Lev Tolstoy " Tirilish" romaniga taqrizim.
436. Tolstoy L.N. “ Tirilish”
“ Inson doimo doimo son – sanoqsiz tirilishlar va tubanlashishlar davridan iborat. Ammo eng muhimi doimo yakundagisi hisoblanadi”
Elbek Hamrayev “ Fahmsiz yigitning kechinmalari”.
Asar haqidagi ilk fikrlar: asarni to'liq o’qib tashlab qo’ygandim, chunki bitta buzuq ayolning taqdirini yoritilgan asardek tuyulgandi, ammo 2011 – yildagi muhim tavsiyadan keyin kitobni tugatdim. Eski nashrida o’qiganim uchun eskicha so’zlar va tarjimaning eskiligi asarni to’liq tushunishimga xalaqit berdimi, yoki kitobdanmi bilmadim. Ammo keying yangi Zabarjad media tomonidan chiqqan yangi nashridan keyin kitob menga juda ham yoqdi. Asarni olib o’qishim davomida bir insonning qilgan xatolari uchun hamma narsani qilishiga guvohi bo’ldim. Asar haqida o’qiganimda yozuvchining oxirgi asari ekanligini bildim. Tolstoy dahosining 10 yillik mehnati (1889 ─ 1899) samarasi o‘laroq dunyoga kelgan asarda adib o‘z zamonasidagi voqelikni tasvirlagan bo‘lsa-da, insoniyatning barcha zamonlariga xos muammolarni ochib bergan.
Asar haqidagi qisqacha : Romanning bosh qahramoni – Nexlyudov bo’lib u o’ziga to’q boy oila farzandi sifatida juda ko’p axloqsizliklar qilgan, ammo sudda sevib ardoqlab keyin bir buyumdek tashlab ketgan Katyusha Maslovani ko’rib qolib ich –ichidan o’z ayblarinio’ylab qoladi. Hatto u bilib turib aralashmagani sababli aybsiz bo’lib Katyusha surgun qilinadi. Unda qayta ayblarini yuvish imkoni bo’lganligi sababli taqdir uchratgan Maslova orqali qayta tirilishi kerakligini his qiladi. Asarning voqealar rivoji Nexlyudovning Maslova uchun hatto surgunga ortidan borishga, unga yaxshi sharoitlar qiladi. Nexlyudov bitta qarorga kelgan edi: “ Men har qanday holatda ham Maslovaga uylanaman”. Ammo Maslova birga qamoqda tanishgan yigitning nikoh bo’yicha taklifini qabul qiladi. So’nggi uchrashuvda Nexlyudov uning ko’zlarida atay Nexlyudovga erga tegib baxtsiz qilishidan qo’rqib qochayotgan qizni his qiladi. Nexlyudov uni qo’yib yuborishga majbur. Tolstoy doimo dvoryanlar, yuqori toifa shaxslarining hayotidagi achchiq haqiqiqatlarni yuzlariga yoritishni hohlaydi. Asarda o‘quvchi e'tibori ikki parallel jarayonga qaratiladi: inson nafsi va ichki «men» o‘rtasidagi kurash hamda jamiyatdagi adolatsizliklar, jinoyatchilikning urchishi sabablari.
Asardagi ilgari surilgan g’oyalar:
Nexlyudov o’zi mansub bo’lgan doiraning qanchalar manman, xudbin va molparastligini bilar, shulardan o’zini tozalashi va hammasiga qarshi kurasha olmasa-da, o’zining harakatlari bilan yo’lovchi bo’lishini bilar edi. Asarda inson insonlar ustidan hukmronlik qilish uchun emas, balkim ularni eshitish va birga harakat qilishi uchun zarurligini aytilgan. Ko’plab adabiyotshunoslar uchun sudyalar uchun o’qilishi shart kitoblardan biri sifatida aytilgan.
O‘z savollariga javob qidirgan Nexlyudov shaxsiy ehtiyojlari atrofida o‘ralashib qolgan kishilar umrini asl missiyasidan chalg‘iganlarga qiyoslaydi: xo‘jayinining ishini qilinglar deb boqqa yuborilgan bog‘bonlar bog‘ni o‘zlarining xususiy mulklari deb xayol qilganlar, ular bog‘dagi jamiki narsalarni o‘zlari uchun qilingan deb bilishgan. Shuning uchun ishimiz xo‘jayinni esdan chiqarib, xo‘jayinni hamda xo‘jayinning oldidagi burchni eslatuvchilarni o‘ldirib, bog‘da gasht qilib yashashdan iborat, degan fikrga kelishgan...
Nexlyudovning do‘sti, Senat kotibi Selenin misolida ichki uyg‘oqlik ko‘rsatiladi. Uning oilaviy hayotidan ham, ishidan ham, boring-ki, ana e'tiqod qiladigan dinidan ham ko‘ngli to‘lmaydi. Bu ko‘ngli to‘lmasliq, qoniqmaslik hissi aslida noshukrlik yoki noshudlik emas. Balki, aksincha, o‘zidagi kamchiliklarni ko‘ra olish, ulardan ko‘z yummaslikdir...
