October 11, 2020

Magistratura talabalari o‘qish davomida ishlashi mumkinmi?

Hozirgi kunda ko‘plab talabalardan bir savol tushmoqda, ya’ni talabalar qonuniy mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkinmi? Albatta, ishlashlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi bo‘yicha bunga hech qanday cheklov mavjud emas. Fikrimizni quyidagicha asoslaymiz. Mehnat kodeksining (keyingi o‘rinlarda MK) 77-moddasiga ko‘ra, o‘n olti (16) yoshga to‘lgan har bir shaxs mehnat qilish huquqiga ega.

Yoshlarni mehnatga tayyorlash uchun umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘iga hamda ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan, ta’lim olish jarayonini buzmaydigan, yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun — ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash haqidagi 9-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami №1222, 22.02.2003) 50-bandiga muvofiq kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida oliy o‘quv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkinligi belgilangan. Bundan kelib chiqadiki, talabalar bemalol ishlashlari mumkin. Lekin mehnat qonunchiligiga ko‘ra, talaba faqat ta’limdan bo‘sh vaqtida ishlash huquqiga ega. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, talabaning asosiy mashg‘uloti bu bilim olish hisoblanadi. Ya’ni, ta’lim olish ustuvor vazifa bo‘lishi lozim.

Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi. Ya’ni, agar talaba ishlashi mumkin bo‘lsa, u to‘liq 1 stavka ishlaydimi yoki faqat 0,5 stavka ishlashi mumkinmi? Yuqorida aytganimizdek, talaba faqat o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashi mumkin. MK 115-moddasiga muvofiq xodimning ish vaqti haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, 6 kunlik ish haftasi joriy etilgan korxona, muassasa, tashkilotlarda kunlik 7 soat, 5 kunlik ish haftasi joriy etilganlarda esa ish vaqti kunlik 8 soatdan ortiq bo‘lmasligi shart. Shuningdek, ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati o‘n ikki soatdan kam bo‘lishi mumkin emas (MK 128-moddasi). Agar talabaning bo‘sh vaqti yetadigan bo‘lsa, unga to‘liq stavka ishlashiga hech qanday to‘sqinlik mavjud emas.

Bundan tashqari, ish beruvchi ishni ta’lim bilan birga qo‘shib olib borayotgan xodimlar uchun bir qator imtiyozlar berishi lozim. Jumladan, MK 249-moddasiga muvofiq ta’lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlar mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan tartibda:
• ish joyidan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’tilga chiqish; • qisqartirilgan ish haftasi sharoitida ishlash va boshqa imtiyozlar olish huquqiga egadirlar.

Yana bir muhim imtiyoz bu talabalarning yillik ta’tillarini hisobga olgan holda ish beruvchi ushbu toifadagi xodimlarga ularning xohishiga ko‘ra imtihonlar va sessiyalar vaqtiga to‘g‘rilab berishi lozimligidir (MK 253-modda).

Bilamizki, so‘ngi bosqich talabalari davlat imtihonlari (GOS) va diplom ishlari uchun ancha muddat tayyorgarlik ko‘rishadi. Shuning uchun qonunchilikda talaba – xodimlar uchun yana bir imtiyoz bergan. Ya’ni, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olayotgan xodimlar diplom loyihasini (ishini) bajarish yoki bitiruv imtihonlari topshirishdan oldingi o‘n o‘quv oyi davomida mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun olti kunlik ish haftasi bo‘lganda haftada bir kun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etiladilar. Ish haftasi besh kunlik bo‘lsa, ishdan ozod etiladigan kunlar miqdori ish smenasining muddatiga qarab o‘zgaradi, ishdan ozod etiladigan soatlar miqdori esa saqlanib qoladi (MK 255-modda).

Bundan tashqari, sirtdan va kechki shaklda ta’lim olayotganlar uchun ham alohida imtiyozlar belgilangan. MK 256-moddasiga ko‘ra, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida sirtdan ta’lim olayotganlarga har yili kamida o‘ttiz kalendar kun; uchinchi va undan keyingi kursda ta’limning kechki shaklida oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotganlarga har yili kamida o‘ttiz kalendar kun, o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olayotganlarga har yili kamida yigirma kalendar kun, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida sirtdan ta’lim olayotganlarga esa, har yili kamida qirq kalendar kun; oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida bitiruv imtihonlarini topshirish davrida kamida o‘ttiz kalendar kun; diplom loyihasini (ishini) tayyorlash va yoqlash davrida oliy o‘quv yurti talabalariga to‘rt oy, o‘rta maxsus o‘quv yurti talabalariga esa ikki oy muddat bilan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha ta’tillar beriladi.

Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining oxirgi kurslarida o‘qiyotgan xodimlarga diplom loyihasiga materiallar to‘plash uchun o‘ttiz kalendar kun muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi. Mazkur ta’til davrida talabalar va o‘quvchilarga umumiy asoslarda stipendiya tayinlanadi.

Ko‘pchilik ushbu imtiyozlar qo‘shni davlatlar, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda sirtdan ta’lim olayotganlar uchun ham amal qiladimi deb so‘ramoqda? Yuqoridagi normalar qo‘shni respubliklarda sirtdan ta’lim olayotganlar uchun ham tatbiq qilinadi.

Ushbu maqolani o‘qiyotganlar yana bir savol tug‘ilishi mumkin, ya’ni imtiyozlar faqat talabalar uchunmi? Abiturentlarchi? Mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan abiturentlar ham ko‘pchilikni tashkil etadiku, ularga ham biror imtiyoz mavjudmi? Ha, albatta, mavjud. MK 254-moddasiga ko‘ra, kirish imtihonlari topshirishga ruxsat etilgan xodimlarga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun kamida o‘n besh kalendar kun, muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi, o‘quv yurtlari joylashgan yerga borish va qaytib kelish vaqti bu hisobga kirmaydi. Demak, ish beruvchiga xodimga OTMga hujjat topshirish va imtihondan o‘tish uchun sharoit yaratib berish majburiyati yuklatilgan.

Hozirda ish beruvchilar tomonidan juda ko‘p takrorlanadigan jumla bu “sizni uch yoki to‘rt oylik sinov muddati bilan ishga olaman. Agar sinovdan o‘tsangiz ishni davom ettirishingiz mumkin”. Xo‘sh, amaldagi mehnat qonunchiligida sinov muddati haqida qanday qoidalar belgilangan? Demak MK 85-moddasiga muvofiq dastlabki sinov muddati uch oydan ortiq bo‘lmasligi lozim.

Yana bir muhim jihat shuki, sinov davrida xodimlarga mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va korxonada o‘rnatilgan mehnat shartlari to‘liq tatbiq etiladi. Dastlabki sinov davri mehnat stajiga kiritiladi. Ya’ni, sinov muddatida ishlayotgan xodimlar mehnat haqi, mukofotlar va boshqa qo‘shimcha to‘lovlarni to‘liq shaklda oladi.

Shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining hamda oliy o‘quv yurtlarining tegishli ta’lim muassasasini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilari ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi. Shunday ekan, agar ish beruvchi sizga sinov muddati haqida gapirganda unga o‘z huquqingizni eslatib qo‘yishni unutmang!

Yuqoridagi fikr-mulohazalar asosida xulosa qiladigan bo‘lsak, OTM talabalari qonuniy mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkin. Ushbu maqolani o‘qigan talabalarda savol tug‘ilishi tabiiy. Ya’ni, talaba ish so‘rab borsa-yu, ish beruvchi uni ishga olishdan bosh tortsa, unda talaba qanday yo‘l tutishi kerak. MK 78-moddasiga ko‘ra ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasiga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi (bazaviy hisoblash miqdori -223 ming so‘m). Shuningdek, MK 78-moddasiga ko‘ra ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, murojaatchining talabi bilan ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etishning sababini asoslab uch kun muddat ichida yozma javob berishi shart, bu javob ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan bo‘lishi lozim. Bizga ma’lumki, ish beruvchi ayollarga qaraganda erkaklarni ishga qabul qilishni afzal ko‘radi. Buning sababi ayol xodimlarning homiladorlik va tug‘ish, shuningdek uch yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarishlash uchun ta’tilga chiqishi hisoblanadi. Shuning uchun ish beruvchi ayollarni ishga olishni xohlamaydi. Qonun chiqaruvchi mazkur sabablarni hisobga olgan holda ayollarning huquqlari himoya qilishni qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘ygan. Fikrimizni quyidagicha asoslaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 148-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, ayolni homiladorligi yoki yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan g‘ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo‘shatish — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Qizlar aksariyati talabalik davrida turmush quradi va buning oqibatida ishga kirishda ko‘plab to‘siqlarga uchraydi. Shuning uchun ham mazkur normadan talaba qizlarimiz xabardor bo‘lib olishsa, koni foyda.

Shunday ekan agar ish beruvchi sizni o‘zida muvjud bo‘sh ish o‘rniga ishga olishni rad etsa, undan qanday asoslarga ko‘ra rad etganligini yozma ravishda javob berishini talab qiling va ish beruvchi sizni g‘ayriqonuniy ravishda ishga olishni rad etgan taqdirda, shu hududdagi mehnat inspektoriga yoki prokuratura organiga murojaat qiling!

Muhammadamin Karimjonov Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi Doniyor Imomniyozov Toshkent davlat yuridik universiteti 4-kurs talabasi