To’g’ri investitsiya qilishni boshlashning 5 qadami
Salom! Men, Tamilla Kurbanova - 20 yillik xorijiy tajribaga ega xalqaro moliyaviy ekspertman. Amerikadagi University of Pennsylvania qoshidagi moliya bo’yicha dunyoda 1-o’rinda turadigan Wharton School’ni 100%’lik grant bilan bitirganman. Nyu Yorkda Wall Street’da aktsiya savdosi bilan shug’ullanganman, Dubay Xalqaro Moliya Markazida Julius Baer Shveytsar bankida millionerlarning pulini boshqarishga va to’g’ri investitsiya qilishga yordam berganman.
“To’g’ri investitsiya qilishni boshlashning 5 qadami” qo’llanmam sizga yordam beradi degan umiddaman.
1. Uzoq-muddatli moliyaviy maqsadlaringizni aniqlang.
2. Investitsiya sohasini chuqurroq o’rganing.
3. Qancha erta investitsiya qilishni boshlasangiz, natijasi ham shuncha yuqori bo’ladi.
4. Moliyaviy vaziyatingiz, maqsadlaringiz va qadriyatlaringizdan kelib chiqqan holda o’zingizning riskka bo’lgan ishtahangizni aniqlang.
Investitsiya, bu – o’z kapitalingizni oshirishda va moliyaviy maqsadlaringizga erishishingizda yordam beruvchi juda kuchli vositadir.
Lekin bu sohaga endi kirib kelgan odamlar uchun boshida bu bilimlar qiyin va biroz chalkashroq tuyulishi mumkin.
Bu yordamchi qo’llanmada, men bu sohaga yangi kirib kelganlar uchun oson tilda investitsiyaga qo’yiladigan ilk qadamlarni tushuntirib yozdim. Qani boshladik!
1. O’zingizning uzoq-muddatli moliyaviy maqsadlaringizni aniqlang.
Investitsiya, bu – ma’lum bir vaqt ichida qiymati ko’tarilishi kutilgan yoki qo’shimcha daromad olib kelishi kutilgan har xil moliyaviy instrumentlarga pul tikishdir. Investitsiya natija olib kelishiga qancha ko’p vaqt bersangiz, odatda natijasi shuncha katta bo’ladi. Uzoq-muddatda natijaga erishmoqchi bo’lsangiz, natija tahminan qanday bo’lishi kerakligini bilishingiz kerak. Uni aniqlashda sizga uzoq-muddatli maqsadlaringiz yordam beradi.
Investitsiyaga ilk qadamni muvaffaqiyatli bosishdan oldin o’zingiz uchun quyidagi muhim savollarga aniq javob berishga harakat qiling:
Maqsadlaringiz har xil bo’lishi mumkin: uy sotib olish, bolalarga yaxshi ta’lim berish, nafaqaga erta chiqish, moliyaviy xavfsizlik yostiqchasini yaratish, passiv daromad manbalariga ega boʻlish va boshqalar.
2. Investitsiya sohasini chuqurroq o’rganing.
Pulingizni mustaqil ravishda o’zingiz ko’paytirmoqchi bo’lsangiz ham, yoki kimgadir topshirib ko’paytirmoqchi bo’lsangiz ham, baribir investitsiya sohasini tushunishingiz shart, aks holda siz aldanasiz yoki pulingizni yo’qotasiz. Agar siz investitsiya sohasini yaxshi tushunib olsangiz, siz o’zingizning moliyaviy maqsadlaringizga muvofiq investitsion portfel’ yarata olasiz va pulingizni uzoq-muddatda ko’paytira olasiz.
To’g’ri investitisya qilish uchun siz muntazam ravishda moliyaviy bilimlaringizni oshirib borishingiz kerak. Bunda sizga xalqaro moliya bo’yicha kitoblar, maqolalar, seminarlar, yangiliklar, podkastlar, ma’ruzalar va kurslar yordam beradi.
Keling, sizga bugungi kunda mashhur bo'lgan eng asosiy instrumentlar haqida gapirib o’taman:
-Aksiya – kompaniyaning ulushi bo'lib, siz uni brokerlar orqali sotib olishingiz mumkin. Brokerlar - investorlarga fond bozorlarida bitimlar tuzishda va o'z investitsiyalarini boshqarishda yordam beradigan professional vositachilardir. Aksiya sotib olsangiz, siz kompaniyaning ma’lum bir qismining egasi hisoblanasiz. Bu qanday ishlaydi? Agar kompaniya foyda ko'rsa, aksiyalarning qiymati oshadi va siz ularni sotib olganingizdan ko'ra qimmatroq narxda sotib yuborishingiz mumkin. Ba'zi kompaniyalar o'z foydasi hisobidan aksiyadorlariga pul to'laydi, bu esa dividend deb ataladi.
