Igor Sedix “ Lyusernlik o’g’ri”
Uning kirib kelishini hamma kutib turgan bo’lsa-da, zalda paydo bo’lib qolganini baribir hech kim sezmadi. Past bo’yli, kulrang kostyum kiyib olgan bu odam boshini quyi solganicha kelardi. Agar kuzatib kelayotgan ikkita jandarm bo’lmaganida, u bir to’da bekorchi va jurnalistlar orasiga hech bir qiyinchiliksiz singib ketgan bo’lardi. Xuddi ana shu tariqa o’ziga e’tibor qaratmay, to’daga singib keta olish qobiliyati unga muzeylardan sezdirmay qimmatbaho ijod namunalarini olib chiqib ketishiga qo’l kelgan…
Stefan Braytvizer Gryuyer qal’asidagi Belle Luce zaliga ko’p marotaba kirgan. Hozir esa bu zalga o’z ixtiyori bilan emas, oldingi tashriflari evaziga sud oldida javob berish uchun keldi.
Olti yil davomida 32 yoshli bu odamovi yigit Yevropaning yettita davlat muzeylari, galereyalar, cherkov va ko’rgazmalaridan 174 marta o’g’irlik qilgan. 239ta san’at asarlari va noyob buyumlar uning o’ljasiga aylangan. Faqat Shveysariyaning o’zida u ellikdan ortiq muzey va cherkovlardan 84ta buyumni o’g’irlagan. O’zining Eshensvillerdagi uychasida Piter Breygel, Antuan Vatto, Fransua Bums, Lukas Krekaxmerning asarlaridan ajoyib kolleksiya yaratgan. Rassomlik asarlaridan tashqari unda XVI – XVII asrning noyob durdona buyumlari ham ko’p edi.
Sud jarayonini o’tkazish uchun Belle Luce zali bekorga tanlanmagan edi. Bu yerda Braytvizer Shveysariyadagi birinchi o’g’irligini sodir etgan. 1995-yil 1 – mart kuni u zaldan XVII asrga doir kartinani olib chiqib ketgan.
Muzey o’g’irliklari bo’yicha ekspert, jandarmeriya serjanti Aleksand Fon Myul “ Braytvizer XX asr san’ati tarixida o’chmas iz qoldirdi”, deb ta’rifladi.
Stefan bolaligidan san’at asarlari orasida o’sdi. Uning bobosi Rober Braytvizer Elza rassomlik asarlarining mashhur namoyondasi bo’lgan. Otasi undan juda katta noyob mebel va qurol – aslahalarni meros qilib olgan.
Stefan bolaligidan go’zallikni qadrlashni o’rgandi. Arxeologiya va antikvariat bilan qiziqqan. Ota – onasining ajralishi uning uchun og’ir zarba bo’ldi. Otasi o’g’lining ajralishi uning uchun og’ir zarba bo’ldi. Otasi o’g’lining yalinib – yolvorishiga qaramay, hamma kolleksiyani o’zi bilan olib ketdi. Eshensvillerdagi dang’illama uy huvillab qoldi. Stefanning eslashicha, o’shanda uning miyasida nimadir “ chirsillab’ uzilganday bo’lgan.
Keyin antikvar jihozlar o’rniga onasi zamonaviy jihozlar sotib oldi. Bu esa Stefanning battar noroziligiga sabab bo’ldi. Endi u yo’qotishning o’rnini to’ldirishni boshlagan edi. Stefan kimoshdi savdolaridan biror nima sotib olish uchun har qanday qo’shimcha ishlarga rozi edi.
- Hamma yiqqan pullarimni shunga sarfladim, - deydi uning o’zi sudda.
Tergovda ma’lum bo’lishicha, u oilaviy kolleksiyasini qayta tiklash uchun taxminan 60 ming shveysar franki (40ming dollar) sarflagan. Auksionlarda tanlab o’tirmay , hamma narsani sotib olaveradigan boyvachchalar bilan raqobatlasholmay battar g’azabi qo’zirdi. 1994- yil fevral oyidagi ko’rgazmalardan birida Stefan qadimiy chaqmoqtoshdan yasalgan to’pponchani ko’rib qoladi. Noyob buyum ochiq peshtaxtada turardi. Uni hamma ushlab ko’rishi mumkin edi. Stefan to’pponchani ushlab ko’rdi va … uni ryukzagiga solib qo’ydi. Qimmatbaho buyumlar ovi xuddi shu ondan boshlandi. Endi Braytvizer muzeyga boradigan bo’lsa, biror yoqib qoladigan buyum qidirib aylanib yurardi.
