Gulruh Yormatova “ Nomus uchun o’ch” 1 – qism.
Pichoq qo’limga qanday tushib qolganini bilmayman. Darvoza tomon qochayotgan qaynonamga bir hatlashdayoq yetib oldim. Qo’lidan siltab tortgandim, gursillab yerga quladi. Semiz qorniga oyog’imni tirab, qoq yuragiga pichoq sanchdim. Keyin yana, yana… Qo’lim charchagunicha sanchaveribman. Yuz – ko’zimga qon sachrardi…
- Onajo-o-on!
Quloqlarni teshgudek bu faryoddan biroz esankirab qoldim. Qarasam, xotinim! Hovli to’ridagi g’aram orasidan chiqib, shu tomonga chopib kelyapti. Miyamga qon quyildi. Hozir uni ham tinchitaman.
- Ke, kelaver. Og’zingdan tovoninggacha tilaman.
Vajohatimni ko’rib, qo’rqib ketdi. Onasiga ham qaramay ko’chaga yugurdi. Ortidan chopdim. Baribir so’yaman! Vujudim alanga bo’lib yonardi. Qaniydi hozir yetib olsam-u, burda – burda qilib tashlasam!
- To’xta, iflos! Baribir o’lasan!
U yo’lning o’ng yuzidagi tolzorga o’zini urdi. Qorong’i emasmi, bir zumda izini yo’qotdim. Tokning uzun novdalari orasiga yashiringan odamni Kunduz kuni chiroq yoqib ham topib bo’lmasdi. Har bitta tokning novdasini ko’tarib ko’ra boshladim. Ammo topolmadim. Alamimdan o’qrab yubordim. O’zimni yerga otdim. Yuzlarim shilinib ketdi. Boshim ostidagi kesaklar qon va ko’z yoshidan bilchillardi…
Qancha yotganimni bilmayman. Uyga kelsam, hammayoq to’s – to’polon. Darvozaxonada esa qonga belangan qaynonam yotardi. Boshi beton yo’lakchadan pastga osilib qolgan. Ayvonda izillab yig’layotgan bolalarim tomon yurdim. Nechundir ularning yuz – ko’zlaridan o’zimga o’xshash tomonlarini qidirdim. Yo’q, menga o’xshashmaydi. Ichimdan bir narsa uzildi. Nima qilayotganimni yaxshi idrok etmay, bolalarimni savalab ketdim. Ko’zimdan tinmay yosh quyilardi. Ilk marta onam va ukalarim o’gay ekanligini bilganimda qanday ahvolga tushgan bo’lsam, hozir ham o’shanday holatni boshimdan kechirardim…
Ertasigayoq meni militsiyaga olib ketishdi. Xotinimni o’ldirgach, o’zim kirib bormoqchi edim. Afsus, ulgurmadim. Yuragimda armon qoldi. Menga xiyonat qilgan xotinning to’lg’onib – to’lg’onib, qon qusib o’lganini ko’rmoqchiydim…
Tergov va surishtiruv kecha-yu kunduz davom etardi. Tergovchining nega, nima uchun, degan savollaridan rosa charchadim. O’ldirdim, tamom – vassalom, deyishdan hech narsa chiqmas ekan. Tergovda hammasini batafsil aytishga majbur bo’ldim.
Sud bo’ldi. Zalda o’tirgan qarindosh – urug’larimning yuziga qaray olmasdim. Bolalarim ham ko’zimga balodek ko’rinardi. Tinmay bidirlayotgan xotinimni-ku otishga o’qim yo’q. xullas, meni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etishdi…
Hozir bu yerga ancha ko’nikib qoldim. Ilgarilari qamoqxona so’zini eshitsam, etim junjikardi. Endi esa bu savdolar o’zimning boshimga tushib turibdi. Odam bolasi hammasiga ko’nikar ekan. Har holda bu yer hibsxonadan yaxshiroq. Odamlar bor. Quyoshni, osmonni, oy va yulduzlarni ko’rish mumkin. Tergovchining yurakni o’rtaydigan savollari bezovta qilmaydi.