-Obligatsiya - qarz instrumentidir. Obligatsiyani sotib olganingizda, siz kompaniya yoki hukumatga ma'lum muddatga qarz berasiz va ular pulni foiz bilan qaytarib beradilar. Siz foizlar ko'rinishida muntazam to'lovlarni olasiz va obligatsiya muddati tugaganidan so'ng boshlang’ich summangizni qaytarib olasiz.
-Sukuk – bu obligatsiyaning Islomiy moliyadagi alternativasi bo’lib, u shariat qonunlariga asoslangan instrumentdir. Sukuk ma'lum bir aktiv yoki loyihaning foydasida ishtirok etish asosida daromad beradi.
-ETF (Exchange-Traded Funds) – bular birja savdo fondlari bo'lib, ular ham aksiyalar kabi birjada sotiladi. ETF xuddi savatga o’xshaydi, uning ichiga har xil aksiyalar, obligatsiyalar, oltin fondlari va boshqa turli xil instrumentlar kiradi. Ular investorga diversifikatsiya qilingan portfel sotib olish imkonini beradi.
-Oltin – unga quymalar, metal hisoblar, tangalar, oltin fondlari shaklida investitsiya kiritish mumkin.
-Kriptovalyutalar - bu xavfsizlikni ta'minlash uchun blokcheyn texnologiyasidan foydalanadigan Bitcoin yoki Ethereum kabi raqamli valyutalar. Siz kriptovalyutani birja orqali sotib olasiz va narx oshganida uni sotishingiz mumkin.
-Ko’chmas mulk - turar joylar yoki tijorat binolari kabi jismoniy mulkka investitsiyalar. Siz ko'chmas mulkni sotib olib, u orqali ijara daromadini olishingiz yoki uni keyinroq qimmatroq narxda sotishingiz mumkin.
Bulardan tashqari yana ko’plab investitsiya instrumentlari mavjud.
Investitsiyaga yangi kirib kelganlar koʻpincha emotsional yoki "trend"larga asoslangan qarorlar qabul qiladilar. Siz bu sohada qanchalik koʻp bilim olsangiz, toʻgʻri qaror qabul qilishingiz ehtimoli shunchalik katta boʻladi.
Amerikalik siyosatchi, diplomat, olim va faylasuf Benjamin Franklin aytganiday: "Bilimga kiritilgan investitsiya eng yuqori dividendlarni beradi".
3. Qancha erta investitsiya qilishni boshlasangiz, natijasi ham shuncha yuqori bo’ladi.
Hattoki kichik kapitalga ham doimiy ravishda oz-ozdan pul qo’shib turilsa va shu jami kapital doimiy ravishda to’g’ri moliyaviy instrumentlarga uzoq-muddatga investitsiya qilinsa, u kichik kapital uzoq-muddatda juda katta summaga aylanadi. Bu degani qilingan investitsiya foyda olib keladi va shu kelgan foyda qayta re-investitsiya qilinadi, ya’ni kelgan foyda yechilmasdan qayta investitsiya qilinadi, va shu foydaning ustiga yana foyda yig’ilib boraveradi. Bu jarayon “Compound Effect”, “Biriktirma Ta’siri”, yoki "Накопительный Эффект" deb ataladi. Aynan buni Albert Eynshtein dunyodagi eng kuchli jarayon degan va uni dunyoning 8-mo’jizasi deb atagan.
Qancha erta investitsiya qilishni boshlasangiz, pulingiz o’sishi uchun shuncha ko’proq vaqt bo’ladi.
Oddiy misol, tassavur qiling siz 20 yoshda investitsiya qilishni boshladingiz. Har oy investitsiyaga $100 ajratasiz va uni yiliga atigi 10% daromadlilik olib keladigan moliyaviy instrumentga investitsiya qilasiz. 65 yoshingizda bu summa $1,057,085 ga aylanadi.
Endi, agar xuddi shu ravishda investitsiya qilishni 30 yoshdan boshlasangiz, 65 yoshingizda bu summa $382,928 ni tashkil etadi. 10 yillik muddat qanchalik katta rol o'ynashini ko'ryapsizmi?
Xulosa o’zingizdan! Qancha erta investitsiya qilishni boshlasangiz, “Compound Effect” sizning pulingizni shuncha ko’paytiradi, hamda shuncha erta sizda pul jamg’arish odati rivojlanib boradi. Bu o’z navbatida moliyangizni to’g’ri boshqarish va katta maqsadlarga erishishga yordam beradi.
Lekin shuni yodda tutish kerakki, investitsiya qilishni boshlash va orzuingizdagi moliyaviy kelajakni yaratish hech qachon kech emas! Bizda bir maqol bor - “Hechdan ko’ra kech yaxshi”.
4. Moliyaviy vaziyatingiz, maqsadlaringiz va qadriyatlaringizdan kelib chiqqan holda, qancha risk ko’tara olishingizni aniqlang.
