November 1, 2020

Alfred Xichkok “ Yangi yil kechasidagi sovg’a”

Germules bugungi kunni umrining ajoyib kunkaridan biri hisobladi. Chunki bir yildan buyon mo’ljallab yurgan katta rejasini nihoyat amalga oshirishga muvaffaq bo’ldi. Kompaniyaning hamma xodimlari ketib bo’lgan. Faqat Odmirgina oshxonada o’z ishlari bilan band edi. U Germulesning oldiga qahva qo’yarkan, dedi:

-         Janob, menga boshqa ishingiz yo’qmi?

Germules cholga mehribonlik bilan qaradi:

-                     Yo’q, Odmir, faqat ayt, bu yilgi bayram ta’tilini qanday o’tkazmoqchisan? Kechqurun yangi yil kechasi ekanligini bilasan-a? Oilang bilan safarga chiqmoqchidirsan?

Odmir nimadir demoqchi bo’lib og’iz juftladi, ammo darhol fikridan qaytdi:

-         Yo’q, janob, ya’ni… Qo’ying bu gapni. Boshqa topshirig’ingiz yo’qmi?

Keyin ta’zim qilib kompaniya direktorining xonasidan chiqib ketdi. Germules Odmirning kasodga uchragani, hatto bayramni ham ko’ngildagidek o’tkazishga qodir emasligini yaxshi bilardi. Odmirning yumshoqko’ngilligi, shirin muomalasi uchun bo’lsa kerak, Germules unga yordam berishga qaror qildi. Soatiga ko’z tashlarkan, xotini Merining, “ Germules, iltimos, agar ushbu shartnomani imzolashga muvaffaq bo’lsang, albatta, menga qo’ng’iroq qil”, degani yodiga tushdi. Darrov uyining telefon raqamini terdi:

-         Azizim, xursand bo’laver, ish bitdi.

Meri simning narigi tomonidan xushhol dedi:

-         Oh, juda xursandman. Demak, endi xotirjam safarga chiqishimiz mumkin-a?

-         Ha, albatta. Men bir soat ichida uyda bo’laman. Sen jomadonlarni yig’ishtirib, yo’lga tushishimiz uchun tayyor bo’lib tur.

Ovozidan o’ta quvongani bilingan Meri dedi:

-         Unday bo’lsa, senga bir gal aytaman. Men sening muvaffaqiyatga erishishingni oldindan bilgan edim. Shu sababli safar uchun kerakli barcha narsalarni yig’ishtirib, mashinaga solib qo’ydim. Shunday ekan, qiynalib uyga kelishing shart emas! Yaxshisi, mashinangni kompaniya parkiga olib kirib qo’y. men o’zing sovg’a qilgan “ Ferrari”ga o’tirib, hoziroq yo’lga tushaman. Darhol sayohatni boshlaymiz.

Xotinining kutilmagan ishidan taajjublangan Germules avvaliga xursandlik bilan rozilik bildirdi. Keyin esa biroz kalovlanib dedi:

-         Lekin bir muammoni unutma: pullarni nima qilamiz? Hozir yonimda uch million dollar naqd pul bor. Ularni kompaniya seyfida qoldira olmayman. Chunki biz bir hafta mobaynida safarda yuramiz. Kompaniya ham yopiq bo’ladi. Shu vaqt ichida bu yerga o’g’ri tushsa-chi?

-         Lekin… Germules ertaga yakshanba! Banklar ishlamasligi esingda yo’q, shekilli? Bank ochilishini kutib, yana ikki kun shaharda qolishimizni hohlaysanmi?

Bu gapdan Germulesning ham ko’ngli xira bo’ldi:

-         Nima qilamiz? Sening boshqa taklifing bormi?

-         Menimcha, pullarni o’zimiz bilan olib ketganimiz ma’qul. Ertaga mehmonxonada bo’lamiz. Indiniga esa Meksikada “ Nyubank” bo’limlaridan biri orqali sening hisob raqamingga o’tkazamiz.

Germules bu taklifni har qancha ehtiyotkorlikdan yiroq, deb bilsa-da, ta’tilni bekor o’tkazmaslik uchun rozi bo’ldi.

