November 11, 2020

Sara Uokerning biznes yo’li.

Ginnesning rekordlar kitobini varaqlar ekansiz, Sara Uoker nomiga ko’zingiz tushadi. Unga qiziqib, hayotini o’rganishga intilishingiz tabiiy. Shunda yanada hayratlanarli voqealardan boxabar bo’lasiz. Uokerning suratini Amerika pochta markalarida ko’rishingiz, tarjimayi holini mahalliy maktab va kollejlarda o’rganishayotganini bilib olishingiz mumkin. Qisqasi, Sara sartaroshlik orqasidan boyib ketgan birinchi ayol hisoblanadi. Qolaversa, u qora tanlilar orasidan chiqqan…

Avval, bir boshdan…

Sara Uoker “oltin vasvasasi” boshlangan kezlarda, aniqrog’i 1867 – yil 23 – dekabr kuni tavallud topdi. Uning ota – onasi Ouen va Minerva Bridlav sobiq qullar bo’lib, president Avram Linkoln davrida qullikdan ozod etilgan. Ular ham oltin topish ilinjida yangi o’lkalarga yo’l olishgandi. Lekin og’ir sharoit tufayli hayotdan erta ko’z yumdilar. O’shanda og’ir tashvishlari ancha erta boshiga tushgan Sara va opasi ota – onasining ishini davom ettirishdi.

14 yoshida Sara o’zidan ancha katta insonga turmushga chiqdi (keyinchalik bu haqda Sara, “uning og’ir qovoq kallasidan boshqa hech vaqosi yo’q edi”, deb yozgan). 19 – yoshida qizli bo’ldi. Farzandi bir yoshga to’lmay, Saraning eri Grinvuddagi irqiy tartibsizliklar qurboni bo’ldi. Yosh Sara qo’lidagi go’dagi bilan bevaligicha qoldi. U kiyimlarni tozalash va yuvish bilan mashg’ul bo’ldi. Bu orada kechki maktabda tehsil olib, qizining tarbiyasi bilan ham shug’ullandi.

Xullas, uning turmush shirin davom etmadi. Bu ko’rguliklari ustiga yana bir dard qo’shildi - 36 yoshidan sochlari to’kila boshladi. Har qanday urinishlar naf bermadi. Oxirida u sochini choy bilan yuvib, tabiiy yo’llar asosida davolashga kirishdi. Shunda mo’jiza yuz berdi. Bu usul foyda berganini ko’rgan Sara Bridlav (qizlik ism – sharifi) uni yanada takomillashtirdi. Xullas, Sara uchun shaxsiy biznes yo’li ochilgan edi.

Faoliyat boshlandi!

U o’zi tayyorlagan surma (panaseya)ni keng yoyish uchun Denverga ko’chib keldi. 1903 – yilda esa Charlz Uokerga turmushga chiqdi. Uoker gazetada ishlar va xotiniga faoliyatini reklama qilishda yordam Berardi. Shu tariqa Sara butun Amerikaga doston bo’ldi - u qora tanlilarning jingalak sochini yanada jiloli qilish usulini o’ylab topdi. Mazkur usul kosmetologiyada “ Uoker tizimi” deb atalib, sochni yumshatish, maxsus usullar yordamida turmaklash kabi murakkab komponenlardan iborat edi. Qora tanli ayollar ham o’z soch turmagini oq tanlilarnikiday qilishlari mumkin bo’lib qoldi.

Dastavval, Sara Uoker o’z mahsulotini “qora kvartallar”ni aylanib yurib, tarqata boshladi. Keyinroq manzilli marketing samarasini ko’rgach, bu mahsulotni uy sharoitida ishlab chiqarish hajmini oshirdi, agentlar tizimini o’ylab topdi. Agentlarga yangi ish yoqib qoldi. Axir, mahsulotni maqtasa va sotsa, shuning o’zi kifoya. Bu ish bilan minglab ayollar shug’ullanishardi. Agentlik ishi qora tanli ayollar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu tashqi ko’rinishga bog’liq bo’lmay, butun qora tanli ayollarning ijtimoiy imidjiga ham ta’sir qildi.

Hamma narsa o’z o’rnida. Taraqqiyot sari olg’a!

Yuqoridagi ishlarning bari kompaniya mashhurligi uchun xizmat qildi. Uoker firmasi tez sur’atda o’sa boshladi. 1910- yilda u Denverdagi bo’limni Indianapolisga ko’chirdi. Shuningdek, bu yerda laboratoriya, fabrika qurdi. Yangi kosmetologiya maktabini ochdi. Kompaniyaning taraqqiyot davrida, ya’ni 1911 – 1919 yillarda yiliga 100 ming dollardan daromad topdi. Bu yillar davomida mazkur kompaniya soch parvarishi bilan bog’liq barcha vositalarning to’liq tarkibini, shuningdek, kosmetika mahsulotlarini ham ishlab chiqardi. Uokerning fabrikasida 15 nafar ishchi faoliyat yuritsa-da, kompaniyaga aloqador bir necha ming savdo agentlari butun qo’shma shtatlar hududi va qo’shni davlatlarda stilist, kosmetolog, tashqi ko’rinish bo’yicha maslahatchi sifatida faoliyat yuritishardi.

Firmaning haqiqiy triumfi Parijda sodir bo’ldi. Xx asr 10- 20 – yillarining eng mashhur qo’shiqchisi hisoblanmish Jozefina Beyker Uoker tizimini butun dunyoga ko’z – ko’z qildi. Ana shundan so’ng ushbu uslub butun dunyoni o’ziga mahliyo etib qo’ydi.

Charlz Uoker Saraning muvaffaqiyat uchun urinishlarini oxirigacha qo’llab – quvvatlamagan. 1912 – yilda ajralishdilar. Bu paytda Sara Nyu Yorkning Garlem hududida italyan uslubidagi va uyg’onish davriga xos villasini qurishni boshlab yuborgan edi. Bu uy katta shosse yo’ldan bemalol ko’rinib turishi kerak bo’lgan.

1916 – yilda Uokerning agentlari kosmetologlar milliy uyushmasi va Uoker xonim agentlari erkin uyushmasi bilan birlashdilar. 1917 – yilda esa kosmetologlar ittifoqi sifatida qayta tashkil etildi. Bu ittifoqqa a’zolik badali oyiga 25 sent etib belgilandi. Agar ittifoqning birorta a’zosi olamdan o’tsa, uning oilasiga 50 dollar miqdorida moddiy yordam to’lanardi.

Sara Uoker umri adog’ida asosiy vaqtini xayr – saxovat ishlariga sarflagan. 1915 - yilda u Insianapolis teatrlaridagi irqiy kamsitishga qarshi sud jarayonini boshladi. 1917 – yilga kelib jinoyat ishlari bo’yicha Linch sudlarini noqonuniy deb atadi. U Vashingtonda president Vudro Vilson oldida irqiy ajratishga qarshi nutq so’zladi. Qora tanlilar tarixida ilk millioner ayol Sara Uoker G’arbiy Afrikada qizlar akademiyasiga asos soldi. Janubiy shtatlardagi barcha o’quv yurtlariga, cherkovlarga, yetimxona va bog’chalarga moddiy yordam ko’rsatdi. Uning ajoyib biznes yo’li aksariyat millionerlarnikidan farqli o’laroq butun boshli irq taraqqiyotiga ham katta ta’sir ko’rsatgan edi.