December 6, 2020

Notanish oshiq qorbobo

Yangiyilasari.

Notanish oshiq qorbobo.

Ertalabdan asabim buzildi. Qaltirab, zo’rg’a yurib kelgan kampir injiqlik qildi:

-         Menga yaxshi pishgan olmangdan yarim kilo ber.

-         Xo’p, - deya uchta sap – sariq olmani taroziga qo’ydim.

-         Mana buniyam sol! – momo yaltiragan chiroyli, katta olmani uzatdi.

-         Momo buniyam sol! – momo yaltiragan chiroyli, katta olmani uzatdi.

-         Momo, o’zi shuyam yarim kilodan oshib ketdi. Yo bir kilo bo’larkan?

-         Kattaligini qarang!

-         Senlar tarozidan urishning gunoh ekanligini bilmaysanlar. Menga bu qilig’ing o’tmaydi! To’rtkalasiga ming so’m beraman.

-         Momo, bu yerda bir kiloga yaqin olma bor. Bittasini olsam ham ko’plik qilyapti…

-         Nega bittasini olasan? To’rttalasi zo’rg’a yarin kilo chiqsa kerak. uyalmaysanmi tarozidan urishga? Yoshgina boshing nbilan yolg’on gapirasan…

-         Indamadim. Zarar qilsam-da, keksa odamni ranjitmay deb olmani berib, ming so’mni oldim.

-         Mana, aybini biladi-da, bular. O’chib qoldi. Talashmasam, uchta olma bilan aldab yuborardi. Hozirgi yoshlar hech narsadan qo’rqmaydi. Qaysidir bechora ne umidda kelin qiladi-da, buniyam …

Keta – ketguncha kampir ming’irladi. Jahlim chiqdi. Qariyb bir kilo olmani yarim puliga berib, yana shuncha gap eshitdim. Alamimni ichimga yutdim.

-         Anor qancha? – erkak kishining ovozidan sergak tortdim.

-         Ikki ming.

-         Buncha qimmat? Ana bozordan tashqarida bir yarim ming…

-         O’sha yoqdan ola qoling, - dedim o’zimni bosolmay.

-         Olaman ham! Sen bir qarich bo’lib aql o’rgatguncha insof bilan narx qo’y! bildingmi?

Nimadir demoqchi bo’ldim-u, indamadim. Nima balo, bugun chap yonim bilan turganmidim? Og’riy boshlagan boshimni ushlab, joyimga o’tirdim.

-         Mandarin qancha ekan?

Turgim kelmadi. Savdo qilgim yo’q.

-         Yaxshi qiz, mandarinni so’radim…

Noiloj o’rnimdan turdim:

-         Uch ming, - shunday deya xaridorga qaradim-u, qotdim. U esa meni tanigani zahoti ko’zlarini olib qochdi.

-         Boshqa safar olarmiz… Yur, qizim.. – shundagina uning uch yoshlar chamasi qizchani yetaklayotganini payqadim.

Battar tutaqdim. Rastada turgan olma-yu anor, xurmo-yu mandarinlarni har tomonga uloqtirgim keldi. U esa uzoqlashib borarkan, menga qarab – qarab qo’ydi. O’kirib, dod solib yig’lasam, ko’ksimni to’ldirib, bo’gib kelayotgan alam chiqib ketarmikan?!

-         Muni-I, bu haligi … yigiting emasmi? Qara qizchali ham bo’libdimi? - qo’shni rastadagi sotuvchi ayolning gapi tirnalgan yaramga tuz bosgandek bo’ldi. Ko’zlarimga yosh to’lib, lablarim titradi.

-         Xafa bo’lma! O’tirgan qiz o’rnini topadi…

Bu gap endi oshib tushdi:

-         Men bilan ishingiz bo’lmasin! Savdongizni qilmaysizmi? – zahrimni unga sochdim.

-         Voy tavba, menga nima deysan? U yigit seni aldb ketgan bo’lsa, mend anima gunoh?

Yig;lagim keldi. Ammo o’zimni bosdim. Ayol oldida past ketgim, o’zimni ezilgan qilib ko’rsatgim kelmadi. Kelgan xaridorga jilmaydim:

-         Kel, ukajon, nima kerak?