Bolaligimda sho’xlik qilsam, otam og’ilxonaga qamab qo’yardi. Qorong’ilikdan o’lgudek qo’rqardim. Og’il to’ridagi zulmat yutib yuborayotgandek bo’laverardi. Taxta eshik tirqishidan tushib tushib turgan ingichka nurgina ilinj bag’ishlardi menga. O’sha tirqishga yuzimni bosib, tashqariga tikilardim. Shunda hovlida yurgandek his etardim o’zimni. Ammo hibsxonaning ignadek nur tushmaydigan zax xonasida yotganimda buning tamoman aksi bo’ldi. Men endi yorug’likdan qo’rqardim. Shu zulmatda mangu qolishni qanchalar istardim. Yorug’likni, odamlarni ko’rgim kelmasdi. Hamma meni masxaralayotgandek, ustimdan qulayotgandek.
O’sha yerda yotib ko’p narsalarni o’yladim. Nega o’ldirdim o’zi? Umrimni xazon qilishga arzirmidi ular? Yigirma yil! Bu aytishgagina oson. Chiqqunimcha men tengilar nevarali bo’lishadi. To’y qilishadi. Men esa… O’shanda nega ammamning so’zlariga quloq tutmadim? Men ahmoq xotinimning nozli ishvalariga laqqa tushib yuraveribman. Bu o’tli nigohlar faqat o’zimga tegishli, deya xom xayol qilibman. Endi birma – bir eslasam, o’sha payt ko’zimni shira bosgan ekan. Rossiyadan qaytgach, xotinimning gul – gul ochilib ketganligi meni tashvishga solmadi. Eri olti oylab uzoq yurtlarda yurgan xotinning rangi sarg’ayib, ko’zlarini sog’inch kirtaytirmaydimi, axir?! Men qaytganimda Rayhonning ko’zlarida o’t bore di. Voajab, bu o’tni ishqim alangasi, deb xato o’ylagan ekanman. Oh, Rayhon , Rayhon! Mayliydi, seni ko’rmaslik, eslamaslik uchun boshimni chopib tashlasalar…
Qaytganimni eshitib qarindosh – urug’arim, oshna – og’aynilarim meni ko’rgani kelishdi. Ammo ularning hammasi birpas o’tirar – o’tirmas, nimalarnidir bahona qilib ketishga harakat qilishardi. Aybdordek, ko’zimga boqishdan hayiqishardi. O’shanda ham men xotinim haqida yomon xayolga bormabman. Oradan uch kun o’tgach, ammamni ko’rib kelish uchun qo’shni qishloqqa yo’l oldim. Ammam ham sovuqqina qarshi oldi. O’tirdik. Gap gapga qovushavermagach ketish uchun o’rnimdan turgandim:
- Xotining haqida har xil mish – mish gap yuribdi, - dedi ammam. – Sal jilovini tortib qo’ymasang bo’lmaydi.
Men ammamga hayron boqdim. Nima demoqchi?.. xotinimni azaldan yomon ko’rardi. Endi men orqali undan o’ch olmoqchimi?
- Ochiqroq gapiring, - dedim hayratimni yashirmay.
- Ochiqroq gapirsam, oyimchangning oyoq olishi o’zgargan. Hamma shu haqda gapiryapti.
- Hammani qo’ying. O’zingizning isbot – dalilingiz bormi?
- Isbot – dalilni sen top. Erisan. Poyla. Qaysi erkak o’z xotinini birovning qo’yniga solib, lallayib o’tirardi?
Jahlim chiqib ketdi. Qo’l silkib, ammamnikidan chiqib ketdim. Ammo keyin halovatim yo’qodi. Yotsam ham, tursam ham shu haqda o’ylardim. Ammamning gaplari sira qulog’imdan ketmasdi. Nahotki, rost bo’lsa? Xotinimni zimdan kuzata boshladim. Hammasi binoyidek. Yurish – turishi ham joyida. Lekin menga munosabati sal boshqacharoq. Qandaydir mehribonroq bo’lib qolganmi-ey? Kim biladi?!.. Ayol kishini juda makkor deyishadi. Yelkamga qoqib, ko’zimga cho’p tiqayotgan bo’lmasin yana!