- Bu bir kasallikka aylangandi. Men har safar kattaroq narsani mo’ljalga olardim. O’zimni to’xtaolmaydigan bo’lib qolgandim, - dedi Stefan sud jarayonida.
Do’sti Ann Katrin Kleynklezi uni ko’p marta bu yo’ldan qaytarmoqchi bo’ldi. Lekin ichki bir istak unga tinchlik bermasdi.
Shveysariyadan tashqari Stefan Fransiyada 68 marta, Belgiyada 19 marta, Germaniyada 11 marta o’g’irlik qilgan. Gollandiya, Daniya, Avstraliyaning ham ko’pgina muzeylarini tunab ketgan.
Shveysariyada Stefan katta oybolta, suratli gilam, shifokorning suyakli parmalovchi asboblariga to’la sandiqchasi, XVII asrga tegishli stol soati, skripka, qilich, haykallar, kartinalarni qo’lga kiritdi. 70ta davlatdan o’g’irlangan buyumlarni sanashga sud jarayonining bir necha soat vaqti ketdi. Ayblov hukmini o’qishda o’g’irlangan buyumlarning narxi 1,65 million frank deb baholandi. O’g’rining aytishicha, narx haddan ziyod oshirib yuborilgan.
Stefan Braytvizer o’g’irlikda hech qanday xiyla – nayrang ishlatmasdi. U buyumni peshtaxta yoki devordan olib, shunchaki ryukzagiga olib ketaverardi. Agar buyum kattaroq bo’lsa, do’sti yordam berardi. Bir gal Gryuyer qasridagi XVII asrga tegishli flamand ustalari to’qigan gilam yoqib qolganida Stefan uni o’rab katta sport sumkasiga joylashtirmoqchi bo’ldi. Lekin hech ilojini qilolmagach, gilamni derazadan uloqtirdi. Tashqariga chiqqach, butalar orasiga yashirib qo’ydi va kechroq kelib, mashinada olib ketdi. Lekin omad har doim ham kulib boqavermasdi. 1997 – yil may oyida Lyuserndagi Fisher galereyasida u XVII asr rassomi Yoxan Xanzning kartinasini yoqtirib qoldi. Lekin olib chiqib ketishga ulgurmadi: uni jinoyat joyida qo’lga tushirishdi. Tintuv paytida polisiya mehmonxonadan yana bir nechta o’g’irlangan noyob buyumlarni topdi. Stefan sudda o’zini vaziyat qurboni qilib ko’rsatdi va 8 oylik qamoq jazosini oldi.
Oradan to’rt yil o’tgach, xuddi o’sha Lyusernda uning karerasiga nuqta qo’yildi. Bu gal Stefanning ko’ziga qadimiy shox yaxshi ko’rinib ketdi. Ammo baxtiga qarshi muzey qo’riqlovchisi ancha xushyor chiqib qoldi va uni hibsga olishdi. Panjara ortiga tushgan Stefan o’g’irliklarini osongina bo’yniga oldi, lekin buyumlarni qayerga bekitganini aytishdan bosh tortdi. Shundan so’ng sud fransuz hukumatiga murojaat etib, Eshensvillerdagi Stefan onasi bilan yashaydigan uyni tintuv qilishni so’radi.
Jandarmlar yetib kelishganida, san’at asarlarining ko’pgina qismi yo’q edi. O’g’lining qamalganini eshitgan Mirey Shtnegelning jahli chiqib, dalillarni yo’qotish uchunmi yoki sevimli o’g’li shu buyumlarnideb qamalganidan o’ch olish uchunmi, ko’pgina san’at asarlarini yirtib, sindirib, axlatga tashlab yuborgandi. 107ta noyob buyumni esa uyi yaqinidagi Reyn kanaliga otgan. Stefan kolleksiyasining barbod bo’lganidan qattiq qayg’urdi.
- Bu ishda hammadan ko’ra men ko’proq jabr ko’rdim, - dedi u sudda. – Men hamma narsamdan ayrildim. So’dtimdan, onamdan (Ular o’g’irlangan narsalarni yo’qotgani uchun qamalgan).
Fransuz polisiyasi tubidan ba’zi buyumlarni topishga muvaffaq bo’ldi.
Tergov davomida mutaxassislar Stefanni tekshirib shu xulosaga keldi: “Stefanni o’g’irlik qilishga faqatgina san’atga bo’lgan muhabbat undagan”.