-         Xurmoni arzonroq bering. Ikki kilo olaman.

Yigitcha ketgach, xayolim boyagi bevafo “yigitim”ga ketdi. U ham oddiy xaridor bo’lib kelgan va bir oy ichida qalbimni o’g’irlagandi. Talaba edi. Metrodan chiqib, shu bozor ichidan qalbimni o’g’irlaganda mendan meva xarid qilib, gapga solardi. Mana bu qo’shni rastadagi xotinni ham “ to’yimizga borasizmi?” deya savolga tutardi xazillashib. Sevishib qolgach, o’zim unga oma – anor berib yuboradigan bo’ldim.

-         Biram yaxshi yigit. Mahkamroq ushla, - derdi ayol u ketgach.

Afsus, “ mahkamroq” ushlolmadim. Ochig’i, aslida u meni sevmagan. Tekinga meva olib, yolg’onlarida ishontirib yurgan ekan. Chunki sal o’tmay uylanayotgani haqida aytdi. Hech narsa demadim. Faqat “mening aybim nima?” dedim alam bilan. U esa yuzsizlarga javob berdi:

-         Senday bozorchi qizga kim ham uylanardi? O’zing o’ylab ko’rmaganmisan buni?

Bu gapdan so’ng bir oy o’zimga kelolmadim. Bozorga chiqishga ham xushim yo’q. o’shanda endigina o’n sakkizga kirgandim. Bor orzu – umidlarim, niyatlarim barbod bo’ldi go’yo. Onamga bozorga chiqmayman, deb janjal ham qildim. Ammo kim chiqadi? Kelinoyimning chaqalog’I va endi bir yarim yoshga to’lgan o’g’li bor. Akam Tovar olib kelish bilan band, kichik akam harbiy xizmatda, singlim maktabda. Otam o’qituvchi, onam esa kasalmand. Bozordan bu joyni esa falon pulga onam sog’lomligida yugura – yugura olgan. Daromad yaxshiligi uchun voz kecholmaymiz. Nailoj, yana bozorga chiqdim. Bir tomondan ovunadigan joyim ham shu yer. Lekin yigit zotiga yaxshi gapirmayman. O’sha – o’sha “sevgilim”ni ham qaytib ko’rmagandim. Bugun adashib keldi, shekilli. Chunki o’tgan yili bozor ta’mirlanib, rastalarimizning o’rni almashgan. Yana deng, shu yaramas, aldab ketganidan buyon uyga sovchi kelmay qo’ygan. Go’yo rostdan bozorchi qizni hech kim kelin qilmaydigandek. Endi esa yigirma ikkiga kirib, “o’tirgan qiz o’rnini topar”, degan gaplarni ham eshityapman.

-         Anor qancha? – bo’gilib, xirillab chiqqan ovoz xayolimni bo’ldi.

-         Ikki ming. Beraymi? – xaridor yigitni ko’rib, kulgim qistadi. Qish, yangi yil arafasi bo’lsa-da, havo iliq. Yana quyosh charaqlagan kunda bu teplpak kiyib, sharf o’rab olgan.

U uzoq yo’talgach, bosh chayqab “ bering” ishorasini qildi.

-         Jonga tegdi shu yo’tal ham.. – dedi keyin menga yuzlanib. – Uyda singlim ham mendan battar bo’lib yotibdi. Yana qanaqa meva olsam bo’ladi?

-         Mevalar yo’talni yo’qotmaydi, - uning gapidan taajjublandim.

-         Tushunmadingiz… Ishtahani ochib, quvvat bo’larmikan degan ma’noda so’radim. Mandarin yaxshini?

-         Yo’talingizni qo’zg’aydi-da… Yaxshisi, olma oling.

U rozi bo’ldi. Inqillab zo’rg’a nafas olishini ko’rib, rahmim kelganidan maslahat berdim:

-         Sabzavot bozoriga o’tsangiz, chap tomondagi uchinchi rastada Jamila opa o’tiradi. Shu kishida qora turp bor. O’shandan oling-da, mayda to’g’rab, qaybatib iching.