Yarim soat ichida Germules barcha ishlarini bajardi. Pullarini tartib bilan katta portfeliga joyladi. Qog’oz pullarning ming, besh yuz dollarlik ekanligi, ozgina joyni band qilishidan xursand bo’ldi. Seyfning eshigini bekitib, kiyimlarini endigina kiyib bo’lgan edi, pastdan “ Ferrari”ning uzun signali eshitildi. Germules shoshib shlyapasini kiydi va kuzatish uchun kirgan Odmirga ming dollar solingan paketni uztib, dedi:

-         Odmir, o’zing yaxshi bilasan, men har yili kompaniya xodimlariga mukofot puli berishdan tashqari eng yaxshi ishchini alohida rag’batlantiraman. Bu yil ushbu rag’batga sen munosibsan! Marhamat, mukofotingni ol…

Odmir shunchalik talmovsirab qoldiki, hatto janob direktoriga rahmat aytdimi – yo’qmi, esida qolmadi. Germules xotinining mashinasiga mingach, paketning ichiga qaradi. Ming dollarlik qog’oz pulni ko’rib, xursandligidan yig’lab yuboray dedi.

Kechqurun soat sakkizlar atrofida Germules va Meri kechki ovqatni tanovul qilish uchun bir restoranga kirishdi. Ovqatlandilar. Germules hisob – kitob qilayotgan vaqtda Meri unga dedi:

-         Germules, to’g’risi, men do’stim Xelenga qo’ng’iroq qilib, ertaga kelishib qo’ygan uchrashuvimni bekor qilishim kerak.

-         Unda tezlashtir, kech bo’lib qolmasin…

Meri qo’ng’iroq qilishga ketdi. Germules sigaretini yoqar ekan, xotini bilan tanishgan damlarni esladi. O’shanda Meri samolyotda sytyuardessa bo’lib ishlar, Germules u bilan parvoz paytida tanishgan edi. Meri Hans ismli hamkasbi bilan unashilgandi. Ammo, u tamomila mansabparast ayol bo’lgani uchun Germulesning boyligini deb Hansdan voz kechdi. Shu tarzda Germulesga turmushga chiqdi. Bu nikoh Hans bilan bog’liq janjallar sababli Germulesga biroz qimmatga tushgan bo’lsa-da, hozir hammasidan rozi edi.

-         Meri shahardan chiqishdan oldin benzin bakini to’ldirish esingdan chiqmasin…

Meri monitorga ko’z tashlab dedi:

-         Albatta. Lekin… Germules , men o’n kilometrdan narida boshqaruvchisiz, faqat tanga tashlash orqali mashinalarga benzin quyadigan Avtomat yoqilg’I quyish shoxobchasi qurilganini eshitdim. Agar qarshilik qilmasang, bu kecha o’sha yerda yoqilg’I quyib ko’rsam…

Germules kuldi:

-         Eh, kichkintoy! Xuddi yosh bolaga o’xshaysan. Yaxshi, nimabi hohlasang, shuni qil…

Meri Meksikaga qiladigan sayohatlari rejasi haqida so’zlab borayotgan edi. Germules bir kilometr chamasi oldinda yonib turgan chiroqni xotiniga ko’rsatdi:

-         Meri, anovi yonib turgan chiroq benzin quyish shoxobchasi. Ehtiyot bo’l, o’tib ketma!

Meri jilmayib tezlikni pasaytirdi. Mashinani ohistagina avtomat yoqilg’I quyish shoxobchasiga olib kirdi. Germules rezina ichakni avtomobil baki ichiga tiqqan paytda Meri ham tushib, erining yoniga keldi. Shu payt osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, novcha erkak qo’lida quroli bilan paydo bo’ldi:

-         Ahmoqona harakat qilmaysiz, deb umid qilaman, deb umid qilaman, janob. Qo’lingizdagi portfelni tezroq menga uzating…

Bu hodisa shu qadar oniy tarzda yuz berdiki, er – xotin qo’rquvini yashirolmay qolishdi. Ammo tezda o’zini qo’lga olgan Germules past ovozda dedi:

-         Men aytganingni qilmayman. Sen ham, yaxshisi, ahmoqlik qilma…

Ammo o’g’ri javob o’rniga Merining yuziga qattiq shapaloq tortib yubordi. Qurolini ayolning chakkasiga tirab, dedi:

-         Juda yaxshi! Unday bo’lsa, xotining bilan tezroq vidolashganing ma’qul…

Meri qo’rquvdan yig’lay boshladi. O’g’ri qurolining tepkisini bosmoqchi edi, Germules qo’rqib ketdi:

-         Yaxshi, qurolingni pastga tushir. Qo’l kishanining kaliti mashinaning ashyolar solib qo’yiladigan qutichasida. Xotinimda tegma…

Erkak kulib yubordi va tezlik bilan qo’lini mashina qutichasiga tiqib, kalitni topdi. So’ngra qurolining uchini Merining tomog’iga tirab, o’zi bilan birga yurishga majbur qildi. Keyin ehtiyotkorlik bilan qo’l kishanining qulfini ochdi va portfelni mashina ichiga tashladi.

-         Sen qochib ketolmaysan, chunki polisiya yigirma to’rt soat ichida qo’lga oladi… - dedi Germules.