- Meni yaxshi ko’rasanmi? – dedim bir kuni tomdan tarasha tushgandek.
Xotinim anqayib qoldi. Hazillashmayapsizmi, degandek yuzimga tikildi. Jiddiy so’rayotganligimni bilib, negadir rangi oqarib ketdi.
- Bu nima deganingiz? – dedi so’ng kalovlanib.
- Javob ber!
- Dadasi, o’n yildan beri birga yashaymiz. Endi esingizga tushdimi?
So’zamolligidan qonim qaynab ketdi. Sochidan burab, devorga tiradim.
- To’g’risini ayt!
- Ha. Bolalarimning otasisiz, axir!
Ko’nglim biroz tinchidi. Unga juda ishonardim. Lekin yuragimdagi g’ashlik qamadi…
Bir – ikki kun daladan uyga to’satdan bostirib bordim. Hech gap yo’q. xotinim yelib – yugurib uy ishlarini bajarib yuribdi. Gumonlarim biroz tarqalgandek bo’ldi. Ammo har gal uyda qaynonamning bo’lishi menga g’alati tuyula boshladi. Nega men yo’qligimda keladi? Yoqtirmasligimni bilarmikan? Qari satang! Yoshi bir joyga borib qolgan bo’lsa-da, upa – elikdan boshi chiqmaydi. Chakkasiga tushirib olgan gajagiga o’laymi?! Bir umr yengilning ostidan, og’irning ustidan yurib yashashga o’rgangan ayol…
Bir kuni daladan kechroq qaytdim. Uy to’rida yana qaynonam! Xontaxtada chog’roqqina dasturxon tuzalgan. Tovoqda qovurilgan go’sht bo’laklari. Qaynonam meni ko’rishi bilan irg’ib o’rnidan turdi:
- Keeling, kuyov, charchamadingizmi?
- Yaxshimisiz? – dedim xushlamay.
Bilaman, xotinim onasiga bunday dasturxon tuzamaydi. Kim keldiykin? Kim bo’lishi mumkin? Birdan miyamni shubhali o’y tilib o’tdi.
- Rayhon! – deya o’shqirdim.
- Ha, hozir.
Birpas o’tib xotinim taqsimchada qovurilgan tuxum ko’tarib keldi.
- Uyga kim keldi? – dag’dag’a qildim.
U biroz esankirab, endi og’iz juftlagandi, qaynonam gapni ilib ketdi.
- Menga tovar olib keladigan yigit keluvdi. Uyga borsa, darvozaga qulf osilgan ekan. Qizinikidadir, deb to’g’ri shu yoqqa kelaveribdi. Nima qilay, topganim ham, tutganim ham shu Rayhon. Shu yerga kelaman-da! Qaynotangiz o’lganidan beri uyda o’tirolmay qolganman. Men o’g’il boqmagan ekanman. Birovi xabar olay demasa!
