Magistratura haqida batafsil
Magistraturaga qabul qilish tartibi, topshiriladigan hujjatlar, qaysi fanlardan imtihon bo'lishi, magistraturaning turdosh yo‘nalishlari va magistraturaga oid eng ko'p beriladigan savollar
💠 Magistraturaga qabul qilish tartibi:
✔️ Magistraturaga qabul 1-iyuldan eʼtiboran onlayn tarzda boshlanadi;
✔️ Hujjatlar magistr.edu.uz portali orqali faqat onlayn qabul qilinadi, abituriyentlar hujjat topshirish uchun OTMga kelmaydi;
✔️ Kirish imtihonlari mutaxassislik hamda chet tili fanidan boʻladi. Boshqa fanlardan boʻlmaydi;
✔️ Magistratura imtihonlarida maksimal toʻplash mumkin boʻlgan ball - 250 ballni tashkil etadi.
• Diplom bali - 100 ball;
• Mutaxassislik test bali - 100 ball;
• Chet tili test bali - 50 ball.
✔️ Chop etilgan maqolalar uchun kirish imtihonlarida ball berilmaydi;
✔️ Hujjatlar qabul qilish 1 oy davom etadi, yaʼni 1-iyuldan boshlanib, 30-iyulgacha davom etadi;
✔️ Hujjatlar topshirish bepul, avvalgi yilda bitirganlardan ham pul olinmaydi, bu tizim faqat bakalavrga taalluqli;
✔️ Magistraturada faqat bitta yo‘nalishga hujjat topshirish mumkin;
✔️ O'tgan yildan boshlab bakalavr bo‘yicha turdosh mutaxassisliklarni tugatmaganlar (bakalavrda boshqa soha bo'yicha o'qiganlar) ham magistraturaga hujjat topshira olishadi;
✔️ 2019-yildan boshlab magistraturada ham super-kontrakt asosida o'qish mumkin;
✔️ Mutaxassislik bo‘yicha maxsus fandan kirish sinovi uchun belgilangan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball to‘plaganlar, shuningdek, belgilangan muddatlarda kirish sinovlariga kelmaganlar navbatdagi kirish sinoviga kiritilmaydi hamda magistraturaga qabul qilinmaydi;
✔️ Abituriyent sinov natijasidan norozi bo‘lgan taqdirda, sinov natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida sinov ishini apellyasiyaga berishi mumkin. Apellyasiya haqidagi arizani ko‘rib chiqish muddati ikki kundan oshmasligi lozim.
💠 Magistraturaga onlayn tarzda quyidagi hujjatlar topshiriladi:
• oliy ma’lumotni tasdiqlovchi diplom va unga ilova (byudjetda o‘qiganlar uchun diplomdan ko‘chirma);
• chop etilgan ilmiy maqola yoki tezislari (yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlari) nusxasi (mavjud bo‘lgan holda);
• 3.5 x 4.5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
• 086-U-shakldagi tibbiy ma’lumotnoma;
• qonun hujjatlariga muvofiq o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi hujjatning asl nusxasi;
💠 Magistraturaga qaysi fanlardan imtihonlar bo‘ladi?
✔️ Magistraturaga 2 ta fandan imtihon bo‘ladi: mutaxassislik fani (100 ballgacha) va chet tili (50 ballgacha). Shuningdek, bitiruvchining diplom ilovasida qayd etilgan o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi ham qo‘shiladi (100 ballgacha).
✔️ Magistraturaga o‘qishga kirishda eng ko‘p (maksimal) to‘planishi mumkin bo‘lgan ball — 250 ni tashkil etadi.
✔️ Xalqaro tan olingan chet tilini bilish darajasi haqidagi sertifikat (TOEFL bo‘yicha kamida 72 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TestDaF (TDN3), CEFR bo‘yicha kamida B2) yoki Davlat test markazi tomonidan beriladigan Chet tilini bilish darajasi haqidagi B2 yoki C1 darajasidagi sertifikat taqdim etganlarga chet tilidan 50 ball qo‘yiladi va ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi.
