January 22, 2021

Davrni tasvirlagan asar qanday?

Savol:Adabiyot – ijtimoiy hodisa .har bir yangi asar davr bilan hamnafas dunyo yuzini ko’radi. Uzoqqa bormaylik, 80 – yillardagi “ Javob”, “ Galatepaga qaytish”, “ Yozning yolg’iz yodgori” kabi asarlarda ijtimoiylikning qahramonlar ruhiyatidagi evrilishlarga sabab bo’luvchi omillari yuksak badiiy mahorat bilan ifoda etilgan. Yoki 90 – yillarda “o’tish davri” tufayli vujudga kelgan madaniy – ma’naviy inqiroz, ayniqsa, ziyolilarning iztiroblari “ Bozor” , “ Muvozonat” kabi asarlarda o’z aksini topgan. Xo’sh, bugun-chi, o’zbek nasrida zamon ruhini o’zida aks ettirayotgan asarlar yozilyaptimi?

Akmal Jumamurodning javobi: Jamiyat hamisha harakatda , bir nuqtada qotib qolgan emas. Yaqin o’tmishga nazar tashlasak, ikkita jahon urushining o’zi haqida tom – tom asarlar bitilgan. Undan keyin ham urush mavzusiga murojaat qilgan yozuvchi – adiblar ko’p. biroq holatni aynan o’z ko’zi blan ko’rib guvohi bo’lgan ijodkorchalik jonli tasvirlab beruvchi asarlarning vujudga kelishi bu – taqozo, izchil jarayon. O’zgarishlar odamlar ongiga o’z ta’sirini o’tkazmasdan qolmaydi, albatta. Ijod esa qalbda, ruhiyatda sodir bo’layotgan ana shu “o’zgarish”larni yuzaga olib chiqadi.

O’z davrida Qodiriy domla aytgan: “ Modomiki biz yangi davrga oyoq qo’ydik, bas, biz har bir yo’sinda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o’xshash dostonchiliq, ro’monchiliq va hikoyachiliklarda ham yangarishg’a , xalqimizni shu zamonning “ Tohir – Zuhra”lari, “ Chor darvesh”lari, “ Farhod – Shirin” va “ Bahromgo’r”lari bilan tanishtirishka o’zimizda majburiyat his etamiz..”

Shaxsan men adabiyotning ijtimoiy hodisa ekanini O’zbekiston xalq yozuvchisi, ustoz Erkin A’zam ijodida kuzataman. “Jannat o’zi qaydadir”, “ Shajara”, “ Piyoda”, “ SUv yoqalab”, “ Zabarjad”, “ Qarzdor”, “ Farishta”.. Barchasida odamlarning dard-u dunyosi, orzu – armonlari, tashvishlari bo’y ko’rsatadi.

Misol uchun, “ Jannat o’zi qaydaddir”da markschi olim, butun umr soxta g’oyalarga ishonib, shuning orqasidan olimlikka erishgan Domla va uning fojiasi tasvirlanadi. Xotini Bibirobiya (Xonim) esa yangi davrda biznesmenga aylanib qolgan fan nomzodi.

Asarda o’tish davri odamlarining ruhiyati gavdalantiriladi. Aslida buni har bir kishi o’zicha boshdan kechirayotgan ‘ o’tish davri” desak ham yanglish bo’lmaydi. Negaki, pulga, mol –dunyoga o’chlik vajidan o’zga yurtlarda yaxshi yashashni orzulab, o’z yurtini tashlab ketayotgan insonlar fojiasi – ayni bugunning ham gapi.

Yoki adib bilan “ Suv yoqalab” yuramiz. Asar qahramoni Bolta Mardon bir vaqtlar rais bo’lgan. Ikkita o’g’lini qabatiga olib, hovlisiga suv keltirish niyatida ariq yoqalab yo’lga chiqadi. Qizig’I, odamlarga raisning suv yoqalashi erish tuyuladi, chunki davri o’tgan-da! asarda Zulfiya, Sharofat aya, Musallam opa singari ruhiy dunyosi yakkash ayollar bilan uchrashamiz. Bundagi obrazlarning barchasini rais Bolta Mardonning suv yoqalashi jarayonida birin – ketin tanib boramiz.

Yozuvchining “ Piyoda” hikoyasini olaylik. Asar qahramoni Berdiboy o’ziga yarasha o’jar, qaysar – dilidagi tilida bo’lgan obraz. Uning botinidagi isyon, norozilik kayfiyati nutqidagi kinoya, pichinglarda ham yaqqol sezilib turadi. Gap shundaki, Berdiboy jamiyatdagi yangilanishlarni qabul qila olmaydi. Deylik, qizlarning ochiq – sochiq kiyinishi, velosiped minishi va hokazo. Xuddiki buning bariga elektr, televizor “aybdor”. Aslida jamiyatda taraqqiyotning odamlar ongiga ta’sirini ko’rib, bilib tursa-da, buni ich – ichidan tan olgisi kelmaydigan berdiboylar yon – verimizda doim topiladi. Biroq uning “isyon:dan asl muddaosi nima: “… aka – ukalar barimiz bir joyda, maslaan deylik, momomning bog’ida – dashtda yashasak, bir qo’ra, bir qo’rg’on bo’lib! Topgan – tutganimizni kechqurun bir qozonga solsak, birga yesak, birga tursak! “. Shu xolos. Manaa shu birgalikka soya solayotgan balo – texnika. Shular bo’lmaganda”… mehr – oqibat ham, og’a – inichilig-u ota bolalik deganlari ham boshqacha bo’lardi”.

Umuman, zamon ruhini o’zida aks ettirayotgan ustoz ijodkorlar orasida Erkin A’zam asarlari hatto qahramonlarga ism tanlashdan tortib, syujet sur’atigacha xalqqa yaqin va kitobxonga chapani, jaydari kishilar obrazini bosh qahramon tanitishi bilan qadrli.