-         Qora turp ham bo’ladimi?

-         Ha, shunaqa navi bor. Yo’alni tez yo’qotadi, foydali.

Bir hafta o’tmay, haligi yigit yana paydo bo’ldi.

-         Tangemxon, hormang, - dedi u kela solib. – Onamning qon bosimi chiqyapti, nima maslahat berasiz?

Meni masxara qilyapti, deb o’yladim:

-         Ahmoq qilishdan boshqa ishingiz yo’qmi? Meni savdodan qo’ymang.

-         Nega jahlingiz chiqadi? Men rostdan so’rayapman. Qora turp yeb sog’aygach, sizni rosa alqadik. Shunga maslahat so’rayapman, - uning samimiy ohangdagi gapiga ishondim.

-         Limon olib boring. Kiyik o’ti ham yaxshi. Tezroq ta’sir qiladi.

-         Sizda ular yo’q-ku!

-         Ikkita keying rastada limon bor.

U menda qandaydir iliqlik uyg’otdi. Ammo baribir yaralangan qalbimda xadik bor. Aqlim ham “yaxshi gapirma”, deydi . shuning uchunmi, keying safar kelganida tanimaganga oldim. Yigit bundan o’ng’aysizlandi:

-         Kechirasiz. Meni tanimadingiz, shekilli… Rahmat aytib ketay, degandim. Sog’ayib ketdik…

Shunday deya u ortiga burildi. O’z qilig’imdan g’alati bo’lib ketdim.

-         Qizim, olmangdan bir kilo ber, - shu ayol kelmaganda yigitning ortidan borishga ham tayyor edim.

Olamni taroziga qo’yarkanman, ayol savolga tutdi:

-         Qizim, rosa ko’zimga issiq ko’rinyapsiz. Shu atrofga turasizmi?

-         Ha, bozorning orqasidagi mahallada.

-         Mahallalaringizning nomi nima edi?

-         “Besh chinor”…

-         Ha-a-a, Nasibaning qizimisiz?

-         Yo’q. Salima opaning….

-         Salima opa deng, yaxshi, - ayol olmani oldi-da, o’ziga o’zi gapirib keta boshladi. – “ Besh chinor” mahallasi, Salima opa…

Odamoviekanmi – ey, yana menga qarab – qarab qo’ydi.

Bugun yangi yil kirib keladi. Bozorga chiqish niyatim yo’q. lekin savdo zo’r bo’ladi. Chiqish kerak. qo’lim – qo’limga tegmay, kechgacha savdo qildim. Kech tushgani sari bozor qizir, men esa uyga shoshyapman. Mevalarni qutilarga joylab, aravakash bilan birga omborxonada qoldirib chiqayotganimda ro’paramda Qorbobo paydo bo’lsa deng ! u indamay menga sovg’a tutqazdi. Olishni ham, olmaslikni ham bilmay turgandim, qutichaga qistirilgan konvertag ishora qildi. Oldim – u, shoshib konvertni ochdim: “ Salom! Ertaga uyingizga sovchi boradi. Yana yo’q, deb yubormang!”

Boshimni ko’tarib Qorboboga qarasam, u qochib boryapti.

-         To’xtang! Buni sizga kim berdi? Shoshamng! – ortidan quvlashga tushdim.

Qorboboning kiyimi uzun va qo’lida xaltasi borligi uchun yugurishga qiynalardi. Bir zumda yetib yechdi:

-         Faqat xafa bo’lmang!

Xaridor yigit…

-         Manzilingizni kecha o’z og’zingiz bilan onamga aytdingiz, “ Besh chinor’ mahallasi, Salima opa…

Uyalib ketganimdan boshimni quyi soldim.u esa iyagimdan tutib, o’ziga qaratdi:

-         Ismingiz nima?

-         Ismimni bilmasdan turib…

-         Ismni bilmay turib ham sevib qolish mumkin ekan. Ismingiz…

-         Munira…

-         Yuring, kuzatib qo’yaman. Shu bahona uyingizni ham bilib olaman…

Oyisha Iymon yozdi.