👉 Bundan buyon magistratura uchun quyidagi fanlardan imtihon bo‘lmaydi:
• ilmiy va ilmiy-pedagogik ishlarga qobiliyati hamda qiziqishini aniqlash maqsadida suhbat;
• «Informatika va axborot texnologiyalari» fani bo‘yicha;
• O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fani bo‘yicha.
💠 Magistraturaning turdosh yo‘nalishlari
👉 Quyidagi 6 ta guruhda turdosh ta’lim yo‘nalishlari uchun qat’iy cheklov bor, bundan chiqish mumkin emas.
1) sport;
2) musiqa;
3) tasviriy san’at;
4) san’atshunoslik;
5) texnogen san’at;
6) sog‘liqni saqlash.
👉 Bundan tashqari yana 6 ta alohida nomdagi yo‘nalishlar sanalgan, bular:
1) “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim”;
2) “Xoreografiya (turlari bo‘yicha)”;
3) “Dirijyorlik (turlari bo‘yicha)”;
4) “Rejissyorlik (turlari bo‘yicha)”;
5) “Aktyorlik san’ati (turlari bo‘yicha)”;
6) “Veterinariya”.
Ushbu 6 ta yo‘nalishga ham cheklov bor, ular faqat o‘zlariga mos yo‘nalish bo‘yicha magistraturaga hujjat topshira oladi xolos. Ya’ni “Dirijyorlik” faqat “Dirijyorlik”ka, “Veterinariya” faqat “Veterinariya”ga va h.k.
✔️Yuqoridagi ro‘yxatdagilarga faqat "kirish" uchun cheklov. "Chiqish" uchun esa cheklov yo‘q. Masalan, tibbiyotni tugatgan yurisprudensiyaga topshira oladi, lekin yurisprudensiyani tugatgan tibbiyotga topshirolmaydi. Yoki san’atni tugatgan iqtisodga topshira oladi, iqtisodni tugatgan san’atga topshira olmaydi va hokazo.
👉 Yuqorida nomi tilga olinmagan ta’lim yo‘nalishlari istalgan magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tanlovda qatnashish huquqiga ega. Ya’ni hech qanaqa cheklov yo‘q.
Matematikani tugatgan yurisprudensiyaga topshira oladi.Fizikani tugatgan jurnalistikaga topshira oladi.Filologiyani tugatgan neft-gazga topshira oladi.Irrigasiyani tugatgan xalqaro munosabatlar va jahon siyosatiga topshira oladi.
❗️ Ammo shuni esdan chiqarmangki, agar qaysidir magistratura mutaxassisligi uchun maqsadli qabul ajratilgan bo‘lsa, o‘sha maqsadli qabulga faqat turdosh yo‘nalishni bitirganlar topshira oladi, boshqalar da’vogarlik qila olmaydi.
📌 Oliy taʼlim yoʼnalishlari va mutaxassisliklari boʼyicha turdosh taʼlim yoʼnalishlari roʼyxati
💠 Magistraturaga boshqa turdosh mutaxassislikka topshirsa, faqat kontraktda o‘qiydimi?
Qoidaga ko‘ra, magistratura mutaxassisligiga mos bo‘lmagan boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari faqatgina davlat grantlari asosida belgilangan maqsadli qabul kvotalariga tanlovda qatnasha olmaydi.
Davlat qabul komissiyasining 4-iyuldagi 1-sonli bayoniga binoan, atigi 10 ta OTMda magistratura uchun maqsadli qabulga kvota berilgan. Respublika bo‘yicha jami 65 ta o‘rin berilgan xolos. Mana shu 65 ta o‘ringa boshqa yo'nalishdagilar da’vogarlik qila olmaydi. Qolgan o‘rinlarga agar ular imtihonlardan yuqori ball to‘play olsa, bemalol davlat grantida o‘qishi mumkin.
💠Magistraturaga oid eng ko'p beriladigan savollar
❓ Savol: Agar davlat granti asosida o‘qigan talaba bakalavr bosqichini yakunlagach magistraturaga ham davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinsa, unda majburiy ishlab berish muddati 6 yil bo‘ladimi?