Qaynonamning yig’lamsirab gapirishi biroz hovurimni tushirdi. Ammo baribir unga rahmim kelmaydi. Hayhotdek hovlida bitta o’zi turadi. Kelinlarini chiqishtiravermganidan, o’g’illari alohida uy qilib, ko’chib ketishgan. Qaynotam Rayhon bola chog’ida o’lib ketgan. Undan keyin nechta erga tegib – chiqdi bu! Mena, endi qarib otinoyiga aylanib qolibdi. Bu pardoz – andozlardan haliyam bir qamchi borga o’xshaydi. Rayhonga uylanayotganimda ana shu ayol sabab ammalarim norozi bo’lishgandi. Ammo onam oyoq tirab turib oldi. Chunki qaynonam onamning yaqin dugonasi edi. Otam-ku, bunday ishlarga aralashmasdi ham. Menga esa baribir edi. Sanamga uylanmaganimdan keyin Rayhonmi, Jambilmi, nima fatqi bor? Xotin bo’lsa, bo’ldi-da! Muhimi, onam shuni hohlayapti. Uning rayiga qarshi borib boshqasiga uylansam, mening ham, xotinimninhg ham boshida tegirmon toshi aylanishi aniq. Men esa Sanamning qiynalishini istamasdim. Eh, Sanam! Sevgimizning uvoli tutdi meni. Boshimga tushajak bu savdolarni bilganimda oyog’ingga bosh qo’ymasdim? Olis – olislarga olib qochib ketmasmidim seni? Endi esa kech. Vaqt g’ildiragini orqaga qaytarib bo’lmaydi…
To’y o’tgach, xotinimga mehr qo’ymadim, deyolmayman. Rayhonning o’ziga xos jozibasi bor edi. Birin – ketin bolalarimiz tug’ilgach, unga ancha bog’lanib qoldim. Qolaversa, birga yashaybergach, yaqinlik paydo bo’lar ekan. Ilk sevgim – uzoqlarga uchgan qush edi, go’yo. Har zamon xira parda ortidan “yalt” etib ko’rinib qolsa, bolalarimga qarab ovunardim. Shular mening sevgim, deya o’zimni ishontirardim.
Ammo Sanam bilan bog’liq voqealar hech qachon xotiramdan o’chmasa kerak. Qamoqxonada yotib nechundir bolaligimni juda ko’p eslaydigan bo’ldim. Hozir yana Sanamni o’ylayapman. U bilan sinfdosh edik. Bir partada o’tirib, dars tinglaganmiz. Hech esimdan chiqmaydi. Normengli degan sinf rahbarimiz bo’lardi. Judayam qattiqqo’l. hammamiz qo’rqardik.
O’shanda beshinchi sinfda o’qirdik. Normengli malim sinfga qovog’idan qor yog’ilib kirib keldi.
- Sizlarni bir o’g’il, bir qiz bilan o’girtirmasam bo’lmaydi . Boshqa o’qituvchilar shikoyat qilishyapti. Darsda bozor qilayotgan ekansizlar.
- Yo’q, yo’q, ikkinchi qilmaymiz. O’rnimizni almashtirmang, - chuvillashdik biz.
- Jim! Ovozingni o’chir hammang! O’tirasan, dedimmi, o’tirasan! Birortang g’ing deb ko’r-chi! Qani, qizlardan boshlaymiz birinchi…
Xullas, sinf g’ala – g’ovur bo’lib ketdi. Qizlar tumshayib muallim aytgan joyga borib o’tirar, o’zlari chiqishmaydigan bolaning yoniga o’tirganidan noroziligini qovoq uyish bilan ayon qilishardi.
- Zebi, sen Avazning yoniga o’tir, - dedi o’qituvchimiz menga gal kelganida.
Shunda kutilmagan hodisa ro’y berdi o’qituvchining yuziga tik qarashga qo’rqadigan Zebi chinqirib yubordi.
- Avaz bilan o’tirmayman!
- Nega o’tirmaysan? O’tirasan!
- O’tirmayman! Avazdan og’ilxonaning isi keladi. Sassiq. Ana, o’g’il bolalardan so’rang. Ularning ham Avazning yoniga o’tirgilari yo’q.
G’alati bo’lib ketdim. Olov avval ichlarimni kuydirdi. So’ng yuzimga urilib, sholg’omdek qizarib ketdim. Sinfdan chopib chiqib ketmoqchi bo’lib, o’rnimdan turgandim. Normengli malim qo’limdan siltab tortib o’tirg’izib qo’ydi.
- Shu qilganing uchun ham sen o’tirasan AVaz bilan, - dedi keyin o’shqirib.
Zebi birov urgandek battar ho’ngray boshladi. Men boshimni partadan ko’tarolmasdim. Hamma bolalar menga tikilib turgandek, sinfxonani esa go’yo og’ilxonaning hidi tutib ketgandek edi.
- Men o’tiraman Avaz bilan!
