Qaysi davlatlarda oliy taʼlim olish uchun kontrakt toʻlanmaydi?
Dunyoning bir qancha davlatlari mahalliy va xorijiy fuqarolar uchun oliy taʼlimni bepul qilib qoʻygan, yana ayrim davlatlarda esa faqat mahalliy fuqarolar kontrakt toʻlamay oliygohda oʻqishi mumkin, xorijliklardan esa to'lov-kontrakt undiriladi. Taʼkidlash joizki, taʼlim bepul universitetlarning deyarli 100 foizi davlat universitetlari hisoblanadi. Xususiy universitetlarda esa oliy taʼlim – pullik. Demak, quyida faqat davlat universitetlari haqida gap boradi, xususiy universitetlar haqida emas.
Shuningdek, baʼzi mamlakatlarning davlat universitetlarida to'lov-kontrakt olinmasa-da, har semestr toʻlanishi kerak boʻlgan maʼmuriy toʻlov bor (masalan, Germaniya, Turkiyada). Bu toʻlov odatda qimmat boʻlmaydi. Jumladan, hozirda Berlin bepul universitetida ushbu toʻlov bir semestr uchun 312,89 yevroni tashkil etadi. Turkiyada bu toʻlov oʻrtacha 50$-60$ ni tashkil etadi. Bu pul oliy taʼlim olish uchun emas, talabani ro'yxatga olish, talabaga yordam xizmatlari, oylik transport kartasi (proyezdnoy) va shu kabilar uchun toʻlanadi.
Yana ayrim davlatlarda kontrakt summasi ham, maʼmuriy toʻlov ham mavjud emas. Shunchaki, talaba boʻlganlar hech qanday toʻlovlarsiz oʻqiyveradi (Masalan, Daniya, faqat Yevropa Ittifoqi davlatlarining fuqarolari uchun).
Demak, quyida oliy taʼlim bepul boʻlgan davlatlar roʻyxatini keltiramiz:
1. Argentina. Faqat mahalliy aholi uchun oliy taʼlim bepul, xorijliklar kontrakt toʻlab oʻqiydi.
2. Avstriya. Faqat mahalliy aholi uchun bepul.
3. Braziliya. Mahalliy aholi uchun oʻqish bepul. Portugal tilida oʻqitiladigan kurslarga topshirsa, xorijlik talabalardan ham kontrakt summasi olinmaydi.
4. Chexiya. Mahalliy aholi uchun bepul. Chex tilida oʻqitiladigan kurslarda oʻqish xorijliklar uchun ham bepul.
5. Daniya. Mahalliy aholi va Yevropa Ittifoqi davlatlari fuqarolari uchun taʼlim bepul. Boshqa davlat fuqarolari kontrakt summasini toʻlab oʻqiydi.
6. Misr. Mahalliy aholi uchun oʻqish bepul.
7. Finlyandiya. Mahalliy aholi va Yevropa Ittifoqi davlatlari fuqarolari uchun taʼlim bepul. Boshqa davlat fuqarolari kontrakt summasini toʻlab oʻqiydi.
8. Fransiya. Mahalliy aholi va Yevropa Ittifoqi davlatlari fuqarolari uchun taʼlim bepul. Boshqa davlat fuqarolari kontrakt summasini toʻlab oʻqiydi.
9. Germaniya. Mahalliy aholi uchun ham, xorijliklar uchun ham oʻqish bepul.
10. Islandiya. Mahalliy aholi uchun ham, xorijliklar uchun ham oʻqish bepul.
11. Keniya. Mahalliy aholi uchun oʻqish bepul. Xorijliklar uchun oliy taʼlim pulli.
12. Lyuksemburg. Mahalliy aholi uchun ham, xorijliklar uchun ham oʻqish bepul.
13. Marokash. Mahalliy aholi uchun oʻqish bepul. Xorijliklar uchun oliy taʼlim pulli.
14. Norvegiya. Mahalliy aholi uchun ham, xorijliklar uchun ham oʻqish bepul.
15. Panama. Mahalliy aholi uchun ham, xorijliklar uchun ham oʻqish bepul.
16. Polsha. Mahalliy aholi uchun oʻqish bepul. Xorijliklar uchun oliy taʼlim pulli.
17. Sloveniya. Mahalliy aholi va Yevropa Ittifoqi davlatlari fuqarolari uchun taʼlim bepul. Boshqa davlat fuqarolari kontrakt summasini toʻlab oʻqiydi.
18. Ispaniya. Mahalliy aholi uchun oʻqish bepul. Xorijliklar uchun oliy taʼlim pulli.
19. Shvetsiya. Mahalliy aholi uchun oʻqish bepul. Xorijliklar uchun oliy taʼlim pulli.
20. Turkiya. Mahalliy aholi uchun oʻqish bepul. Xorijliklar uchun oliy taʼlim pulli.
21. Shotlandiya. Shotlandiyaliklar uchun oʻqish bepul. Qolganlar uchun oliy taʼlim pulli.
22. Urugvay. Mahalliy aholi uchun oʻqish bepul. Xorijliklar uchun oliy taʼlim pulli.
23. Gretsiya. Mahalliy aholi uchun bepul. Grek tilida oʻqitiladigan kurslar xorijliklar uchun ham bepul.
Shuningdek, xorijliklar uchun oliy taʼlim pulli boʻlgan davlatlarda oʻqish uchun turli grantlar yutib olish mumkin. Grantlar talabani kontrakt summasidan qisman yoki toʻliq ozod qiladi, ayrimlari oylik stipendiya bilan ham taʼminlaydi.
🎓 @TalabaYoshlar -O'zbekiston talabalari sahifasi 👉 https://t.me/joinchat/AAAAAEeANMrRw1QyxjCUCQ