Stefan sudda:
- Men uyg’onish davriga taalluqli ba’zi san’at asarlarini qo’lga kiritish uchun hamma narsaga tayyor edim. Men bir kun baribir ularni qaytarardim, - dedi.
- Meros qilib qoldirmoqchimidingiz? – so’radi sudyalardan biri.
- Yo’q, besh – o’n yil o’tgach bu qiziqishim so’nardi, balki… Oldin men tanga va marka yig’ishga qiziqardim. Keyin bu qiziqishim so’ngandi.
- Bu go’zalliklardan boshqalar ham bahra olishini hohlashlari mumkinligi xayolingizga kelmadimi? – so’radi prokuror yordamchisi.
- To’g’ri, - dedi Stefan. – Lekin men bu asarlarning vaqtinchalik sohibi bo’lganligimni unutmang.
San’atga bo’lgan muhabbat unga hech tinchlik bermasdi.
- Men go’zallikning quliga aylangandim, - dedi u. – Kerakli namlik darajasini saqlash uchun qorong’I uyda yashardim. Hatto, kerakli darajada namlikni saqlab turishning yangicha usulini ham kashf etganman, - dedi g’urur bilan. – Har safar “ov”ga chiqishdan oldin kutubxonada o’tirib asarlarni uzoq o’rganardim.
Uning san’atshunoslik borasidagi bilimi sudyalarni qoyil qoldirdi. O’g’ri shunchalik ehtiyotkorlik bilan ish ko’rardiki, biror san’at asariga zarar yetkazmasdi. Kartinalar uchun qimmat ramkalar buyurtirardi. Lekin buyum yaxshi saqlanmagan bo’lsa, o’ylab o’tirmay tashlab yuborardi. Psixiatrlar uni kleptoman(o’g’irlikka moyil ruhiy kasallik0 deb o’ylashdi. Uning onasi va bitta do’stidan boshqa hech kimi yo’q edi.
Ekspertlarning fikricha, Stefan hamon o’z tuyg’ularini boshqarolmaydigan yosh bolaligicha qolgan. U o’z harakatlari uchun javobgarlikni his qilmaydigan kishi edi.
San’atga bo’lgan muhabbati ham, san’at asarlarini vaqt o’tgach qaytarib berish va’dalari ham sudyalarni qqoniqtirmasdi. Sud uni 4 yil qattiq rejimga hukm qildi va 15 yil davomida Shveysariyaga kirishni taqiqlab qo’ydi.
Sudda oxirgi so’z berishganida, o’g’ri o’z nutqi bilan hammani lol qoldirdi:
- Ozodlikka chiqqach, antikvar buyumlardan uzoqroq bo’lgan AQSHga yoki Avstraliyaga ko’chib ketaman.
Birozdan keyin darhol fikrini o’zgartirdi.
- Qamoqdan keyin, albatta, birorta muzey yoki auksionning xavfsizlik xizmatiga ishga kiraman. Hali Yevropada qiladigan ishlarim ko’p, - deya Avstraliyaga ko’chib ketish fikridan voz kechdi.
Shveysariya dunyoda muzeylari ko’pligi jihatidan birinchi o’rinda turadi. Muzeylar hatto har bir qishloqda ham bor. Lekin ularni qo’riqlash uchun qimmatbaho zamonaviy uskunalar sotib olishga qishloq muzeylarining qurbi yetmaydi. Muzey kolleksiyasining uzluksiz ko’pyib borishi sababli muzey xizmatchilari “nima qayerda turganini ham unutib qo’yishadi”.
Sudda Stefan Friburdagi san’at va tarix muzeyi qo’riqlovchisi Ivonna Lenxer bilan tortishib qoldi. Gap shundaki, Stefan u yerdan XVII asrga taalluqli naqshinkor qutichani o’g’irlab ketgan. Muzey xizmatchilari buni sezishmagan ham.
Sud jarayonida Stefan Braytvizer muzey xizmatchilariga bir nechta maslahatlar berdi. Mana, ular:
- ochish oson bo’lgan eski peshtaxtalarni almashtirish;
- agar haqiqiysiga pul topmasa, hech bo’lmasa o’g’rilarni qo’rqitish uchun qalbaki kameralarni o’rnatish;
- qo’riqlovchilar sonini ko’paytirish; qo’riqchilarning kamligi yoki uyqusirab o’tirishi biror nima o’g’irlash istagini tug’diradi.
Bu g’ayrioddiy o’g’rining maslahatlariga quloq tutish kerak. Chunki u o’z tajribasidan kelib chiqib gapirgan edi.
Ruschadan Dilfuza Sobirova tarjimasi