Dastlab buni kim aytganligini anglolmadim. “ Yalt” etib ortimga qarasam, a’lochi qiz Sanam! U indamay kitob – daftarlarini yig’ishtirib, yonimga kelib o’tirdi. Hamma hayron. Normengli malim ham bir zum angrayib qoldi. So’ng Zebini orqa partada o’tiradigan, doim darsga kechikib keluvchi Usmonning yoniga o’tirg’izib qo’ydi. Men Sanamga minnatdor boqdim. U ko’zimga juda –juda yaxshi qiz bo’lib ko’rindi.
Shu kundan unga munosib bo’lishga harakat qila boshladim. Maktabga borishdan avval yuz – qo’llarimni obdon sovunlab yuvardim. Onam hayron. Bir – ikki kunindamadi-da, so’ng sovunni yashirib qo’yadigan bo’ldi. Endi og’ilxona hidini yo’qotish uchun qo’llarimga kul ishqalardim. Barmoqlarim tars - tars yorilib ketdi. Lekin hid yo’q edi. Shunisigayam xursand edim. Otam urishsa, og’ilxonaga emas, ammamnikiga qochib ketishni odat qildim.
- Avaz, biznikida yashayver, - dedi ammam bir kun dabdurustdan.
- Yo’q, - dedim qo’rqib ketib. – Otam uradi.
- Iloyo, otang o’lsin! O’sha xotinquli shunchalikka boradimi-a? Sag’ir qolib, yostig’ing tezak, ko’rpang somon bo’ldimi, senginaning?
Ammam uzoq javradi. Men ammamning gaplariga tushunmasdim. “ Sag’ir” nima degani? Somonning orasida uxlashning nimasi yomon? Qaytanga yaxsh-ku! Bo’yinni qichishtirihsni aytmasa, yumshoq. Faqat dars qilib bo’lmaydi. Otamning jahli yomon. Aytganini qilmasam, ishdan kelgach, tirqiratib quvadi.shunda og’ilxonaga berkinb olaman. Otam uxlagach, onam kelib chaqirib ketmagunicha indamay yotaveraman. Endi ko’zim ilinishi bilan og’ilxonaning eshigi g’irchillab ochiladi.
- Avaz, - deydi onam. – Otang uxladi, yur endi.
Somon orasidan chiqib, onamning oldiga tushaman. Yig’lagim keladi. Qornim och. Bir tomondan uyqu elityapti. Hali darsimni ham qilganim yo’q.
- Sizlar meni yomon ko’rasizlar, - dedim bir kuni chinqirib. – dedim bir kuni chinqirib. – uydan qochib ketaman!
Onam hech nima demadi. Ammo shunchalik sovuq qarash qildiki, etim junjikib ketdi. Nafasim ichimga tushib, indamay qoldim. Qiziq, otamdan ko’ra ko’proq onamdan qo’rqaman. Bo’lmasa urmaydi, urishmaydi, erkalatmaydi ham. Qandaydir sovuq. Shunchalik ko’p ish buyuradiki, ado qilib ulgurmayman. Hatto, kichkina singlimning ishtonlarini ham menga yuvdiradi. Yuvish qiyin emas-u, hidi yomon. O’xchiyverib ko’zlarim yoshlanib ketadi. Shuning uchunmi, maktabdan uyga qaytgim kelmaydi. Dars tugagach, papkamni osiltirib, daryoga boraman. Daryo chiroyli. Ayniqsa, baliqlari zo’r. toshlar orasida biltang – biltang qilib yurgan baliqlarni tomosha qilish maza-da! Hech zerikmaydi, kishi. Lekin tutish qiyin. Toshning orasiga qisib, arang ushlasam ham yana qo’limdan sirg’alib ketaveradi…
- Baliq tutgani bormaysizmi? – dedim bir kuni Sanamga. U bilan juda inoq bo’lib ketgandim. Sanam tufayli o’qishlarim ancha oldinga siljigandi.
- Bo’pti, - u gapimga darrov rozi bo’ldi.
1 – qism tugadi.