✅ Yo‘q, agar bitiruvchi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriati va magistraturasida davlat grantlari asosida o‘qigan taqdirda, uning ishlab berish majburiyati kamida uch yil deb hisoblanadi.
❓ Savol: Agar to‘lov-kontrakt asosida bakalavriatni tamomlagan talaba magistraturaga davlat granti asosida qabul qilinsa, unda qachondan majburiy ishlab berish boshlanadi?
✅ Oliy ta'lim muassasalarini to‘lov-kontrakt asosida bakalavrni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga davlat grantlari asosida o‘qishga qabul qilingan taqdirda kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlagandan so‘ng amalga oshiriladi.
❓ Savol: Agar bitiruvchi talaba o‘qishdan so‘ng majburiy ishlab berish vaqtida harbiy xizmatga ketgan bo‘lsa, unda harbiy xizmat vaqti majburiy ishlab berish vaqtiga kiradimi?
✅ Ha, muddatli harbiy xizmat yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat o‘talgan muddat bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo‘lgan uch yillik muddatga ham kiradi.
❓ Savol: Agar bitiruvchi talaba 3 yil davomida boshqa lavozimga o‘tsa, unda muddat yangidan boshlanadimi?
✅ Yo‘q, yangidan boshlanmaydi. Ta'lim muassasasi, korxona yoki tashkilotda turli lavozimlarda ishlagan muddat bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo‘lgan uch yillik muddatga ham kiradi.
❓ Savol: Agar davlat granti asosida o‘qigan talaba bakalavr bosqichini yakunlagach magistraturaga o‘qishga qabul qilinsa, unda qachondan majburiy ishlab berish boshlanadi? Magistraturada o‘qish davomida ishlagan bo‘lsa, hisobga o‘tadimi?
✅ Nizomning 2-bandiga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalarini davlat grantlari asosida bakalavrni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan taqdirda, kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlagandan so‘ng amalga oshiriladi.
❓ Savol: Bakalavr yoki magistratura bosqichida davlat granti asosida ta'lim olgan qizlar turmush qurib, farzandli bo‘lgandan keyingi bola parvarishlash davridagi muddat majburiy ishlab berish davriga qo‘shiladimi?
✅ Nizomning 22-bandiga ko‘ra, mehnat ta'tilida, shu jumladan, ijtimoiy ta'tillarda bo‘lgan muddatlar ham bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo‘lgan uch yillik muddatga kiradi. Mehnat kodeksining 149-moddasida esa homiladorlik va tug‘ish ta'tillari hamda bolalarni parvarishlash ta'tillari ijtimoiy ta'tillar sifatida belgilangan. Demak, bola parvarishlash ta'tilida bo‘lgan muddat majburiy ishlab berish muddatiga kiradi.
❓ Savol: Albatta, davlat tashkilotida majburiy ishlab berishi shartmi?
✅ Nizomning birorta bandida majburiy ishlab berish aynan davlat tashkilotida amalga oshirilishi kerak, degan qoida mavjud emas. Korxonalar xususiy ham bo‘lishi mumkin. Tashkilotlar nodavlat va notijorat ham bo‘lishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, 3 yil majburiy ishlab berish davlat tashkilotlarida bo‘lishi shart emas.
❓ Savol: Davlat granti asosida OTMni bitirgan talaba ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga hujjat topshira oladimi?
✅ Yo‘q, topshira olmaydi. “O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta'limni olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning (13.08.2008) 4-bandida ikkinchi va undan keyingi oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma'lumot olmoqchi bo‘lgan shaxslar ta'lim muassasasining qabul komissiyasiga oliy (o‘rta maxsus, kasb-hunar) ma'lumot to‘g‘risida davlat namunasidagi diplomning asl nusxasini ilovasi bilan topshirishi belgilangan. Demak, 3 yil majburiy ishlab bermagan va hali diplomining asl nusxasini olmagan talabalar ikkinchi mutaxassislikka hujjat topshira olmaydi.
©️ Maqolani Izzatxo'ja Asomiddinov tayyorladi.
🎓 @TalabaYoshlar - O'zbekiston talabalari sahifasi
👉O‘zbekiston talaba-yoshlari kanaliga ulanish👈