September 8, 2021

Ta'lim krediti: bilishingiz kerak bo'lgan muhim jihatlar

Oily o’quv yurtlariga o’qishga qabul qilingan yoki keyingi bosqichga o’tgan talabalar uchun ayni vaqtda dolzarb masala bu o’qish uchun kontrakt to’lovini amalga oshirishdir. Usbdu masalada yoshlarga imkoniyat yaratish maqsadida Prezident qarori asosida Vazirlar Mahkamasining 18.08.2021 yildagi 527-sonli “Oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ta’lim krediti ajratish tartibi va shu bilan bog’liq bo’lgan barcha jihatlar to’liq yoritib berildi. Buning asosida quyidagi asosiy savollarga javob berib o’tamiz.

Ta’lim krediti bo’yicha foiz stavkasi qancha? Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida. Bugungi kunda 14%ni tashkil etadi. Agar asosiy stavka pasaysa, kredit foizi ham pasayadi, asosiy stavka ko’tarilsa, kredit foizi o’zgarishsiz qoladi.

Ta’lim kreditining maksimal miqdori qancha? Maksimal miqdor belgilanmagan. Talaba va ta’lim muassasasi o’rtasida tuzilgan shartnomada belgilangan miqdorda beriladi.

Qancha muddatga beriladi? O’qish davri tugaganidan so’ng yettichi oydan boshlab yetti yil muddatga beriladi.

Imtiyozli davr mavjudmi? O’qish davri tugaganidan so’ng olti oylik imtiyozli davr mavjud. Bu muddat va o’qish davri davomida kredit uchun faqat hisoblangan foizlar to’lab boriladi. Imtiyozli davr tugaganidan so’ng, asosiy qarz ham foiz bilan birga to’lanadi.

Kreditni butun o’qish davrini to’lash uchun olish mumkinmi? Mumkin. Misol uchun, birinchi kursda ta’lim krediti olindi. Ikkinchi kursda ham kreditga zarurat bor. Demak, ikkinchi va keyingi kurslar uchun ham kredit olish uchun bankka murojaat qilish zarur bo’ladi. Bu yerda shuni bilish muhim: birinchi va keyingi kurslarda o’qish uchun kredit olinsa, butun o’qish davri mobaynida foiz to’lovlari to’lab boriladi. Undan so’ng yana olti oy imtiyozli davr mobaynida faqat foiz to’lovlari to’lanib, keyin asosiy qarz summasi ham qo’shib boriladi.

Ta’lim krediti kimlarga beriladi? Kunduzgi ta’lim, bakalavriat va magistratura talabalariga beriladi.

Kredit kimlarga berilmaydi? Super-kontrakt asosida o’qishga qabul qilingan talabalarga berilmaydi, bunda faqat birinchi kurs uchun ta’lim krediti olish mumkin emas, ikkinchi kursdan boshlab kredit olish mumkin. Shuningdek, sirtqi va kechki ta’lim shakllari uchun ham ta’lim krediti berilmaydi.

Qaysi oily ta’lim muassasalarida o’qish uchun ta’lim krediti beriladi va qaysilariga berilmaydi? Ta’lim krediti davlat, nodavlat, O’zbekistonda joylashgan horijiy OTMlar va ularning filiallari uchun beriladi. Xorijda joylashgan OTMlar uchun ta’lim krediti berilmaydi.

Kafil kim bo’lishi mumkin? Kredit oluvchi talabaning doimiy daromadga ega bo’lgan oila a’zolari kafil bo’lishi mumkin.

Kreditni muddatidan oldin qaytarish mumkinmi? Kreditni muddatidan oldin qaytarish uchun hech qanday cheklov yo’q.

Manba

🎓 @TalabaYoshlar – O'zbekiston talabalari sahifasi
https://t.me/joinchat/R4A0yjXFePzL8eMM