Odatiylik, o‘zi ko‘nikkan qobiqqa ko‘nikib yashash, komfort zonasidan chiqa olmaslik, hayotdan qoniqish his qilib yoki qoniqayotgandek o‘zini ko‘rsatib yashash oson, lekin bu o‘limga olib boradi, ruhiy tanazzulga yetaklaydi.
Nexlyudovning ta'biricha, har kimning ichida bir qumursqa bor ─ bu asl «men». U ba'zida g‘imirlab, to‘g‘ri gapni aytib turadi, lekin biz shahvoniyatga shunchalar qulmizki, bu qumursqani eshitib-eshitmaganlikka olamiz, ovozini o‘chirishni istaymiz. Vaholanki, bu qumursqani uyg‘otish, qayta mudrashiga izn bermaslik kerak. Asl tirilish, inqilob shunday ro‘y beradi.
Asarda qo’yilgan asosiy savol esa : Asl aybdor kim? Sudlanuvchimi yoki sudyami?
«Tirilish»dagi markaziy ijtimoiy muammo qamoqxonalarda chiriyotgan umrlar va bunga odatiy holdek qaraydigan, «qora frak kiyib, tilla hoshiyali pensne» taqib olgan sudyalar, prokurorlarning xudbinligi haqida.
Sholcha o‘g‘irlab qo‘lga tushgan yesir bolakayni so‘roq qilishayotganda Nexlyudov o‘zicha mulohaza qiladi. «Bu bola qandaydir bir boshqacha yovuz emasdir axir, uning oddiygina odam ekanligini hamma ko‘rib turibdi-ku. U xuddi ana shunday odamlarni yetishtiradigan muhitda yashagani uchungina jinoyatkor bo‘lgan axir. Mana shunday bolalar bo‘lmasligi uchun esa bunday baxsiz zotlarning paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan sharoitlarni yo‘q qilishga harakat qilish lozim. Biz esa nima qilyapmiz? Biz bunaqa yigitlarning minglarchasi qo‘lga tushmay chetda qolib ketayotganligini bilaturib mana shunday qo‘qqisdan qo‘lga tushib qolganiga mahkam yopishib olib, turmada uning umrini bekorga chiritamiz yoki bema'ni mehnat bilan o‘tkazamiz...».
«...Ular xavfliyu biz xavfli emasmizmi?.. Men buzuqman, fohisha, aldamchiman. Mening shunaqaligimni ko‘ra bila turib mendan nafratlanish u yoqda tursin, qaytaga hurmat qilishadi. Chunki men oliy tabaqadaman. Ular esa shunchaki qora xalq...»
Romanda hibsxonlarda turli sabablar bilan umri chiriyotgan jinoyatchilarning bu ahvolga kelishiga sabab bo‘lgan jamiyat, ularni qamoqqa tiqqan sudya, prokuror, tergovchilarning o‘zi ham jinoyatchilikda ulardan kam emasligi, faqat ular o‘z jinoyatini «nafosat bilan» amalga oshirishi va xaspo‘shlashi tasvirlanadi.
«Jinoyatchilarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan sharoitni yo‘qotish uchun harakat qilish o‘rniga bundaylarni yetishtiradigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlaymiz ham. Bular fabrika va zavodlar, qovoqxonalar va fohishaxonalardir... Jamiyat ularni yo‘qotmayapti, demak, ularga o‘zi ham ehtiyoj sezadi». Bu Katyusha Maslovaning taqdiri misolida ko‘rsatiladi.
Maslova yengiltak. Lekin u o‘zini keraksiz deb emas, balki zarur shaxs deb biladi, o‘zini qadrli deb hisoblaydi. Chunki hayotida uchragan erkaklar unga va unga o‘xshagan ayollarga zorligini, etagiga yopishib olishini o‘zi ko‘rdi, his qildi. Jamiyatning o‘zi uning kerakligini ta'kidladi, isbotladi.
Asar haqida ko’p gapirish mumkin, ammo uni o’qib amin bo’lganimiz ma’qul.
Asardan iqtiboslar:
· U vaqtlarda tabiat bilan , o’zidan ilgari yashab o’tgan, fikr qilgan, his etgan odamlar (falsafa,poeziya) bilan yaqin munosabatda bo’lishni muhim va zarur deb bilar edi, endi bo’lsa turli muassasalar va o’rtoqlar bilan aloqada bo’lish muhim va zarur edi.
· U vaqtlarda Nexlyudov haqiqiy men, deb o’zining ruhiy dunyosini bilar, - endi esa sog’lom, baquvvat quruq tanasini, hayvoniy nafsini men hisoblardi.
· Nexlyudovning ko’nglida boshqa odamlarning ham ko’nglida bo’lgani kabi ikki odam yashar edi. Biri, yolg’iz o’’zi uchun emas, boshqalar uchun emas, boshqalar uchun ham baxt – saodat tilovchi ma’naviy odam, ikkinchisi, yolg’iz o’zining manfaatini ko’zlovchi va o’z manfaati uchun to’g’ri kelgan narsaning hammasini qurbon qilishga tayyor bo’lgan hayvoniy odam edi.
