga kirishga ikkilanar edi... ammo ichkaridan kimdir chiqib keldi.
U – Raien edi.
Ammo u boshqa odamga o‘xshardi. Tashqi ko‘rinishida hech qanday o‘zga dunyo belgisi yo‘q. U oddiy kiyimda, ammo nigohi – ko‘hna ming yillik sirlar og‘ushida. U Ara’ga tikildi. Qarashlari... bir vaqtlar unga ham, o‘tmishiga ham tegishli edi.
Ara yuragini ushladi. Nafasi qisildi.
Raien unga bir soniya tik qarab, past ovozda shunday dedi:
— Sen bu yerga o‘zing kelding... demak yuraging hali ham yo‘ldan adashmagan.
Ara hayratda.
— Siz... meni taniysizmi?
Raien kulimsiradi, lekin hech nima demadi. Orqasini o‘girib ketdi. Ara ortidan yurishga jur’at etolmadi.
Kechqurun Ara yana tush ko‘rdi. Bu safar u juda tiniq edi. Ularning ikkalasi... birgalikda. Qadimiy hovlida. Raien unga qarab shunday dedi:
— Men seni yo‘qotishni istamagan edim. Shu bois esingdan o‘chirdim... Lekin yuraging meni tanlab bo‘ldi.
Ara uyg‘ondi. Ko‘zlari yoshga to‘la.Va o‘sha payt... deraza ortida kimdir turganini sezdi. U yugurib ko‘zdan qaradi.
Bo‘sh... ammo havoda – tanish sokinlik bor edi.