📌 «Super kontrakt» narxi qancha va kimlar uchun?
Test natijalari chiqishni boshlagach, abituriyentlardan qo‘shimcha kontrakt (xalq tilida "super kontrakt") haqida savollar ko‘paydi. Shularni inobatga olib, qo‘shimcha kontrakt haqidagi ayrim savollarga javob berishga harakat qilaman.
⁉️ Qo‘shimcha kontrakda o‘qish uchun necha ball olish kerak? Farqi yo‘q. Testga kirgan bo‘lsa, kifoya. 1 ball olgan bo‘lsa ham, qo‘shimcha kontraktda o‘qishi mumkin. Faqat narxi baliga qarab farq qiladi.
⁉️ Qo‘shimcha kontrakda o‘qishni xohlaganlar qachon ariza berish kerak? O‘qishga kira olmagan abituriyentlar qo‘shimcha kontraktda o‘qish uchun test natijalari e’lon qilingandan boshlab 1 oy ichida ariza berishi kerak.
⁉️ Ariza qayerga beriladi? Qo‘shimcha kontraktda o‘qish istagida bo‘lganlar OTM rektori nomiga ariza beradi.
⁉️ Beshta yo‘nalishdan qaysi birida o‘qish mumkin? O‘tgan yili istalgan 3 ta yo‘nalishdan birida super-kontraktda o‘qishga ruxsat berilgandi. Joriy yilda ham istalgan beshta yo‘nalishdan birida o‘qishga ruxsat berilsa kerak.
⁉️ Qo‘shimcha kontraktning narxi qancha? Qo‘shimcha to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
✅ 1-toifa
Kirish chizig‘iga 4 ball yetmaganlar nisbatan ancha arzon kontrakt to‘laydi. Jumladan:
1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun - 1,5 barobar;
1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,0 barobar;
2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun - 2,5 barobar;
3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun - 3,0 barobar.
Masalan, kirish bali 140 bo‘lgan deylik. 139 ball to‘plagan abituriyent kontraktning 1,5 barobarini to‘laydi. Masalan, asli 10 mln so‘m kontrakt bo‘lsa, 15 mln so‘m to‘lasa kifoya.
138,9 ball olgan abituriyent esa 2 barobarini to‘laydi, ya’ni 20 mln so‘m. Va h.k.
✅ 2-toifa
56,7 balldan ko‘p to‘plagan, lekin kirish chizig‘iga 4 balldan ko‘proq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan oshiq miqdorda to‘laydi.
Masalan, yana o‘sha kirish 140 ball bo‘lgan yo‘nalishni misol olsak, 135,9 balldan kam 56,7 balldan ko‘p to‘plaganlar 2-toifaga tushadi.
Joriy yilda 2-toifa uchun narxlar hali tasdiqlanmadi. Shuningdek, joriy yildan super-kontrakt narxlarini OTMlar o‘zlari belgilashadi.
✅ 3-toifa 56,7 balldan kam to‘plaganlar (masalan, 1 ball bo‘lsa ham) 2-toifadagi super-kontrakt miqdorining 2 barobarini to‘lab o‘qishlari mumkin. Masalan, oddiy super-kontrakt 15 barobar bo‘lsa, 56,7 balldan kam to‘plaganlar 30 barobar to‘lab, super-muper kontraktda o‘qishi mumkin.
⁉️ Qo‘shimcha kontrakt har yili to‘lanadimi yoki bir marta? Bir marta to‘lanadi. 1-o‘quv yilini tugatgandan so‘ng keyingi yillarda el qatori oddiy kontraktni to‘lab o‘qishadi.
⁉️ Magistraturada ham qo‘shimcha qabul bormi?
Ha, bor. Faqat magistraturada bakalavrga o‘xshab tabaqalashtirilgan qimmat kontrakt to‘lanmaydi, oddiy kontrakt narxi qancha bo‘lsa, qo‘shimcha qabul qilingan magistrlar ham shuncha to‘lashadi.
⁉️ Super-kontraktni bo‘lib-bo‘lib to‘lasa bo‘ladimi? O‘tgan yili super-kontraktni yil davomida ikkiga bo‘lib yoki hattoki oylarga bo‘lib to‘lash imkoniyati ham berilgan edi. Joriy yilda ham berilsa kerak.
⁉️ Super-kontrakt uchun ta’lim krediti olsa bo‘ladimi? Yo‘q, super-kontrakt uchun ta’lim krediti berish amaldagi qonunchilikda belgilanmagan. Lekin banklar bozor narxlarida o‘z kreditlarini taklif etishi mumkin.
‼️ ESLATMA: 10 yoki 20 barobar degani bu eng kam oylik ish haqiga nisbatan emas, o‘sha yo‘nalishdagi stipendiyasiz kontrakt narxiga nisbatan. Ya’ni stipendiyasiz kontrakt 7 mln so‘m bo‘lsa, 10 barobar bo‘lganda qo‘shimcha kontrakt uchun 70 mln so‘m to‘lanadi.
(c) Xushnudbek Xudayberdiyev
🎓 @TalabaYoshlar - Ўзбекистон талабалари саҳифаси 👉O‘zbekiston talaba-yoshlari kanaliga ulanish👈