· Oyoq – qo’limni chambarchas bog’lagan yolg’onni, har qanday qilib bo’lsa ham parchalab tashlayman, hammasiga iqror bo’laman, hammaga to’g’risini aytaman, haqqoniy ish tutaman”.
· Bu bola qandaydirbir boshqacha yovuz emasdir axir, uning oddiygina odam ekanligini hamma ham ko’rib turibdi-ku. U xuddi ana shunday odamlarni yetishtiradigan muhitda yashagani uchungina jinoyatkor bo’lgan axir. Mana shunday bolalar bo’lmasligi uchun esa, bunday baxtsiz zotlarning paydo bo’lishiga sababchi bo’ladigan sharoitlarni yo’q etishga harakat qilish lozimligi aniq – ravshan ko’rinib turibdi-ku. Biz bo’lsak nima qilyapmiz? Biz nunaqa yigitlarning minglarchasi qo’lga tushmay chetda qolib ketayotganini bilaturib, ana shunday qo’qqisdan qo’lga tushib qolgan bittasiga mahkam yopishib olib, turmada uning umrini bekorga yoki bema’ni mehnat bilan o’tkazamiz , xuddi o’zi singari adashib, holdan toygan odamlar bilan birga kamaymiz, keyin davlat hisobiga eng yaramas odamlar qatori Moskvadan Irkutsk gubernayasiga surgun qilamiz
· Odatda, o‘g‘ri, qotil, josus, fohisha va hokazolar kasblarini yomon deb hisoblab or qilishlari kerak. Deb o‘ylaydilar. Aslida, shuning tamomila aksi bo‘ladi. Taqdir va gunohlari – xatolari tufayli bir alpozga tushib qolgan kishilar, tutayotgan ishlari qanchalik noto‘g‘ri bo‘lmasin, turmush haqida shunday bir xulosaga kelib qo‘ygan bo‘ladilarki, nazarlarida, hozirgi tutgan o‘rinlari va qilayotgan ishlari yaxshi va e’tiborli bo‘lib ko‘rinadi. Shu fikrlari yo‘qqa chiqmasligi uchun odamlar, beixtiyor, turmush haqidagi fikrlarini tan oladigan va o‘zlarining unda tutgan o‘rinlari yaxshi ekanligini inkor etmaydigan kishilar doirasidan chiqmaslikka harakat qiladilar. O‘g‘rilar epchilliklari, fohishalar buzuqliklari, qotillar bag‘ritoshliklari bilan maqtanishsa, biz tang qolamiz. Biz bu ahvolga shuning uchun ham tang qolamizki, bu odamlar yashagan doira, muhit juda cheklangan, biz esa shu muhitdan chetdamiz. Lekin shunisi ham borki, boylarning o‘z boyligi, ya’ni talovchiligi bilan maqtangani, lashkarboshilarning o‘z g‘alabalari, ya’ni qonxo‘rliklari bilan maqtangani, hokimlarning o‘z qudratlari, ya’ni zo‘ravonliklari bilan maqtangani shu hodisaning xuddi o‘zginasi emasmi?
· Dunyoda boshqa har qanday narsani o‘zgartirsa bo‘ladi-yu, faqat yuqoridan berilgan buyuruqni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
· Odamlar daryodek gap: hammasining suvi bir xil, hamma joyda o'sha suvi, lekin daryo goh keng bo'ladi, goh tor, goh tez oqadi, goh sekin, suvi goh tiniq bo'ladi, goh loyqa, goh sovuq, goh iliq bo'ladi. Odamlar ham huddi shunday bo'ladi.
· ...Ikki yildan beri kundalik daftarga qo'l tegizmagan, endi hech qachon bunday bachkana ish bilan shug'ullanmayman deb o'ylagan edim. Ammo bu bachkana ish emas edi. Bu o'z-o'zing bilan, haqiqiy, har bir insonda yashovchi ilohiy bir kuch bilan suhbatlashish edi.
· Erkak bilan ayol kishi o'rtasidagi muhabbatda hamisha shunday bir daqiqa bo'ladiki, bunda muhabbat o'zining kamolot cho'qqisiga erishadi, bunda kishi es-hushini yo'qotadi, u kishida hirs qo'zg'atmaydi.
· Yomon harakatlar yomon ishga yo'l ochadi, yomon fikrlar esa insonni shu yo'lga sudraydi.
· Nexlyudov o'sha vaqtda o'zining qanday ekanligini esladi. O'sha soflik, yoshlik, to'lib-toshgan hayot esib o'tgandek bo'ldi va shu on ko'ngli vayron bo'ldi.
· O'sha vaqtdagi holati bilan hozirgi ahvoli o'rtasidagi farq juda katta edi: o'sha vaqt cherkovda ko'rgan Katyusha bilan hozirgi foxisha, ya'ni savdogar bilan ichkilikbozlik qilgan, shu bugun o'zlari sud qilgan Katyusha orasidagi farq qancha bo'lsa shuncha, balki undan ham ortiq farq bor edi.