O’g’ri bosh irg’adi va Merini sudragan ko’yi Germulesni benzin quyish shoxoobchasining orqa tomoniga o’tishga majbur qildi. Keyin uning bir qo’lini kishan bilan bayroq ustuniga qulflar ekan, bir necha daqiqa avvalgi gapga javob berdi:

-         To’g’ri aytasiz, lekin men bu ishni hal qilishning ikki yo’lini bilaman. Birinchisi, hozir siz bu yerda ikki – uch soat qolib ketasiz. Ikkinchidan, faraz qilaylik, sizni biror kimsa topib oldi… Lekin, afsuski, tonggacha bunday voqea ro’y bermaydi. Siz xotiningizni shunchalik yaxshi ko’rasizki, polisiyaga hech nima demaysiz. Chunki men bu xonimni garov tariqasida o’zim bilan birga olib ketaman. Chegaradan chiqib ketganimdan keyin ozod qilaman…

-         Yo’q, bu qabihlik!..

Germules boshqa gapira olmadi. Chunki o’g’ri qurolining qo’ndog’I bilan uning boshiga urib, xushidan ketkazdi. So’ngra kuch bilan Merini mashinaga o’tqazdi.

Benzin quyish shoxobchasidan , chamasi, bir kilometr uzoqlashganlarida Meri qovog’ini solib dedi:

-         Hans, sen juda berahmsan, shapalog’ingdan haligacha yuzim lovillayapti…

O’g’ri bor ovozi bilan kulib unga o’girildi:

-         Gaping to’g’ri, lekin, mana bu uch million dollar haqida o’ylasang, ishonamanki, og’riqni unutasan…

-         Biroq, haqiqatan rejang juda ajoyib bo’ldi, Hans. Men qo’rqqan edim.

-         Bu fikr sening rejang edi, men faqat yaxshi aktyor bo’ldim…

Bu paytda benzin quyish shoxobchasidan yigirma kilometrcha uzoqlashgan edilar.

-         Meri, mashinaning hujjatlarini tayyorla, - dedi Hans “ Meksika chegarasi – 10 km”, deb yozilgan lavhaga ko’zi tushib.

Sumkasini va avtomobil ichini diqqat bilan ko’zdan kechirgan Meri gangigan holda dedi:

-         Hans, men uydan hujjatlarimni olib chiqishni unutibman. Shoshganimdan, hayajonlanganimdan esimdan chiqibdi. Chegaradan o’tib ketolmaymiz…

Hans mashina tezligini pasaytirdi va yo’l chetiga chiqib to’xtatdi.

Sigaretini o’t oldirarkan, jahl bilan dedi:

-         La’nat bo’lsin senga! Endi nima qilamiz? Uyinngga qaytishdan o’zga choramiz yo’q. u yergacha qirq besh daqiqadan ko’p vaqt ketmaydi. Aminmanki, ahmoq erring erta tonggacha ham qo’l kishanidan ozod bo’lolmaydi. Shunday ekan, qaytamiz!

Ammo Hans o’ylagandek bo’lmadi. Germules qo’l kishanidan juda tez ozod bo’ldi. Chunki u qo’l kishanining qo’shimcha kalitini doimo bo’yinbog’I orqasiga yashirib qo’yardi. Buni, hatto Meri ham bilmasdi.

Germules xayolga cho’mdi. U telefon orqali chegara xizmatchilari va atrofdagi politsiyachilarga yuz bergan talonchilik to’g’risida xabar berolmasdi. Merini shu qadar qattiq sevardiki, bunday tavakkalchilikka qo’li bormadi. Shuning uchun boshi qonga belangan holda yo’l chetiga chiqib tursi. Omadi chopib birinchi yo’lovchi mashina haydovchisining unga rahmi keldi. Shahargacha keltirib qo’ydi. Shaharga kirganidan keyin Germules taksi ushlab, uyiga yetib oldi. Fikri biroz tiniqlashishi uchun yaxna ichimlik ichdi. So’ng zim – ziyo qorong’ilik qa’rida divanga cho’zilib o’yga cho’mdi.

Oradan yarim soat o’tar – o’tmas, tungi soat o’n ikkiga yaqin uyi oldida avtomobil tormozining tovushi eshitildi. Germules beparvolik bilan derazadan tashqariga qaradi. Eshik oldida Merining qip – qizil “ Ferrari”sini ko’rib, hayratdan qotib qoldi. “ Bu yerda mashina nima qilyapti? Yo Meri qaytib keldimikan? Nima uchun bu qadar tez? U holda anovi gangster qayerda qoldi?” shu haqda o’ylar ekan, yana tashqariga tikildi. Bir erkakning uy tomonga kelayotganini ko’rib, hayrati yanada oshdi. Tezda mehmonxonadagi zonapoya orqasiga yashirindi…

Hans shoshib uyga kirdi. Germules unga ko’zi tushib baqirib yuborishiga bir bahya qoldi. “ Hans? Bizning uyda nima qilyapti? O’sha gangstermi? Unda Meriga nima bo’ldi? Xotinim qayerda?