Boshqa so’z bilan aytganda, moliyaviy maqsadingizga erishish uchun, pulingizni necha %’ini yo’qotishga tayyorsiz? Bu jarayon “Risk Appetit”ni aniqlash deb nomlanadi. Ba’zi investorlar katta daromad qilish uchun, o’z bo’ynilariga katta risklarni olishga ham tayyor bo’ladilar, boshqalari esa xavfsiz va barqaror investitsiyalarni afzal ko’rishadi.
Investorning riskka chidamlilik darajasi quyidagilarga bog'liq:
- Investor yoshiga: odatda yoshroq investorlar yuqoriroq risk olishga tayyor bo’ladilar, chunki potensial pul yo'qotishlarni tiklash uchun ularda ko'proq vaqt bor bo’ladi;
- Investorning moliyaviy holatiga: agar investorda katta miqdorda kapital va barqaror daromad bo’lsa, “agressiv” investitsiyalar bilan shug’ullanish imkoniyatiga ega bo’ladi;
- Investitsiya muddati va maqsadiga: Agar investor maqsadi 30 yildan keyin pensiyaga chiqish bo’lsa, unda u o’z zimmasiga kattaroq risklarni olishi mumkin. Lekin maqsadi 3 yildan keyin uy sotib olish bo’lsa, kamroq risk olishga to’g’ri keladi.
Investitsiya olamidagi asosiy qoidalardan biri: qancha daromad katta bo’lsa, shuncha risk ham yuqori bo’ladi. Agar sizga kimdir katta daromadlarni minimal risklar bilan va’da qilsa, hech qachon ishonmang!
5. Investitsion portfelingizni to’g’ri yarating.
Investitsiya qilishdan oldin moliyaviy bozorda qanday instrumentlar borligini va qaysilari aynan sizga to’g’ri kelishini o’rganing.
Investitsion portfel’, bu – sizning barcha qilgan investitsiyalaringiz yig'indisidir.
To’g’ri portfel’ yaratish uchun quyidagi tamoyillarni hisobga oling:
- Aktivlarni to’g’ri taqsimlang: Sizda bor barcha pullarni bitta moliyaviy instrumentga tikmang. Aks holda faqat bitta instrumentning natijasiga qaram bo’lib qolasiz. Risklarni kamaytirish uchun “Risk Appetit”ingizga binoan kapitalingizni aksiya, obligatsiya/sukuk, al’ternativ investitsiya va naqd pul kabi har xil aktivlar orasida to’g’ri taqsimlang.
- Diversifikatsiya qiling: investitsiyani faqat bitta aktivga emas, balki bir nechta instrumentlarga investitsiya qiling. Masalan, investitsion portfelingizda aksiyalar bo’lsa, faqatgina bir dona kompaniyaning aksiyalarini emas, balki ko’proq kompaniyalarning aksiyalarini sotib oling. Bu sizga risklarni kamaytirishga va faqatgina bir dona kompaniyaning natijasiga qaram bo’lmaslikka yordam beradi.
- Portfel’ni tez-tez o'zgartirmang va uzoq-muddatli maqsadlarga e'tiboringizni qarating.
- Investitsiya qilishni kichikroq summalardan boshlang va bilimingizni oshirishda davom eting. Chunki, faqat shundagina siz bozor qanday ishlashini tushunishni boshlaysiz va katta yo’qotishlardan o’zingizni saqlay olasiz. Biroz vaqt o’tib, tajribangizni oshirganingiz sari investitsiyalaringizni ham oshirib borasiz.
- Muntazam ravishda investitsiya qiling va intizomli bo’ling. Muntazam investitsiya - muvaffaqiyat kalitlaridan biridir.
Uorren Baffett – dunyodagi eng kuchli va taniqli investor, risk haqida shunday degan: “Risk – nima qilayotganingizni bilmasligingizdan kelib chiqadi”. Nima qilayotganingizni tushunish uchun shu soha bo’yicha bilim zarur. Investitsiya qilishni boshlash juda qiyin bo'lib tuyulishi mumkin, ammo to'g'ri yondashuv va doimiy ta'lim bilan siz moliyaviy maqsadlaringizga erishishingiz mumkin. Kichik-kichik qadamlar bilan boshlang, intizomli bo'ling va investitsiya qilish uzoq-muddatli jarayon ekanligini unutmang.
Agar qo'llanma foydali bo'lgan bo'lsa, sizni telegram kanalimga taklif qilaman.
U yerda men investitsiyalar, shaxsiy moliya, moliyaviy xavfsizlik yostiqchasi va kapital yaratish bo'yicha foydali ma'lumotlar bilan bo'lishaman.
Investitsiyaga qo'ygan ilk qadamlaringizda omad yor bo'lsin!