Hans hujjatlarni olish uchun tepadagi Merining yotoqxonasi tomon yurganida Germules parda ortidan tashqariga qaradi. Merining avtomobil ichida xotirjam sigareta chekib o’tirganini ko’rgach, hammasiga tushundi: “ Iflos, sen o’sha hayvon bilan sherik bo’ldingmi? Hozir ikkalangni ham o’ldiraman!..”

Ustunlardan birining orqasiga yashirinar ekan, Hansni bir zarb bilan o’ldirish uchun katta va og’ir temir omburni boshi uzra ko;tarib, tayyor bo’lib turdi…

Hujjatlarni topgan Hans tezlik bilan zinadan pastga tushdi. Baxtga qarshi Germulesning ushlagan ombur uchi ustunga osib qo’yilgan Merining surati ramkasiga ilinib qoldi. Ramka tushib ketdi. Taraqlagan tobush Hansni xushyor torttirdi. O’girilib qarab, boshidan bir qarich yuqorida turgan omburni ko’rdi.

-         Agar uni tashlamasang, ishonaver, seni o’ldiraman.

Germules omburni tashlashi bilan Hans uni ko’chaga boshladi. Meri erini ko’rib hayratini yashirolmay qoldi. Hans nima bo’lganini aytgandan keyin seni yo’qotishdan boshqa choramiz yo’q…

Shundan so’ng Hansga buyruq berdi:

-         Hans, uni bir yoqli qil…

Hans zatvorni yuqoriga ko’tardi. Germulesning ko’zlari qo’rquvdan tinib ketdi. Hans barmog’ini tepkiga qo’ydi. Ammo sovuq jism qanshariga tiralganini his qilib joyida qotdi.

-         O’v, iflos, ahmoqlik qilma! Men qirq yildan beri senga o’xshagan o’g’rilarni ovlab yurgan polisiyachiman. Qimirlasang, gardaningdan darcha ochaman…

Nima bo’lishini sezgan Meri yig’lay boshladi. Hans endi qo’rquv va hayajondan qaltirar, Germules qotib qolgandi. “ Polisiyachi” uni hushiga keltirdi:

-         Ey janob, haykalga o’xshab menga qarab turavermang. Tezroq bu ahmoqning qo’lidan qurolini oling…

Germules tezda Hansdan qurolini oldi. Shu lahzada xizmatkor Odmirning istehzoli kulgisi har uchalasining qulog’ini qomatga keldtirdi. Hans qanshariga tiralgan sovuq jism qurol emas, balki oddiygina mushtukning temir dastasi ekanligini ko’rdi. Odmir hamon kulgidan o’zini to’xtat olmas, xushyorlikni ham unutmasdi. Keyin Germulesdan qurolni oldi:

-         Kechirasiz, janob direktor hissiyotga berilib, o’zingizga ish orttirasiz, deb qo’rqaman. Men bu ikkisiga qarab turaman. Siz tezroq polisiyaga qo’ng’iroq qiling…

Polisiya xodimlari mashinasi Hans va Merini olib ketishganidan keyingina Germules o’ziga keldi. Xursandlik va minnatdorchilik bilan cholni bag’riga bosib, so’radi:

-         Odmir, ayt, kechasi shu mahalda bu yerda nima qilayotgan eding?

-         Rostini aytsam, janob direktor, siz mening bir oylik ish haqimdan besh baravar ko’p pul berganingizdan keyin uyga ketdim. Kampirimning maslahati bilan darhol tashqariga chiqib, yetmish dollarlik manovi mushtukni sizga yangi yil sovg’asi sifatida sotib oldim. Erta tongda safarga chiqishingizni bilganim uchun kechasi bedor bo’lasiz deb o’ylabman. Sovg’ani beraman, deb keluvdim…

Germules cholni qaytadan bag’riga bosdi:

-         Odmir, ta’til tugaganidan keyin bo’lgan voqeani kompaniyadagi hamkorlarimizga hikoya qilib berasan. Esingda bo’lsin, “ yetmish dollarlik” emas, “ uch million yetmish dollarlik” mushtuk deb aytgin, xo’pmi?

Ularning qah – qahasi olamni tutdi. Germules yangi yil kechasini Odmirning oilasi bilan o’tkazish uchun mashinaga o’tirib, uning hamrohligida yo’lga tushdi.

Sherali Avezmetov tarjimasi.